TOMAS VULF
(esse)
I
Mening hayotim boshqalarnikiga qaraganda ko‘proq yolg‘izlik va sargardonlik ichida o‘tgan. Nega shunday bo‘ldi – buni aytish qiyin, ammo shunday bo‘ldi – tamom vassalom. O‘n besh yoshimdan beri, oradagi bir muddatlik tanaffusni hisobga olmasa, men yolg‘iz yashab kelmoqdaman. Menimcha, bu hozirgi zamon kishisi uchun unchalik noodatiy hol emas. Tarkidunyochilikda kechayotgan hayotimning hisobi yo‘q – bu zohidonalikning daqiqalari, kunlari va oylari cheksiz, chegarasizdir.
O‘zim boshdan kechirgan yolg‘izlik tajribasi haqida yozishga qaror qilar ekanman, bu albatta faqat uni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tushunaman degan o‘ydan emas. Yolg‘izlik ba’zi odamlar uchungina xos bo‘lgan alohida hodisa emas, balki u borliqning asosiy, muqarrar voqeligidir. Men aynan mana shu haqida yozmoqchiman.
Hayotning turli vaziyatlarini – faqat shon-shuhratga burkangan shavkatli shoirlar shon-u shuhratini emas, sodda qalblarning ulkan baxtsizligini, ko‘chadagi odamlarning nafrat to‘lib toshgan ming‘ir-ming‘iri, haqoratli koyinishlarini, badgumon qiyofasini kuzata turib, biz hammamiz yolg‘izlikdan azob chekishimizni anglayman. Yolg‘izlik jamiki iztirobimizning yagona manbasi. Mendagi yolg‘izlik hissi mohiyatan boshqalarnikidan ko‘p farqlanmasa-da, u menda o‘ta qaqshatqich kechgani bilan ajralib turadi. Demak, men uni hammadan ko‘ra yaxshiroq bilaman, shunday ekan bizning asosiy og‘rig‘imiz, azobimiz haqida yozishga eng haqli odamman deb bilyapman o‘zimni. To‘g‘ri, bu takabburlik yoki manmanlik bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin bunday shubhaga borishdan oldin o‘ylab ko‘ring: uzoq vaqt yolg‘iz yashagan odam takabbur bo‘lsa, aqlga to‘g‘ri keladimi?! Buning ustiga, shuhratparastlik va manmanlikni yengishning eng yaxshi yo‘li – yolg‘izlik. Aslida biz – yolg‘izlar o‘z-o‘ziga bo‘lgan shubhaning qurbonlarimiz. Mutassil tanholikda yashash norasoligidan uyalish hissini tug‘diradi, xavotirning shiddatiga dosh berib bo‘lmaydigan toshqini mudom ustingga yoprilib kelaveradi, qarovsizliging, e’tibordan olisliging salomatligingni yemirib, o‘zingga bo‘lgan ishonchni yakson etadi.
Odam yolg‘iz yashay olishi uchun dilida ruhoniyning komil e’tiqodi yanglig‘ Xudoga astoydil ishonchi bo‘lishi lozim. Ko‘nglida shunday ishonchi bo‘lmagan odamga yolg‘izlik lahzalarini yashab o‘tish nihoyatda og‘ir. Men bu dahshatni o‘z boshimdan kechirganim uchun aytyapman. Shunday daqiqalarda birorta tasodifiy so‘z, odatiy voqea ham ham shashtimni susaytirib, qo‘limni falajlar; yuragim tarasha qotgandek dahshatdan siqilib, zaiflikdan larzaga keladigan kulrang titrog‘ bilan to‘lardi ichim. Istalgan narsa – hamma narsa yoki hech narsa ham – masalan yorug‘likdagi oddiy bir soya yoxud avgust kunlaridagi qattiq jazirama, Bruklin ko‘chalarida o‘rmalab yurgan nochor ayanch va yalang‘och majruhlik ko‘nglimni iztirobga solar, tasavvurda o‘tmishning doim takrorlanadigan manzaralari paydo bo‘lib, nom-nishonsiz taqdir haqida chidab bo‘lmas azob uyg‘otardi. Ba’zida esa borliqning ko‘rimsiz realligi oldidagi qo‘rquv, avtoturargoh maydonlarining g‘arib kimsasizligi, zaminga g‘azab bilan uloqtirib yuborilgan insonning maqsadsiz va sarson kezishlari, biror tanbeh yo dakki, hatto mashinalarning o‘qday vizillab o‘tishi ham yurakdagi ojizlik hissini zo‘raytirib yuborishga turtki bo‘lardi. Hatto biror so‘z, biror nigoh, biror ishora bu azobni boshdan kechirishga sabab bo‘lishi mumkin. Park-avenyudagi xushbichim, kalandimog‘ janob seni barmog‘i bilan nuqib ko‘rsatar ekan, go‘yo “Sen hechkimsan” degandek bo‘ladi, obro‘li jurnaldagi istehzoga to‘la fikr-mulohazalar ham og‘riq qo‘zg‘aydi. Tanish ayol maktubida notavon va nokerakliging, yozishdan chiqib qolganing bitiladi, bundan o‘zingni hech narsaga arzimas, chorasiz, his-tuyg‘udan mahrum, erishganlari ham sarobga aylangan odamdek his etasan – qolganlar esa har borada sendan to‘kisu, bekamu ko‘st.
Ba’zan bu og‘riq vaqtida qondirilmagan, endi g‘azabga aylangan istaklarning ko‘ngilda uyg‘otgan mubham, ezg‘in kayfiyati ta’sirida ham paydo bo‘lishi mumkin. Kembrijda kechgan qisqa qish kunlari, yakshanbalarda bo‘ladigan qizg‘in suhbatlar va o‘sha suhbatlarning birida mening barcha bolalik orzularim puchligini aytishgani, bundan tomirlarimdagi navqiron jo‘shqinlik lahzaga muzlab, yuzimda ojizlikning betaskin iztirobi mart kunining so‘nayotgan yog‘dusi bilan akslangani haqidagi nogahoniy xotira ham yolg‘izlikda juda xavflidir. O‘tgan kunlarning qiyofasi, ob-havosi, manman kimsalarning mazaxona so‘zlarini yodga tushiradigan xotiralar o‘lgan nur yanglig‘ kunlarimni qorong‘ulashtirib, men qachondir o‘zim kashf etgan va chippa-chin ishongan haqiqatlarimni chilparchin qilib tashlardi. Bunday daqiqalarda faqat o‘z hissiyotlaringgina haqiqatligi, olamda boshqa mutlaq haqiqatning o‘zi yo‘qligi, Yer yuzi qalbi yopiq, pushti kuygan tirik murdalar makoniligi va bu manzaraning so‘nayotgan mart shomi ostida, nursiz yakshanbalarda mangu takrorlanishini tushunib yetasan.
Yolg‘iz kimsaning qalbi hamisha og‘ir shubha-gumonlar, tushkunlik va sarosima iskanjasida o‘rtanadi, u esa nigohi va aqlidan yashirin qutulish yo‘lini topolmay ovvorayi sarson bo‘ladi. Na partiya uni qo‘llab yordam bera oladi, na din yupata oladi, umuman anglagan haqiqatlaridan bo‘lak biror e’tiqodning o‘zi qolmaydi. Sababi e’tiqod tayanchsiz va taskinsiz qoldirgancha uni tez-tez tark etib, ruhini larzaga keltiradi, holdan toydiradi. Shunda hayot yo‘qlik aro yo‘qlik tomon harakatlanish ekanini tuyadi; haqir va xarobligi, mahkumligiga iymon keltiradi – unga umidlar va’da qiladigan xaloskor tong endi hech qachon otmaydi.
Yolg‘iz odam vaqtning ulkan oqimlari ichidan oqib o‘tayotganini sezib turadi. To‘rt tarafida esa yolg‘izlikning sovuq, soqov devori. Bu devorning zilday bosimi yelkalarini ezadi. U yolg‘izlikning shu to‘rt devori ichida hibs etilgan… hech qayoqqa qochib ketolmaydi. Yo‘qotilgan behisob kunlar va unutilgan yuzlab chehralar yodini yana qayta uyg‘otadigan xotiraning xavfli o‘smasi ichini yeb bitiradi. Vaqt esa botinidan daryo yanglig‘ oqib o‘taveradi, u bo‘lsa katalakdek xonasida mutassil nimanidir kutadi… kutaveradi… Uzoqlarda guvillayotgan hayotning bo‘g‘iq ovozini, g‘ovurlarini tinglaydi; tinglay turib tushunadiki, taqdir uni unitib qo‘ygan, quvvat tark etgan, hayoti esa allaqachon sop bo‘lgan. Qismat bu kimsani yolg‘izlik bag‘riga manguga surgun etgan. O‘z yolg‘izligining hibsida o‘tiraverib, noshud odamdek aqli gangigan, sillayi madori qurigan, bor imkonlar ham allaqachon boy berilgan.
Shunday mahzun kunlarning birida unda yana o‘z-o‘zidan, hech qanday sababsiz hayotga ishonch va e’tiqod paydo bo‘ladi, tomirlarida jo‘shqinlik mavj uradi. Bu hislar yengib bo‘lmas qudrat bilan quyilib keladi, deraza oynasidan yoprilib kirib, dunyosini so‘nmas nur bilan yoritadi. Xotirjamlik, uyg‘unlik hislari uyg‘onib, ko‘ngli yana g‘olibona tashnalik bilan ijod sari talpinadi. Uning avvalgi ishonchi boz hamrohiga aylanadi: avval nimani bilgan bo‘lsa, hozir ham biladi, u qanday mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shundayligicha…
Endi u o‘z haqiqati haqida so‘zlaydi; mayli, butun dunyo og‘zini yopmoqchi bo‘lib, “yolg‘on aytyapsan” desin – baribir o‘z haqiqatini ishonch bilan so‘zlayveradi. Mustahkam ishonchning tantanavor daqiqalarida shuni e’tirof etishim kerakki, men Yolg‘izlikni dunyodagi har qanday odamdan ko‘ra yaxshi bilaman va teran his etaman. Uni mening tug‘ishgan jigarim deb atamoqqa haqqim bor, axir haqiqatda shundayku!!!
Yolg‘izlikning asl qiyofasini shu qadar tiniq tasvirlashga ahd qilganmanki, toki yozganimni o‘qiganlar Yolg‘izlikka duch kelganda, uni darrov tanib olsinlar.
II
Inson yolg‘izligi haqidagi eng fojeviy va yorqin ta’rifni men Iov kitoblarida va falsafiy ruhdagi ekkleziast xutbasida o‘qiganman. Shu o‘rinda teran bir hikmatga e’tibor qaratmoqchiman. To‘g‘ri, bu hikmat boshqalarga yolg‘iz qolgan g‘amgin bolakay va borliqning fojeviy mohiyati orasida hech qanday muvofiqlik yo‘qligi kabi ziddiyatli tuyilishi mumkin. Kitobdagi hikmatga ilk marta duch kelganimda o‘zimni yo‘qotib, dilgir bo‘lib yurganman. Uning isboti naqadar asosli bo‘lmasin, odamni shubhaga solardi. Hikmatning o‘zi esa qoyaday mustahkamki, unga hech qanday putur va inkor zaha yetkazolmaydi. Hikmatdagi haqiqat mening hayotiy qarashlarimdan qat’iy o‘rin olgan. Mana o‘sha hikmatning o‘zi: yolg‘iz odam – aslida tragik odam. U hamisha, hech og‘ishmay, vafodorlarcha hayotni sevgan, xursandchilikni sevgan odamdir. Bunday da’vo aslo mantiqqa zid emas, zero, bir shartning mavjudligi yana bir boshqa shartning ham mavjudligini taqozo etadi.
Inson tragediyasining mohiyati teatr qonunlariga xos bo‘lgan konfliktlarda emas, yolg‘izlikda jamlangandir. Aniq bilamanki, buyuk tragik yozuvchilar (men tragediya yozuvchilari haqida gapirmayapman. Ko‘p xalqlarning peshanasiga bitmagan – jumladan, fransuzlar va rimliklarga ham nasib etmagan (Vergiliy va Rasin bor-yo‘g‘i tragediyaning ulug‘ ustalari, xolos) – tragik yozuvchilar xususida so‘zlayapman. Misol uchun: Iov, Sofokl, Dante, Milton, Svift, Dostoyevskiy) doimo yolg‘iz bo‘lgan, ular hayotsevar va baxt qadrini chuqur his qiladiganlardan edi. Shodlikning haqiqiy ma’nosi va qiymatini faqat ulug‘ tragik yozuvchilarning ijodidagina ko‘rish mumkin. Boshqa manbalarda uning haqiqiy va samimiy tasvirini topish dushvor. Isbot sifatida ishonchli bir dalil keltirishni xohlardim.
Bolaligimda Iov kitoblaridagi har qanday fikr mendagi assotsiativ xotirani uyg‘otib yuborar, xotiramga najotsiz va ma’yus tuyg‘ularning, hodisalarning ulkan oqimini boshlab kelardi. Boshqalarda ham shunday hol bo‘lganiga iymonim komil. “Iovning tasallisi”, “Iovning matonati”, “Iovning musibati” dagi iboralar bizning hayotimizga shu qadar chuqur singgan ediki, adoqsiz musibatni boshdan kechirayotgan, iztirobini uzoq vaqt jim ichiga yutgan odamlar haqida gap ketsa, beixtiyor o‘sha iboralar yodga kelardi. Bir-birini yetaklab keluvchi bu xayollar xotiramda ustma-ust taxlanib, ko‘z oldimda Iov kitoblarining qayg‘uli, dilni g‘ashlaydigan manzarasini paydo qiladi. Biroq kimki bu kitoblarni tajribasi oshib, aqli rasolashgan paytda o‘qisa, bolalikda anglaganidan ko‘ra ko‘proq, to‘g‘riroq tasavvurga erishadi.
Iov Kitoblari faqat xazin ohang, qop-qora rangdangina iborat emas. U buyuk poyeziyaning g‘oyat barkamol, o‘ta hissiy va yorqin namunasi ekanidan tashqari, ko‘ngilda mangu g‘amlarning diltortar kuyini uyg‘otishi bilan ham qadrlidir. Mangu g‘amlarning xazin musiqasi mangu quvonchlarning ko‘tarinki kuyi bo‘lib mavjlanadi. Bu fikrda hech qanday kitobiylik yo notabiiylik yo‘q, aksincha haqqoniylik va muqarrarlik mavjud. O‘lim va yolg‘izlik hissi, mudom zo‘rayib boruvchi og‘riq, ruhiy qiynoqlarning og‘ir yuki inson uchun aslida go‘zal va fojeli, nihoyatda qadrli bir Sevinchdir. Go‘zallik lahzalardagina sodir bo‘ladigan g‘animat hodisa. U seniki bo‘lgan onlarning umri nihoyatda qisqa, bir umr yoningda olib qololmaysan. Yo‘qotishlar alami yetaklab kelgan go‘zallikning achchiq zavqqa qorishgan, fojeaning salobati bilan og‘irlashgan lahzalarida asl tragik shoir Quvonch qo‘shig‘ini ijod etadi. Go‘zallikni o‘zing bilan mangu olib qololmasangda, go‘zallikdan yaralgan bu qo‘shiqni mangu asrashing mumkin. Quvonch qo‘shig‘i ko‘tarinki emas, aksincha, ma’yusdir. Chunki baxt degani unga ega chiqqan lahzangdanoq tugaydi. Biroq o‘tkinchi baxt aynan uni barbod qiluvchi ta’sirdan go‘zallik va ulug‘vorlik yaratadi – shoirga uning azizligi ham mana shunda.
Tragik shoir asl sevinch g‘amdan, yolg‘izlikdan ko‘rk olishini yaxshi tushunadi, og‘riq qancha taxir bo‘lsa, quvonchning yuzi ham shuncha charog‘on. Ko‘ngildagi sevinch yo masrurlik hissi hamisha o‘lim muqarrarligi, o‘lim zulmati bilan birga yashaydi. Baxt ham foniylik va hechlik tuyg‘usi bilan qorishgan. Shu sabab Iov kabi tragik shoir ijod etgan g‘am kuyi alal-oqibat baxt qo‘shig‘i bo‘lib jaranglayveradi. Bu qo‘shiq boshqa qo‘shiqlardan ko‘ra dilbar va xazin, mash’um va go‘zaldir.
Senmi arg‘umoqqa kuch bergan?
Senmi bo‘ynini bo‘ron bilan belagan?
Senmi uni chigitkaday sakratgan,
dahshat bilan burnini pishqirtirgan?
Adir aro tuyoqlari yer tepadi shiddatkor,
Vujuddagi kuch-quvvatdan rohatlanib, shodlanib,
Hali qo‘rquv nimaligin bilmasdan,
Hali qilich zarblariga bepisand,
Janggoh sari shiddat ila talpinar.
Qarshisida shaqillaydi o‘qdonlar,
Yaltillaydi qalqon ila nayzalar.
Janggoh aro ko‘tarilgan tuproqni
Ichga yutar g‘azabu shiddat bilan.
Jangsurnaylar sasi aro,
Lashkarboshi hayqirig‘i,
Qo‘shin urhosi aro
Shiddat bilan battar olg‘a talpinar…
(Xurshid Davron tarjimasi)
Bu quvonch ham shavq bilan to‘lib toshgan, ham yurakni o‘rtaydigan quvonchdir. U o‘zida shikastanafas, mo‘min odamning ulkan borliq oldidagi tavozesini, hayrat va qo‘rquvini ifoda etadi. Dahshatli ingroq o‘sha taqvodor odamning lablaridan sirqirab chiqar ekan, biz hozir o‘qigan satrlarga aylanadi. She’rni qiroat qilar ekanmiz, ichimizda yakkash va g‘alat, yovvoyi va motamzada sevinchni his etamiz. Bu sevinch o‘limga o‘xshab ketadi. Biroq u Teokrit va Xerrik kabi buyuk shoirlar kuylagan sevinchdan ko‘ra balandroq va nafisroqdir.
III
Iov Kitoblari, shuningdek, Ekkleziast xutbasi – har biri o‘z holicha insoniyat yolg‘izligi tarixining ulug‘ yodgorligi sifatida namoyon bo‘ladi. Umuman, eski Ahdning barcha kitoblari inson yolg‘izligi tatqiq etilgan teran va mukammal asarlar tajassumidir. Ularda yolg‘izlik tushunchasi deyarli bir xil ta’rif etiladi. Ushbu muqaddas kitoblar, shuningdek, diniy qasidalar, munojatlar, ash’or va karomatlar, solnomalar qatidagi rang-barang va shaxsiy kechinmalar har biri o‘z holicha yolg‘iz qalbning turli asrorlarini kashf etadi. Kashf etilgan asrorlarning birikuvidan yolg‘izlikning umumiy polotnosi paydo bo‘ladi.
Qadimgi Ahdda ifodalangan yolg‘izlik g‘oyasining qamrovi juda keng. Bu qamrov mohiyatini Yangi Ahdnni o‘qigach, yanada ko‘proq tushunish mumkin. Eski Ahd borliq yolg‘izligining solnomasi bo‘lsa, Yangi Ahd hayotga muhabbat xabari bo‘lib akslanadi. Mana qarang, Iso ming marta, ming xil uslub bilan faqat bir gapni takrorlaydi : “Men – o‘z Otamning o‘g‘liman, sizning barchangiz – birodarlarimsiz!” Bunday birodarlik yer yuzini bir oilaga aylantiradi, barcha odamlar – yaratganning bolalaridir, demakdir bu. Ushbu da’vatda insonlarga nisbatan muhabbat yashirin.
Isoning bosh maqsadi – yolg‘izlik dunyosini tag-tugi bilan barbod qilish, insonlararo uyg‘unlikka erishish bo‘lib, uyg‘unlikning asosi muhabbat bo‘lishi kerak edi. Iso “Faqirlar mas’uddirlar, zero ularga raxmat bor”, “Ko‘zi yoshlilar mas’uddirlar, zero ularga xursandchilik bor”, “Marhamatlilar mas’uddirlar, zero ularga avf bor” deganida azob tortishni, tavoze va shafqat ko‘rsatishni olqishlashni emas, oliyhimmat kimsalarga mukofot borligi haqidagi xabarni yetkazishni niyat qilgan. Mazkur yo‘nalish Iso ta’limotining asosidir. Chuqurroq razm solsak, bu ta’limot mohiyati yolg‘izlik dunyosi istalgan daqiqada muhabbat dunyosi ustidan g‘alaba qilishi mumkinligini nazarda tutadi. Tanholikda kechgan so‘nggi yillarimda men Iso pandlarini va ularning nozil bo‘lishi sabablarini qayta-qayta o‘qib chiqdim. Ilinjim – ular orqali o‘zimga hayotiy yo‘l, ibrat, maslak topish edi. Shubhasiz, men taqvodorlik vajidan, yo vaqt o‘tkazishu, gunohlarimga tavba qilish, samoviy marhamatga erishish uchun takror-takror o‘qiganim yo‘q. Men Iso pandlariga ham boshqalarni qanday o‘qisam – masalan, Gomer, Jon Donn, Uolt Uitmen yoki ekkleziast muallifini – xuddi shunday yondashdim. Tirg‘almasdan, yengil o‘qib chiqdim. Biroq ulardan men topgan ma’no unchalik ham chuqur emas; va’zlardagi mohiyat, nazarimda, bachkana, o‘ta jo‘n edi. Shaksiz, mendagi tasavvur millionlab odamlarning bu haqdagi tasavvuridan farq qilmaydi. Qolaversa, nimani ko‘rgan, qanday his qilgan bo‘lsam, shuni tasvirlayapmanki, bunda hech qanday qo‘shib-chatish yo mubolag‘a mavjud emas.
Iso hayotining mohiyati menikidan ko‘p karra a’lo ekanini anglagan holda aytishim kerakki, men unga ergasholmayman. Yolg‘iz odam hamisha nom-nishonsiz, umidsiz, ruhan xarob; bu olamning yashirin atomi kabidir – xuddi Iov, Everyman, Sviftday. Men yolg‘iz odamni shunday tasavvur etaman va shunday anglayman. Iso muhabbat ta’limoti asoschisi bo‘lsada, bilamanki, u ham xuddi bizday yolg‘iz bo‘lgan. Men bu bilan u birodarlik va sevgi g‘oyasini olg‘a surib xato qilgan demoqchi emasman, u butun umr yolg‘izlikda yashagani va yolg‘izlikda halok bo‘lganini aytmoqchiman. Millionlab odamlar unga muxlislik da’vo qilsa-da, baribir, ta’limotiga ergasha olishmaydi. Men ham Isoning yo‘lini o‘zimniki deb qabul qilolmayman. Zero, hayotning mohiyati muhabbatda emas, yolg‘izlikdadir. Axir muhabbat o‘z mazmuni bo‘yicha biz yashayotgan dunyo iqlimiga mos tushmaydi. U bir noyob va nozik gul. Goh-goh gul ifori bizni sarmast qilib, umidimizni ruhlantiradi, yolg‘izlikning qalin va qora devoridan tirqish yasab, tor xonamizga bostirib kiradida, birodarona kayfiyatga, yakdilikka chorlaydi. Gohida esa muhabbatdan topganing faqat ozor va azob, og‘riq va zavol bo‘ladi. Muhabbat ko‘ngilni chilparchin qilib, oxir-oqibat savdoyiga aylantirishi ham hech gapmas. Muhabbat nima uchun qalbimizga tashrif buyurmoqda – hayot yo o‘lim uchunmi, baxt yo baxtsizlik uchunmi?; nimani in’om etadi – muzaffariyat yo mahrumiyatnimi – afsuski, yer yuzidagi insonlarning hech biri buni oldindan aytib berolmaydi. Biroq bir narsa aniq: barchasining yakunida, mangu yakunda biz chorasiz, bevatan, bemakon va benavo kimsalarni muqarrar Yolg‘izlik kutadi. U sodiq do‘st misol horg‘in va xayrixohona qiyofasi bilan bizga peshvoz chiqadi.
Va yana… vaqt o‘tib hammasi qayta takrorlanadi: yolg‘izlikda kechgan kunlar mavh bo‘ladi, beruh yuzimizga yana hayot nuqsi qaytadi, dovdirlik qat’iyat bilan joy almashadi. Yoshlik ishonchini, ehtiros va ishtiyoqlarini, vujudidagi talantni o‘limning g‘amhin ruhini asrash uchun qurbon qilganlar – garchi buning evaziga ko‘ngilning butkul vayronligiyu, iste’dodning zavoli bilan qolganlariga qaramasdan – yolg‘izlikning dardchil tunlarida mutassil kurashlar bilan yana jo‘shqin hayot ruhini umidsizlik qo‘lidan tortib oladilar. Avval nimaga ega bo‘lgan bo‘lsak, ularning bari yana o‘zimizga qaytadi. Ko‘z ochib qop-qora atrofni emas, charog‘on shaharning ko‘zni qamashtiradigan nurlarini ko‘ramiz. Tunlari piyoda sayr qilib, ko‘prikdan o‘tib borarkanmiz, ko‘z oldimizda yastanib yotgan nur oqimi beixtiyor aqlimizni oladi. Bu oqim eshilib-buralib o‘zini har ko‘yga solarkan, ko‘prik ostidan ulkan kemalarning daf’atan seskantiradigan chinqirig‘i eshitiladi. Biz esa ko‘prik bo‘ylab boraveramiz – sokin va yolg‘iz; beiltifot hamroh, hech qachon tashlab ketmaydigan va har doim jim tinglaydigan sodiq do‘st biz bilan birga. Yolg‘izlik bizning mangu yo‘ldoshimizdir. Mana, tinglang, yolg‘izlik qasidasi:
“Yolg‘izlik abadiy, shu bilan birga o‘tkinchidir. Ay, dog‘uli o‘gajon! Sen bor ekansan, men nimadan qo‘rqaman?! Ay, tun va zulmatning boqiy qiyofasi! Umrining yarmini sen bilan o‘tkazgan, so‘nggi kunigacha faqat sengagina iymon keltirib yashagan inson qalbiga nima ham vahm solsin?! Ay, botirim! Kun-tunimning tutingan inisi! – biz sen bilan ne-ne yo‘llarni kechmadik? Darg‘azab tun yo‘llarida yugurgan ham, quturgan dengiz bo‘yida kezgan ham, olamning kashfsiz yerlarigacha borib, Tun qit’asi uzra sang‘igan, Yer sukutiga jim quloq bergan ham biz! O‘zing ayt, og‘ayni, shunday bo‘lgach biz bilan sen haqiqatda dovyurak va botir emasmizmi? Shon-shavkatga arzimaymizmi? Hayotning bor quvonch va baxtini, g‘alabasini birga boshdan kechirmadikmi?! Nahotki, sen meni tark etsang, nahotki men bilan birga qolmasang?! YO’q, og‘ajon, qayt! Uzun tunlarda yana yo‘qlab kel meni! Zulmatning dog‘uli va bezabon qalbi bilan qalbimga tashrif buyur. Qayt do‘stim, o‘tgan kunlarning beqiyos kuchini, so‘nmas umidini, huzurbaxsh quvonchini olib kel! Va yana olamni zabt etishimizga yetadigan ishonchni ham! Qayt!!!”
Rus tilidan Tillaniso tarjimasi.