Karl Gustav Yung. Tush mohiyati

0
297
ko'rishlar soni

esse

Biz kundalik hayotdagi termin yoki so‘zlarga odatiy ma’nosidan tashqari qo‘shimcha ma’no yuklaymiz. Bu qo‘shimcha ma’no simvol deb yuritiladi. Mana shu qo‘shimcha ma’no biz uchun yopiq. Nega u hamma uchun tushunarli bo‘lgan simvolga aylandi? Qanday qilib simvollar o‘zining aniq va bevosita ma’nosidan ko‘ra ko‘proq ma’no tashiydi? Simvollar ongsizlik, ongosti aspektida o‘rganiladi. Chunki bir marta belgilandimi, yana qaytib belgilash, tushuntirish shart emas. Masalan, chambarak simvoli bizni quyoshning ilohiyligi haqidagi konsepsiyaga yetaklab boradi. Nimaningdir mohiyatini anglashga inson intellekti cheklangan bo‘lsa, biz uni ilohiy deb ataymiz. Biz e’tiqod asosida nimagadir ilohiy deb sifat beramiz, lekin faktik jihatdan bu ilohiylikning shohidiga aylanolmaymiz. Inson aqli bilan to‘la tushunib bo‘lmaydigan narsalar haqidagi tushunchani moddiylashtirish uchun simvolik terminlardan foydalanadi. Barcha dinlar ramziy obrazlar va simvol tilidan foydalanishining asosiy sababi ham shunda. Simvollardan xuddi dinlardagi kabi yana bir foydalanish muhiti bor. Bu tushlar bo‘lib, unda simvollar ongsizlik holatida va o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi.

Inson biror narsani to‘la holda qabul qila olishga, tushuna olishga qodir emas. U dunyoni anglangan holda to‘la qabul qilishda cheklangandir. (Faqat eshitish, ko‘rish orqali dunyoni to‘liq qabul qilib bo‘lmaydi). Shu bilan birga inson ongsiz (anglanmagan) ravishda ham borliqni qabul qiladi. Voqelikni, aytaylik, biror tovushni sezgi a’zolarimiz ilg‘asagina, anglangan narsa sifatida ong sohasiga o‘tkazadi. Mana shu anglangan narsa ongda psixik hodisaga aylanadi. Bundan tashqari shunday narsalar borki, bizning ongimiz ilg‘ab ololmaydi. Bunday hodisalar ham biz uchun o‘z o‘rniga ega. Chunki ular anglanmagan tarzda ongostiga qabul qilinadi. Ongostimiz ilg‘agan bunday narsalar haqida biz intiutiv tarzda yoki chuqur tafakkur holatida bo‘lganimizdagina bilishimiz mumkin. Biroq biz ularning emotsional yoki hayotiy ahamiyatini avval boshda mensimaymiz. To‘g‘rirog‘i, e’tibor bermaymiz. Bunday hodisalar tushlarda ham sodir bo‘ladi. Ongsizlik holatini tushga kiradigan hodisalarda yaqqol ko‘rish mumkin. Tushimizga odatda aql bilan tushinib bo‘ladigan hodisalar emas, ramziy obraz ko‘rinishida ifodalangan voqealar kiradi.

Aynan tushlarni o‘rganish psixologiyada ongli psixik holatlarning ham ongsizlik bilan bog‘liq taraflarini, ongsizlikni o‘rganishga olib keladi. Ong va ongosti bir odamda ikkita shaxs yashashini ifoda etadi. Inson bolasining fojeasi shundaki, u o‘z shaxsiyatining mana shunday bo‘linib ketganidan mangu azob chekishga mahkum. Bu bo‘linish biror kasallikka xos patologiya emas, aksincha, butun insoniyatga xos me’yoriy holatdir. (Zero Yung “ Menga ruhan sog‘lom odamni ko‘rsating, davolab beraman”, deb bekorga xitob etmaydi – tarj.) Buni inson naslining barchasiga tegishli bo‘lgan umumiy simptom deb qabul qilish o‘rinli.

Insoniyat ongi juda sekin rivojlanadi. Hozirgi sivilizatsiyaga erishish uchun behisob asrlar ortda qoldi. Biroq hali evolyusiya o‘z nihoyasiga yetmadi. Sababi insoniyat ongining katta hududlari biz uchun hali qorong‘uligicha qolmoqda. Biz aqlimiz mohiyatini anglashga ojiz bo‘lgan, ongimiz bilan aynan idrok etolmaydigan hodisalarimizni ruhiy yoki psixologik holat deb ataymiz. Kimki, ongsizlik holatining mavjudligiga ishonmasa, u ruhiyat haqida to‘laligicha bilimga egaman deb o‘ylaydi va o‘zini aldaydi. Ruhiyatni to‘la bila olamiz deb da’vo etish koinot, borliq haqida to‘la bilamiz deb da’vo etish bilan tengdir. Bizning ruhiyatimiz tabiatning bir qismi va uning sir-sanoati ham cheksiz-chegarasizdir. Shu sabab ruhiyatimiz tabiati haqida to‘la ta’rif berishdan cheklanganmiz. Faqatgina uning mavjudligiga ishonishimiz va uning qay tarzda o‘zini namoyon qilishini ta’riflashimiz mumkin. Inson ruhiyatida sirli bir hudud borligini inkor etuvchilar ongni, ongli harakatlarni eksprimental (tajriba) holatda sinab ko‘rish mumkin emasligi haqidagi fikrga tayanadi. Aynan shu narsa ularning ongostini inkor etishiga sabab boladi. To‘g‘ri, chindan ham ong juda mo‘rt, shuningdek, atrofdagi xavf-xatarga, voqelikka tez javob qaytaradi. Aytish mumkinki, ong biroz jizzaki hamdir. Va u g‘oyat tez jarohatlanishga moyil.

Antropologlar e’tiroficha, turmushning, sivilizatsiyaning eng quyi darajalarida yashab kelayotgan qabilalar orasida aqliy faoliyatning tarqoqliligi, ong buzilishi (dissosatsiya) holati juda ko‘p uchraydi. Qabilaning bunday kishilari o‘zlarini ‘qalbi yo‘qolganlar’ yoki yo‘qotilgan qalblar deb atashadi. Ibtidoiy turmush darajasiga ega qabilalarining aksari insonda Ruh (yoki Qalb) bitta emas deb biladi. Ular o‘zlarida o‘z Ruhlari va O‘rmon ruhi mavjudligiga ishonadi. Bu tushuncha yovvoyi hayvonlarga, o‘rmon tabiatiga xos fe’l-atvor, ruhiyat insondagi psixologik holatlarda ham bo‘y ko‘rsatishini ifoda etadi. Fransuz etnologi Levi-Bryul bu holatni mistik ishtirok deb atagandi. Lekin tanqidchilar bosimidan keyin bu iboradan voz kechdi. Ammo men uni to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Ayni bir vaqtning o‘zida bir inson biror mavjudot (yovvoyi hayvon yoki daraxt kabi) yoki boshqa bir inson bilan aynan bir xil psixik holatda bo‘lishi mumkin. Bunday aynanlik ibtidoiy qabilalar orasida turli shakllarda qabul qilinadi. O‘rmon ruhi hayvonotga tegishli deb bilinsa, hayvonlarning o‘zi insoniyatga, qondosh, qarindosh hisoblanadi. Ibtidoiy tasavvurga ko‘ra, agar inson timsoh bilan qondosh bo‘lsa, daryoda timsohdan qo‘rqmay cho‘milaveradi. Agar daraxt bilan qarindoshlik bo‘lsa, daraxt insonga nisbatan vakolatga ega bo‘ladi. Ibtidoiy sharoitlarda yashab kelayotgan qabilalar orasida insonda bir necha Qalb bo‘lishiga ishonuvchilari ishonch bir kishida bir- biridan farq qiluvchi bir necha inson yashashi bilan bog‘liq qadimgi tasavvurlar natijasidir. Bundan chiqadiki, inson ruhiyatini yaxlit deb bilish xato. Ruhiyat nazoratsiz boshqarib bo‘lmaydigan hissiyotlar, emotsiyalar natijasida parchalanib ketishga, turli bo‘laklarga bo‘linishga moyil. Sivilizatsiya rivojida antropologlar ta’riflagan yuqoridagi kabi holatlar o‘rnini inkor etib bo‘lmaydi. Bizning o‘zimiz ham dissotsiyatsiya holatiga tushishimiz, o‘zimizni yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin. Turli kayfiyatlar ta’sirida aqlimizni yo‘qotib qo‘yamiz, hatto o‘zimiz haqidagi eng muhim faktlarni ham eslolmay qolamiz. O‘z-o‘zini nazorat qilish har qancha nodir sifat bo‘lmasin, biz unga har doim ham qodir emasmiz. Deyarli qo‘limizdan kelmaydi bu . O‘zimni to‘liq nazoratda ushlamayman, deb o‘ylaydigan odam ham u haqda uni yaxshi biladigan yaqini aytgan gapdan hayratga tushgan bo‘lardi. Inson ongi hatto rivojlanishning eng yuqori darajasida ham borliqni yaxlit qabul qilish bosqichiga erisholmaydi. U bunga qodir emas. U fragmentar tarzda qabul qiladi. Lekin ongning bir paytning o‘zida hamma narsani emas, biror qismni, biror narsani alohida ajratib qabul qilishi, aytish kerakki, eng muhim xususiyatdir. Bu biror narsa ustida diqqatni jamlay olishga, boshqa narsalarni e’tibordan soqit qilishga olib keladi. Ammo biror narsani ongli holatda ajratib qabul qilish va ruhiyatga bo‘lgan bosim natijasida qabul qilish o‘rtasida juda katta farq mavjud. Bosim holatida qabul qilish o‘z-o‘zidan, hech qanday roziliksiz va inson ixtiyorisiz kechadi. Ongli qabul qilish sivilizatsiya yutug‘i bo‘lsa, ikkinchisi, ya’ni bosim holatida qabul qilish ibtidoiy tarzda o‘zini yo‘qotish (yo‘qotgan qalblar tarzida ) yoki nevrozga xos patologiya natijasidir. Shunday ekan, biz qanchalik hissiyotlarimizni nazorat qilishni xohlamaylik, bunga erishish imkonsiz. Ikkinchi tomondan, bunday nazorat insoniy munosabatlarimizni turfa xillikdan, samimiyat va hissiy bo‘yoqlardan mahrum qilardi. Ayni shu o‘rinda men tushlarni- insonning o‘zgaruvchan, umidsiz, shaklsiz fantaziyalarini tahlilga tortishga burchliman. Tushlarni kuzatar ekanman ular inson ongidagi ramzlarning universal manbasi degan xulosaga keldim. Tushlarni Freyd ham tahlil qilgan bo‘lib, u tushni alohida hodisa sifatida emas, ongli tarzda qabul qilingan muammolar va fikrlar bilan bog‘liqlikda o‘rganadi. Aslida bunday faraz ham asossiz emas. Nevrotik holatlar ham ma’lum ongli jarayonlar, muammolar bilan bog‘liq.

Juda og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan bemorlarning aksari spazmdan, ba’zisi esa ovqatni hazm qilolmaslikdan qiynaladi. Ruhiy stress tufayli kimdir astma xurujiga duchor bo‘ladi, unga go‘yo havo yetishmayotganday tuyulaveradi. Bemorlarning ba’zi birlari oyoq falajligidan azob chekishini, endi yurolmayman deb o‘ylashlarini aytishgan. Tanamiz bilan bog‘liq bu kabi muammolar aslida bizning ong ostimizni bezovta qilgan, larzaga solgan, ta’sir ko‘rsatgan holatlarning jismoniy ifodasidir. Bunday ifodalar tushlarimizda ham aks etadi.

Freyd va Breer kabi olimlarning tushuntirishiga ko‘ra, jazava, fe’lning buzilishi va jismdagi bir qator og‘riqlar o‘z ramziy ma’nosiga ega. Tushlar ham xuddi shunday ramziy ma’noga ega bo‘lib, ongosti hislari tushlarda hamda Freyd va Breer ta’kidlab o‘tgan holatlarda o‘zini namoyon qiladi.

Lekin qayd etish kerakki tushlarga xos ramzlar nevroz bilan bog‘liq jismoniy og‘riqlardan ko‘ra rang-barangroq. Tushlar ko‘pincha obrazli fantaziyalardan tarkib topgan bo‘ladi. O‘z bemorlarining tushlarini tahlil qilish davomida Freyd erkin assotsiatsiyalar texnikasini ishlab chiqdi va turli xilma- xilliklarga ega tushlarni bir necha asosiy tiplarga ajratib o‘rgandi. Mazkur texnika yordamida Freyd tushlar ongosti muammolarini tadqiq etishning asosiy vositasi ekanligini isbotladi.

Freydning usuli shunday edi: tush ko‘ruvchi o‘zining tushlari va holatlari haqida gapirib beradi va gapirish asnosida o‘zining ongsizlik holatiga xos muammolarni ham oshkor qilib qo‘yadi. Ayni shu jarayonda nimani o‘zi bilmagan, ongsiz holda yashirishiga urinayotgani, uni qiynaydigan, bosim beradigan qandaydir ko‘ngilsizlik haqidagi fikrlardan qochishga urinayotgani turli ishoralar orqali ayon bo‘lib qoladi. Bu ishoralarni talqin qilishda Freyd yaratgan nazariyaga deyarli e’tiroz bildirish mumkinmas. Freyd erkin assotsiatsiyalar jarayonining boshlang‘ich nuqtasi sifatida tushlarga yangi va asosiy ma’no yukladi. Biroq vaqt o‘tib tushlarda namoyon bo‘ladigan ongsizlikka xos fantaziyalarni o‘rganish chog‘ida Freyd nazariyasi adekvat emasligini, hatto yanglishligini payqab qoldim. Bunday shubhaga borishga bir hamkasbimning Rossiyaga sayohat davomida boshidan kechirganlari sabab bo‘ldi. Poyezddagi uzoq sayohat davomida zerikkan do‘stim, chalg‘ish maqsadida na rus tilini, na krill alifbosini bilmasligiga qaramay, temiryo‘l bo‘ylab yozilgan yozuvlarga o‘zicha ma’no bermoqchi bo‘ladi.

G‘aroyib va notanish krill harflari ustida bosh qotirib, ularning ma’nosi, belgisi xususida fantaziyaga berilib ketadi. Bir o‘y xayoliga boshqasini boshlab kelaveradi. Bunday uzoq, xotirjam va bamaylixotir xayolga berilish, ongning bosimlardan xoli bo‘lib bo‘shashib borayotgan paytida erkin bog‘lanishlar jarayoni sodir bo‘ladi, eski xotiralar qalqib ong yuzasiga chiqishni boshlaydi. Allaqachon unutib yuborilgan yoki hamkasbim ongli tarzda eslashni xohlamaydigan yoqimsiz esdaliklar ham ong ostidan qalqib chiqadi.Tasavvur qilish mumkinki, bu jarayonda hamkasbim ruhiyatida psixologlar komplekslar deb ataydigan holat o‘zini namoyon etyapti.

Komplekslar istalmagan yoki jamiyat normal qabul qilmaydigan emotsional holatlar, his-tuyg‘ularning bostirilishi natijasida paydo bo‘ladi. Komplekslar nevrozning rivojlanishiga olib kelishi mumkin, eng kamida esa kishining psixik jihatdan har narsaga ta’sirchan, har narsaga juda tez asabiy munosabat bildiradigan va tajovuzkor bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi.

(Kompleks tushunchasi analitik psixologiyaning asosiy terminlaridan biridir. Yunga ko‘ra komplekslar psixik travmalar, ziddiyatlar natijasida rivojlanadi. Odam o‘zida komleks bor yoki yo‘qligini sezmasligidan qat’iy nazar komplekslar fe’l-atvorga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. Biroq inson ruhiyatida komlekslarning mavjud bo‘lishi to‘la tabiiy sanalib, psixologiyada u inson ruhiyatining asosiy xossalaridan biri sifatida o‘rganiladi.)

Do‘stimning hikoyasidan kelib chiqadiki, erkin assotsiatsiyalar holati faqat tushlardagina sodir bo‘lmaydi va bemordagi komplekslarni aniqlash uchun faqat tush tahlili bilan cheklanib qolish kerak emas. Sababi inson o‘zini nazoratda ushlamaydigan, natijada ongostidagi turli holatlar yuzaga qalqib chiqadigan erkin bog‘lanishlar jarayoni faqat tushlarda emas, bizni o‘ragan borliqdagi biror ta’sir natijasida hushyor paytimizda ham sodir bo‘ladi. Ehtimol, bu jarayon krill harflaridan boshlanar, ehtimol, billur shar oldidagi meditatsiya, ibodat chambaragi, rassom kartinasi yoki omadi bir suhbatdan boshlanar. Nimaning ta’sirida boshlanishining ahamiyati yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, men anglagan bu haqiqat tushlarning ahamiyatini kamaytirolmaydi. Komplekslarni o‘rganish tarafidan yondashsak, his-tuyg‘ular junbushga kelgan, ruhiy parokandalik, fikriy to‘zg‘inlik davrida ko‘rilgan tushlar insondan qaysidir kompleksni namoyon qilishi, o‘sha kompleksga urg‘u berishi tufayli ahamiyatlidir.

Agar mening eng yuqorida aytganlarimni haq deb faraz qilsak, tushlar o‘ziga xos, alohida ma’no ifodalash xossasiga ega degan fikrga ham ega bo‘lamiz. Tushlar o‘zining nimanidir alohida tanlab olishga, urg‘u berishga yo‘nalgan strukturasi yordamida anglash qiyin, yashirin fikrga ishora qiladi.

Shu vajdan men asosiy e’tiborni tushning shakli va mohiyatiga qaratish kerak deb hisoblayman. Tushning o‘z ma’nosidan, mohiyatidan uzoq bo‘lgan assosiyativ nazariyadan esa uzoqlashishga majburman. To‘g‘ri, insondagi erkin assotiatsiyalar bog‘lanayotgan kechinmalar bo‘ylab bizni o‘sha insondagi komplekslarga olib boradi. Biroq erkin bog‘lanishlar jarayoni faqat tushlarga xos va uni boshqa usullar bilan ham hosil qilish mumkin. Diqqatni tushdagi erkin bog‘lanishlarga emas, tushning shakli va mazmuniga qaratish ongsizlikka xos xususiyatlarni ochishga yordam beradi. Ayni mana shu fikrlar esa psixologiya sohasida mening tub burilishlarimdan biridir.

Tushlarga nisbatan munosabatimning o‘zgarishi bu sohadagi metodning ham o‘zgarishiga olib keldi.Va bu metod orqali tushlar borasida men Freydning erkin bog‘lanishlar nazariyasi bilan kelisholmasligimni e’tirof etmoqchiman. Tushlardagi ahamiyati uncha katta bo‘lmagan ishora va assotsiatsiyalarni e’tiborsiz qoldirib, tushning o‘ziga ko‘proq yaqinlashish tarafdoriman. Assotsiatsiyalar bemordagi komplekslar qarshisidan olib chiqishi shubhasiz. Biroq mening maqsadim nevrotik buzilishlar tufayli paydo bo‘ladigan komplekslarni o‘rganishdan ko‘ra muhimroq. Psixolog bemordagi komplekslarni aniqlash uchun aytganimdek faqat tushga tayanib qolmasdan ko‘plab o‘zga usullardan foydalanishi mumkin: Masalan, so‘zlar bilan bog‘liq seans o‘tkazib ko‘radi. (Tanlangan so‘zlar to‘plami bemorga nimalarni eslatishi yoki qanday aloqasi borligini so‘rab, keyin javoblarni tahlil qiladi) Bunday ongli tarzda hikoya qilish o‘zining ibtidosi, rivoji va yakuniga ega. Biroq tushlarda ahvol biroz o‘zgacha kechadi. Tushlardagi zamon va makon koordinatasi mutlaqo boshqa. Buni tushunish va tushuntirish uchun xuddi noma’lum predmetni qo‘lga olib unga turli tomondan qarab ko‘rgan kabi tushlarni ham barcha tomondan o‘rganib ko‘rish kerak.

Alohida olingan bir odamning butun ruhiy hayotini bilish va tushunish uchun avvalo uning tushlari va tushidagi ramziy obrazlar ma’nosini anglab olish o‘ta muhimdir.

Hammamiz jinsiy aloqaning ramzi bo‘lib xizmat qiladigan juda ko‘p obrazlar borligidan xabardormiz. Bu obrazlar bilan bog‘liq biror assotsiatsiya, masalan, o‘sha obrazni ko‘rib yoki eshitib qolish jinsiy aloqa haqidagi fikrga yoki komplekslarga olib boradi. Lekin tasavvur qiling, sizga notanish bo‘lgan biror krill harfini siz seksual obraz sifatida qabul qildingiz yoki o‘sha harf sizga seks bilan bog‘liq biror xatti- harakatini eslatdi deylik. Bu holatda ham sizdagi jinsiy aloqaga oid komplekslar o‘zini namoyon qilishi mumkin.

Demak, biror notanish harf vositasida fantaziyaga berilish orqali ham komplekslar haqida ma’lumotga ega bo‘lish, ularni aniqlash mumkin. Biroq tush seksual allegoriy (majoz)dan ko‘ra o‘zida boshqacharoq xabar tashiydi.

Aytaylik, kishining tushiga qulfga kalit kiritayotgani, barmog‘i bilan kalitni qattiq itargani va eshikni taranga o‘xshaydigan predmet bilan buzgani kirdi.

Tushda amalga oshirilgan bu harakatlar seksual majoz sifatida baholanishi mumkin. Biroq e’tibor bering: bu yerdagi obrazlarni ongostining o‘zi tanlayapti –kalit, barmoq va taran. Nega ongosti kalitni barmoq yoki tarandan ko‘ra ustun qo‘yyapti? Asosiy mohiyat ham shu savol ostida yashirin. Tushlarni tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, seksual mazmunga ega deb qaralgan tushlar aslida butkul boshqa ruhiy holatga ishora qilayotgani, boshqa bir psixologik interperatasiya –talqinga muhtojligini ko‘rsatadi.

Tushni sharhlash, to‘g‘ri talqin (interpretasiya)ni topishda uning chegaralaridan chiqib ketmaslik, yodda aniq qolgan qismi ustida to‘xtalish ishni osonlashtiradi. Tushning yodda saqlangan aniq shakli asosiy jihatlarga e’tibor qaratib, nokeragidan qochishga imkon beradi. Men hamisha tushda ko‘rilgan aniq kartina atrofida aylanishni xush ko‘raman, bemorlarimning ham bu markaz atrofidan qochayotganini payqasam, darrov to‘xtataman:

“To‘xtang, to‘xtang, keling tushingizga qaytamiz. Xo‘sh, bu tush bizga nima demoqchi?”

Aytaylik, oldimga kelgan bemor ichib olgan, shallaqi, janjalkash bir xotinni tush ko‘rganini gapirib berdi. Tushidagi unga bu xotin bemoriga rafiqasi bo‘lib tuyulgan. Hayotda esa uning rafiqasi butkul boshqacha, bunday salbiy fe’l-atvordan xoli ayol. Tashqi tarafdan qarasak, bu tush hech qanday mazmun-mohiyatga ega emas. Bemorim ham tushini butkul bema’ni deb biladi.

Men vrach sifatida bemorimda yuqorida tilga olingan assotsiatsiya jarayonini o‘tkazishga harakat qilsam, tabiiyki u mazkur tush haqidagi har qanday yoqimsiz ishoradan qochgan bo‘lur edi. Qochish natijasida men bemorimning ruhiyatida ayni paytda yetakchilik qilayotgan asosiy kompleksni aniqlay olmay qolardim. Tush mazmunida ayon bo‘layotgan kompleksning bemorning rafiqasi bilan bog‘liqligi yo‘q ekan, ongosti bizga yolg‘on bayonot berayotgan ekanda? Aldamchi tasavvur uyg‘atayotgan ekanda? Asosiysi, aldamchi shakl yordamida ongosti nima demoqchi bo‘lyapti? Tushning haqiqiy mohiyatiga yetib borish uchun aldamchi shaklga aldanmaslik muhim. Tabiiy, tush bemor hayotida muhim o‘rin tutadigan qandaydir degenerativ (buzilgan) ayol obrazini ko‘rsatmoqda. Biroq bu obraz uning rafiqasiga aloqasiz, tushda uzatilayotgan ma’lumot (ya’ni rafiqasiday tuyulishi) esa xato. Men esa tush mohiyatini boshqa joydan qidirishga majburman.

Hali o‘rta asrlardayoq har bir odamda ayollik va erkaklik garmonlari mavjudligi haqidagi fakt fanga ma’lum edi. Ya’niki, har bir erkakning ichida bir ayol yashaydi, har ayolda esa bir erkak! Erkakdagi ayolga xos bo‘lgan tarafni –ayollik qismini men “Anima” deb atayman.

Erkakdagi ayollik aspekti (tomoni) o‘zini boshqalardan, hatto erkakning o‘zidan ham qat’iy bekitishga urinadi. Anima dunyo bilan aloqada nihoyatda o‘zini past tutadi, oshkor qilmaslik payida bo‘ladi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, tashqaridan qaraganda risoladigidek ko‘rinadigan erkakning ichida boshqalardan o‘zini bekitadigan bir yig‘loqi ayol yashaydi. Erkak ichidagi ayolning yig‘loqi holatini o‘zgalardan, ko‘pincha o‘zidan ham yashirishga intiladi. Bu holatning konkret ifodasini bemorimning tushi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Tush ayon qilyaptiki, bemorimda “ayollik” tomoni yaxshi holatda emas. Tushi unga sen o‘zinga izdan chiqqan, xarob bo‘layotgan ayolni ko‘tarib yuribsan, deb xabar bermoqda. Tush mohiyatini ongosti ruhiy buzilishdan tashvishga tushyapti deb qabul qilmaslik kerak. Shubhasiz, ongosti bemorga ‘Sen o‘zingni yaxshi tut’, deb o‘git bermoqchi emas.

Shunchaki uning o‘zini jentelmen qilib ko‘rsataman deb faqat bir tomonga tosh bosib, “qiyshayib” qolgan ongini tush orqali muvozanatga, tartibga solmoqchi. Tashqi olamga o‘zini namoyon qilolmagan “yig‘loqi ayol” tush orqali namoyon qilib bo‘lsa-da, bemorimdagi ong va ongosti tomonini tenglashtirib, muvozanatga keltirmoqda.

Rus tilidan Tillaniso Eshboyeva tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting