Frans Kafka. Ikki hikoya

0
479
ko'rishlar soni

Ko‘prik

Men mustahkam bo‘lsamda e’tiborsiz edim, men ko‘prik edim, men jarlik ustida yotardim. Yerning bu tomoniga oyoqlarimning barmoqlari botgan, u tomoni bo‘ylab qo‘llarim; men tishlarim bilan qumoq tuproqqa tirmashib olganman. Mening kamzulim orqa etaklari ikki yonimda shalvirardi. Pastda muzdek suvi farel baliqlari bilan to‘lib toshgan ariq shovullaydi. Hali bironta sayyoh bu o‘tib bo‘lmas darada sang‘imagan, ko‘prik hali xaritalarga kiritilmagandi… Shu tariqa men yotgan holatda kutardim; beixtiyor kutishga majbur edim. Shunisiyam borki, biror ko‘prik qulamay turib, hadeganda tiklanmaydi, ko‘prik bo‘lishdan charchamaydi.

Bu allaqanday tarzda oqshomga yaqin bo‘lgandi – bu birinchimi, minginchi oqshommidi bilmayman: mening fikrlarim doimo palapartish va qur aylanardi. Yozning oqshomga yaqin kunlarini birida ovloqda ariqlar shildiragan mahal edi, shunda odam qadamlari ovozini eshitdim!

-Men tarafga yur, men tarafga…

Ko‘prik, to‘g‘rilansangchi, xizmat qil, ushlagichlarsiz chorqirra tutqichlar senga ishongan kimnidir ko‘tarib tura ol. Uning ishonchsiz odimlarini yengillashtir, mobodo u qalqib ketsa nimaga qodirligingni ko‘rsat va allaqaysi tog‘ tangrisi kabi uni narigi qirg‘oqa uloqtir.

U yaqin keldi, hassasining temir uchlari bilan meni turtkilab ko‘rdi, keyin u bilan mening kamzulim etaklarini ko‘tarib to‘g‘rilab qo‘ydi. U atrofga tajjublangan ko‘yi alanglab, hassasi uchini mening hurpaygan sochlarim orasiga botirdi va uzoq vaqt olmay turdi. So‘ngra esa uning ortidan men ham vodiylar va tog‘lar osha orzular bag‘riga singishib borayotganim mahal u mening tanam o‘rtasiga ikkala oyog‘i bilan sakradi. Men shoshganimdan g‘ayritabiiy og‘riqdan qalqib tushdim. Bu kim edi? Bolami? Arvohmi? Ko‘cha qaroqchisimi? Joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan odammi? Ayollar shaydosimi? Buzg‘unchimi? Va men uni ko‘rish maqsadida o‘girila boshladim…

-Ko‘prik ag‘darilmoqda!

Men o‘girilishga ulgurmay, allaqachon qulagandim. Men qulashim bilan sharqirab oqayotgan suvdan doimo menga xushmuomalalik bilan boqib turguvchi silliqlanib ketgan uchqur toshlar bilan timdalandim.       

Darvozani qoqish

Bu jazirama yoz kunlarida bo‘lgandi. Biz singlim bilan uyga qaytayotib, tanbalangan darvozalar yonidan o‘tayotgandik. Bilmadim, sho‘xligi tutibmi, yo parishonlikdan singlim darvozalarni qoqdi balki, umuman qoqmagandir ham, shunchaki qo‘llarini musht qilib po‘pisa qilgandir. Yo‘l chapga qayrilib ketar va yuz qadamchalardan keyin qishloq boshlanardi. Bizlar uchun bu qishloq butunlay begona edi, ammo biz birinchi uy tengomoyiga yetgan ham edikki, barcha eshiklardan odamlar yog‘ilib chiqishib, bizlarni nedandir ogohlantirishga ham, salomlashishga ham o‘xshamagan tarzda irg‘ay boshlashdi. Ularning o‘zlari ham qo‘rquv ichida edilar. Ular qo‘rquvdan junjikib turishar va barmoqlari bilan hozirgina biz yonidan o‘tgan qo‘rg‘onni ko‘rsatib, darvoza taqillagani to‘g‘risida bahslashishardi. 

Qo‘rg‘on egalari bizning ustimizdan arz qilishini va hoziroq tergov boshlanishini aytishardi. Men mutlaqo xotirjam edim va turli yo‘llar bilan singlimni tinchlantirardim. Avvalasi u sirayam taqillatmadi, mobodo bir martagina taqillatgan bo‘lsada, buni hech kim hech bir yo‘l bilan isbotlab bera olmaydi. Men atrofimdagilarni bunga ishontirmoqchi bo‘lardim, ular meni tinglardilar-u, o‘z fikrlarini oshkor qilmasdilar. So‘ngra nafaqat mening singlimni, meni ham akasi sifatida javobgarlikka tortishlarini iddao qildilar. Men tabassum bilan bosh irg‘ardim xolos. Biz hammamiz – uzoqda pag‘a-pag‘a tutunni ko‘rib, qachon olov purkalarkan deb kutganing kabi qo‘rg‘on tomonga qarab turardik. To‘g‘risiyam, tez orada keng ochilgan darvozaga otliqlar kirib ketishdi. Chang bulutlari hamma yoqni qoplab oldi, faqatgina uzun nayzalarning uchqur uchlarigina yiltillardi. Bo‘linma qo‘rg‘on ichkari hovlisiga kirib ulgurmayoq, chamasi shu ondayoq orqaga qaytishgan bo‘lsalar kerak biz tomonga ot qo‘yib kelishardi.  Men ishni o‘zim hal qilish maqsadida singlimni bu yerdan uzoqlashtirishga intilardim. U esa meni yolg‘iz qoldirgisi kelmay qarshilik ko‘rsatardi. Men hech qursa nufuzli janoblarning oldida tuzukroq ko‘ylakda hozir bo‘lish kerak deb uni kiyimlarini almashtirib olishga ko‘ndirishga harakat qilardim. 

Oqibatda u rozi bo‘ldi va uyga jo‘nadi, uygacha esa hali ancha uzoq edi. Shu vaqt otliqlar yetib kelishdi va egardan tushmay, mening singlimni talab qila boshlashdi. U hozir yo‘q edi, ammo u biroz turib keladi, deya   jur’atsizgina javob qilishdi ularga.

Otliqlar bunga anchayin befarq qarashdi – ular uchun meni ushlash hammasidan muhimroqligi shubhasiz edi. Ularning ichida ikki nafari asosiy rolni o‘ynardi – serg‘ayrat yosh janob, qozi va uning Asman familiyasiga javob qaytargan yuvvosh yordamchisi. Menga dehqonlar boloxonasiga kirishni taklif qilishdi. Men ohista, boshimni seraklatib, noshudlarcha bezovtalanib, tashrif buyurgan janoblarning sovuq nigohlari ostida u yerga yo‘naldim.

Men hamon, men shaharlikni birinchi so‘zlarimdanoq bu dehqonlar to‘dasidan ajratib olishib, hatto hurmat ko‘rastib qo‘yib yuborishadi deya hisoblardim. Ammo qozi, men ostonaga qadam bosmasimdanoq, mendan oldin boloxonaga irg‘ib chiqib, “Mana, men kimga achinaman” degan so‘zlar bilan kutib oldi. Buning bilan u mening hozirgi ahvolimni emas balki, meni nima kutayotganini ko‘zda tutardi. Xona dehqon boloxonasidan ko‘ra ko‘proq turmaxonaga o‘xshab ketardi. Polga tosh plitalar yotqizilgan, devorlar qippa yalang‘och va qop-qora, faqat ayrim joylarida temir xalqalar ajralib turardi; o‘rtada jarrohlik stoli va so‘ri o‘rtasidagi kattalikda nimadir bor.

Men qachonlardir turmaxonalarnikidan boshqa havoni sipqorganmanmi?

Mobodo menda ozod qilinishim uchun zig‘irchagina umid bo‘lganida, mana, qanday asosiy savol mening qarshimda namoyon bo‘lmoqda to‘g‘rirog‘i, namoyon bo‘lgan bo‘lardi.

Rus tilidan O‘ktam Odilov tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting