SOG‘INCH

    0
    297
    ko'rishlar soni

    (hikoya)

    Nyu-Jersi o‘ylaganimdan ham katta shahar ekan. Abram amakim rulda, otam va men  orqa o‘rindiqda ketarkanmiz, mashinalar qatnovidagi uzun tirbandlik bilan butun shahar bo‘ylab bir tekisda joylashgan osmono‘par binolarning haybati bizda o‘zgacha taassurot qoldirdi. 

    Abram amakim o‘zida yo‘q xursand edi. U yo‘l bo‘yi otamga shaharning e’tiborli maskanlarini tanishtirib, orada bu yerdagi turli millatga mansub odamlarning yashash tarzi haqida gapirib borardi.

    Bir mahal ko‘cha bo‘ylab cho‘zilgan mashinalarning tirbandligi ham, osmono‘par binolar ham ortda qoldi va  endi bir tomoni daraxtlarga to‘la, bir tomoni qizg‘ish g‘ishtdan qurilgan ikki qa­vatli uylardan iborat bo‘lgan magistral yo‘lda ketardik.

    Abram amakim shahar tashqarisida turardi. Uning uyiga yetib kelganimizda  sentyabr quyoshi allaqachon ufqqa botish taraddudini ko‘rgan, atrofga qorong‘i tusha boshlagandi. Uy oldida Marina yangamni ko‘rdim. U kechki salqinda uy oldiga ekilgan gullarga suv quyardi.  Mashinani uy oldiga to‘xtaganini ko‘rib, u yosh boladek xursand bo‘lib ketdi.

    −Ularni olib keldim, Marina! — dedi Abram amakim mashinadan tushib jilmayganicha bizni ko‘rsatarkan. — Mana, yon qo‘shnilarimiz — jon qo‘shnilarimiz.

    −Abram, qanchalik xursand ekanligimni bilsangiz edi, — dedi Marina yangam bizni ko‘rgach eriga minnatdorchilik bilan tikilarkan.

    Abram amakim ham, Marina yangam ham hamon o‘zbek tilida binoyidek gapirishardi. Amerikadagi yigirma yillik turmushlari bunga zarracha salbiy ta’sir ko‘rsatmagandi.

    −Anvar muallim,- dedi Marina yangam otam bilan qadrdonlardek quchoqlashib ko‘rishgach. — Sochlaringiz oqarib ketibdi-ku.

    −Sizniki ham, Marina singlim, — dedi otam va qo‘shib qo‘ydi. — Ha, endi keksaydik-da.

    Abram amakim bir men tomonga, bir xotini tomonga quvlik bilan qarab qo‘ydi.

    −Marina, — dedi men tomonga ishora qilib, — bu zumrashani ham tanidingmi? Esingdami, doim darvozamizga oq bo‘rda nimalarnidir chizib qochardi. O‘shanda bu katta bo‘lsa rassom bo‘ladi, derdim. Mana, aytganimday rassom bo‘libdi.

    Marina yangam uning gaplariga kulib qo‘yib, meni bag‘riga bosdi.

    −Bir chiroyli yigit bo‘­libdi zumrashamiz, — davom etdi Abram amakim. 

    −Odamni xijolat qilmang, Abram, — dedi Marina yangam meni bag‘ridan bo‘shatgach.

    Abram amakim shundan so‘ng otam bilan meni yelkamizdan tutib ichkariga taklif qildi.

    −Bolalarimiz ulg‘ayishdi, — dedi u yo‘lakda birma-bir kostyumlarimizni olib devordagi ilgichga ilarkan. — Kechagina ular ko‘cha changitib yurishardi. Bugun esa…

    Shunda u nimadir esiga tushib, ko‘ziga yosh oldi va atrofga alanglab xotiniga savolomuz qaradi.

    −Aytgancha, qizing Sveta qani?

    −To‘yga ko‘ylak tanlagani ketgandi, — dedi Marina yangam mehmonxonadagi stol ustini tartibga keltirarkan. — Xavotir olmang. Qallig‘i bilan birga.

    −Muallim, mana qizalog‘ingizni ham turmushga ber­yapmiz, — dedi Abram amakim otamga yuzlanib. — U ham kap-katta bo‘lib qolgan. Esingizdami, u meni dada desa, sizni «boy dada» derdi. Rahmatli Inobatxonni ham yaxshi ko‘rardi.

    −Albatta. Buni qanday unutib bo‘ladi? — dedi otam yo‘lakda bir muddat to‘xtab.

    Mehmonxona shinam edi. O‘rtada olti kishilik dumaloq stol bo‘lib, shiftdagi unga mos o‘lchamdagi qandil xonaning ichini risoladagidek yoritar, devorlardagi oilaviy suratlar va o‘ymakorlik bilan naqshinkorlikning nozik namunasi bo‘lgan javon xonaga ko‘rk bag‘ishlab turardi.

    −Ovqatingni tezroq olib kel, Marina, — dedi Abram amakim barchamiz stol atrofiga o‘tirgach, oshxonaga kirib ketgan xotinining ortidan baqirib. — To‘g‘ri aeroportdan kelishdi qo‘shnilarimiz. Tuz ham totishgani yo‘q.

    Dasturxon usti bir zumda noz-ne’matga to‘ldi. Marina yangam Marg‘ilonda ham qo‘li shirin pazandaligi bilan nom chiqargandi. Hali ham shunday edi. U o‘zi tayyorlagan shirinlikni dasturxonga tortayotganida, eshik ochilib, ostonada ingliz tilida «oyi» degan ovoz eshitildi. Keyin yo‘lak bo‘ylab qadam tovushlari. Biroz o‘tgach, ostonada o‘rta bo‘y, ozg‘inroq, burni bir muncha uzun, sochlari yoyilgan qiz paydo bo‘ldi.

    −Anvar muallim, ana qizalog‘ingiz ham keldi! — dedi Abram amakim ovqatdan boshini ko‘tarib.

    Sveta ancha o‘zgargandi. Bolalik xotiralarimning bir qismi bo‘lgan, men bilgan o‘sha Sveta bilan hozirgisi o‘rtasida umumiylik yo‘qdek edi. Lekin ko‘zlari o‘shanday, xotirjam va vazminlik bilan boqardi.

    −To‘yingga kelishdi, qi­zim, — dedi Abram amakim unga ingliz tilida va biz tomonga qarab izoh berdi. — O‘zbekchani ham tushunadi, gapiradi, ammo nuqul shunaqa ingliz tilida gapiradi.

    Sveta darrov bo‘lmasa-da, har holda dam o‘tmay bizni tanidi va lablarida tabassum bilan yugurib otamni oldiga bordi. Otam o‘rnidan turib, «Baxtli bo‘l, qizim», deb uni peshanasidan o‘pib qo‘ydi. Keyin u men tomonga qaradi va birdan yuzida zoxir bo‘lgan tabassum yanada tiniqlashdi.

    −Endi esladi, — dedi Marina yangam. 

    −U darvozamizga bo‘rda rasm chizardi! — dedi Sveta mendan ko‘zini uzmay.

    −Xuddi shunday! — dedi Abram amakim qoyil qolganini bildirmoqchidek stolning chetini shapatilab. — Keyin qochib ketardi. Seniyam esingda ekan-a?

    Birpasda Svetaning chehrasi ochilib, boyagi jiddiy qizdan asar ham qolmadi. Biz beshovlon kechki ovqatlanish paytida ko‘hna Mar­g‘ilon va u yerda yillar oralab o‘tmish bag‘riga singib ketgan kunlar, bir umrga saqlanib qolgan xotiralar haqida suhbatlashdik. Yo‘l-yo‘lakay mavzu Amerikaga ko‘chdi va Abram amakim Marg‘ilonda o‘zbek mahallalarida yashab, mustaqillikning dastlabki yillarida bu yerga ko‘chib kelgan yahudiylar hozirda butun Amerika bo‘ylab tarqab ketishganini aytib, ularning ko‘pchiligi ayni paytda Nyu-York bilan Bostonda yashayotganliklarini qistirib o‘tdi.

    −Ular bilan qo‘ng‘iroqlashib turamiz, — dedi u shirinlikdan yonidagi likopchaga solayotib. 

    Suhbat davomida ko‘p hollarda u bilan otam so‘zladi. Marina yangam orada gapga qo‘shilib, ba’zan bosh irg‘ab tasdiqlab turdi, Sveta ikkimiz ularni jim eshitdik. Sveta bolaligi o‘tgan shahar haqidagi xotiralarni jim eshitarkan, ularning ta’sirida junbushga kelibmi, yuzi qizarib ketdi, otamdan ko‘zini uzmay o‘tirdi. 

    Nyu-Jersining chekkasida joylashgan bu uy o‘tmish xotiralariga ko‘milib ketgandi. Hatto, oqshom cho‘kib, tun yarimlagani ham bilinmadi. Abram amaki bizni yotoqxonaga — ikkinchi qavatga kuzatib qo‘ydi. Otam charchaganligi bois darrov uxlab qoldi. Mening negadir ko‘zimga uyqu kelmadi. Biroz o‘tib, deraza oldiga keldim va uni lang ochdim.  Sentyabr oqshomining  muzdek havosi yuzimga urildi. Tashqarida daraxtlar shitirlab mayin shabada esardi. Shu payt pastdan qulog‘imga o‘zbekcha qo‘shiq eshitildi. Derazadan boshimni chiqarib, quloq  tutdim. Tavba… xuddi o‘zimni Marg‘ilondagi choyxonalardan birida o‘tirgandek his qildim. Qo‘shiq esa tinmasdi.

    «Fig‘onkim gardishi davron ayirdi shahsuvorimdan,

    g‘amim ko‘p, ey ko‘ngil san bexabarsan, oh-u zorimdan…»

    Qo‘shiq pastdan, boya biz ovqatlangan mehmonxonadan taralardi. Negadir kiyinib, pastga tushgim keldi. Boshida ikkilandim, biroq lahza o‘tmasdan kiyindim-da, zinadan pastga tushdim. Mehmonxona oldiga yetganimda bu qo‘shiq yanayam aniq qulog‘imga chalindi. Mehmonxonaning eshigi ochiq, lekin chiroqlari o‘chiq edi. U yerdagi  deraza oldida kresloga suyanganicha kimdir tokchadagi magnitofonga qo‘lini tekkazib qimir etmay o‘tirardi. Qadam tovushimni eshitib, u cho‘chib ketdi va men tomonga o‘girildi. Bu Sveta edi.

    −Senmiding? — Negadir u o‘rganib qolgan ingliz tilida emas, o‘zbek tilida dedi.

    Uning talaffuzida amerikaliklarga xos bo‘lgan jihatlar sezilarli bo‘lib, uning timsolida qarshimda turib xuddi o‘zbek tilini yangi o‘rgangan amerikalik gapirayotganga o‘xshardi.

    −Uxlolmadim, — dedim uning yonidagi stulga o‘tirib. — Qulog‘imga shu qo‘shiq chalinib pastga tushdim.

    −Nega bu qo‘shiqni eshitayotganimni bilmoqchisan? Shundaymi?

    −Unchalikmas…

    Sveta magnitofonni shartta o‘chirdi.

    −Bu qo‘shiqni har kuni eshitaman. Aniqrog‘i, kassetani dadamning buyumlari orasidan topib olganimdan beri.

    U o‘rnidan shoshilmay turib chiroqni yoqdi. Uning ko‘zlari qizarib ketgan, aftidan, yig‘lagandi.

    −Marg‘ilondan ketganimizda olti yashar qiz edim. Hozir yigirma oltiga kirdim, — dedi joyiga qaytib o‘tirgach mahzunlik bilan. — Mana, endi indinga turmushga chiqyapman.

    Qorong‘ida sezmagan ekanman. Magnitofonning yonida likopchada qizg‘ish rangdagi uzum turardi. Sveta undan bir chimdim uzib yedi.

    −Baribir «Rizamat ota» uzumlari shirinroq edi. Hozir ham Marg‘ilonda bormi uzumning shunaqa navi?

    U tasdiq ishoramni ko‘rib xo‘rsinib qo‘ydi.

    −Ko‘chamizni boshida O‘ktam amaki ayron sotardi. Hozir ham sotyaptimi?

    −Uning qazo qilganiga ancha bo‘lgan. Endi o‘g‘li sotyapti.

    −Novvoyxona-chi, turibdimi? Issiq non yopilardi. Noni biram shirin ediki…

    −O‘rniga dorixona  qurilgan.

    −Bekinmachoq payti biz ortiga berkinadigan katta chinor-chi?

    −Uni besh yil oldin kesib tashlashgan.

    −Naima xolaning iti-chi? Ha-ya, u o‘lib ketgandir. Itlar uzoq yashashmaydi.

    Sveta yana nimalarnidir eslashga uringandek deraza uzra uzoqlarga tikilib qoldi. Biroz o‘tib, yana savol-javobimiz davom etdi.

    −Boy dadam Marg‘ilon do‘ppi kiymay qo‘yibdi. Hech kim kiymayaptimi hozir?

    −Ha, endi, ko‘pchilik do‘p­pi kiymayapti.

    −Inobat xolamning chiroyli atlas ko‘ylaklari bo‘lardi.

    −Endi atlas ko‘ylak ham kiymayapti ko‘pchilik.

    −Uylaringda bedana bo‘lardi. Doim sayrardi.

    −Hozir yo‘q. Boqmay qo‘yganimizga ancha bo‘lgan.

    −Inobat xolam shirin chuchvaralar tayyorlardi.

    −Endi do‘kondan tayyorini olyapmiz.

    Sveta boshqa gapirmadi. Aksincha, ilkis o‘rnidan turib xona bo‘ylab sekin yura boshladi.

    −Bilasanmi, bu yerga kelgan ilk kunimizdan buyon Marg‘ilon ko‘z oldimdan ketmaydi. Uni unuta olmayman. Mana bu katta shahar, odamlar hanuzgacha menga begona, bu yerda yaxshi yashasam-da, yotsirayman. Aytishing mumkin, olti yasharligida ketgan qiz o‘zi tug‘ilgan shaharning nimasini yodida saqlab qolgan bo‘lishi mumkin deb? Lekin, hammasi esimda. U yerdagi har bitta daraxt, har bitta joy xotiramda muhrlanib qolgan. Ko‘chamizning boshidagi novvoyxonada yopiladigan issiq non bilan O‘ktam amakining ayronidan tortib donalari katta-katta o‘sha qip-qizil uzumning ta’migacha. Hamma-hammasi. Ba’zida bu yerda yuragim siqilib ketadi. Shunda derazani ochib, uzoq-uzoqlarga tikilaman. Xuddi uzoqqa qarasam Marg‘ilon ko‘rinadigandek. Ba’zida esa ichimdagi anglab bo‘lmas hisni boyagi qo‘shiq bilan bosaman. Oxirgi paytlarda o‘zimda ko‘nikma hosil qilgandim. Lekin bugun sizlarni ko‘r­dim-u, yana hammasi esimga tushdi…

    Ko‘z oldimda qo‘g‘irchog‘ini ko‘tarib Marg‘ilonning chang va tor ko‘chalarida lunji to‘la qip-qizil uzum bilan chopib yurgan olti yashar qizaloq gavdalandi.

    Uning ko‘zlarida yosh mavjlangandek bo‘ldi. Boya yig‘idan qizarib ketgan ko‘zlari so‘lg‘inlashib deraza tomonga tikilib qoldi. Uni ochib toza havodan to‘yib-to‘yib nafas oldi. Qo‘llarini ko‘tarib, uzun barmoqlarini tinmay esayotgan shabadaga tutib turdi. Oxiri magnitofon tugmasini qaytadan bosdi. Qo‘shiq to‘xtab qolgan joyidan davom etdi.

    Adashgan kimsadek Fur­qat, qayon borgum bilolmasman,

    Qachon bo‘lg‘aykim topg‘ayman xabar yor o‘z diyorimdan…

    Sveta uni boshlarini egib, qo‘llarini tokchaga tiragancha eshitdi. Qo‘shiq yakuniga yetgach  yig‘laganicha xonadan chiqib ketdi. Menga xayrli tun ham tilamadi. Xonada o‘zim yolg‘iz qolgach, bosh­qa bir qo‘shiq jaranglashni boshlagan magnitofonni o‘chirdim. Oraga jimjitlik cho‘kdi. Shu alfozda picha jo­yimdan jilmay o‘tirdim. Keyin qiziqishda magnitofon yonida turgan likopchadagi uzumdan bir chimdim uzib yedim. Uzum bemaza edi…

    2019 yil, Avgust.

    Sherzod Ortiqov

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting