Samariddin Sayyidzod. She’rlar.

0
412
ko'rishlar soni

Juda xursand edim,
U kun shod edim,
Yildirim yelkamda ikkita qanot.
Oldinda bir yorug‘ manzil bor edi,
Men yozgan she’rlarga o‘xshardi hayot…
Men ko‘rgan kunlardan yaxshiroq edi.

Yettinchi osmonda uchardim go‘yo,
Olam go‘zal edi, olam oq edi.
Birinchi she’rimni o‘qirdi dunyo,
Bosganim tuproqdan balandroq edi.

Hamma she’r o‘qirdi, men shoir edim,
Bu chin his bo‘lganda ming yil o‘lmasdim.
Unda ilk she’rlarim chiqqan gazetga,
Pista o‘rashlari haqda bilmasdim.

***

Kutyapsiz,
Kezinib uzoq,
Oyning tuman yo‘laklarini.
Ko‘zlaringiz bir menga mushtoq,
Tikar tunning ko‘ylaklarini.

Telefonda tanish raqamlar,
Quchoqlaysiz bir juft lolani.
Kutyapsiz sizdanda ko‘proq,
She’rlarini suygan bolani.

Ichikkandan ko‘zguga boqib,
To‘g‘rilaysiz, turmaklaringiz.
Bugun sizga qimmatga tushdi,
Ishqqa qilgan ermaklaringiz.

Go‘yo oldda bir asrlik yo‘l,
Go‘yo ming yil tikkandek ko‘zni.
Lek bilmaysiz huv nariroqda,
Men kuzatib turibman sizni.

Majnuntolning panalarida,
Hijronda qon yutganlarimni.
Siz ham tuying bir lahza, bir dam,
Sizni yillab kutganlarimni.

To‘rt tomonga yuborar xayol,
Boray deyman, «eh bo‘ldi, yetar».
Ko‘kka ekib hasratlaringiz,
Oy ufqiga dumalab ketar.

Qadamlarga erk berar visol,
Quchmoqlikdan tutolmam o‘zni.
Osmon menga nikohlab bergin!
Ketsam yillab kutguvchi qizni.

***

SINGLIMGA…

Uch yil bo‘pdi… Uch yil!
Uchinchi qavat. Bormadim,
Sog‘inching sig‘mas Dunyoga.
Toshkentning tog‘lari osmonga payvand,
Termulib qaraysan Qashqadaryoga.

Eshitganim bordir katta shoirlar,
Qishloqda tug‘ilib poytaxtda o‘lar.
Mening yengim bilan yuzimni to‘sib,
Shotutga suyanib yig‘lagim kelar.

Kenja bolasiydik, keksa otamni,
Ikki tizzasini talashgan bir vaqt.
Seni olib qoldi, katta shoirlar
Orasiga meni qo‘shmagan poytaxt.

Men onamga tirgak…
Unda sen borsan,
Toshkent- mening uchun tong otgan taraf.
She’r izlab qishloqning ko‘chalaridan,
O‘ttiz yil, tonglarni yurdim orqalab.

Va senga yubordim mehrimni qo‘shib,
Bog‘larning olxo‘ri…
Oftoblarini…
Sen esa U. Azim, Dantega qo‘shib
Ustozim Parfining kitoblarini…

Bolangni o‘pib qo‘y! Ozurda yurak.
Sen borsan akangni g‘amlar yiqmaydi.
Unutma, hali ko‘p yashashin kerak,
Singlisi yo‘qlardan shoir chiqmaydi!

***

Chin muhabbat- abadiy firoq,
Abadiy dard, abadiy o‘lim.
Agar bo‘lsa ko‘nglingni ko‘rsat,
Yuragingni bir ko‘ray gulim.

Jim yashaymiz bir so‘z demasdan,
Bu dunyoni to‘ldirib sirga.
Tiriklikning g‘amin yemasdan,
Ko‘ngil tomon ketaylik birga.

***

Shunday she’r yozsangki, shabnamdan tortib,
Ko‘ksing tilib o‘tsa kapalak ohi.
Kunduzlar yupanchli damlarin otib,
Tunlar so‘ylab tursa oyning gunohin.

Shunday she’r yozsangki, yumushin tashlab,
Ortingdan ergashib ketsalar yo‘llar.
Senla suhbat qursa tog‘lar yonboshlab,
Haq bo‘lsa o‘zligin anglagan qullar.

Shunday she’r yozsangki…
Pichirlar labi,
Tiklab boraversa Haq degan dorni.
Har kasning insonlik bo‘lib matlabi,
Ko‘rlar tanib tursa Parvardigorni.

Shunday she’r yozsangki g‘amingni yemas,
Uqmas nigohlarni mildek tig‘lasa.
Hojilar muqaddas ka’bani emas,
Onasin oyog‘in quchib yig‘lasa.

Shunday she’r yozsangki,
Ummon va yerlar,
Yastanib yotsalar ishq chiroyiga.
So‘z sotib kun ko‘rar yolg‘on shoirlar,
Aylanib qolsalar so‘z gadoyiga.

Shunday yozmoqlikni ming yillab kutsang,
Ko‘ngildan tuproqqa to‘kilsang, to‘lsang.
Haq sari o‘tgan jon o‘zingdan o‘tsa,
Oshiqlar toptagan ostona bo‘lsang.

Shunday she’r yozolsang, she’r yozib o‘lsang…
Nodonlar tagidan qulatib taxtni.
Shu qadar o‘lsangki- bosh chanog‘ingdan,
Har tong gullab chiqsa, Hayot Daraxti.

***

Avgust suv taraydi yaydoq dalaga,
Horib qaytgan chupon suruvin qamar.
Osmon chodir yoyar oy mash’alaga,
Soyalar oq tunning choponin yamar.

Olislardan kela boshlar to‘y xatlar,
Ishkomlarga o‘zin osadi samar.
Dil roziga to‘lar kentlar, poytaxtlar,
Umid ulg‘ayadi qabringga qadar.

Ishqqa sirdosh yolg‘iz oyoq so‘qmoqlar,
Chirildoqlar tunning jonini yoqar.
Terakzorda chapak chalar yaproqlar,
Ariqlarda qirmiz olmalar oqar.

Yeru- osmon guvoh, har zarra uyg‘oq,
Polizlarda sho‘x yel qovun yoradi.
Avgust…
Top- toza tun…
Va toza gunoh,
Seni Xudovandga olib boradi.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting