Borxes haqida xotiralarim

0
487
ko'rishlar soni

           Oktavio Pas

                                                                                       Meksika yozuvchisi

Nobel mukofoti sovrindori

        Borxesni men juda yoshligimdan, u hali to‘laqonli ravishda xalqaro nufuzga ega bo‘lmagan davridan buyon bilaman. O‘sha yillarda uning nomi adabiy davralarga kirish uchun misoli kalit so‘zday, endi-endi ijod olamiga kirib kelayotgan biz kabi “atak-chechak” yoshlarga esa sirli va ulug‘vor minora kabi g‘oyatda salobatli bo‘lib ko‘rinardi. Taxminan 1940 yili Mexikoda bir guruh yosh qalamkashlar e’tirof etilayotgan bir qator ustozlar, xususan, Xose Luis Martines, Ali Chumakero, Xavyer Villarutia va boshqalar bilan yuzma-yuz uchrashdik. Borxes yozuvchilarning yozuvchisi edi, biz uni allaqachon nufuzli jurnal va gazetalar orqali o‘qib ulgurgan edik. Uning katta muvaffaqqiyat qozongan bir talay adabiy asarlarini men keyinchalik, 1941 yilga kelibgina o‘qish baxtiga musharraf bo‘ldim.

        Hali-hamon qo‘limda uning eski, eng dastlabki nashrlardan bo‘lgan kitobi, qattiq, ko‘k charm muqovali, ko‘rinishidan ko‘proq geografik asarga o‘xshab ketadigan suratli to‘plami saqlanib turadi. Men haliyam bu asar bilan oshno yashayman, uning muallifi bilan xayolan suhbat quraveraman o‘zimcha. Ushbu to‘plam ortiga yashiringan inson (bu insonni butun boshli xalq boshiga ko‘tarib alqab-sevdi) mening dunyoyimga mustahkam qarorgoh qurgan mo‘jizaviy Adabiyotning o‘ziday bo‘lib tuyulardi.

      Borxes to‘g‘risida xuddi o‘zimday kuchli hayajon va zavq-shavqqa to‘lib so‘zlab bergan birinchi odam bu Alfons Reges bo‘lgandi. Uning Borxesga ehtiromi nihoyatda baland edi. Biroq haqiqatda u Borxesdan zavq olarmidi ekan? Axir ularning adabiy didlari mutlaqo boshqa-boshqa edi-ku? Bu qo‘sh ijodkorni birlashtirib turuvchi bitta maslak bor edi: Borxes uchun Reges Meksikaning eng mahoratli nasr yozuvchisi bo‘lsa, Reges uchun Argentinaning yuragi bu – Borxes  edi, darhaqiqat ajib nomutanosiblik ichida ular ich-ichidan bir-birlariga ana shunday qat’iy bahoni berar edilar. Keyinchalik 1947 yili Parijda men yana bir doira adabiyot kishilari, mening ilk argentinalik do‘stlarim bo‘lmish – Xose Bianko, Silvina Okampo hamda Adolf Bioy Kazares, darvoqe, ular Borxesning yaqin do‘stlari hisoblanardi ham, aynan shu odamshavanda yigitlar bilan uchrashdim, ular o‘shanda menga sevimli Borxes haqida shunaqangi ko‘p ma’lumot va taassurotlar berishdiki, hattoki, men Borxesning o‘zi bilan ilk marotaba yuz ko‘rishgan vaqtda ham uni go‘yoki yillar davomida taniydigandek, u mening ming yillik qadrdonimdek bo‘lib gaplashgan edim.

           Men  orzuyimdagi bu ulug‘ adib bilan birinchi marta Ostinda, 1971 yilda nihoyat suhbatlashish sharafiga erishdim. Uchrashuv o‘ziga xos tarzda, biroz tortinchoq ruhda o‘tgandi. U hali men haqimda hech nima eshitmagan va nima deb so‘zlashni-da bilmasdi, men esa uning bir she’rini xuddi Uitmanga o‘xshatib yozgani uchun biroz e’tirozli fikrlar bilan olishar edim. Borxes qahramonlik haqidagi bir she’rini ayni Uitman qabilida qalamga olgan, men esa bu tamoyildagi usulni jinim suymay, uni hadeb faqat o‘z yo‘liga ega bo‘lishini halimlik bilan ilova qilib o‘tar, botinan esa judayam qattiq xohlab turardim. Borxes rostdanam qahramonlik bilan mardlik orasidagi tafovutni hamisha birlashtirib yuborar edi.

       Mexiko va Buenes-Ayresda o‘tgan boshqa uchrashuvlarimiz nisbatan anchagina omadli o‘tdi. Biz endi ozgina ochiq va yengil suhbat qurar, shu taxlitda asta-sekin Borxes mening eng sevikli shoirlarim sirasi sifatida tan olinishga ham muvaffaq bo‘lardi. U tinmay bir shoirdan ikkinchi bir shoirning ijodiga sho‘ng‘ib ketar, ularning she’rlaridan yoddan o‘qir, aytar, izohlab ketar va tobora jonlanib o‘tirardi.

       Esimda, Borxes bir chetda turgancha, davra shovqinini cho‘rt kesgan holda, to‘ppa-to‘g‘ri  Maria Xosega boqqancha mana bu she’rni o‘qib bergandi:

Toute allégresse a son défaut

Et si brise elle-meme.

Si vous voulez que je vous aime,

Ne riez pas trop haut.

C’est à voix basse qu’on enchante

Sous la cendre d’hiver

Ce Coeur, pareil au feu couvert.

Qui se consume et chante.

  (Ushbuning mazmuni: Har bir quvonchning-da o‘z gunohi bordir, u birdan jon berishi ham mumkin. Agarda sen meni seni sevishimni istasang, bu qadar baland kulma. Shunday sirli, shunday shivirli so‘zlaginki, sening tovushing dilga xuddiki qish oqshomida chirsillab yonayotgan olovday haroratli va huzurbaxsh bo‘lib kirsin, sohir saslaring daryo sohilida gurillab yonayotgan gulxan alangasi yanglig‘ jonimni o‘rtasin, sen so‘zlama, sen faqat kuylagin).

        Buenes-Ayresda bo‘lsa biz bemalol aylanib, sarxush etuvchi ob-havodan bahra olgancha maza qilib yurgandik. U va Mariya Kodama bizni qadimiy Lezama parkiga olib borgandi, Borxes, bilmadim, nimagadir bizga Ortodoks cherkovini ko‘rsatishni istagan, biroq baxtga qarshi cherkov yopiq edi. Norg‘ul tanalarini ko‘kka adl cho‘zgancha o‘sib yotgan mag‘rur daraxtlar ostidagi nam bo‘lgan kichik yo‘lkalar uzra bir-bir xotirjam bosib borarkanmiz, o‘zimizni o‘zimiz xursand sezar, yaproqlar shiviri orasida mayin gurung olib borayotgan eski qadrdonlar singari samimiy va dilkash edik. Bir joyda, Remusning haykali oldiga yetib kelganimizda biz biroz to‘xtab turdik, Borxes hayajondan titrayotgan qo‘llarini haykalning boshi aylanasidan o‘rab, uni hamdardlarcha bir nafas quchoqlab oldi. Oxiri, biz Tortoni qahvaxonasi yonida sayrimizga yakun yasadik, Tortoni o‘zining billur shisha ko‘zli oynalari, issiqqina shokoladli qahvalari va eng muhimi adabiy mehmonlari bilan rosa mashhur edi. Borxes Buenes Ayresni o‘zini kashf qilgan ixtirochi shahar sifatida so‘zlab o‘tdi, ilk yozgan she’rlari, ilk xotiralari bilan o‘rtoqlashdi bir muddat, u haqqoniylikni jon-dildan sevguvchi va qadrlovchi, tosh kabi mumsik va sovuq yashash va yozish unga bir umr begona va yiroq ekanligini ayni o‘sha damdagi so‘zlar hamda tuyg‘ulari bilan mening dil-dilimga abadiy muhrlagan edi o‘shanda.

        O‘sha kungi oqshomda men Borxesdagi ma’yuslik holidan ancha hayratga tushgandim. Zotan u o‘z ona yurtida – kindik qoni to‘kilgan zaminda turardi. Ustiga-ustak, u Argentinaning yana demokratiyaga qaytib olganidan qattiq sevingan, zero u o‘z Vatanining kelajagi va taqdiridan fidoyilarcha kuyinadigan asl xalq farzandi edi. Bizning achchiq qismatli va og‘ir o‘tmishli ellarimizda yozuvchi bo‘lmoqlik, odamlar dardini oqqa tushirmoqlik beadad mushkul ish (ehtimol barcha o‘lkalarda ham shundaydir), balki sen juda dongdor bo‘lib ketarsan ushbu mashaqqatli umr ortidan ham, valekin doimo ikki qiynoq iskanjasida qovurilib yashaysan ham: biri sen orasida yashayotgan turfa odamlar qismati bo‘lsa, biri o‘z hayoting va qalbing bilan olishuvdir. Ko‘pincha Borxes o‘z davrining kishisi emasdek bo‘lib ko‘rinardi menga. U allaqachon vaqt va zamondan ilgarilab ketgan, u butkul o‘zga olamda yashar edi. Men uning dardini yaxshi anglardim. Chunki, o‘zim ham Mexiko ko‘chalari bo‘ylab kezarkanman, hayratdan beixtiyor ko‘zlarimni ishqalar edim: Hali shu bo‘ldimi bizni bu ona shahrimizga berganlarimiz? Nahotki shu qadar befarqlashib ketdik?!

        Borxes bir gal bizga o‘zining yangi qarori, ya’ni “bu yerlardan qochib, boshqa yerga, ehtimol Yaponiyaga borib jon topshirishi” borasidagi maxfiy sirini ochdi. U buddiy emasdi, biroq shu dinning mavhumlik  singdirilgan adabiyoti Borxesni o‘ziga maftun etgandi. Men bu mavhumlik fikrini hech narsa emasligini, aksincha unda nihoyatda ulkan ma’no berkinib yotganini aytdim. Yoki u bir tug‘yondir, biroq hech narsa bo‘lib qolishi mumkin emas.
Bir tomondan esa mavhumlik tushunchasi bizlarga orom hamda tetiklik ham bag‘ishlar edi. Axir abadiyat sari mangu yashay olmasligimiz hamda bebaqo olam ne’matlari ham g‘animat ekanligini anglagan holda shuurimiz osoyish topardi.

     Borxesni men o‘tgan yili Nyu-Yorkda yana ko‘rdim. Biz u bilan bitta mehmonxonaga tushib qolgan ekanmiz. Men, Borxes va Mariya Kodama, hammamiz birgalikda tushlik qilardik. Kutilmagan kunlarning birida Elliot Uaynburger bizning oromiy suhbatlarimizdan biriga qo‘shilib qoldi va u bilan afsonaviy Xitoy she’riyati xususida maroq ila fikrlashdik. O‘sha kech nihoyasida Borxes Reges va Lopez Velardeni eslab o‘tdi, hamishagi odatiga ko‘ra she’r aytib berdi:

“Suava patria, vendedora de chia…”

 (“O, ota makonim, chia ga konim…”)

Shunda u to‘satdan o‘z so‘zlarini o‘zi bo‘lib, mendan so‘rab qoldi:

— Shia nima ekanligini bilasizmi siz?

— Xotirjamlik bo‘lsa kerak,- dedim men o‘smoqchilab, negadir tushuntirib bera olmagandim o‘sha so‘zni. So‘ngra qanaqadir chiroyliroq qilib aytmoqchi bo‘lib:

— Yer mujdasi, deya qolaylik buni,- dedim. Ana shunda Borxes ma’qullagandek ma’noda bosh irg‘ab qo‘ygandi. Uning bu bosh qimirlatishi bunday qaraganda arzimasdek belgi, lekin men uchun juda katta e’tirofdek o‘zimda yo‘q shod bo‘lib ketgandim. U ham mendagi bu shodlikni sezgan kabi so‘zsiz kulimsirab qo‘ygandi.

Aziz va ardoqli kishingning o‘limini tan olish bu – benihoya og‘ir tuyg‘u. Biz tug‘ilgan soniyamizdan boshlab o‘z ajalimizni kutamiz, bilamiz, demakki, o‘lim changali bizlarga ortiqcha hayrat va dahshat emas, biz allaqachonlar u bilan oshinomiz axir. Hayotda kutganimiz kutilmagan, odatiy narsalar esa favqulodda hodisalar bo‘lib ijro etilishi ham mumkin. Yoki esa buning aksicha. Qadrdon Borxesning 86 yoshida bu hayotdan ketishi ham oddiy holdir ehtimol, axir hamma ham o‘ladi-ku! Ammo u hali o‘limga tayyor emas edi! Borxes ajal nima ekanligini bilmas edi hali! Aslida hamma ham shunday. Qancha yoshga kirmasin, baribir o‘lim haq ekanligini bilsa-da, ich-ichidan uni tan olib tursa-da sira-sira o‘lgisi, bu gulgun umrni tashlab ketgisi kelmaydi. Hatto hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan yosh-yosh yigit va qizlar-da bevaqt ajal domiga asir tushadilar. Sevimli Borxesning ortidan Argentinaning ikki zabardast yozuvchilari bo‘lmish – Kortasar bilan Bianko ham bor edi, ammo ular  afsuski, buyuk Borxesning o‘rnini hamda qadrini bosa olmasdilar!..Mana, hozir ham Borxes o‘sha yoshligimdagi kabi, o‘sha mening yigirma yoshlik yigitlik davrimdagi kabi hamon o‘shanday, hamon o‘zgarmaganday: uning she’rlarida, uning kitoblarida, qo‘llari tekkan har bitta narsada uning nafasi hayot topib turganday bo‘laveradi menga…

Bu ulkan qalb yozuvchi uchta adabiy janrni birdaniga rivojlantirishga erishgan  eng mahoratli adib bo‘ldi: esse, she’r va kichik hikoya turlarini. Uning esselari xuddi hikoyaga o‘xshab o‘qilardi, hikoyalari esa she’rga o‘xshab ketardi, Borxesning she’rlari hamisha kishini o‘ylantirar, ular go‘yoki essega o‘xshab ketardi. Ularni birlashtirgan yagona ko‘prik bu o‘tkir mushohada edi. Esseyist sifatida ijodni boshlash bu yozuvchi odam uchun nihoyatda foydali edi. Xususan, Borxesda afsonaviy, xuddiki, mo‘jizaga ishonuvchan inson fe’l-atvori mujassam edi. Uning o‘zigagina xos bo‘lgan ajoyib ruhiy olami bor edi. U diniy ilm  bo‘yicha maxsus shug‘ullanmasa-da, yozgan har bir yozmasida ulug‘ Yaratguvchi siymosi va unga bo‘lgan muqaddas e’tiqodi tarannum etilardi. Albatta buni Borxes ijodini tubdan kuzatganlargina teran anglay oladilar. Biroq yozuvchini tarix solnomalari u qadar hayajonga solmasdi, insoniyatning murakkab jamiyat tuzilmalari uni ko‘pam o‘ziga jalb etavermasdi. Borxesning siyosiy qarashlari ham o‘ta ahloqiy, biroz estetik ruhda bo‘lardi. Faqat bir narsani alohida qayd etib o‘tish joizki, Borxes qaysi ilm yoxud nazariya bo‘yicha fikr yuritmasin, qaysi mavzu bo‘yicha qalam tebratmasin, unda hamisha bitta aqida – oliy Vijdon tuyg‘usi hamisha barq urib turardi. Borxes hech qachon, hatto dushmanlari unga tosh otib turgan daqiqalarda ham yolg‘on gapirmadi, zinhor so‘zga xiyonat qilmadi, unda hammavaqt adabiyot va adolatga bo‘lgan ehtirom barhayot yashadi. Bu buyuk adib butun umr so‘zga zarracha-da xiyonat etmadi, unda adabiyotga bo‘lgan, ijodga bo‘lgan muhabbat to umrbod  birga  yashab o‘tdi.

                               Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting