UMID
Ketayotgan turnalar kabi,
Botayotgan quyoshdek ilhaq.
Orzularing ortidan borib,
Qo‘l silkimoq istaysan befarq-
Og‘irlashib borar qo‘llaring.
Bitayotgan eng so‘nggi nafas,
Yopgandan so‘ng qars etgan eshik.
Tepki bosgach eshitilgan darz,
Jarohatdan yaralgan chandiq-
Ko‘payadi yozgan she’rlaring.
Yo‘q, zavoling istamas olam,
Faqat baxtga eltar tor so‘qmoq.
Baxtdek tatir har mushkul qadam,
Visol va’da qilar qulamoq.
She’rga aylanadi sirlaring.
SANCHIQ
Uch kecha-kun yo‘l izladi u,
Avval ruhim sinishin poylab.
Aldab-avrab yaqinlashdiyu,
Yuragimni changalladi dard.
Qovurg‘amda chirt etdi sabr,
Simmilladi xotira yuki.
O‘g‘ri tutgan ochko‘z boy kabi,
Siqimladi yurakni sevgi.
Chegalangan sopoldek besas,
Qimirlashga qo‘rqyapman hayhot.
Olamanmi yana bir nafas,
Tugamasmi men uchun hayot?
Shu bir lahza dono muallim,
Shu bir lahza eng oliy hakam.
O‘lsam, meni izlab borar kim,
Ne o‘zgarar agar o‘lmasam?..
***
Birinchi qor yoqqungacha behi turar,
Shoxlarida umid o‘sar daraxt- olam.
Tushlarimga kulib kirgan mangu bahor,
Sog‘intirgan kunim qursin sizni onam.
Faqat erta bahor bora olgan edim,
Behi isi tutib ketgan qizlik xonam.
Javonimga qator- qator behi terib,
Sog‘inchini qishdan olib chiqdi onam.
Dunyosidan menga loyiq joy topmadi,
Faqat yuragida olib yurdi onam.
Qop-qorong‘u kechalarda yostig‘imga,
To‘kkan yoshim tushlarida ko‘rdi onam.
Xayr desam, titrayotgan nafasida,
Oq yo‘l, oppoq fotihalar berdi onam.
Turibman-u o‘ttiz beshning yoqasida,
Dunyo degan qirq ming dardga
kirdi onam.
Siz menga keraksiz…
Qadamingiz yetgan, yetmagan yo‘llar,
Siz ketib, siz bilan ketmagan yo‘llar,
Qo‘l tutsangiz titrab, musht tugilgan-u,
Istab, qo‘lingizni tutmagan qo‘llar
titrog‘i haqqi
Siz menga keraksiz…
Boqib ko‘zingizga to‘kilmagan ko‘z,
Siz deb tug‘ilgan-u, aytilmagan so‘z,
Xato bog‘lab pushmon bo‘lgan taqdirdo‘z
yo‘l qo‘ygan xato haqqi
Siz menga keraksiz…
Kaftga to‘kilmayin qolgan ismlim,
Ismi jahoniy-u, ruhi jismlim,
Zaminni sog‘ingan ko‘kday to‘zimlim,
Hech qachon yuz bermas orzular haqqi
Siz menga keraksiz…
Ismi hovuchimga to‘lmagan duo,
Ismi zamin, yer, suv, tiriklik, havo,
Ismki, ruhimga shivirlab xudo
Aytgan dilimda bo‘y yetgan his haqqi
Siz menga keraksiz!..
***
Seni juda sog‘indim, dunyo
Ko‘z oldimda sarg‘ayib ketdi.
Kel yashillik, yuragimda jo
Bo‘l-u dunyolarni unuttir.
Hali bahor qaytadi, qayting,
Osmonida sargardon qushlar.
Kalendarda eskirayapti,
Baxt haqida men ko‘rgan tushlar.
Yulduz oqqan soyga gapim yo‘q,
Boyga boqqan zamonaga ham.
Ishqqa to‘la yuragimda cho‘g‘,
Haq deb yongan umrimga karam
Tiladim…
****
Mayli, ko‘nglimizga boqmadi falak,
Mayli, umrimizdan unib chiqdi tun.
Men taqdir yo‘liga suv sepdim halak,
Yig‘lab shukur aytdim borligi uchun.
Tonglarga begona bo‘ldim u sabab,
Tunlarga yolvordim- «Bag‘ringdan ber joy».
Kundan-kun to‘lishdi dardimga o‘xshab,
Tunning kindigini o‘zi kesgan oy.
Yo baxtdan darak ber, yo so‘nggi so‘z ayt,
Ishqqa zor ko‘nglimni tilsin alvido.
O‘zing yuragimni o‘qib turgan payt,
Umidsiz qolmoqdan asragin,
Xudo!
HECh NARSA HAQIDA
…So‘ng bariga aytsang xayr-xo‘sh,
Lang ochiq qoldirsang eshikni,
Quyosh nurlariga ergashib,
Vatan tutib ketsang ufqni.
So‘ng baridan ozod bo‘lsa dil,
Va tushunmay qolsang so‘zlarni.
So‘zlamasang, ochmasang ko‘ngil,
Jimgina tinglasang ko‘zlarni.
So‘ng baridan kechsang indamay,
So‘ng baridan qo‘l yuvsang tamom.
Isitmada oshkor dardlarni,
Tinglamoqni etmasang davom.
So‘ng barini ichingga yutsang,
Qayta yashay boshlasa qalbing.
So‘ng jimgina nenidir kutsang,
Kutgan sari kelmasa o‘lging.
Yetti qavat osmon, yetti qavat er,
Nomingga tor kelsa nima qilaman.
Meni menga qaytar, meni menga ber,
Sensiz xazon edim, mensiz o‘laman.
G‘amxo‘r yuragimda yuribman yakkash,
Yer tobora uzoq, osmon ostona.
Dunyo shikoyatzor, imkoni talosh,
Ko‘nglim — isming yoziq qiroatxona.
Tobora qorong‘u, tobora chuqur,
Umid uzilmagan kunlar cho‘zilar.
Sening xayolingdan boshlangan qayg‘u,
Uzilsa hayotim uzilar…
Sarlavha
Shunchaki ko‘zimga nimadir tushdi,
Shunchaki ko‘nglimni etolmadim tosh.
Bu kech barcha yulduz bir yo‘la uchdi,
Bugun yuragimga qo‘l soldi quyosh.
Yonyapman, muz qotgan sabrlar seli,
Ko‘zimdan yo‘l ochdi mendan ketgani.
Yulduzdek million yil kutgandim seni,
Bag‘ringda bir lahza yonib o‘tgani —
Osmonim!