Baxt uyi
Xayollar ortidan mo‘ralaydi jim,
Sukunat borliqning eng go‘zal qizi.
Pardalar hilpirab qilar tabassum.
Bu uydan taralar mehrning isi.
Osmonlar qulochin yoyadi bunda,
Go‘daklar nafasi urar dimoqqa.
Yulduzlar to‘kilib tushadi tunda,
Kunduzlar keladi o‘ralib oqqa.
Mehr-oqibatning suvidan ichib,
Ona duosidan yosharadi tan.
Jajji qo‘li bilan beshigin quchib,
Orom quchog‘ida ulg‘ayar Vatan.
Gapim bor…
Nurab qolgan devorlar
nurlarida gapim bor,
Qo‘lim yetmas falakning
hurlarida gapim bor.
Haq ishqining gadosi —
pirlarida gapim bor,
Osmon bir qog‘oz bo‘lsin,
ummon siyohdon bo‘lsin.
Ko‘zlarimning ashkidan
paydo bo‘lgan bu ummon,
Yuragimning rashkidan
ado bo‘lgan xonumon.
Izing tushgan yerlardan
undi ishq otli armon,
Diydortalab bu yurak
ishqqa chin makon bo‘lsin.
Qamishzorlar nay chalib,
so‘ylar sehr-hikmatni,
Boshoq yonib, sarg‘ayib,
topdi qadr-qimmatni,
Borin berib daraxtlar
o‘rgatdilar himmatni,
O, jununvash bu ko‘ngil,
ishqdan nurafshon bo‘lsin.
Sen mening…
Sen mening kimimsan, sen mening manim,
Sen mening kamimsan, sen mening g‘amim.
Sen mening borlig‘im, sen mening umrim,
Sen mening parvonam, sen mening shamim.
Ishq ikkimiz ichgan azaliy og‘u,
Sog‘inch – muhabbatning qora ko‘z qizi.
Dil uning yo‘llari buncha qorong‘u,
Ko‘zimda hijronning muqaddas izi.
Men sening kimingman, men sening zoring,
Men sening orzuing, men sening oring.
Men sening hokingman, men sening boring,
Men sening, men sening, men sening…
… Dunyo kaftlarida asraydi bizni,
Otam deb, onam deb yayraydi tilim.
Ko‘nglimga berkitib qo‘yib bir hisni,
Bag‘rimni to‘ldirgan nursan Vatanim.
Qolib ketdi…
Devorlarning qatlarida qoldi xatim,
Malaklarning qo‘llarida halovatim.
Qishlog‘imda qolib ketdi, qolib ketdi,
Kavushlari loyga botgan muhabbatim.
Orzuyimga chuchmomalar emas hamroh,
Yulduzlarning osmonidan topdim panoh.
Bugun seni sog‘ingandan sog‘inaman,
Hijron ko‘ylak kiyadigan momaqaymoq.
Darvozaning zanglarida zorim qolgan,
Kampir enam ko‘zlarida orim qolgan.
O‘sha kuyni izlasam ham topolmayman,
Ovozlari chiqmaydigan torim qolgan.
Tosh ko‘chaga tarqab ketgan to‘ptoshlarim,
O‘rtoqlarim tashlab ketmas ko‘z yoshlarim.
Ko‘z yoshlarim ko‘chib ketsa shabnamlarga,
Shudring ichgan binafshalar sirdoshlarim,
Qishlog‘imda qolib ketdi, qolib ketdi…
Kuz – visol
Haqqa yetib qoldi daraxtlar,
Boshga o‘rab hijron rang ro‘mol.
Ulg‘aytirib qo‘yarkan dardlar,
Kuz – sening jamoling, kuz — visol.
Boshim uzra yog‘ilar yaproq,
Boshim uzra yog‘ilar rahmat.
O‘sha bargning bandida titroq,
Yuragimga atalgan ne’mat.
Rayhon bo‘yi kelar o‘yimdan,
Behi pishar, pishar atirgul.
Hazonlarga to‘lgan yo‘limda,
Hurlar sano aytadi gulgun.
Ishqi dilga sig‘magan anor,
Yoriladi, tugaydi bardosh.
Ming bir rangda tovlanar chinor,
Miyig‘ida jilmayar quyosh.
Haqqa yetib qoldi daraxtlar,
Boshga o‘rab hijron rang ro‘mol.
Dadajonim…
Oyog‘ingiz taftini qo‘msab,
Ko‘chalarda sarg‘ayar hijron.
Ko‘zlaringiz mehrini istab,
Torayadi, kuyadi osmon.
Qo‘llaringiz otashi unut,
Oshxonada zanglaydi pichoq.
Dardlarini ichiga yutib,
Qorayadi, yonadi o‘choq.
Zahmatingiz unutmagan hech,
To‘lib duo qiladi tandir.
Yig‘lasam-da har kun erta kech,
Ko‘z yoshlarim nimaga arzir?!
Siz qaytasiz quyosh nuridan,
Yorishadi muazzam xona.
Yostiq qo‘yib uyning to‘riga,
Ming yasharga yosharar onam.
Nafasingiz tekkan har giyoh,
Porlab ketar tugaydi firoq.
Zangdan tushar hatto pichoqlar,
Qarsak chala boshlaydi o‘choq.