mulohaza
Bir xil ma’lumotni har yili qayta-qayta o‘qitishdan maqsad ne? Ba’zi darslik kitoblarimni varaqlab o‘ylanib qolaman. Nahotki xato berilgan bo‘lsa?! O‘qituvchimdan so‘rayman, «Ha, bu yerda xato ketgan…», deydi ustozim. Biz esa yana qayta-qayta so‘raymiz: «Ustoz, kitobda xato berilmaydi-ku?..»
Bugungi adabiyot darsliklarimiz qay ahvolda? Ular bizning talabimizga javob bera oladimi? O‘quvchi sifatida o‘zimning ayrim fikrlarimni bildirmoqchi edim. Boshlang‘ich sinfni bitirib, adabiyot darsligini birinchi bor varaqlagandan 11-sinf yakuniga qadar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini o‘rganamiz. Nega har yili bu mavzular darslikka kiritiladi? To‘g‘ri, bu ikki shaxs millatimiz faxri, g‘ururimiz, lekin bu insonlarning qachon tug‘ilib, qachon vafot etgani, besh-o‘nta mashhur g‘azalini qayta- qayta o‘qitish qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi? Beshinchi sinfda o‘qiyotgan paytim S.Ahmedov, B.Qosimov, R.Qo‘chqorov, Sh.Rizayev hammuallifligidagi «Adabiyot» darslik-majmuasini varaqlab turib, o‘n sahifalik «Adabiyot – so‘z san’ati» sarlavhali kirish so‘zini o‘qib hech narsa tushunmagan edim. Juda ilmiy va murakkab tilda yozilgan. Menimcha, adabiyot nima ekanini anglash sari ilk bor qadam qo‘ygan o‘quvchi uchun bunday ilmiy shakldagi kirish so‘zi o‘quvchini shu fandan bezdirishga xizmat qiladi, xolos.
5-sinf «Adabiyot» darsligiga kiritilgan yozuvchi yoki shoir ijodi 6-sinfda davom ettiriladigan bo‘lsa, avvalgi sinfda taqdim etilgan ma’lumotlardan keskin farq qilishi yoki yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirilishi lozim. Afsuski, 6-sinf darsligidagi ayrim ijodkorlarning tarjimai holi shunchaki ko‘chirib qo‘ya qolingan. Masalan: 5-sinf «Adabiyot» darsligida O‘tkir Hoshimovning tarjimai holidan: «O‘tkir Hoshimov 1941 yilda Toshkentning Do‘mbirobod mahallasida tug‘ilgan. Yoshligidan ilmga, adabiyotga, san’atga qiziqqan bo‘lajak yozuvchi 5-sinfda o‘qib yurgan vaqtidayoq, demak, siz tengi yoshlarida she’r mashq qila boshlagan edi. Hozirda adibning «Urushning so‘nggi qurboni», «Muhabbat» kabi ko‘plab hikoyalari, «Nur borki, soya bor», «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar» nomli romanlari, «Odamlar nima derkin», «Shamol esaveradi», «Ikki karra ikki – besh», «Bahor qaytmaydi», «Dunyoning ishlari» nomli qissalari mamlakatimizda va chet ellarda sevib o‘qilmoqda (5-sinf «Adabiyot» darsligi, 51-bet). Endi 6-sinf «Adabiyot» darsligida keltirilgan O‘tkir Hoshimovning tarjimai holiga qaraymiz: O‘tkir Hoshimov 1941 yil 5 avgustda Toshkentning Do‘mbirobod mahallasida tug‘ilgan. O‘quvchilik chog‘laridayoq ijod bilan shug‘ullangan. Adibning «Urushning so‘nggi qurboni», «Muhabbat» kabi ko‘plab hikoyalari, «Odamlar nima derkin?», «Shamollar esaveradi», «Ikki karra ikki – besh», «Bahor qaytmaydi», «Dunyoning ishlari» qissalari, «Nur borki, soya bor», «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar» nomli romanlari mamlakatimizda va chet ellarda sevib o‘qilmoqda…» (6 sinf «Adabiyot» darsligi, 147-bet). Ko‘rinib turibdi, faqat «5 avgust» sanasi qo‘shilgan xolos. Nima, sevimli yozuvchimiz tarjimai holi shu qisqagina ma’lumotdan iboratmi? Xuddi shu holatni Erkin Vohidov hayoti va ijodiga oid materiallar misolida ham ko‘rish mumkin: «Erkin Vohidov universitetni tugatgach, uzoq yillar nashriyotlarda ishladi, o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlarini chop qilishda faol ishtirok etdi. 1964 yilda yaratilgan «Nido» dostonidan so‘ng birin-ketin «Orzu chashmasi», «Palatkada yozilgan doston», «Quyosh mas kani», «Ruhlar isyoni» kabi ajoyib dostonlar yozdi…» (6-sinf, 133-135 betlar). Bir sahifadan ortiqroq hajmdagi ushbu ma’lumotlar ham 5-sinf darsligining 142-sahifasida aynan keltirilgan. Bu e’tiborsizlikmi yoki darslik mualliflarining dangasaligi? «Bemor» hikoyasidan so‘ng nazariy ma’lumot sifatida berilgan «Badiiy asar tili haqida tushuncha» mavzusi, to‘g‘risi, biz uchun juda murakkablik qiladi. Mana shu nazariy ma’lumotni mualliflar oddiy, sodda tilda yozishganida yaxshi bo‘lar edi. Agar nazariy ma’lumotlarni tushuntirib berisha olishganda, mayli, qolgan xatolarga ko‘z yumish ham mumkin edi. Ammo mualliflar bir yarim sahifalik nazariy ma’lumotda «Abdulla Qahhor o‘zining mo‘jazgina «Bemor» hikoyasi orqali biz bilan o‘tkazgan badiiy muloqoti o‘zining ta’sir kuchini yuz yillar davomida saqlab qolishi badiiy til naqadar qudratli hodisa ekanining yaqqol isbotidir», – deb yozadi. Men hozir 10-sinf o‘quvchisi bo‘lsam-da, hali-hanuz shu mavzuga tushunmayman. Adiblarning tug‘ilgan va vafot etgan yillaridagi xatolarni aytmasam ham bo‘lar, bu haqda matbuotda ham ko‘p yozildi. Adabiyot darslarida bir oyda bir marta mustaqil o‘qilgan asarlar yuzasidan savol-topshiriqlar bo‘ladi. Aynan o‘sha kunni sinfdoshlarim bilan birga bir oy kutamiz. O‘sha kun kelganda, xalq ta’limi vazirligi taqdim etgan rejaga ko‘ra nazorat ishi olinadi. Hurmatli vazirlik mutasaddilari, sizlarga o‘quvchining fikri qiziq emasmi? Biz bir asarni o‘qib tugatib, bir oyda bir o‘qigan kitobimiz haqida shaxsiy fikrlarimizni bildiramiz. Endi marhamat qilib aytsangiz, sizlarga kitobning orasiga telefonni qo‘yib, «gugljon»dan nazorat ishini ko‘chirgan yaxshimi yoki ochiq maydonda (doskada) sinfdoshlariga o‘zi o‘qib kelgan asarni, og‘zaki tushuntirib, jonli muloqot qilgani? Ba’zida adabiyot darsi o‘zi qanday maqsadda o‘tilishi biroz mavhumroqmikan, deb o‘ylab qolaman. Chunki vaziyat taqozosi bilan maktabda bugun qaysi darsni qisqartirib turish, qaysi darsning o‘rniga boshqa biror tadbir o‘tkizish kerak bo‘lsa faqat «Adabiyot» darsidan voz kechib turiladi. Nega? Adabiyotimizga, millatimizga bo‘lgan hurmat nahotki shunday bo‘lsa?! Ertaga yurt kelajagi ishonib topshiriladigan yoshlarni tarbiyalovchi vosita – darslikni xatolar bilan chop etish, o‘quvchilarni chalg‘itish o‘zimiz o‘tirgan daraxtning shoxini kesish bilan barobar aslida.
Azizbek ABDUMALIKOV