Gulnor. She’rlar

0
246
ko'rishlar soni

Yosh qalamkashdan ilk chiqish

***

Tun – asabiy bo‘yalgan qog‘oz,
Shamolning sochlari mayin suzishi.
Qora kamzul kiygan telba oshiqning
Ko‘zlari, xayoli senda qolishi…
Va yana umrbod ochilmagan xat
To‘g‘risi…
Ochishga qo‘rqilgan noma.
Hech kimga ko‘rsatmay,
Maxfiy yig‘lash chun
qalbdan ajratilgan
qorong‘u xona.
Tun – bolasin kun bo‘yi o‘ylab,
Kelajagin tushda ko‘ryotgan ona.
Bundan bexabar-u kecha-yu kunni
Telefon quchoqlab o‘tkazgan bola.
Tun – asabiy o‘ralgan ro‘mol,
Peshingacha uxlab yotgan falokat.
Bilmam…
Zulmat berarmi nurafshon kunlar
Va yo keltirarmi ulkan halokat..?

***

AKS

Parda ko‘tarilsa
men chiqaman, Men
O‘ng qo‘limda xanjar, chapda qora qon.
Ko‘zimga ishonmam, nahot shu menmi?
Tomoshabin holda boqaman hayron.

Parda ko‘tarilsa
Men chiqaman, men
Sof ishqdan charaqlar ikki ko‘zlarim.
Qizg‘ish yuzlarimda to‘q samimiyat,
Mehrga, sevgiga to‘la so‘zlarim.

Parda ko‘tarilsa
Men chiqaman, men
Qo‘limda jonimdan bo‘lgan chaqaloq.
Kecha qotil edim, ne uchun bugun
Shodon yuzlarimda ko‘rinmaydi dog‘?!

Parda ko‘tarilsa
Do‘st, dushman ham men
Qotilman, doxilman, johilman xatto
Yaqinim ortidan xanjar sanchaman,
Yana shu qo‘limda beraman davo…

Men-ku pardalarni ko‘tardim, illo
qotilligim rostdir, johilligim rost.
Do‘st-u yaqinidan parda ortida
Chuvalashib yotar qancha nayrangboz.

Do‘zaxingmanmi yo jannatingmanmi
Bilmam, qay o‘lkadan olingan loyim?
Qotil qilasanmi va yoki shoir
Faqat “Men» bo‘lishdan asra, Xudoyim!

***

DARSLIK

Maktab ham tugadi
O‘n birinchi yil
«Ertaga topshiring!»,–deyildi.
Buyruq.
Ularni quchoqlab, to‘yiiib hidladim
Ertagacha…
ko‘zga kelmaydi uyqu.
Sirdosh dugonamla yozgan xatimiz —
«Madina», yurakcha «Gulnor» «Chin do‘stlar».
Kutubxon opajon, o‘zingiz so‘rang
«Beg‘uborlik ne?»,–deng darslik so‘zlar.
Saida oyog‘i og‘riganida
Ko‘zimga uzunroq ko‘ringandi yo‘l…
Dardin menga ber deb o‘kingan paytim
Xurshid Davron yuzi bo‘lgan edi ho‘l…
«Yomg‘ir yog‘ar…» Rauf Parfi ustozning
Tomchilari jo‘shib qalbimga oqdi.
Ha aytgancha, Mahmud Toir ustozning
«MOMO YER»im she’ri judayam yoqdi!
Gulyuz Oydin ayam kokillariga
Uzun kokillarim qo‘shiliiib ketdi.
Sumbul sochimdagi ohanglar bilan
Oshiq yomg‘irlarning bag‘riga yetdim.
Hali o‘n sakkizga to‘lmaganman-ku
O‘n sakkiz darslik men uchun intiq
«Bermayman!» o‘jarlik qiladi ruhim
Kitoblarim kabi qarog‘im siniq…
Darslik kattasi – biologiya.
Ha, esimda, o‘sha yuzinchi betning
Maktub yashiringan edi tagiga:
«Men seni», besh nuqta so‘ngra ming bora
O‘chirg‘ich ishqalgan ammo o‘chmagan.
Ne sir yashiringan nuqta qa’riga?..
Yoqtirgan saqichdan chiqqan rasmlar –
Eng bosh sahifadan hali ko‘chmagan.
Achchig‘i chiqadi ko‘rsa ustozning
Xatlar, rasmlarni barin o‘chirdim,
Eng so‘nggi xat qoldi, eng so‘nggi xotir.
Qandayin o‘chiray ko‘zim qiymaydi!
O‘chirsam kitobning yuzlarin emas
O‘chirg‘ich qalbimning yuzin tirnaydi…

— Mana kitoblarim, oling,– deyman-u,
Sanashga kirishib ketadi ustoz.
— Bo‘ldi, ketavering, barchasi to‘g‘ri,
Tartib raqamlari jadvaliga mos.
(Ketganimdan keyin kutubxonachi
«Sog‘inch ne?»,–deb ko‘ring kitoblar so‘zlar.
Kechiring, bitta xat qoldirgan edim
«Madina», yurakcha «Gulnor» «Chin do‘stlar».)
Achchig‘i chiqadi ko‘rsa ustozning…

***

Daraxtsan

shoxingni tishlab turibman

       Og‘riq bermadimmi?!

                Uzilolmayman...

Men uzilsam garchi dardkash kim bo‘lar
Ayt, kim ololadi mendagi joning?!
Tomir tomirgacha senga yaqinman,
Kiprigim qoshinggga tutashgani chin…
Qora bulut dema yomg‘ir, ofat ne?
O‘sha osmoni ham to‘kilsin chil chil!
Yolg‘izlikka otib ketmaydi samo
oysanam, motamo, qoshiqyuz ishqni.
Qattiq esdi nasim havotir olma,
Bizni ayirolmas, shamolning nishi.
Yomg‘ir
toza tuyg‘ularda ividim rosa,
Nimadur chirt etdi, quladim oxir.
Tomchilar: «Qo‘rqmagin», — deydi shivirlab
qo‘limdan tutadi bardam va sokin.
Quladim, munkayma azizim mening
Qara, yer yuzida go‘zal sirg‘aman!
Mabodo bahorda holsizroq bo‘lsang
poyangga kuch bo‘lib qayta singaman!..

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting