YON DAFTAR

    0
    337
    ko'rishlar soni

    hikoya

    U ijod kishisi edi. Ba’zan yuragida jo‘shgan gaplarini yon daftariga qayd etib borar – shugina amali butun hayotiga ma’no baxsh etib turgandi go‘yo. Ijoddan to‘xtasa hamma narsa uning uchun taqa-taq to‘xtaydiganday…

    Yaxshigina maosh va lavozim taklif qilishdi. Avvaliga o‘ylanib, so‘ng bir qarorga keldi: rozilik bildirdi.

    Yangi vazifada ishlab yurarkan – rasmiy odamga aylandi. Rasmiyatchiliklar hissizlikka olib bordi. Yon daftarga endi faqatgina qandaydir topshiriqlar, vazifalar, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar va boshqa kerakli yozuvlar qayd etilardi.

    Kun kelib atrofida payt poylab uning oyog‘idan chalishga urinayotganlarning harakati bilan ishdan chetlatildi. Lavozimdan ketish yuragida alam paydo qilgan bo‘lsa-da, kabinetidagi o‘ziga tegishli narsalarni yig‘ishtirib, g‘amnok holda og‘ir qadamlar bilan muhtasham binoni “o‘z hohishi” bilan  tark etdi. Haydalgan ishidan qattiq ko‘ngli qolgani uchun u bilan bog‘liq hamma xotiralarni unutishga urindi – kattagina qutiga joylangan yon daftarlar va boshqa keraksiz qog‘ozlarni eshigidan ham kiritmay, bir chekkaga surib qo‘ydi.

    Kunlar o‘ta boshladi. Alamli iztirob ortga chekinay demasdi. Kattaroq rahbar tanqidiga uchrab ishdan bo‘shatilgan kimsani ishga olishga quyiroqdagi boshliqlar ham jur’at etolmasdi. Avvalgi ish joyiga qayta hujjatlarin topshirdi.

    Ba’zan, deraza oynasidan tashqarida turgan qog‘oz qutiga qararkan, umrining bir qismini behuda ketkazgandek his qilardi o‘zini. So‘nggi o‘n yillik faoliyati shugina quti ichiga – undagi bir nechta daftarlarga jo qilingandek. U oxirgi o‘n yilda qayd etgan yozuvlar yozilgan kunida – soatida lozim bo‘lgan jumlalar, xolos. Bugun ular birovga kerak emas, hech bir mantiq, ma’no yo‘q u gaplarda! Onda-sonda u-bu satr ijod qilib turganini aytmasa – ijodkorlikdan butkul chiqib ketdi hisob!

    …tong sahar ana shu o‘ylar xayolidan kecharkan, doimo takrorlagan so‘zi –  “bloknot” – “qora qaydlar”dan butkul voz kechishga qaror qildi. Ularni qopga solib, yo‘l bo‘yiga chiqarib  qo‘yadi: hademay axlat tashuvchi mashina olib ketadi. Uyga kirarkan, ruhiyatidagi qandaydir qumsash uni yana derazadan tashqariga mo‘ralashga majbur qildi.

    Bir vaqtlar ijodga butkul sho‘ng‘igan odamni hayot o‘zgartirib, kishining   qalami bir satr ham yozolmaydigan bo‘lib qolsa? G‘alati! Kaftini peshonasiga tiragancha bu haqda uzoq o‘ylarkan, qachonlardir majlisbozlig-u yig‘ilishbozliklar orasida yuragidan yozgan to‘rt satr ijodi to‘satdan xotirasiga keldi. Ko‘ksi gupillab ura boshlarkan, o‘z-o‘zidan quyilib kelgan misralardan bo‘shaganday jo‘shqin qalbi harorati tanaga ham ko‘chdi. Muallifning ruhiyatida ancha vaqtlar ilgari sodir bo‘lgan qandaydir holat paydo bo‘ldi. Biroq, tili uchida turgan so‘zlardan biror jumlani eslolmasdi. U o‘sha yerda! Keraksiz qaydlar yozilgan yon daftarlarning birida!

    Tashqariga chiqib qarasaki, yo‘l chetidagi qop allaqachon olib ketilgan, chiqindi tashuvchi mashina esa ko‘cha oxiriga yetib qolgandi. Telbanamo holatda uning ortidan yugurdi: birgina umid – shu birgina misra – qachonlardir yozgan bir nechta satr so‘zlarini topsa – shugina unga taskin berardi. Afsuski ko‘cha oxiriga yetib borgach, izlagan avtoulovi allaqachon katta yo‘lda mashinalar oqimiga qo‘shilib, g‘oyib bo‘lganligini sezdi. Atrofga alangladi: yo‘q!

    Yana o‘sha alamli bosh egish va og‘ir qadamlar bilan ortga qaytdi. Yo‘l bo‘yida daftar-qalam sotadigan mo‘jazgina do‘kon oldida to‘xtadi. Do‘konchaning derazasi raxida terib qo‘yilgan yon daftarlarning biriga ko‘zi tushdi. Balki, uni olgani tuzukdir. Ehtimol, ijodini boshqatdan boshlagani ma’qul. Havoga uchgan misralar – uchdi-ketti. Axir, hali hayotining qolgan katta qismi oldinda – bemalol ijod qilishga yetadi. Qalbida sobiq – bir vatqlar unga ma’no baxsh etgan tuyg‘ularni uyg‘otolsa bo‘lgani.

    ….Qalin muqovali bejirim yon daftarni mahkam tutgancha, yuragini yorishtirib yuborayotgan sahar og‘ushida ildam yurarkan, qo‘l telefoni jiringlab, u bir vaqtlar o‘z xohishi bilan chiqib ketgan ijod eshigi yana ochilganining anglatguvchi jumlalar yangradi: 

    -Sizni tahririyatga ishga olishga qaror qildik. Bugundan ishga kelishingiz mumkin.

    Ozod MUSTAFOYEV

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting