hikoya
Hali ust-boshlarini eplab kiya olmaydigan, qo‘lidan samuraylarining qurol-aslahalariga mengzab yasalgan tayoq-qilichlari tushmaydigan olti yashar qaroqchi, bo‘z bolakayman.
Uyqudan turgunimcha Said maktabga jo‘nar, hovlimizda esa mening “pistirma”larimga tushadigan hech kim qolmasdi. Qo‘y-qo‘zilarni o‘tlatib kelish, qo‘shni qishloqdan uch g‘ildirakli veligimda suv tashish endi mening gardanimga tushgandi. Kenja bo‘lsang shu-da, hamma dahmaza menga – hamma yumush Murodga!
Ko‘chamizdan katta ariq bo‘ylab ketgan yo‘l o‘rikzorga, keyin uzumbog‘, undan so‘ng esa Qatortutga tutashadi. Qatortut etagida katta jarlik bor, jarlik kindigida yam-yashil ko‘l – Ko‘ksoy harir parda singari to‘lqinlanib turadi. Ko‘ksoy tegrasi namchil bo‘lganligi uchun kuzda ham o‘t-o‘lanlarga to‘la bo‘ladi.
Said bilan tugunimizga non-tuz, kartoshka, juma kunlari tushdan keyin holva-pashmak tugib, Ko‘ksoy sari suruv haydab borardik. Yantoqzordan shox-shabblarni yig‘ib, alamazon olov yoqib, atrofida hindu qabilalaridek aylanib qo‘shiq aytardik. Cho‘g‘da qarayib pishgan kartoshkalarni sirk janglyolaridek sovitish uchun bir birimizga uloqtirib o‘ynardik. Qo‘ylar o‘tlaguncha soydan bilagimizdek keladigan zog‘ora baliqlar tutib, jabrasiga yulg‘un shoxlaridan qilingan ilmoq o‘tkazib uyga qaytardik.
Endi esa qo‘ylarni podadan ayrib, bir o‘zim bazo‘r qo‘raga qamayman.
Ba’zan erta tongdan uyg‘onib Saidga ergashib maktabgacha borardim. Darvoza oldida turadigan qoravulning ko‘zini shamg‘alat qilgancha maktab binosining narigi tarafidagi beton devorga minib olib, tanaffusga chiqqan bolalarga ragatkamdan tosh otib qochardim.
Otam ishdan kelishi bilanoq bo‘yniga osilib, maktabga kirgizib qo‘yishini so‘rab xarxasha qilishdan charchamasdim.
Saidning dars qilayotganini ko‘rib xasadim kelardi va daftarlarini tasavvurimga kelgan shakllar bilan bejab tashlayverardim. Bir gal uning rangli qalamlarini olib hamma xonaning devorlariga qushlarning rasmini chizib chiqqandim. Buning evaziga yaxshigina jazolanishimni payqab, qo‘rqanimdan bir kecha tomdagi “qarorgohim”da tunaganman. Bu qilmishim uchun bir kecha onamning ertaklarini tinglashdan mahrum bo‘lganim hamon esimda.
Kenjatoyining injiqliklaridan toqati toq bo‘lgan otam meni maktabga yetaklab borib direktorga murojaat qildi. Menga obdon razm solib, tirriqlik qilib turib oldi direktor. Biroq butun qishloqqa dong‘i taralgan bobomning qo‘lbola mussalasi va eng bo‘liq qo‘chqorimizning dumbayog‘iga dimlanadigan palovxonto‘ra bilan mehmon qilinishni eshitgach, mo‘ylovini silab-siypab, hiringlagancha jon deb rozi bo‘ldi.
Qarabsizki, o‘qish boshlanganidan so‘ng bir necha hafta o‘tgan bo‘lsa-da birinchi sinfga qabul qilindim. Endi saharmardonlab maktabga jo‘naydigan, kiyimlarimni ham o‘zim kiyadigan, darvoza oldidagi qoravulga quyuq salom berib o‘tadigan bo‘ldim.
Bo‘yim pastroq bo‘lgani uchun oldingi qatordan joy tegdi. Darslar boshlandi. Baxtimga partadoshim – Salohiddinova sinfdagi eng a’lochi qiz ekan, maktabga kech kirganimga qaramay uning yordami bilan o‘qishni tez o‘zlashtirib oldim. Keyinchalik bu familya qulog‘imga chalingudek bo‘lsa xuddi tanovor tinglagandek bo‘laverardim. Uning ismi esa tilimda buvimning novvot qantidek tinimsiz aylanadigan bo‘lib qoldi: Mahina!..
Qishloqda paxta terimi boshlandi. Otamni ishxonasidan kolxozimizga ma’sul tabelchi qilib yuborishibdi. Allaqanday idorada hisobchi bo‘lib ishlardi, hozir buzib o‘rniga hashamatli uylar qurishgani uchun nomi aniq esimda yo‘q.
Xullas, oilaviy paxta terimiga sho‘ng‘ib ketdik. Bu yoqdan butun boshli maktab o‘quvchilari dalalarda javlon ura boshladi.
Men har doimgidek Mahinadan uzoq ketmay, uning yonidagi egatdan tushaverardim. U bilan yodlagan she’rlarimizdan bahribayt o‘ynab, kechgacha vaqt o‘tganini ham payqamasdim. Hammasi ajoyib!
Quyoshning tafti susaygach Said bilan uyga chopqillab borib, qo‘ylarni ham dalaga o‘tlatgani olib chiqardik. Axir, hammamiz paxta terishdan ortmasak qo‘rada marayverib ochidan o‘lishashrdida.
Kun sayin qo‘ylar g‘o‘zapoyaga kirib bo‘liq ko‘saklarni paqqos tushiradigan odat chiqarishdi. Buni ko‘rgan otam darrov akam ikkimizga dakki berib, oqibati yaxshi bo‘lmasligini uqtirardi. Natijada yakshanba kunlari bittalab qo‘ylarni bozorga obchiqib sota boshladi. Qolgan bo‘lsa uchta qo‘zimiz, bitta enaboshi va qashqa qo‘chqorimiz qolgandi. Shu beshtagini jonivor ham zararkunandalik qilishdan tap tortmay yana ko‘saklarni kavshayverishdi. Men esa otamga sezdirmay ko‘sak berib boqishga o‘rganib qoldim. Chunki ko‘sak to‘yimlida, ularni yegandan keyin darrov qo‘ylarning qorni qappayib qolardi va salqin joy topib, jimgina kavsh qaytarib yotishardi. Shundagina xotirjamlikda Mahina bilan bemalol bayribayt aytishib, etagimni paxtaga to‘ldirib olardim.
Dala punkitiga kechga yaqin saflandik. Nazarimda yana tekshiruvchilar kelishgan. Bunday kunlari otam tarozi yonida turib qancha paxta terganimizni tortib bo‘lgach tekshiruvchilarning kattasiga hisobot berardi. Agar plan to‘lmagan bo‘lsa yaxshigina gap ham eshitib olardi. Said bilan jimitdek mushtlarimizni tugib, tishimizni g‘ichirlatib quloq solib turardik. Otam ham g‘azablangannamo bosh egib turaverardi.
Boshliqni kimligini aniq bilmasdim. Yo tuman, yoki viloyat hokimi edi. (Keyinchalik undan ham kattakon bo‘lsa kerak deb o‘ylaganman.) Boshida qora shlyapa, egnida qo‘ng‘irrang kostyum. Yo‘l-yo‘l bo‘yinbog‘ini shunaqangi mahkam bog‘lagandiki, ovozi hirrilab chiqardi. Biroz qorindor, (menimcha endigina lavozimiga saylangan bo‘lsa kerak,) burni qirrali, quloqlari kattaligidan yuzi shapaloqdekkina bo‘lib ko‘rinardi.
Yig‘in tugagach otam boyagi boshliqni oldiga borib oxirgi terim ham tugaganligini, ortiq paxta terib bo‘lmasligi tushintirardi. Ho‘jayin bo‘lsa keng dalaga quloch yozib: “Qara! Ko‘rmayapsanmi, Turg‘unov! Shuncha paxta-ya! Uvolku axir! Hali yana shuncha oltin yer bilan bitta bo‘lib yotibdi. Bularni terish kerak, bir gramam qoldirmaysanlar!” deya o‘shqirib berdi. Otam bari befoydagigini tushundi shekili, birorta ham oq rang ko‘rinmayotgan dalaga indamay termilib qolaverdi.
Shu payt ochofat qo‘ylarimizga otamning ko‘zi tushdi. Ular yana paxtazorda o‘tlayotgan edi. Darrov akam ikkimizga yuzlandi-da uyga olib ketishni buyurdi. Yalang‘och g‘o‘zalar oralab qo‘ylarni haydab jo‘nab qoldik.
Shomga yaqin mushti qonga bo‘yalgan holda otam kirib keldi. Aftidan kimgadir og‘ir jaroxat yetkazgan. Odatda u bunday og‘ir kayfiyatda bo‘lsa onamni so‘roqqa tutishini yoqtirmasdi. Lekin jonholatda nima bo‘lganini aytib berdi. Voqeani eshitgach onam karaxt bo‘lib qoldi. Darhol Said bilan meni yetaklab buvimlarnikiga olib ketdi. Negaligini bilmayman. Otam bizni kuzatib qo‘ydi va ortimizdan borishini ta’kidlab o‘zi uyda qoldi.
Oradan kunlar, oylar, hattoki yillar o‘tdi. Otam ortimizdan bormadi. Bir muddat o‘tib o‘zimiz uyga qaytdik. U izsiz g‘oyib bo‘lgandi. Hozir tirik yo o‘lik ekanliginiyam bilmaymiz. O‘lgan bo‘lsa qabri qayerdaligidan ham bexabarmiz.
Nega deysizmi? Barchasiga o‘sha hayvonlar – ongi yo‘q qo‘ylar sabachi edi. Aynan bizning qo‘ylarimiz bo‘lganligi sabab! O‘sha mudhish kun, otamning qo‘lidagi qon sabab barchasiga!
Qon kimga tegishli edi? O‘sha qora shlyapali boshliqqa! O‘shanda Said ikkimiz qo‘ylarni haydab ketayotgan payt boshliq: “Bu kimning qo‘ylari?” deb otamdan so‘ragan va otam o‘ziniki ekanligini aytgach, paxta dalasida hayvon boqqanimiz uchun xo‘jayinning qoni qaynagan. Jahl ustida: “He, onangni…” deya otamni bo‘ralab so‘ka boshlagan. Otamning hamiyati qo‘zg‘ab, so‘kinch so‘zlar chiqayotgan jag‘ga qarab bir musht tushirgan va shu zahoti chalqancha yiqilgan kimsaning surobini to‘g‘irlab uyga qaytgan edi, o‘shanda.
Shu kundan boshlab qishloqdagilar otamni jinoyatchi deya eslaydigan bo‘lishdi.
Hayriyatki bizga hech kim tegmadi. Ammo jinoyatchining kasri akamga ham, menga ham urdi. Said otam kabi iqtisodchi bo‘lishni orzu qilardi. Na iloj, shaharda o‘qish nasib qilmadi unga. Lekin hozir chet elda o‘qiyapti.
Men esa o‘tgan yili o‘n birinchi sinfni tamomladim. O‘qishni davom ettirishga hafsalam qolmadi. Hozir bolaligimdagi sevimli mashg‘ulotim bilan shug‘ullanyapman, Ko‘ksoy yoqalab poda boqyapman. Ayniqsa, jar labida Mahina sovg‘a qilgan kitoblarni o‘qib o‘tirish joni-dilim. Hammasi ajoyib!
Aytgancha, onam necha martalab unga og‘iz solib bordi, lekin otasi har gal bizning oilaga beradigan qizi yo‘qligini ta’kidlayverdi. Axiyri, bugun uni bir omadi kulganga uzatyapti.
U bilan kecha tunda xayr-xo‘shlashib oldim…
Baxtli bo‘l, Mahin! Bolalaring jinoyatchi bo‘lmasin!
2019, noyabr – 2020, iyun.
Muhammad Siddiq