SURGUN

0
618
ko'rishlar soni

Ali O‘qtoy O‘zbayroq,

turk adibi

Surat o‘z hoshiyasidan chiqishga qaror qiladi.

Qadrdon do‘stlaringni, xotiralaringni, sen soyasida she’rlar o‘qigan chinor daraxtini, hech kimga aytilmay sob bo‘lgan sirlarni, talabalik davringning eng dilbar damlari bo‘lmish nonushta soatlarini, Aminaning ilk maoshini, yillar bo‘yi yelkama yelka ijod qilib kelgan eng yaqin do‘stingning ilk kitobi chiqqandagi hayajonlarni, universitet diplomi topshirilgani zamon barmoqlarga taqiladigan nikoh uzuklarini, oqshomlari zerikkaninglarda yozilguvchi sarxush dasturxonlarni, hamma sharobu pishloq bilan ovora bo‘layotganda sening achimsiq sholg‘om yeb o‘tirishingni, sen aytib – aytib ado qilolmagan o‘sha Hammomo‘nu ko‘chasidagi tungi sarguzashtlarni, Mardindagi do‘st davrasida surgan parishon xayollaringni birdan, hech kutilmaganda ortinga tashlab, borsa kelmas yo‘lga hozirlanyapsan.

Zero, haligi kun fakultetga ketayotganingda senga salom berganni, o‘zing o‘qigan har kitob ichra qayta o‘qilishini kutayotgan, tagiga chizilgan xatboshilarni, radiodan eshitilgan so‘ngi yangiliklarni, eng yaqin do‘stingning mansab pillapoyasidan qanday ko‘tarilganini, talabalar kengashida bu yil qanday o‘zgarishlar amalga oshirilishini, muvafaqqiyatiga qattiq ishongan og‘ayning ilk qiyinchilikka dosh berolmay qay yo‘sin sinib borayotganini, har sahar o‘rmonda sayr qila turib qarshinga chiqqan qiz bilan tanishish uchun qay maqomlarga yo‘rg‘alaganingni, ilk uchrashuvda aytib bergan hikoyalaringni, ovozi dunyolarga alishilmas o‘sha sohibjamol yelkasiga yuzingni bosib necha yillardir o‘ksib yig‘laganingni, nafaqat unga, balki atrofingdagi butun tanish-notanishga og‘alarcha qandoq yordam berganingni,chegaralarni, chegaralanganlarni, zig‘ircha foyda ololmasang ham uzluksiz yangi ishga joylashishlaringni va bu ishga kirish oldi ruhingda qo‘pgan hayajon dovullarini do‘stlaringa entikib so‘zlab berarding. Keyin esa men baribir bu hayotdan halovat topolmayman deya to‘xtab qolarding, ko‘p gapirarding…

Hamon ko‘p gapirasan. Sergapsan. Ammo, bu safar ketishingdan hech kimning xabari yo‘q. Butun hikoyangni yuk mashinasining diqqinafas kabinasida qisilgancha, sen bilan ketayotgan Suhanga aytib beryapsan. Chegaradan o‘ta turib, yuk mashinasining haydovchisi, mahalladosh jo‘rang har nuqtada chegarachilarning og‘zini moylaydi. Pora. Vataningdagi holat bu yerda ham takrorlanayotganini eslaysan va Yevropadagi bunday oldi-berdilar senga g‘alati ko‘rinmaydi negadir.

Umuman, hech nima g‘alati tuyulmasdi senga. Na atrofingdagilar seni lahzada yuksaklarga olib chiqqan ko‘yi nominga dohiy deya qo‘shimcha qilishi, na o‘sha yuksaklikdan qulaganingda hamma bir-bir sendan uzoqlashishi… Hammaning ko‘nglini olib, kuldirib yuradigan odam har kecha ho‘ngrab yig‘lashi, kechagi o‘ktam birodaring bugun yurishga-da majoli qolmaganidan siqilishi, kimningdir o‘tmishga boqib endi bari tugadi deya hech kutilmaganda o‘yinga tushib ketishi… G‘alati ko‘rinmasdi. Sen barini tabiiy holdek qabul qilarding.

Hayotingdagi ayollar baxtsizlikka duchor bo‘lganda nafasni sendan olib, boshqa erkak uchun nafaslarining siqilishini ham jimgina kuzatding. Shu bois ham buqalamunsan. Eng yaqin do‘stlaring shunday deydi. Ko‘nikasan, hammasiga tezda ko‘nikasan. Birozdan so‘ng o‘n sakkizinchi soati boshlanadigan bu gumbur-qars shovqinlarga ham tezda ko‘nikding. Biroq, bir qulog‘ingda hamon o‘sha ayol shivirlab aytgan qo‘shiqlar mavjlanib turibdi. O‘sha ayol degan gap jiningni qo‘zg‘otadi. Lekin, hozir uning ismini ovoz chiqarib aytadigan odam bormi yoningda? O‘zing esa uning nomini xayolda takrorlashga-da jur’at qilolmaysan.

Xuddi hech nima bo‘lmagandek, xuddi hozirgidek butun hayotingni ostin-ustun qilib yuboradigan, og‘riq to‘la xotira piyolalaridan may sipqorgan kunlaringni qaytadan boshlab berguvchi hodisa ro‘y bermagandek jimsan. Hamma jim.  Sen bunga ham ko‘nasan, ko‘nikasan. O‘zgarishlar lahzasini-da oddiy qabul qilishga urinasan go‘yo.

Ayollarni tushunmaysan, ularni hamma narsadan ko‘proq sevsang ham tushunolmaysan. Nega erkinlik istashlariga qaramay o‘zlarini qafasga bandi etajak erkaklarga ko‘ngil qo‘yishlarini, otalari bilan o‘rtalaridagi ziddiyat devorlari ularning jismi joniga soya tashlab turganini ko‘ra bila turib, sa’jiyasi otalariniki bilan bir xil kishiga o‘zlarini bag‘ishlashlari va onalarining qismatiga rozi bo‘lishlari aqling dargohiga sig‘maydi. U seni jondan sevishiga qaramay nega boshqasi bilan ketganini-ku o‘lguningcha anglolmay o‘tishing tayin.

Nega bu qadar kechikding, degan savolini unutolmaysan. Sochining isi dimog‘ingni kuydirishi va shundan so‘ng uni manguga yo‘qotishni… Bunga ham mayli deysan, biroq hayotingda bunday ayollardan qanchasi kechmadi, axir. Har gal qiynalarding, biroq bu safar boshqacha bo‘ldi.  Bu ketish oddiy ketish emas. Sen endi qochqinsan. Umring bo‘yi ochlikdan o‘lmay deya kirgan ishlaringa qasdma qasd, aytsam u mendan ketadi deya ichinga yutgan ishq izhorlaringa qaramay, hayoting qo‘lingdan olinishi mumkin bo‘lsada, hatto kezi kelganda erkingdan mahrum bo‘lishing ehtimoli yuqoriligini bilsangda ketib boryapsan Daniyaning billurdek yo‘llarida. Achinmaysan. Pushaymon bo‘lishga-da majoling yo‘q.

Har ketganning o‘z hikoyasi bor. Sen ham ketish qaroridan avval naqadar zaifligingni, mayda odamligingni o‘yga tolib o‘tkazgan bedor tunlaringda tushunib yetding. Ko‘ngilning ishi-ku mayli, lekin yashab qolish, ochdan o‘lmaslik degan qo‘rquv ko‘ksingning chap tarafidagi keng bo‘shliqni zirqiratib yuborardi. Barini o‘ylab og‘rinarding: bir tarafdan chala qolgan ishlar, bir tarafdan kutaverib ko‘zing qoraygan ayoldan ayrilish, vataningda ismingning yoniga faqat uchinchi shaxs qo‘shimchasini qo‘shib eslashlar, bu siyosiy o‘yinlarda senga berilgan rol, o‘lkangda tobora ortib borayotgan siyosiy bosimlar, ayollarning o‘ldirilishi, har daqiqa bomba portlashidan qo‘rqib kun kechirishlar,  shaharlarning san’at va nafosatdan mahrum qilinishi, har lahza biron do‘stingning tobutini yelkaga olish mumkinligidan dahshatga tushishlar va boshqa fojialar… Gazetada sening she’ringa yetmagan joylar, har kuni biron yozuvchining qamoqqa olinishi… Ovozlarning o‘chirilishi. Va, eng oxirida Suhan. Huquq o‘rtadan supurib tashlangan bu zamonlarda chegaradan noqonuniy o‘tish og‘riqlaringning bariga malham bo‘ladigandek tuyuldi.

O‘g‘il bola otasiga o‘xshaydi degan gaplarga bolalik payting hech ishonmasding, biroq mana, garchi sabablar boshqa bo‘lsada, ketish yo‘llari bir bo‘ldi. Otangning ketishga majbur bo‘lgani holda turmush qarshisida qandoq nochor diydirab turganini eslaysan. Ketmoq…  G‘azabing qaynagandi o‘sha kunlar. Tiriklik bozorida ba’zan sarboz, ba’zan morboz eding. Ayni dam bularning hammasiga qo‘l siltab ketarkan, bor-yo‘q mulking – ko‘ksingdagi zalvorli bo‘shliq va cho‘ntagingdagi ikkita eski fotosurat bilan jim ketyapsan yuk mashinasining kabinasida. Bu shunday ketishki, kimsaning xabari yo‘q. Na vidolashuv, na ortingda qolgan biron maktub. Qolganlarga hech narsa qolmadi, biroq ularning butun xotiralari sen bilan. Do‘stlaring. Seni naqadar sevardi ular. Hamma narsani hammadan avval sen o‘rganarding. Shu o‘rganishlar bo‘lmasaydi.

Ayol cho‘ntagingdagi daydi g‘ussalar, sarsari yig‘ilar bilan qulab borayotir. Kabina devoriga beixtiyor musht tushirasan. Yuraging og‘riydi. Shuncha olis masofani-da nazarga ilmay og‘riyveradi. Yo‘lning yigirmanchi soatida qolganlar nima qilarkin degan savol miyangni egovlay boshlaydi. Nozim Hikmatning she’rlaridek yona boshlaysan. Qolganlar qoldi, deysan. Har kim o‘sha kuz oqshomida o‘z taqdirini hal qilib bo‘ldi. Yosuman o‘sha kishini tanladi. Sen esa kech qolganding. Sen ketishni, Yosuman esa bir umr pushaymon bo‘lib o‘tishni tanladi. Hali vijdoning ko‘p qiynalishini bilasan, bilib turib o‘zingni ovutasan. Erk shahri – Amsterdamga ichingdagi butun zulmatni chiqarib tashlash uchun uyqusirab ketib boryapsan. Balki u yerda yashash ham nasib qilar… Harholda, yangi  hayotga yuk mashinasining dimiqqan kabinasida, noqonuniy yo‘llar bilan kirib boryapsan.

Yurtingda ham ko‘p asir tushding. Ayollarning kulishlariga, bir qizning nimtabassumiga-da arzimas siyosatchilarning dag‘dag‘alariga, yozuvchilarning puch umidlariga… Yaqin qalamkash do‘stlaring quyosh nuri bilan barobar birma bir panjara ortiga badarg‘a bo‘la boshladi. Sen esa Anqaraning jinko‘chalaridan birida Yosumanning nigohlaridan bunyod zindonga bandi bo‘lding. Qimirlolmading, ovozing chiqmadi, yoniga borolmading. Uzoq-uzoqlarga tikilib qolding. Xuddi bu turmush tarziga, o‘zingdan tashqaridagi odamlarga uzoqdan qaragandek. Uni buni qo‘y, ko‘zlaring ikki arshindan uzog‘ini ko‘rolmasdi. Ko‘zoynagingni taqding – oynasi bug‘dan xira tortgandi. Har kecha yum-yum yig‘larding. Hatto bosinqiray turib ham kech qolaverarding…

Soatinga qaraysan. Bu safar kech qolmasliging kerak. Chegaraning uyog‘ida nemis do‘sting, shoir Ahim kutib oladi. Kelishingni bilib Berlindan Amsterdamga sog‘inch qanotlariga minib yo‘lga tushgandi u. Butun do‘stlaringa xabar beradi, ular seni biroz qochoq maqomida saqlab turishadi. Keyin fuqaroliging o‘zgaradi, balki ism-sharifing ham. Biroq, sen o‘sha ayolni yo‘qotganingdan beri vatansiz eding. Endi shu g‘urbat senga vatan bo‘ladi. Suhanning xayoli hamon uch oylik qizalog‘ida. Biz baribir qaytamiz, shundaymi, deya o‘ychan ko‘zlaringa tikilib qoladi. Vaholanki, qaytish degan so‘zni bir she’r misrasi ichra unutib qoldirganinga ancha bo‘lgan. Shunda ham indamaysan. Kabinaning sovuq dastagiga yosh tomchilaydi. Bari tugaydi, deydi Suhan. Hammasi o‘tib ketadi. Lekin u hali o‘zi aytayotgan “hammasi” allaqachon tugaganini bilmaydi.

Qamoqdagi do‘stlaringni eslaysan, Ahim bilan ularni qutqarish uchun qandaydir namoyishlar tashkillashni rejalashtirasan. Balki, o‘z namoyishlaringni boshlarsan? Zero, shu kunga qadar bor bo‘lsang, faqat ozodlik, muhabbat va asorat uchungina bor bo‘lding. Borsan.

Bir surat cho‘ntagingda turib shaharlarning barini kezib chiqadi.

Erk shahrida sen boshlaydigan yangi hayot o‘zgalarning erki uchun janga kirishing uchungina boshlanayotgandi. Hech kim sendan xabar olmasa-da, senga butun xabarlarni keltirguvchi qushlaring bor. Jondoshlaringdan uzoqda kechgan har bir kecha kirlanib sochlaring orasiga singiydi. Qayg‘uning rangi qora emas, deydi Suhan. Qara, biz qanchalar kirlandik. Turib-turib piyolalaringiz ham kirlana boshlaydi. Suhan oyoq chiqarib yura boshlagan qizining suratlariga qarab yig‘laydi, sen esa o‘sha eski, sarg‘aygan suratni oqartirish bilan bandsan. Ertaga chiqadigan gazet-jurnallar sening qarshilik harakatingni yoritadi. Yevropadan Janubiy Amerikaga qadar yastangan yo‘llarga achchiq, isyonkor hikoyatning izlari tushadi. Vataningda og‘ziga urilayotgan muholif yozuvchilar, rasmiy hufyalarning kirdikorlari, faqirgan evrilgan xalq, seni sog‘ingan do‘stlaring… Barchasi shu hikoyaning ichidan sado beradi. Yana har kuni xabarlarga ko‘z tikasan. Portlayotgan bombalar, qurbonlarning uzun ro‘yxatlari, yaradorlar uchun qon ehtiyojlari, qonga to‘ymagan ablahlarning minbardagi nutqlari jiningni qo‘zg‘otadi. Har ismda bir qalqib tushasan, o‘zinga kelishga urinasan, tinchib qolasan. Xuddi qulab ketadigandek o‘rindiq dastagini mahkam siqasan.

Bu yerga kelganingdan beri hech qaysi ijtimoiy tarmoqdan foydalanmading, biroq elektron pochtanga har kuni bir qarab qo‘yasan. Yo‘q, yurtingda seni unutishmadi, sug‘urta kompaniyalari hamon seni izlash bilan ovora. Unutilmading, purkadar maktublar pochtangni to‘ldirib turibdi. Men shu yerdaman, bu hikoyat tinmaguncha o‘lmayman, qanday o‘lim topishim sizlarga bog‘liq, deya yozging keladi, yozolmaysan. Shu payt bir o‘yin o‘ynashni istab qolasan. Bolaligingda jo‘ralaring bilan ko‘p o‘ynarding. O‘ynaganingni o‘yin deb o‘ylarding, harholda. O, naqadar sog‘inding, naqadar sog‘inyapsan. Qanchalar isyonkor bo‘lsangda, lekin ichingda kechagi mo‘mingina o‘zing hamon jimgina yashayotir. Hammani o‘ylaysan, hammani. Horg‘in vujudingni bag‘riga olguvchi bir do‘st, yuzingni bosib yig‘lay oladiganing bir yelka topolmaysan. O‘lkangdagi achchiq tutunlarni sog‘inasan, og‘riqlarini qumsaysan, suratdan senga jilmayib qarab turgan o‘sha jingalak qora sochli ayolni bir ko‘rishga mushtoqsan.  Ay, o‘sha do‘st gurunglarini eslatmay qo‘yaqolay.

Butun dardinga sabab deb do‘stlaring Moviydan ayrilishni, sovuq avaxtadagi Hilmiga achinishni, g‘urbatingni, kadaringni, yo‘qotishlaringni, voz kechganlaringni sabab qilib ko‘rsataverasan, biroq nomini tilinga olishga ham qo‘rqqaning boshqa bir hasrat bor.

Matbuot erkinligining ramzi bo‘lmish Yevropa nashrlari uchun tinmay suratga tushasan. Bu holdan Suhan hayron. Axir, vatandalik payting qarshingdan chiqqan kameradan qochib yurarding. Oyning ilk haftasi yo‘ling Parijga tushadi, keyin Vena. Dam o‘tmay minglab kilometr olisdagi Ikselles, Arakataka… Borgan har o‘lkangda bir yangilanib olasan. Seni ba’zan qo‘lingda ispanchalab “mening ham jonim og‘riydi” deb yozilgan qog‘oz parchasini ushlab ketib borayotganingda, ba’zan otishmadan keyingi haroba shahar devorlariga almoyi-aljoyi harflar bilan kimningdir ismini yozayotganingda, ba’zan esa qo‘lingda bug‘i chiqib turgan qahvani tutgancha olislarga jim tikilib turganingda ko‘rib qolishadi yo suratga olishadi. Olingan suratlarning barini har oy boshida eski qadrdoning Ayferning elektron pochtasiga yo‘llaysan. Keyin Suhan bilan o‘tirgan ispan qovoqxonasida do‘stlaringning qayg‘uli hangomalarini aytib kulishasizlar. Kezi kelganda labingdagi tabassum sinib, g‘ussaga botasan.

Sen odamning qancha uzoqqa qochsada o‘z ko‘nglidan qocholmasligini tushunding. Buni senga Anna Frank uy-muzeyida tanishib qolgan do‘sting Maryoliyn Hof Amsterdamdagi qaysidir ko‘rgazmada aytgandi. Dunyodagi ba’zi qayg‘ular doim bir xil bo‘ladi: bosimlar, ayriliq, hijron va masofalar. Qalbingdagi og‘riqlarni tindirmaguncha dunyoning hech qaysi og‘rig‘iga davo topolmaysan degandi u. Tan olasan, yo‘llar og‘riqni bosolmaydi. U paytlar Suhan bilan Yozuvchilar Hamdo‘stligiga endi qo‘shilgandinglar. Suratlarni esa tinimsiz jo‘nataverding. Kimningdir ruhida kapalakdek injalik uyg‘otsin, bir kapalak ruhiga teginib o‘tsin, men ketgach biron kuy bastalangan bo‘lsa, ular o‘sha kuyni shu suratlarga qarab tinglashsin, balki haligi ayol pushaymondir, meni sog‘inib yo‘l qarayotgandir deb. Ilk suratdan keyinoq pochtang iztirob to‘la dilnomalarga to‘lib ketdi. Hech qaysisiga javob yozmading. Faqat, ularga men ham yashadim, tirikman deyish uchun har oy suratlar jo‘natarding.

Biroq, buni yashash deb bo‘lmasdi, Rushan…

Turk tilidan Mirzohid Muzaffar tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting