Jon FARNDON. She’rlar.

0
895

Buyuk Britaniyalik yozuvchi, shoir, tarjimon, taniqli dramaturg va bastakor. U bundan tashqari bir qator ilmiy hamda bolalar uchun yozilgan kitoblar muallifi hisoblanadi. 

RAQS

Mahbubam, kelaqol, tortinma,

raqs tushib dunyoni kezaylik.

Bu hayot atalmish davrada,

qanotni erkinroq yozaylik.

Suyaksiz emasman o‘yinga,

nima ham o‘zgarar yashirsam?

Epchil qadam tashlay olmayman,

rost, anglolmayman ritmlarni ham.

Lek, yurak yo‘rg‘alar kuyingga,

mening so‘zim misli naqorat.

Raqs tushar ekanmiz ikkov –

o‘rtamizda sevgi bor faqat.

O, bizning o‘yingoh yerdamas,

o‘rnashgan tahayyul yurtida.

Baxtimiz shunchalar butunki,

mangulik ham qolajak ortda.

Payqadingmi titroqlarimni? 

Axir doim titrayman-ku men,

Sarhisob shart esa agarda,

muhabbatim – mukammalga teng.

Mahbubam, kelaqol, tortinma, 

raqs tushib kezaylik dunyoni…

ARINAGA

Bir qizni bilaman, Odessada u

Ulkan bir dengizning shundoq labida.

Ko‘zlari tim qora, qora qahvadek,

Yo‘limni qaraydi, menman qalbida…

Bir kun Odisseylik qilurman o‘zim,

Gomer kuylab o‘tgan qahramon misol.

O‘shanda bog‘larni bahor chulg‘asa,

Bizning yuraklarni o‘raydi visol.

Biram foram havo, arilar tinmas

Kelinga do‘nadi go‘yo Odessa.

Oq, pushti ko‘ylaklar kiyar-u guldan

Bir lahzani poylar – qani men kelsam…

Eh, men askar emas janglarda g‘olib,

Yo tarixdan qaytgan Odisseymasman.

Aslaham yo‘q axir qalamdan o‘zga,

So‘zdan najot kutib yashovchi kasman…

Lek, ko‘zlari qora, qora qahvadek…

O‘shal malak ila topishmoq uchun,

Sevgi maydonida quchgali zafar,

Albat Oddesaga qayturman bir kun!

XRIZANTEMALAR

Sevgilim, 

menga deb gullar olibsan bugun,

ayt-chi, ular o‘sadi qayda?

Ular Zimbabvedan keltirilar

bizning yoqlarga,

Bilarmiding deya qiziqdim.

Ular Xararedan olib kelingan,

U yerda raqs tushar sonsiz tunellar,

Va bizning bir onlik shodligimiz deb,

Chanqoqqa dosh berar millionlab og‘iz…

Azizam,

menga deb gullar olibsan bugun,

ayt-chi, ular o‘sadi qayda?

Ular Zimbabvedan keltirilar

bizning yoqlarga,

Bilarmiding deya qiziqdim, xolos…

NAVBAT

(2019 yilning yozida Hindistonning janubida qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan aholiga bag‘ishlanadi)

Suv so‘rab navbatda turdim kun bo‘yi,

Hech narsa yo‘q edi men uchun biroq.

Suv so‘rab navbatda turdim kun bo‘yi,

Ammo bari edi behuda…

Biz Dalitlar – eng past tabaqa,

sabr bilan kutdik qatorda.

Biroq Braxmanlar dedi:

“Suv tamom!”

Jazirama oftob tig‘ida

turgan edik navbatda, keyin

Suvsiz qaytdik uyga

emaklab…

Ular qo‘lda darralar bilan

Qarshi olardilar bizni.

Mabodo,

Nolisak do‘pposlash uchun,

Bechora go‘dagim –

yig‘ladi,

yiqildi…

Men-chi qaytdim uyimga yolg‘iz…

Suv so‘rab navbatda turdim kun bo‘yi,

Hech narsa yo‘q edi men uchun biroq.

Suv so‘rab navbatda turdim kun bo‘yi,

Ammo bari edi behuda…

* * *

Sevgilim, ko‘zingda yoshlarni ko‘rdim,

Qanday qilib tag‘in yetkazdim zarar?

O‘ylovsiz so‘zlarim mayin qalbingni

Xanjar kabi tildi – ayladi yara.

Bila turib ozor bergandan ko‘ra,

Mahkum qilinsaydim koshki o‘limga.

Biroq tilkalandim, osildim rosti,

Ko‘nglingni og‘ritgan zabbob tilimdan.

Bu taqdir o‘yini, bilaman, jonim,

Kimni ardoqlasak beramiz ozor.

Ne ko‘ylarga solar telba ruhimiz,

Hezlanib qolamiz bekordan bekor

Kechirarmisan, ayt, bir bora meni?

Ranjitganim uchun, azizam, seni?

* * *

Hayot o‘yin emasdir, Adam,

Yutqazsang bas, mag‘lubsan demak.

Berilmagay boshqa bir yordam,

Ikkinchi bor jonlanmoq – ertak.

O, bilaman, hayajon nedir:

Qon yutganman qaltirab, qaqshab.

Hov, o‘sha sen g‘animlaringni,

Yengganingda mardlarga o‘xshab.

Biroq, hayot o‘yinmas, Adam,

Yutqazdingmi, mag‘lubsan demak.

Berilmagay boshqa bir yordam,

Ikkinchi bor jonlanmoq – ertak.

Men ham sendek bir alamzada,

Kiborlarni ko‘rar ko‘zim yo‘q.

Ketiga bir tepsam, dodlasa,

Tag‘in xo‘rlay deymanu biroq…

Hayot o‘yin emasdir, Adam,

Yutqazsang bas, mag‘lubsan demak.

Berilmagay boshqa bir yordam,

Ikkinchi bor jonlanmoq – ertak.

Adam, bir bor berilgan umrim,

Yashamoq-chun baxtlilarga xos.

Tag‘in urin demaydi hech kim

Bu dunyoni tark etsam bexos.

MANZARA

Namozshom cho‘kadi borliqqa

Soyalarga burkanar zamin.

Daydi shamol esar har nega

Purkamoqchi bo‘lib izg‘irin…

Qo‘nayotir soyalar asta

Menchi bunda bir o‘zim mahzun.

O‘zim kabi yolg‘iz qalbimni

Mutaassir etar qaro tun.

Unutadi bulbul nag‘masin,

Boyo‘g‘lining nolasi muzlar.

Yashrinar och tulki iniga,

Garchi sen yo‘q, bir seni izlam…

Ingliz tilidan Shohrux USMONOV tarjimasi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting