Marhabo Shodmonova. Yangi she’rlar

0
439
ko'rishlar soni

YORUG‘ TUSH

bu qandayin yog‘du
bu qandayin nur
yodi bilan yuvar kirliklarimni
har tomchi ko‘zyoshda tuganmas surur
to‘zg‘itib yuborar kipriklarimni
bu hayot
bu orzu
bu yengilmas kuch
chanqoqni qondirgan ilohiy buloq
arosatdan chiqib oyog‘idan quch
(xorlikdan hurlikka yo‘ldir shu — oppoq!)
bu osmon
bu kenglik
bu baxtiyor dam
mo‘ltirab yorug‘lik izlagan ko‘ngil
zulumot dashtida miltiragan sham
dil istab o‘zini yo‘qotgan bedil
odamlar ichida topilmas odam
shumi, sog‘inchidan ilingan shingil?!
shumi, bosilmog‘i shart bo‘lgan qadam?!
bu jur’at
bu hadik
va bu xavotir
yarim yuragingga sig‘magan ochun
g‘amlarga dastyorlik qilgan asotir
qora ko‘zlaringda yorishmagan kun
bu nadir?
umidga nishon bo‘lgan ishq
harsangga aylanib ulgurmagan qalb
fidolik neligin bilmagan oshiq
olov tutganicha kuylar ataylab
kuydirmay yondirar
juda avaylab
izhorga kelmas til
ochilmagay lab
iqrorin ichiga yutar qaltirab
bu qanday isyondir?
qanday nadomat?!
olomon yig‘ila boshlar tumonat…
chorlar halovatni anglatgan tovush
visolni bo‘g‘zida saqlagan sarxush
qanotiga jonim bog‘langan jon qush…
Bu shunday yorug‘ tush
ta’biri o‘ng tush!

***

bulg‘angan ruhimni yuvmoqchi bo‘lib
ehtiyoj sezaman bir tomchi yoshga
bermaydi Xudo
aylanib bo‘lganman qop-qora toshga

ko‘zlarimni katta ochmoqqa qo‘ymay
savdoni boshlaydi ikkiqat hislar
qalbga
ruhga ko‘nmay
orzuga to‘ymay
umidimdan umid uzmas
dardisar

sudralib boraman oxir kungacha
gunohkor — Odamdir,
umidsiz shayton
suyak-suyaklarim o‘tda yonguncha —
qor yog‘ib qoladi avji saraton!..
umidimga daxl qilolmas bir jon

oy to‘lib boradi — o‘n besh kun yorug‘
gunohga to‘lganman o‘tgan o‘n besh kun
meni poklab olar
gunohlarimdan
tazarru boshlanar
ko‘tarilar tug‘
gunohimdan o‘tgin Xudovand!..
yakun.

***

yo‘qolgan qadrmi?
bu jonga jabrmi?
bilmayman
bir mardga mute’lik
ko‘ksimni siqadi
umidlar ostida ezilgan quldayman
yig‘lasam…
ko‘zyoshmas,
siniqqan orzular chiqadi
kunlarni yashayman tundayin
tunlarda termulib ertaga…
sas bergin
tin olay Xudoyim
ayt, qachon yetaman ertakka?..
sabrda yashadim
sabrni kiydim
sabrga suyanib boshim tik
sabrni suyaymi?
nahotki to‘ydim,
nahotki nolidim?..
«bandalik!»
qismatim sham yanglig‘ yonmoqda
o‘zgalar umrini yoritib
erib ketaverar ko‘ngil tanadan
dunyoni ko‘zimda qaritib
har tongda yangidan tug‘ilib
boqaman
bu dunyo ko‘zimga siqquncha
bardoshning yelkasi baquvvat
yoooootaman
balodan bosh omon chiqquncha…

***
Ko‘nglimning g‘ashlariga
Ko‘zimning yoshlariga
To‘lib borar dunyoyim…
Ichim-u tashqarimga
Davo bo‘lgin Xudoyim!

Tuproq o‘pib uchsaydim
Bir yurakni quchsaydim
Qorayib to‘lar oyim…
… bo‘sh qop yanglig‘ puchchaydim
Dardni surgin Xudoyim!

So‘layotgan guldaman
Goh shoh, gohi quldaman
Yonmoqdan yiroq loyim
Alangasiz kuldaman
Otash bergin Xudoyim!

Hislarim yanchiladi
Maysalar sanchiladi
Bir pul — dunga bahoyim
Diydoring qamchiladi
Holim so‘rgin Xudoyim!

Yuraman yo‘lim unmas
Tun-tunmas, kunim-kunmas
Sensiz umrga ko‘nmas —
bu yurak surgun doim
Nazar qilgin Xudoyim!
Nazar qilgin Xudoyim!

***
Muhabbat dengizdek to‘shalar,
Ikki bo‘sh kemada ikkimiz.
Tunaymiz ikkita go‘shada,
Garchi bir manzilda ruhimiz.
Oramiz qil sig‘mas masofa —
yutoqib chorlaysan o‘zingga.
Dengizda chanqagan musofir —
hech shafqat qilmadim o‘zimga.
Chag‘alak maktublar tashiydi,
Havoyi bo‘salar — in’omlar…
Yelkanlar boshini qashiydi,
Oy hamroh bo‘ladi oqshomlar.
Ichikib,
entikib,
intilib,
Kemam hech sen tomon suzmaydi.
Yo‘q bo‘lib ketaman titilib,
G‘ururing mendan ko‘z uzmaydi.
Qara, men iqrorman batamom —
yasharman ko‘z tikib yulduzga!
Qalbimga ko‘rsatgin ehtirom —
Kel…
birga cho‘kaylik dengizga…

***

Hislarni qamchilab uyg‘otar ayoz
sochlarni siypalab o‘pib qo‘yar qor…
…Ey, bedil, o‘kinma, tur — aqldan oz,
Boshqa bunday imkon bo‘lmog‘i dushvor

Yana «qorlar yog‘ar — izlar bosilar»
Telba ruhing yana topar osoyish.
Bugun sev…
ertaga ne bo‘lsa bo‘lar,
Halovat — o‘zingdan O‘ziga qaytish.

Oqqa o‘ranadi sharmanda bog‘lar,
ruhingni oqlikka chulg‘ashga ko‘ngil
Sendan yuz bursalar iymoni sog‘lar
Yuragingdek cho‘kmas tog‘ingga yiqil.

Safar chorlayotir, bor bisoting Ishq!
Kechmishing, qilmishing bo‘yningdagi dor…
Taqdiring bitilgan — bir orqa qarg‘ish,
Va ko‘ngildan og‘ir ne gunohing bor?!

Avvalgi sahifaJorj Oruell. FIL
Keyingi sahifaSURGUN
Ulashish

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting