Nigohimning cho‘ntaklarin
Paypasladim, paypasladim.
Yoding o‘chdi so‘qir ko‘zdan,
Egildi qad, bo‘y-bastlarim.
Poyimga bosh urdi yo‘llar,
Topib kel, deb yolvorishdi.
O‘rindiqqa o‘yib yozgan
Harflar yonib — bog‘ yorishdi.
Diydor onin cho‘zdik, dildor,
Ko‘rdik hijron haybatini.
Lekin uzaytirolmadik
Muhabbatning muddatini.
Boshin olib ketdi ko‘cha,
Izlarimiz ergashtirib.
Ishqdan boshqa bari bekor,
Bari yolg‘on, bari firib.
Dardga darmon bo‘lmas birov
Sog‘indimo-ov, sog‘indimov.
***
Tashqarida tentiraydi tun,
Yuragimga botar sukunat.
Hijob kiygan qora zulmatning
Tomirida qaynar xiyonat.
Tashqarida axlat qutisin
Titkilaydi qashshoqlik har kech.
Derazamdan boqaman po‘rim,
O‘rtamizda devor — bir qarich.
O‘rmalaydi azob, uqubat…
Nochorlikni yetaklagancha.
Daydi mushuk va kuchuklarning
Oh-vohlari shuurim yanchar.
Tuyg‘ularim qilib tanovul,
Non botirib yeyman oqshomga.
Nigohimdan tinmay erta-kech
Yolg‘izligim tomgani tomgan…
Gunohlarni yelkalagancha
Tashqarida tentiraydi tun.
Yaratganga boyqush tilida
Zikr aytar har kech dahri dun…
* * *
Yigirma bir yilki arosatdaman,
Siyratim bulg‘angan, suvratim tamug‘.
Menda ulg‘ayyapti noma’lum jism,
Zabardast tanimda jon talashar ruh.
O‘zimdan qochyapman o‘zimni aldab,
Qorani oq deyman ko‘zimni aldab.
Yolg‘onni rost atab — so‘zimni aldab
Vujudim soppa-sog‘, sujudim majruh.
O‘zimni rad etib yashadim baxtxush,
Uxlab haqni ko‘rdim, o‘ngimdachi tush.
Xaromdan mastmanu, kibrdan sarxush,
Qalbim burda-burda, telba ruh — makruh.
Ko‘nglimni sovurdim, tiklashim dushvor,
Olti yon vayronu ich etim abgor.
Noming zikr aylab takror va takror,
Takrorlar ichida borligim bekor.
Takrorlar ichida borligim bekor.
Vujudim soppa-sog‘, sujudim majruh…
* * *
Yig‘ilish, hisobot, ma’lumot, minbar…
Qarsak gumburlaydi boshliqni tanib.
Raqamlar jo‘sh urgan vujuding uzra
Tomirmas, lag‘monlar yotar yastanib.
Sen pinak buzmaysan, qo‘lu kaftingni
Vijdon-la kishanlab, tortasan sergak.
Yoningda maddohu madhiyabozlar
Qo‘ysang, kiprik bilan chaladi qarsak!
Undaydi, tirsak-la turtib elkangdan:
«Qarang, boshliq keldi, u — buyuk dohiy!»…
Majlisda yig‘ilgan ming qarsakbozmas,
Unutma, faqat sen xalqning panohi…
Qo‘shilib ketmasang ularga toki!
***
Qismat
Churq etsang cho‘rt kesarlar,
So‘ng tilingdan osarlar,
Oshkoralik zamon, deb,
«Peshonangga berar zeb!» —
Telba, deya yozarlar.
«So‘zlash erkin, fikrla,
Bit tanqidiy satrlar!» —
Gazet to‘la «sharaf-shon»,
Tinch-osuda, hur zamon!…-
Mudratuvchi atirlar.
Minbar to‘la «gumbur-qars»,
Bo‘lma deydi «basma-bas».
«Doim jim bo‘l, sokin bo‘l!
Xo‘p, deginu hokim bo‘l!
Shunda qilarlar havas…»
Mingta rahbar bir so‘zga,
Do‘stlaring bo‘lar o‘zga,
«Tinchitib», der: u oqdir!
Shunday ekanda taqdir,
Azal Lavhul-Mahfuzda…
Gumdon bo‘lding benishon,
Umring zavoli — bo‘xton,
Xalqim deding hammani,
Bo‘lding xalqning dushmani…
Izsiz ketgan qahramon!
Churq etsang cho‘rt kesarlar…
* * *
Keldim qishloq, salom senga,
Majnuntollar, anhor suvi…
Sog‘inchimni pishib-pishib,
Ajratib ber diydor, kuvi.
Keng yaylovqalb odamlarni
Sig‘dirgan tor, tuproq ko‘cha.
Bolang qaytdi tosh shaharga
Ekib sog‘inch degan ko‘chat.
Onam yopar diydorkulcha,
Qalb qo‘rimday tandir qaynoq.
Qabartirib otam qo‘lin,
Tovonini yorgan tuproq…
Burni oqqan cho‘pon bola,
Kel, yuragim ol yoningga.
Qo‘zing bilan ketsin yaylov,
Elt uni ham osmoningga.
Eski yo‘lda bosdim takror
Bolaligim izlarini.
Men shaharga olib ketgum
Oqibatning islarini.
Keldim qishloq…
***
Omon qolgin sershovqin Toshkan,
Chorlayapti meni qishlog‘im.
Qalbda sog‘inch qaynagan, toshgan…
Diydor degan matoni so‘kib
Iplaridan tikdim bayrog‘im.
Bosh egmadim vaqtning hukmiga,
Barchasiga yumdim ko‘zimni.
To‘yib soyim ashulasiga,
Quchog‘iga otdim o‘zimni.
Yuragimday qaynab jo‘shgan suv,
Tomiringda ummon qoni bor.
Ilhomimga ilhom qo‘shgan suv,
Vujudingda oqyapman takror…
Ketmonimni oldim otamdan
Zang bosibdi yuragim kabi.
O‘tkirladim, tosh shahar ochgan
Ko‘zimdayin charxlandi, sabil.
Qabartirib, nozik qo‘limni
Suv boylatib ishladim rosa.
Nikohladim unga ko‘nglimni
Men — xonanda, mehnat — raqqosa…
Shahar chorlar bag‘riga yana,
Yana o‘sha yo‘l, o‘sha ulov.
Sog‘inch takror qilar tantana,
Diydor esa so‘raydi to‘lov…
* * *
Yuragimda chang, g‘ubor,
Artib bergin, farrosh qiz.
To‘zib ketgan umrimga
Tartib bergin, farrosh qiz.
Mehmoni bo‘l tushlarim,
Farishtasi o‘ngimning.
Iymon suvi bilan yuv
Yo‘laklarin ko‘nglimning.
Senda barcha qalblarning
Kalitlari mujassam.
G‘ofillarni uyqudan
Uyg‘ot har kun subhidam.
Ko‘chalarga erinmay
Erta tongdan — azonda
Qo‘shib-qo‘shib mehringdan
Suv sep sabr kosamda…
Toki fosiq kaslardan
Forig‘ bo‘lsin dahri-dun.
Menga gard ham yuqmaydi
Yonimda sen bor uchun,
Duolaring yor uchun!
Yuragimda chang, g‘ubor,
Artib bergin, farrosh qiz…
Ukam yasha, omadingni bersin. «Otamga» she’ring qani? Nega bermading? Hech bo’lmasa o’sha she’rning audiosini saytda e’lon qilinglar. «Sovuq chaqar olti tomondan…» ham yo’q ekan!