ISLOVATXONA GULCHISI

0
568
ko'rishlar soni

Ahmet Umit                  

Calimning jasadi  ikki kechadirki, gullar orasida yotardi. Chalqancha  uzalgan, gullarning  ortiqcha barglarini olib tashlash uchun qo‘llaniladigan pichoq yuragiga sanchilgandi. Uni shanba kuni o‘ldirilganini angladik.  Qotil uni o‘ldirgandan keyin eshikni qulflab chiqqan bo‘lsa kerak. Dam olish kunlari tugagunicha gulchi bir kun shu ahvolda qolgan, jasadini bu tong do‘konni ochishga kelgan yordamchisi topgan.

Fojia tafsilotlarini o‘rganarkanmiz, orqada bir to‘polon ko‘tarildi. O‘rtada bir keksa kishi, «oxiri o‘ldirdilar o‘g‘limni», deya baqirib, ichkariga kirishga intilardi. Salimning otasi bo‘lsa kerak. Qariyani ichkariga qo‘ymaslikka uringan xizmatchilarga uni o‘z holiga qo‘yishlarini aytdim. Ota bechora ichkariga kirar-kirmas  o‘g‘lining o‘limiga kuyinib  yig‘lashni boshladi. Chalg‘itish uchun sigaret  yoqib tutdim. Bir necha nafas tortgandan keyin yana:

 – O‘g‘limni o‘ldirdilar! – deya baqirdi.

 – Kim ekan, o‘g‘lingizga qasdlashganlar? – deya so‘radim.

Qariyaning xira ko‘zlari qahr bilan yaltiradi:

 – Kim bo‘lardi? – dedi. – Shu atrofdagi qandolatpaz Ramiz deyiluvchi bir past bilan barmen Orif.

 – Nega o‘ldirishadi o‘g‘lingizni?

 – Bu do‘kon shahar markazida, qandolatpaz Ramizning ham bu yerdan ilinji bor, ijarachi bo‘lib kirib, o‘lgunicha shu do‘konda qolmoqchi. Ammo buning uchun oldin bizni chiqarib yuborishi kerak.  Pul taklif etdi, qabul etmadik, menga tahdid qildi, necha marta o‘g‘limning yo‘lidan chiqdi. Oxiri barmen Orif bilan  birlashib, o‘g‘limni o‘ldirishgan.

 – Barmen Orifning  nima qiziqishi bor bu ish bilan?

 – Bu Orif deyilgan it, mening o‘g‘limni qimorga aralashtirdi. O‘g‘lim ham oson, ham ko‘p pul ishlab olaman deb kirishgan o‘yinga. Oldin biroz yutqazishgan, so‘ng hiyla bilan chuv tushirishgan uni. Orif qarzini qistab qo‘ymasdi.  Ramiz ikkisining orasidan qil o‘tmaydi, Orif hatto bir marta o‘g‘limga: «Agar do‘kondan voz kechsang qarzlaringdan kechaman», debdi. Xullas, bizni do‘kondan chiqarish uchun ittifoq bo‘lib kurashishdi o‘g‘lim bilan.

Ko‘zi yoshli keksa otani o‘g‘lining jasadi boshida qoldirib, sherigim Ali bilan qandolatpaz Ramizning do‘koniga jo‘nadik. Qandolatpazning do‘koni islovatxonaning orqasidagi ko‘chadan joy egallagandi. Ramiz kalbosh, past bo‘yli, to‘ladan kelgan  bir odam edi. Politsiyadan ekanimizni bilib, bizga qo‘rquv bilan qarardi.

 – Gulchi Salimni taniysanmi? – deb so‘radim.

Ramizning qo‘pol yuzida biroz yirik ko‘rinuvchi ko‘z qovoqlari asabiy bir notinchlik bilan uchib qo‘ydi.

 – Tanisam, tanimasam ham, mening uning o‘ldirilishiga hech bir aloqam yo‘q.

 – Senga aloqang bor dedikmi? – terslandi Ali. – Ammo, modomiki mavzuni ochding, ayt, shanba kuni kechasi qayerda eding?

 – Bo‘yingizga o‘lay, boshlig‘im,  –  deya ming‘irladi Ramiz. – Ishoning, mening bu ishda ishtirokim yo‘q.

 – Biroq  savollarimga javob berishing kerak, – deya ko‘tarildi Ali. – Shanba kechasi qayerda eding?

Ramiz yutinib, xotirlashga harakat qildi.

 – Shanba… Shanba… Ha, esladim. Shanbada Jingalak  Badriyaning yonida edim.

 – Jingalak Badriya kim?

Ko‘zlarida yaltoq bir ifoda kezarkan:

 – Jingalak  Badriya mening do‘stim, uning yonida edim, ishonmasangiz o‘zidan so‘rang, quyida ishlaydi,  –  dedi.

«Quyi» degani islovatxona.

 – Yaxshi,  –  dedim men. – Barmen Orifni taniysanmi?

 – Taniyman, gohida kafesiga kirib turaman.

 – Orif ikkingiz Salimga adovatda emishsizlar? Unga tahdid qilganmishsiz, «seni o‘ldiramiz»  deganmishsizlar?

 – Umuman yolg‘on. Bu Salim qo‘rqoq bola. Qimor o‘ynab, qarzini bermasdi. Va’da berardi-yu, so‘zida turmasdi. Ochig‘ini aytsam, do‘konni menga berishi uchun dov tikib, oshiq otdik, u yutqazdi. Ammo do‘konni bermadi. Orifdan bir dunyo pul qarz bo‘lgan, bir chaqasini bermagan.

 – Qimor o‘ynash ta’qiqlanganini bilmaysanmi? – deya do‘q urdi Ali.

Yaltoqi bir tabassum ko‘rindi Ramizning yupqa lablarida.

 – Qimor deganim o‘zi  o‘zaro kichik bir o‘yin, boshliq,  –  deya ming‘irladi.

Barmoq izining olinishi, tushuntirishini tasdiqlashi uchun Ramizni markazga jo‘natgandan keyin Alini barmen Orifning oldiga jo‘natib, o‘zim islovatxonaga yo‘l oldim. Ko‘chadagi soqchiga kimligimni aytib, Jingalak  Badriyaning manzilini so‘radim. Ko‘chaning boshida ekan. Jingalak  Badriyaning uyi eshigi ham boshqalarniki kabi tirband edi. Oynavand eshikdan boqqanimda kichik zalga, intizor nigohlarga da’vatkor nigohlar otguvchi, bu bilan ham kifoyalanmay  yuzlariga  shahvoniy ifoda berib, ko‘krak va oyoqlarini ko‘z-ko‘zlagan yarim-yalang‘och ayollarga ko‘zim tushdi.

Hiyla keksa bir ayol:

 – Bas, taqsirlar, bas, bu qadar termulishlar etadi, endi ishrat vaqti,  –  deya mijozlarni dadillantirishga tirishardi.

Mijozlar safini yorib ichkariga kirganimda  qirq yoshlardagi, yuzini obdon bejagan bir ayol: «Xo‘sh, mening sultonim, kel, xonamizga chiqaylik», deya menga yaqinlashdi.

 – Kechirasiz, men Jingalak Badriyani izlayapman,  –  dedim men.

Uning yuzi hasad bilan burishdi.

 – Jingalak  Badriya bugun ishlamaydi. Siz Yorqin Jalila bilan tanishing, pushaymon bo‘lmaysiz.

 – Menga Badriya kerak!

 – Qanday gap anglamaydigan odamsan! Tushunayapsanmi, ishingni men bitirib beraman.

Qarasam gapga tushunadigan emas, o‘zimni tanitdim.  Politsiyadan ekanimni bilib xotinning rangi o‘chdi. Turgan joyidan ortiga tisarildi. Uning o‘rnini kamida yuz yigirma kilolik bir xotin egalladi:

 – Buyuring,  komissarim,  –  dedi xotin hurmatni anglatuvchi xatti-harakat bilan. – Bular mening qizlarim. Nima uchun so‘rayapsiz Jingalak  Badriyani?

 – Bir-ikkita savolim bor, – deya gapni qisqa qildim.

Shilqim mijozlardan emasligimni anglagan xotin, biroz oldin meni yo‘ldan urishga harakat qilgan ayolga qarab:

 – Komissarni Jingalakning xonasiga olib bor, Jalila,  –  dedi.

Yorqin  Jalila  bu vazifani istamasligi avzoyidan ma’lum edi, ammo qarshi chiqmadi. «Buyuring», deya oldimga tushdi. Tor zinapoyalardan ikkinchi qavatga chiqdik. Yo‘lakning oxiridagi xonada ekan Jingalak Badriya. Yorqin Jaliladan eng kamida o‘n yilga yosh, juda gulgun va tiyrak edi. Eshikni ochib, qarshisida men bilan Yorqin Jalilani ko‘rgach:

 – Bugun ishlamasligimni bilmaysanmi? – deya tanbeh berdi kasbdoshiga. Yosh ayol o‘ziga kasbdoshining o‘z «haqini» berishini tushuna olmayotgandi. Ammo Jalila past keladigan xotin emasdi.

 – Bilasiz,  –  dedi u. – Bu kishi mijoz emas, komissar. Boshing baloda, qizim. Seni so‘roqqa tutadi.

Badriyaning ko‘zlaridagi nopisandlik o‘rnini notinchlik egalladi, ammo maydondan osonlikcha voz kechmadi. Yuzimga tik boqarkan:

 – Mendan nimani so‘raysan? – dedi.

 – Qandolatpaz Ramiz shanba kechasi sening yoningdamidi?

Aftidan hech nimani tushunmay  javob berdi:

 – Ha,  –  dedi. – Tongga qadar birga edik. Bu aybmi?

 – Ayb emas, ammo yolg‘on so‘zlasang boshingga ofat  keladi. O‘rtada bir qotillik bor, bir inson o‘ldirildi.

U menga ishonmagan kabi qaradi:

 – Kim ekan u o‘ldirilgan?

 – Gulchi Salim.

 – Gulchi Salimmi? – deya to‘xtab qoldi. Jalila qaytib keldi. Unga:  – U sening mijozing  emasmi? – dedi. – Rahmim kelayapti u bolaga…

Men qiziqsinib Jalilaga qaradim.  U qo‘rqib ketgan edi.

 – Qayerdan meniki bo‘larkan? – deya urishdi o‘rtog‘ini. – Komissarning oldida alay-balay gap qilma.

 – Nega endi? – dedi Badriya. – Haftaning har etti kunida gul yubormayotganmidi senga?

 – Vaysama, komissar ham uni mening do‘stim deb o‘ylaydi.

 – Qanday qilib bu gullar masalasi? – deya so‘radim qiziqishim ortib.

 – Hech nima, komissarim,  –  dedi Yorqin Jalila ko‘zini olib qochib . So‘ng qo‘shimcha qildi:  –  Maqtanishga o‘xshamasin-u, lekin mening mijozlarim ko‘p, har kuni gullar jo‘natishadi. Gullar Salimning do‘konidan keladi-da. Shuni aytayapti bu xotin.

Badriya gap otishdan chekinmadi:

 – Gullarning Salimning do‘konidan kelgani to‘g‘ri, ammo ularni mijozlaring yo‘llaganmi yoki boshqa birovmi, bunisini  Alloh biladi.

 – Uning gaplariga e’tibor bermang, komissar,  –  dedi Yorqin Jalila. – Unga gullar kelmagani uchun rashki kelayapti.

Ayollarning g‘idi-bidisiga aralashmadim, bu mening vazifam emasdi. Qandolatpazning ko‘rsatmalari to‘g‘ri chiqqani uchun ortiq bu yerda turmay, ketishni lozim topdim. Islovatxonadan chiqib markazga bordim.  Qotillik joyida bo‘lgan dalillar laboratoriyaga yuborilgan, harakatlar boshlangandi. Ilk natija – pichoqdagi barmoq izlari bilan qandolatpaz Ramiznikiga to‘g‘ri kelmagani bo‘ldi. Ali ham ko‘p hayallamay keldi.

 – Barmen Orifni olib keldim,  –  dedi. – Shanba tuni uyda bo‘lganini aytdi. Ammo guvoh bo‘ladigan odami yo‘q. Vaziyatni shubhali topib, olib kelaverdim.

 – Yaxshi qilibsan, men ham bir subhatlashay shu o‘rtoq bilan.

Barmen Orif, qandolatpaz Ramizning teskarisi,  ushoq gavdali, qalin va qizil sochlari bor edi.

 – Salimni nega o‘ldirding? – deb so‘radim undan.

Yuzlari ko‘kardi-oqardi:

 – Nega Salimni o‘ldirarkanman?

 – To‘xtat ertak aytishni,  –  deya so‘zini kesdim. – Qandolatpaz Ramiz hammasini aytib berdi. Salimning sendan qarzi bor ekan, pulni beravermagach…

 – Yolg‘on! Men qotillikka qo‘l urolmayman. Ramiz nega bunday dedi, bilmayman, ammo Alloh va Qur’on ursinki, men hech kimni o‘ldirganim yo‘q!

 – Yaxshi, bo‘lmasa bu qarz  mashmashasi nimasi? – deya Ali ham so‘roqqa qo‘shildi.

 – Qarz deganingiz yetti yuz-sakkiz yuz million pul. Buning uchun odam o‘ldiriladimi? Ham Salimdan anglashimcha, fohishaxonadagi bir ayoldan oldi-berdisi bo‘lgan, bu hafta uzilishi kerak ekan qarzini.

 – Balki,  –  deya menga yuzlandi Ali. – Salimni Ramiz o‘ldirgandir, komissar? Aybni esa bu kishining ustiga ag‘darayapti.

Orif umid bilan bir menga, bir Aliga boqdi.

 – Odamning gunohini aytish yaxshimas, ammo Ramiz u do‘konni juda istayapti-da,  –  deya g‘udrandi. Balki o‘zini xalos etish uchun o‘rtog‘ini sotgandi u. Ali  uning elkalaridan tutib, ko‘zlarining tubiga boqdi:

 – Balki seni bu ishdan xalos etarmiz,  –  dedi. Tovushi ancha yumshagandi. – Ammo bizga dalil kerak. Sen Ramizning og‘zidan «Salimni o‘ldiraman» qabilidagi gaplarni eshitganmisin?

 – Yo‘q, sezdim. Ammo…

 – Ammo?..

 – Salimni do‘kondan chiqarish uchun har usulni qo‘llagandi Ramiz. Hatto bir marta do‘konning eshigi tirqishidan tahdidli xatlar tashlagandi. Salim u xatlarni yashirib qo‘yganini menga aytuvdi. Balki ularni topgandirsiz? Ammo qanday isbot etasiz Ramiz yozganini?

 – Bunisi pisand emas,  –  dedik.  –   Faqat Salim xatlarni tashlab yubormagan bo‘lsin.

Gulchi do‘konida Salimning otasi  xonani yig‘ishga kirishayotgandi. Maqsadimizni anglagach bizga ko‘maklasha boshladi. Stolning tortmalariga, orqadagi kichik qutiga qaradik, hisobot daftaridan boshqa narsa topolmadik. Orif aytgan xatlardan asar yo‘q edi. Balki qotil ularni ham o‘zi bilan olib ketgandir. Stolda turgan daftarni varaqlarkanman, sahifalarning biri hoshiyasida Yorqin Jalila  ismini o‘qidim. Xotin sakkiz yuz million qarzdor ekan. Nima qarz ekan bu deb qiziqish bilan  tekshirib, ayolga har kuni gullar jo‘natilganidan voqif bo‘ldim. Miyam g‘ovlagandi, Jingalak Badriyaning  «gullarning Salimning do‘konidan kelgani to‘g‘ri, ammo ularni mijozlaring yo‘llaganmi yoki boshqa birovmi, bunisini  Alloh biladi», degan so‘zlari quloqlarimda aks-sadolandi. Ayol har kuni o‘ziga o‘zi gul yubortirgan edi. Shu onda, Jalilaning politsiyadan ekanimni eshitishi bilan qanday hadikka tushganini ham esladim.

 – Ketdik, islovatxonaga boramiz,  –  dedim Aliga. Yordamchim nima demoqchiligimni anglatmagan yuzimga boqdi, ammo meni izlanishdan  ham to‘xtatmadi.

Meni yana qarshisida ko‘rgan Yorqin Jalilaning rangi bo‘z kabi bo‘ldi, ammo o‘zini yig‘ishtirib:

 – Yana Jingalak Badriyani ko‘rmoqchimisiz? – deya so‘radi.

 – Yo‘q,  –  dedim. – Bu safar sening ishing bilan keldim.

Quyuq bo‘yoqli ko‘zlari qo‘rquv bilan pirpiradi.

 – Ustingga tuzukroq kiyin, gaplashaylik.

 – Kiyinishning keragi yo‘q, bu mening ish formam. Nima so‘rasangiz so‘rang.

 – Xilvatroq  joy yo‘qmi, shuncha odamning orasida gaplashamizmi?

 – Shu yerda ham gaplashaveramiz,  –  deya tik qaradi.

 – Ammo,  –  dedim yaqin kelib. – O‘rtoqlaringning gullarni kim yuborganini bilishlarini istamassan?

Yuzidagi surbet ifoda o‘zgardi, tovushi titrab:

 – Tamom,  –  dedi.  –  Keling, yuqoriga chiqaylik.

Jalila mijozlarni qabul qiladigan xonaga kirgach:

 – Seni Salimni o‘ldirishda ayblaymiz,  –  dedim. Rad etishga taraddudlangandi:  –   Yo‘q erdan yolg‘on chiqarma,  – deya shashtidan qaytardim. – Pichoqdan barmoq izlaringni topdik.

Rejam ish bergandi. Inkor etmadi, barmoq izlarim sizda yo‘q, qanday aniqladingiz deb so‘ramadi hatto. Qo‘llarini ko‘kraklarida chalishtirib yuzimga  qaradi. Qahr bilan, kin bilan emas, o‘ziga ishongan bir avzo bilan boqdi. Bu ezilgan, xo‘rlangan ayolning ko‘zlaridagi kuch meni cho‘chitdi.  U nima uchun hibsga olinayotganini tushuntirishimizni so‘radi.

 – Chunki siz undan gul puli qarzsiz, lekin to‘lamagansiz, sakkiz yuz million uchun uni o‘ldirgansiz.

U achchiq kuldi:

 – Uni pul uchun o‘ldirmadim,  –  dedi.  –  Pul uchun odam o‘ldirmayman men. Tanimni sotaman, ammo pul uchun jonga qasdlanmayman. Salim obro‘yim bilan o‘ynashishga tushdi. Qarzimni ikki hissaga chiqarib, to‘lamasang gullarni o‘zingga yubortirganingni islovatxonaga yoyaman, dedi. Shanba tuni u bilan suhbatlashgani bordim. «Bunday qilma,  –  dedim. – Men keksaydim, mijozlarim avvalgiday ko‘p emas, menga vaqt ber, gullarning pulini uzaman». U quloq solmadi, uning ham qarzi bor ekan.  «Sen boshqasidan ol, bo‘lmasa bankdan qarz ol», dedi. «Bunday qila olmayman», dedim. Ahamiyat bermadi. «Menga makrlaring o‘tmaydi, seni butun o‘rtoqlaringga sharmanda qilaman», dedi. Men ham  stolning ustidan pichoqni olib yuragiga sanchdim…

Turkchadan Iroda Umarova tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting