Loyihamizning galdagi ishtirokchilari yozuvchi Furqat Alimardon hamda shoira Kumush O‘sarova bo‘ldi. Marhamat, Prust anketasidagi savollarga berilgan javoblarni o‘qishingiz mumkin.
Anketa savollari:
1. Sizni eng ko‘p nima xafa qiladi?
Furqat: Nohaqlik. Bilaturib nohaqlik qilish.
Kumush: Yolg‘iz yurishim. Kimgadir suyanolmasligim…
2. Qayerda yashashni istardingiz?
Furqat: Uyimda. Ota-onamning yonida. Sayohatni yaxshi ko‘raman. Lekin inson faqat uyidagina baxtli bo‘la oladi.
Kumush: O‘rmonda. Har kuni ming bor adashib, ming bor yo‘l topib yashashni istayman.
3. Hayotingizdagi eng baxtli lahzani ayta olasizmi?
Furqat: To‘g‘risini aytsam, hayotimning har lahzasini baxtli lahza deb bilaman. Tiriklik – qandaydir yaxshi ishlar qilish uchun imkoniyat. Xoh o‘zim uchun, xoh boshqalar uchun.
Kumush: Shubhasiz, ona bo‘lgan kunim.
4. Qanday xatolarni ikkilanmay kechirib yubora olasiz?
Furqat: Bilmasdan qilingan xatoni.
Kumush: Xatoligini bilmay qilingan xatolarni…
5. Siz yaxshi ko‘rgan ayol personaj.
Furqat: O‘zbek oyim. Unda o‘zbek ayolini to‘la-to‘kis ko‘rish mumkin.
Kumush: Shohsanam! (“Oshiq G‘arib va Shohsanam” dostoni)
6. Siz yaxshi ko‘rgan erkak personaj.
Furqat: Pyer Bezuxov.
Kumush: Goi! (Akutagava Ryunoskening “Tansiq taom” hikoyasi). Bu personaj haqida juda uzoq gapirishim mumkin. 30 yil ham umr ko‘rmagan yapon adibidan shuncha yaxshi asarlar va personajlar qolgan.
7. Tarixdagi siz yaxshi ko‘rgan qahramonlarni ayta olasizmi?
Furqat: Hazrati payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam, hazrati Umar roziyaollohu anhu.
Kumush: Juda ko‘p. Amir Temur, Alisher Navoiy, Bibixonim, Gandi, Cho‘lpon va v.h.
8. Real hayotda siz eng hurmat qilgan ayol.
Furqat: Onam.
Kumush: Bilaman, bu savolga asosan onamizni tavsiflaymiz. Ona, baribir, ona! Ammo katta opamni boshqacha hurmat qilaman. Unga taqlid qilib yashashga o‘tganman rosti. Har daqiqa uning ona bo‘lishini, rafiqa va do‘st bo‘lishni istayman.
9. Siz ijodini sevgan rassom kim?
Furqat: Erkin Orolov degan rassom akamiz bor. O‘sha akamning san’at asarlarini yaxshi ko‘raman. Dilga yaqin asarlar.
Kumush: Artur Djon— bolalikni tasvirlagan kartinalarini sevib tomosha qilaman doim.
10. Siz ijodini sevgan musiqachi yo bastakor kim?
Furqat: Odatda do‘mbira nag‘masini ko‘p eshitaman. Keyin Motsartni ko‘proq tinglayman.
Kumush: Men musiqachidan ham ko‘ra musiqa asbobiga mehr qo‘yadiganlardanman. Masalan violanchel va nayni kim chalishidan qatiy nazar, sevib tinglayman. Agar aynan bir shaxsning ijodini olsam fransuz bastakori Olivye Messianni ko‘proq eshitaman.
11. Bir erkak sizningcha qanday bo‘lishi kerak?
Furqat: Iymonli.
Kumush: Erkak nomiga munosib bo‘lishi kerak.
12. Bir ayol sizningcha qanday bo‘lishi kerak?
Furqat: Iymonli.
Kumush: Farosatli va kamtar.
13. Siz eng sevgan hislat.
Furqat: Kamtarlik.
Kumush: Yaxshilik qila olish.
14. Qaysi ishni bajarayotganda o‘zingizni baxtli his qilasiz?
Furqat: Foydali ilm o‘rganayotganimda. Fan ilmi nazarda tutilmadi.
Kumush: Kino ko‘rayotganimda. Ko‘rayotganim, eshitayotganim, idrok etayotganimdan xursandman bo‘laman. Agarda yig‘lab ko‘rsam bormi, ichimda hali nimadir tirik ekanidan ikki karra xursand bo‘laman.
15. Ayni dam kimning o‘rnida bo‘lib qolishni istardingiz?
Furqat: O‘zimning o‘rnim o‘zimga ma’qul.
Kumush: O‘zimning o‘rnimda.
16. Do‘stlaringizda qanday hislat va fazilatlar bo‘lishini xohlardingiz?
Furqat: Samimiyat va mardlik.
Kumush: Hozirgi haslatlari o‘zi bilan qolsa bo‘lgani. O‘zgarmasin!
17. Eng katta nuqsoningizni ayta olasizmi?
Furqat: Haddan ortiq ko‘p o‘ylayman. Hamma narsani.
Kumush: She’r yodlamay qo‘yganim…
18. Yaxshi ko‘rgan rangingiz qaysi?
Furqat: Oq va qora.
Kumush: Havorang.
19. Siz sevgan gul turi.
Furqat: Xushbo‘y hid taratuvchi har qanday gulni.
Kumush: Oq atirgullar!
20. Siz sevgan qush turi.
Furqat: Burgut.
Kumush: Chag‘alaklar…
21. Qaysi yozuvchining ijodini yaxshi ko‘rib o‘qiysiz?
Furqat: Yaxshi yozadigan har qanday yozuvchining asarini sevib o‘qiyman. Ular sanoqli.
Kumush: Nodar Dumbadze.
22. Qaysi shoirning ijodini yaxshi ko‘rib o‘qiysiz?
Furqat: Ko‘ngilning tubidagi gaplarni so‘zga chiqara olgan shoirlarning she’rlarini qadrlab o‘qiyman. Tilning uchida turadigan gaplardan yasalgan “she’r”larga shunchaki bir qarab qo‘yaman.
Kumush: Shavkat Rahmon.
23. O‘zingizda bo‘lib qolishini orzu qilgan g‘ayritabiiy iste’dod turi bormi?
Furqat: Yo‘q. Lekin bolaligimda uchishni orzu qilardim. Keyinchalik qiziqmay qo‘ydim.
Kumush: Uchishni istayman.
24. Qanday o‘lishni istagan bo‘lardingiz?
Furqat: Imonli holda, xursand bo‘lib.
Kumush: Onam va bolam oldida emas.
25. Hayotdagi shioringiz.
Furqat: Dunyo bir kundir – u ham bugundir. (Bu kayf qilib yasha, degani emas)
Kumush: Imkoning boricha yaxshilik qil. Yaxshilik qilolmasang yomonlik ham qilma!
26. Ayni hozir ruhiy holatingiz qanday?
Furqat: Mo‘tadil.
Kumush: Judayam tinchman. Birorta pandemiyaga oid noxush xabarlarni o‘qimayman va shu vaqtimni o‘zim hamda oilamni asrashga bag‘ishlayapman.