Dadamning uylari

    0
    353
    ko'rishlar soni

    hikoya

    Bo‘m-bo‘sh xona. Nega keldim o‘zi? Axir bu yerda deyarli hech narsam yo‘q. Hech vaqom qolmagan, ha.

    Balki qachonlardir shu joydan odamlarning issiq tafti arimagandir. Hissiyotga yo‘g‘rilgan shovqinlar aro deraza qoshida qaysidir kimsa ilhaq ko‘yi dilbandini kutib o‘tirgan bo‘lsa ham ajab emas.

    Mana bu shkaf, uning ichidagi ilgak. Unga shu qadar ko‘p kiyim ilinganidan dosh berolmay, qiyshayib ketganga o‘xshaydi.

    Ochilib yopilaverib so‘ngida sinib ketgan emal tutqich. Burchakdagi javon. Uning yonidagi etiktaxta. Har bir qavatida poyabzaldan qolib ketgan izlar. Qiziq, hali ham uning izlari bormikin? O‘sha,  ikkinchi qavatida?

    Shiftning o‘rtasidagi kamtarona qandildan har tomonni yoritib turadigan chiroq nurlari. Kech kirishi bilan xonada izg‘ib yuradigan soyalar va burchakdagi javon.

    Xonadan xonaga olib o‘tar eshik. Qaysi zamon qarsillab yopilgan va qaysi  vaqt ohista taqillagan? Tabassum bilan ochilib, yakunda esa ko‘zyoshlari bilan qulflangan eshik.

    Oshxonaga olib boruvchi yo‘lka. Uning ustidan to‘shalgan gilam. Qirg‘og‘ida sochilib yotgan buyumlar. Yomg‘irpo‘sh, shamchiroq va sariq diplomat.

    Devordan sug‘irilgan mixlarning izlari va ulardan qolgan zangori dog‘lar. Unsiz to‘xtab qarayman devorga.

    U yerda ham ilgak bo‘lgan demak.

    Uzun plash bilan qora qalpoq yetishmayapti faqat.

    Yana bir, yo ikki… Yo‘q. Bitta devor soat va ikkita portret bo‘lgan chamasi.

    … Oshxona.

    Bo‘m-bo‘sh stol.

    Qandaydir g‘alati idishlar.

    Mo‘ri, o‘choq, muzlatgich va tokcha.

    Tokchada esa tuz idish. Ha,  u yerda hali hamon tuz bor, meningcha. O‘zi qachon bo‘sh turgan bilmayman. Idishdagi tuz tashvishim bo‘lmagan hech qachon. Uni asli kim to‘ldirib turganini ham bilmayman. Bilganim esa bu yerdan doyim taomning isi chiqib turar va qandaydir ovoz ovqatlanish uchun ismimni aytib chaqirar edi. Hozir, ko‘zlarimni yumib, diqqatimni bir joyga jamlasam, eslarman balki?!

    Yo‘q.

    Eslay olmadim, o‘lay agar.

    Balki bu tushimdir.

    Tunov kuni chala qolgan.

    Yoki avvalgi hayotimdagi aytilmagan istaklarimdir ular?

    Xo‘sh… Endi jiddiy qarasak, mana bu stol, ustidagi noma’lum buyumlar. Ha, yodimga kelganday bo‘layapti ular ham. Masalan — mana bu narsaning nomi piyola! Faqat u chetidan darz ketgan. Qachondir jahl bilan irg‘itilgan, yo‘q-yo‘q unisi boshqa edi. Tasodifan, bo‘lmasamchi, tasodifan yerga tushib ketgan piyola. Kuzning alvon yaproqlari rasmi tushirilgan sirtiga. Shuning uchun tashlab yuborilmagan, hamon turardi stol ustida. Bir qultum ko‘k choy ichgan bo‘lardim hozir, huddi avvalgiday, ha. Yana…

    Bo‘ldi bas. Bu mening hayotim emas. Nega keldim o‘zi? Hayron bo‘laman. Bu uyning qaysi chetiga o‘zimni urmay, u yerdan bir bo‘lagimni topaman. Go‘yo shu devorlarning jon-joniga singib ketgandayman.

    Bir deganda minglab xotiralarga duch keldim. Yuragim ezilib ketdi. Nahotki, bu yerga kelishning o‘zigina yetarli bo‘lsa?

    Hovli uzra kuchukning akillashi eshitildi birdan. Har tomon esankirab qarayman. Barcha tarafdan g‘ingshir edi tinimsiz. Ko‘z o‘ngimdan siyratlar, tasvirlar va g‘ira-shira sharpalar har yonga o‘ta boshladi. Negadir ularning ichida o‘zimni noqulay sezmadim. Na qo‘rquv bor edi yoki. Men ham qaysidir sharpaga ko‘r-ko‘rona ergashdim so‘ng…

    Omborxona.

    — Qorning ochtimi, «Mo‘ynoqvoy»?

    Kuchukni erkalatib bo‘ynidan silay boshladi sharpa. U ham dumini likkillatib idishga zorlandi. Bu holatni uzoq ko‘rmadim. Tandir yonidagi narvonga ko‘zim tushgan zahoti, yana itning nolasi  ingdi quloqqa. Bo‘ynidagi ip uzilgan va turar edi u qarshimda. G‘ira-shira yoki qop-qora bamisli tun bag‘ridan uzilgan zulmat. Vajohati ayon tovushidan. Shu tovush aro hukm o‘qilganday qo‘qqisdan, tashlanib qoldi u menga…

    Halloslab chiqdim tashqariga. It quvganday bo‘lsa kerak ko‘rinishim. Bilib bo‘lmaydi, yana havotir ila ortimga qarab qo‘ydim. Hech narsa yo‘q. Hayriyat.

     Qaytib kelmayman endi bu yerga. Yelkamning chuquri ko‘rsin… Nima? Nimalar dedim o‘zi hozirgina? Nega yuragim hapqirib ketdi birdan? Yoki…

    — Bu o‘shami?

    — Ha o‘shanga o‘xshaydi-ya…

    — Yo‘q bu aniq o‘sha. Ha, huddi o‘zi.

    — Ancha ulg‘ayiptimi qo‘shni, ko‘rkamgina yigit bo‘libdi, qarang.

    — Ey, nega unday deysiz, rahmingiz kelyaptimi yo?

    — Voy nega rahmim kelarkan, o‘libmanmi unutib.

    — Shunga aytishsa kerakda «Yetim boqsang og‘zu burning qon…», deb.

    — Xay qo‘shni, og‘irroq bo‘ling. O‘ylab gapiring deyman, eshitilib turibti axir. Keyin hamma gapni bilmasak. Nima qilamiz…

    — Iyi, nega bilmas ekansiz? Sizmi, siz bilmaysizmi? Kulgimni qistatmang. Xo‘pmi. Nima bo‘lganda ham bechora qo‘shnilarimga rahmim keladi. O‘lganiga ham yaramadi-ya. H-ax essiz, essiz. Suf bunaqalarga, suf.

    — Voy, o‘zingizni bosing opa. Qizishmang. Siz ham qoqqan qoziqday turavermay ketsangizchi, o‘g‘lim.

    …Ana, yana qandaydir siyratlar qarg‘ayapti meni. Ko‘chada bunday siyratlar ko‘pdan-ko‘p bo‘ldi ayon. Yana qochsammi? Fikr keldi miyamga. Qochib bo‘larmidi o‘zingdan? Ahmoq. Yetar shuncha qochganing. Axir shunchaki kelmading-ku bu yerga.

    Bo‘m-bo‘sh xona. Nega keldim o‘zi? Esladim. Ha, esladim. Burchakdagi javon…

    — Voy qo‘shni, qarang u ketyapti.

    — Ha, ketsin. Ketaversin, tek qo‘ying. Endi foydasi yo‘q.

    — Qo‘lidagi nima bo‘ldi, qarang. Nimani ko‘tarib ketyapti?

    — E-ex, aqlingiz yetmaydi-da bu eski buyumlar, singlim. Portret u.

    — Portret, qimmatbaho bo‘lsa kerak-a?

    — Qaydam, bunisi endi unda qanday surat borligiga bog‘liq.

    Farhod Eshonov

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting