Majnuna. She’rlar.

0
328
ko'rishlar soni

Tashrifingga to‘ladi xonam,
Chap ko‘ksimda eriy boshlar muz.
Sen baxt degan sof havo bilan
Quchog‘imni to‘ldirasan, Kuz.

Shivirlaysan: bari seniki,
Yomg‘irlarda yuvingan dunyo.
Muhabbating bilan azizim,
To‘ldiradi ko‘ksimni Xudo.

Ulg‘ayamiz daqiqa sayin,
Soniyalar bilmaydi shafqat.
Nima bo‘lar ertadan keyin?
Ertalar yo‘q, bugun bor faqat.

Chog‘lanasan ketmoqqa kuzim,
Tong shivirlar; bari xom xayol.
Seni esa kutar mo‘ltirab
Tunni yolg‘iz o‘tkazgan ayol.

***

Xayr, sevgim, ey shirin xayol,
Borgin endi ozodsan, ozod.
Chinakkam ishq toparmi zavol
Va bo‘larmi uningsiz hayot?!
Sen tongdagi shudring misol sof,
Men qismati qoshimday qaro.
Hali seni qilurlar tavof
Mening umrim anduhlar aro.
Xayr, sevgim, borgin, hov o‘sha
Shodliklarga salomimni ayt.
Kimdir yo‘llaringga gul to‘shab
Kutayotir seni ayni payt.
Bilamanki, hali ming yillar
Sening uchun ichurlar qasam.
Alvido! Sen so‘qir dunyoga
Majnunadan tortiq erursan.

***

Ko‘rgin, umrim o‘tib borar yo‘lga qarab,
Hamon mag‘rur tutolasan o‘zingni sen.
Agar kelsang, bir bor kelsang holim so‘rab,
Bahorlarga o‘rgataman yashashni men.
Ko‘zlarimda sog‘inch guli kurtaklaydi,
Oy nuridan quvvat olib kechalari.
Qara, bari sen tomonga yetaklaydi,
Xayolimning son-sanoqsiz ko‘chalari.
Sabo tinmay sochlarimni o‘ynatadi,
O‘tib ketgan bahorlarni esga solib,
Ko‘rgin, menga tinmay seni o‘ylatadi,
Kuz egniga armonko‘ylak kiyib olib.
Kelar eding gullar otib derazamdan,
Pardalarim shivirlardi isming aytib.
Biz Baxt deya ism qo‘ygan o‘sha damlar,
Endi yashab berolmaydi ortga qaytib.
Hayot meni chap ko‘ksimdan turar suyab,
Vaqt ulg‘ayar ichib toza tuyg‘ularni.
Xazonbarglar unsizgina ko‘mib qo‘yar
Qarg‘ish tegib uvol bo‘lgan orzularni.
Oshib o‘tolmassan endi o‘rtamizda
Yerdan to osmonga tutash g‘urur bordir.
Yo‘q, men emas, yo‘llaringga derazamning
Hamon o‘sha pardalari intizordir.

***

Men yig‘lasam olamga o‘t sachrab ketdi,
Dunyo aytgan ertaklaring yolg‘on chiqdi.
Kuzaklarning hovurlari ko‘kka yetdi,
Gulni quchsam quchog‘imdan ilon chiqdi.

Sen bilganni men bilmayman, Xudo bilar,
Bunda menday bormi yana ko‘ngil tilar?
Quchog‘ingdan xazonlarning hidi kelar,
Qancha qilmay yuragim sen tomon chiqdi.

She’rga berdim, she’rga sig‘mas ko‘nglimni men,
Ne qilay hech yerga sig‘mas ko‘nglimni men,
Muhabbati osmonlarga tenglimni men
O‘ylayverdim, ko‘ksim to‘la tikon chiqdi.

Tushlarimda o‘lan aytgan hoy momojon,
To‘lmayapti ko‘ksimda bir joy momojon.
Menga bunday qaramasin oy momojon
Sog‘inch dardi bunchalaram yomon chiqdi.

Yarim yolg‘on ertaklarni so‘zlayverib,
Ko‘zim tinib borar baxtni ko‘zlayverib.
She’rlaridan men o‘zimni izlayverib
Topganlarim yarim hovuch xazon chiqdi.

Hayot meni tosh yo‘llardan sudrab borar,
Ishqim g‘amning yelkasida mudrab borar.
Ostonangdan bir ko‘ngil qon yig‘lab borar
Arzon chiqdi, muhabbatim arzon chiqdi.

Eh… dunyo-ya, ertaklaring yolg‘on chiqdi!

***

OTAMGA MAKTUB
Ota, yashab bo‘lmas ekan g‘uborsiz,
Sovrilib boryapti g‘urbatga umrim.
Mana, qaytayapman quruq qo‘l bilan,
Na olim bo‘loldim, na odam bo‘ldim.
Menga odamdayin yashamoq qayda,
Ba’zida paymonam to‘lib ko‘ringay.
Otajon, aslida men turgan joyda
Munofiqlar haqgo‘y bo‘lib ko‘ringay.
Bunda tiriklikning tirik ijrosi,
Bu yer vijdonlilar yaratgan sahna.
Bu ulug‘ zotlarning kunlik xatosi
Sening tashvishlaring singari ko‘hna.
Ota, orzularning ortidan chopib,
Oxiri yo‘q ishga qo‘l urib qo‘ydim.
Endi hech birini bo‘lmaydi topib,
Bunda ko‘p narsani boy berib qo‘ydim.
Yillar sog‘inchimni silab o‘stirdi.
Yo‘llar olib ketdi sendan uzoqqa.
Ba’zida bosh olib ketgim keladi
Meni odam qilib tuqqan qishloqqa.
Qishloq — tashvishlari umridan uzun,
U yerda qaynaydi erta-yu kech ish.
Sen meni oqlaysan: “Shoir-da qizim,
Sho‘rlik kelgani vaqt topolmaydi hech”.
Ha, menda chindan ham topilmaydi vaqt,
Oyda bir holingni so‘rab qo‘ygani.
Loyiq bo‘lolmadim og‘ir damingda
Bir marta kuningga yarab qo‘ygani.
Otajon, tiriklik holdan toydirdi,
Jonga tegib ketdi buyuklik g‘ami.
Men uchun eng katta yo‘qotish bo‘ldi,
Mehringdan mosuvo o‘tgan har damim.
Ba’zan yo‘l olaman olis shahardan
Meni tetapoya qilgan qishloqqa.
Onam non yopadi menga sahardan,
Sen chiqib ketasan tezda chorboqqa.
Oldimga to‘kasan topgan-tutganing,
To‘yaman “diydor” deb atalgan oshga.
Sening bag‘ring kabi ulkan hovlimiz
Bir zumda to‘ladi qavm-qarindoshga.
Tinmay maqtanasan ko‘ksingga urib,
Bir gapni ming bora aytasan takror:
“Kitobi chiqibdi qo‘yinglar ko‘rib,
Mening shunday qizim, shoir qizim bor”.
Ertasi qo‘sh-qo‘llab tutasan sekin
Ukalarim rizqin bo‘laklarini.
Meni kuzatgani chiqadi onam
Kiyib o‘ttiz yillik ko‘ylaklarini.
Ortimda qoladi duolar qilib,
Mening onaginam, onaizorim.
Asli arzimaydi gardlaringga ham
Mening butun umr bitgan ash’orim.
Eng kerakli paytda tishlab tilimni
O‘zimni haqgo‘yday tutib yuraman.
Vijdon sahnasida men o‘z rolimni
Qoyilmaqom ijro qilib beraman.
Sen esa maqtanib aytasan takror:
“Mening shunday qizim, shoir qizim bor…”

***

O‘zimni har ko‘yga soldim men,
Sochlaringga sachratib qirov.
Shu yashashda bilmadim, ona,
Ming yoshlarga kirib qo‘ydim-ov.
Dunyo o‘tib boryapti mendan,
Men ko‘nglingdan o‘tib boryapman.
Qismatimni yelkamga ortib,
Yo‘qliklarga ketib boryapman.
Ketayapman, ketyapman, ona,
Ortimda bir dunyo xatolar.
Men ko‘nglingdan o‘tyapman, ona,
O‘tayapti mendan dunyolar.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting