hikoya
Onamning vafotidan keyin dadam kichrayib cho‘kib qoldi. Bir yilgachayin o‘zi yurgizayotgan tegirmondan tun yarmida qaytardi. Ertasiga quyosh tepaga ko‘tarilganida istar-istamay ruhsiz alfozda uyg‘onar, nochor ahvolda yana o‘sha rizqxonaga jo‘nardi. Men bir ko‘cha naridagi buvimnikida to kechqurun uyga olib chiqqunlaricha o‘ynardim. Dadamga achingan buvim gohi-gohi yoniga o‘tqazib, nasihatga tushardi.
-Uylansang bo‘lardi, o‘g‘lim. Axir Mardonayam ena kerak.
— Nimalar deyapsiz, men Ra’nodan boshqasini boshimga urarmidim. O‘zim ichgan qasamimni o‘zim buzarmidim. Bolamniyam o‘gayni qo‘liga tashlab qo‘yarmidim.
Buvim boshini sarak-sarak qilgancha, mum tishlab qolaverardi. Ammo kunlarning birida u uyimizga kirib keldi-yu, dadamning yurish-turishlari butkul o‘zgardi. Yo‘q-yo‘q so‘zlaridan haliyam qaytmadilar. Fermer og‘aynisi to‘rt-besh yil ilgari og‘ir holatga tushib qolganida ko‘rsatgan himmatlari tufayli kutilmagan muruvvatdan bahramandlik nasib etdi. Ochiqrog‘i, o‘shandan buyon bepul kepak, kunjara berganlarini unutmagan ekan. Bir kuni uch yashar toychoqni yetaklab kelibdi-da, qo‘yarda-qo‘ymay dadamning qo‘liga tutqazibdi. Rostisi, toychoq sovg‘a qilingan kun biz uchun haqiqiy bayramga aylandi. Darrov ustiga meni mingazishdi. Mahallamizning qora-qura bolalari tengqur o‘rtoqlarim hovlimizga to‘lishib, qiy-chuv ko‘tarishdi. Buvim ammakimning xotini Saodat kelin bilan qozon qaynatishdi. Xo‘roz so‘ydirib, is chiqazdik. Kechki payt oshning ustiga xushxo‘r tovuq go‘shtini bosib, dasturxon atrofida maza qilib yedik. Shu kundan hayotimizda butunlay o‘zgarish yuz berdi. Endi dadam yostiqdan barvaqt bosh ko‘taradigan bo‘ldi. G‘o‘nanni Tarlon atadik. Suli, arpa, makkajo‘xori, hatto kunjaragacha topib, oxuriga tashlardik. Kechqurunlari sabziga lavlagini qo‘shib qaynatib yemish tutardik. Tegirmon uyimizga yaqinligi uchun dadam kunduzi uch mahal toychoqdan xabar olgani kelib-ketardi. Ba’zi-ba’zida ishdan erta qaytgan mahali birga-birga dalani aylantirishga chiqardik.
* * *
Oy sayin jussasi kattalashib, etiga-et qo‘shilayotgan, tobora ulg‘ayib kuchga to‘layotgan pallasi Tarlonni dadam uloqqa minib boradigan bo‘ldi. Men esa uning o‘ynoqlab-o‘ynoqlab, turli-tuman sovrinlar bilan qaytishini intiq kutib o‘tirishga odatlandim. Ana shunday chog‘larda buvim “ko‘z tegmasin” deb Tarlonni atrofida isiriq tutatardi. Dadam bo‘lsa, xushnud holda jilmayib behad yayrardi. Afsuski…
Kunlardan birida dadam otimiz bog‘lanadigan bostirmaga o‘tdi-yu, tezda tashvishli kayfiyatda ortiga qaytdi. Mo‘ltirab qarab turganimni ko‘rib, “Hech qisi yo‘q, vetvrachga ko‘rsatamiz” deganlaricha ko‘chaga chiqib ketdi. Shosha-pisha bostirma ostidagi Tarlonga yaqin bordim. Qarasam, u negadir homush edi. Oldidagi bedasiga og‘iz ham tekkizmabdi. Arg‘amchisini ustundan bo‘shatib, tizginidan tortganimda ham harakatga ro‘yxush bermadi. Yana bog‘lab qo‘yishdan boshqa ilojim qolmadi. Birozdan keyin ko‘cha eshigimiz ochilib, ostonadan Boqiboy moldo‘xtir xatladi. Dadam Tarlonni yoniga boshlab bordi. U otimizning uyoq-bu yog‘ini sinchiklab tekshirdi. Majburlab yurdirdi. Oqsoqlana-oqsoqlana oyog‘ini yerga zo‘rg‘a-zo‘rg‘a bosayotgani hammamizga jumboq edi. Mushkulotni yengillatish moldo‘xtirnigina qo‘lidan kelishiga juda-juda ishonardik. Avval Tarlonning bag‘riga “durbin” qo‘ydi. Ot mehmonga yotsirab tikildi, g‘ashlandi. Keyin sumkasini titkilab kattagina shprits topdi. Qandaydir suyuq dorini tortqizib, soniga ignasini sanchdi. Ukol ta’sirida ot biroz tinchlandi. Lekin moldo‘xtir ham biror natija chiqarolmadi. Yana kelishini aytib, “ko‘z-quloq” bo‘lib turishni dadamga tayinladi. Ertasiga ertalab hovliqib eshigimizni qoqqan Boqiboy moldo‘xtir Tarlonga yaqinlashdi-da, dadamdan so‘rab-surishtirish o‘rniga ishga kirishdi. “Tahlilga qonidan olib ketishim shart” deb aytganini qildi. Kechga borib, avzoyi buzuq holatda tag‘in paydo bo‘ldi.
— Odamni tuzatishdan ko‘ra hayvonni davolash qiyin, — deya uqtirdi dadamga. Tilsiz jonivor qayeri azob berayotganini aytmasa, biz nimaniyam bilishimiz mumkin. Biroq qonidan ko‘p narsani aniqlash mumkin. Bu to‘g‘ri tashxis qo‘yishimiz uchun g‘oyat asqotadi. Tarlonga rosa ichim achiyapti…
— Bizni qo‘rqitmang, unga o‘rganib qolganmiz axir, — dedi dadam iltijoli ohangda.
— Iloj qancha Yormat aka?! – Moldo‘xtir yana bor haqiqatni ochiq-oydin tilidan chiqarishga shoshilmadi-yu, ahvol chatoqligini dadam yurak-yurakdan his etib, ko‘zi namlangancha najot kutardi undan.
— Tarlonning dardi bedavo, xuddi yosh boladek mo‘ltirab turibdi, xolos. Qon tahlili gangrena, ya’ni irish kasalligi boshlanganligini ko‘rsatyapti. O‘zimizni tilda qorason deymiz. Qo‘shni qishloqdagi hayvonlar orasidayam tarqalyapti. Qorasonga yo‘liqqan jonivorning boridan yo‘g‘i yaxshi. Chunki, tana a’zolari sekin-asta iriydi. Oxir-oqibat juda havfli tusga kiradi. Bugunni ertaga qo‘ymay so‘yib yuborilmasa, chuqur kavlab ko‘mib tashlanmasa, kasallik sizlargayam o‘tadi, — dedi qat’iy hukm o‘qigandek.
Dadam turgan joyida dahshatdan haykalday qotib qoldi. Sovuq gap qulog‘iga chalingan buvim tok zantaklariga suyangancha “Peshonangga shuyam sig‘madi-ya, bechora bolaginam?!” deya meni bag‘riga bosdi.
Do‘xtir bilan birgalashib ko‘chaga chiqib ketgan dadam mahallamiz qassobini chaqirib keldi. Moldo‘xtirni yo‘rig‘iga bo‘ysunishib, otning oyog‘iga tushov o‘rashdi. Jonivorning o‘z qismatiga fahmi yetti shekilli hav-hatardan qattiq bezovtalandi. Arqonni uzib qochmoqchiday boshini har tomonga burib, davra qurganlarga olayib boqdi. Bechora endi kechligini anglab yetganday nihoyat biroz tinchlandi. Ular paytdan foydalanishib, arqonni shiddat bilan bir tomonga tortib, Tarlonni yiqitishdi.
Bu holat dadamga behad qiyin kechdi. Yuragi ezilgandan ezildi. Majoli quridi. Boshini changallagancha bir chetga borib o‘tirdi.
-Odam ham shunchalar ko‘ngilchan bo‘ladimi, Yormat aka?! – dedi Qobil qassob katta pichog‘ini qayroq toshiga ishqab tig‘ini o‘tkirlar ekan.
— Shu jinurgir kasallikka yo‘liqmaganida yana yigirma-yigirma besh yil yashardi-ya, ko‘rganning ko‘zi qiymaydi-da, shunday gijinglagan otning bo‘g‘ziga pichoq tortishga, — Gapga to‘n kiygizdi Boqivoy moldo‘xtir dadamga hamdardday achingannamo.
— Hay, baraka topgurlar, balki sabr qilsalaring tuzalib ketar, — nariroqda kuzatib turgan buvimniyam rahmi keldi, — yo sizlar ichiga kirib chiqdilaringmi?!
— Iloji yo‘q , xola, iloji yo‘q, — dedi Boqivoy qaysarligi tutib.
— Padar la’nat shu kasallik qayoqdanam yo‘liqdi-ya! – Baland ovozda o‘kindi dadam.
— Uloq, uloqdan yuqtirib olgansiz, – dedi moldo‘xtir qat’iy ishonchda.
Jonivorning ko‘zlaridan shashqator yoshlar oqardi. Dadam esa buni ko‘rib o‘rtanib ketdilar.
— Eh, g‘addor dunyo! Shuniyam menga ko‘p ko‘rding-a, — deya unsiz, lekin yelkalari silkinib-silkinib yig‘lab yubordi. Bu hayotim davomida ko‘rgan ikkinchi marotaba yig‘lashlari edi. Biriga onamning shifoxonadan jonsiz tanasini olib chiqayotganlarida guvohi bo‘lgan edim. O‘shanda ham xuddi hozirgidek o‘pkalari to‘lib-to‘lib, o‘zlarini to‘xtatolmay qolgandilar.
Tarlon so‘nggi bor kishnadi. Bu kishnashi yurakni shu qadar o‘rtab yubordiki, men endi chidolmay ko‘chaga yugurib ketdim. Qaytganimda esa, uning jonsiz tanasi boshidan ayro yotardi. Dadam og‘il to‘siniga qistirig‘lig‘ ketmonni olib, go‘r qazidi. Chuqur qilib kovlangan qabrga Tarlonni joylab, ustidan tuproq tortishdi. Hovlimiz etagida do‘ppaygan qabr paydo bo‘ldi. Dadam bu qabr ustida shomga qadar og‘ir xayollarga cho‘mib o‘tirdilar. Men buvimning qistovi bilan oldilariga bordim. Hech so‘z demay pinjilariga suqildim. Dadam chuqur g‘ussaga botgandi.
— Tarlon ham enamning oldiga, jannatga ketdimi? – so‘radim sekingina yuragim to‘liqib.
— Ha, balki shundaydir. Bizni u yoqda kutib turish uchun jo‘nagandir…
Dadam mijjalaridagi yoshni artib o‘rnilaridan turdilar. Tarlon bilan xayrlashdilar.
— Bizni kechir, do‘stim!..
* * *
Uyimiz Tarlonsiz huvillab qoldi. Dadam yana yarim kechada uyga keladigan bo‘ldi. Chavandozlar davrasidan yiroqlashdi. Ko‘pkarilardan qadami uzildi. Yormat chavandoz nomi Yormat tegirmonchiga aylandi. Boqivoy moldo‘xtir ham o‘sha voqeadan keyin anchagacha qishloqda ko‘rinmay qoldi. O‘rtoqlarimdan shaharga malaka oshirgani ketibdi deb eshitdim. Buvimga ergashib shahardagi “Sardoba” bozoriga o‘tganimda tasodifan uchratib qoldim. U buvim va men bilan negadir quyuq so‘rashdi. Keyin dadamni so‘radi. Yuzlarida iztirob paydo bo‘ldi. U buvimni chetroqqa imladi. Nazarimda, uning bizga aytadigan muhim gapi bor edi. Uchchovlon yo‘l chetidagi dorixona muyulishida to‘xtadik.
— Xola, anchadan beri uyingizga borishga botinolmay turgandim.
— Nega botinolmaysiz, eshigimiz hamma uchun birday ochiq, — jilmaydilar buvim.
— Gap shundaki, men o‘sha uloqchi otingizni haqini to‘lamoqchiman. – dedi dabdurustdan u.
— Nega to‘laysiz? Bu nima deganingiz? Unda sizni aybingiz…
— Bor, katta aybim bor. Uning o‘limiga mening shoshqaloqligim, noto‘g‘ri tashxisim sabab men o‘shanda qattiq adashibman. Otingizdan olgan qon boshqa hayvonnikiga almashib qolgan ekan… Keyinroq idoraga qaytib angladim buni. Ammo unda kech bo‘lgan edi. Otingizning oyog‘i shunchaki xasharot chaqishidan shishinqiragan. Biroq men uni qora son deb o‘ylab, umriga zomin bo‘pman. O‘shanda sizning gaplaringiz ham qulog‘imga kirmaganiga mingdan-ming pushaymonman.
Buvimning yuzlaridagi ajinlar iztirobdan yanayam qalinlab ketgandek, qaddi yanayam bukilib qolgandek bo‘ldi.
Manzura ABDULLAYEVA