Zulxumor Orifjonova. She’rlar

0
501
ko'rishlar soni

(tush)

I

Deraza ochildi,

qulab tushayapman so‘ngsizlikka, jim.

Hayqira olmayman,

va seni chaqira olmayman,

yoki ko‘zyoshlarga yetmaydi kuchim.

Men shundayin boqaman ko‘kka,

Kipriklarim qoqadi qanot,

Atrofdagi tunning rangini,

O, ko‘ksimga sochar xayolot.

Ko‘zlarini chirt yumar borliq,

Shamollarga tushar og‘irim.

Shu onda ham o‘ylayman seni,

sog‘inib…

Qaydadir uyg‘onib ketar yashillik,

Qaydadir xo‘rsinar chiroqlar…

Sen uchun umrimda yashagan,

muhabbat ketmoqda yiroqlab…

…Sezmaysan

yoningda boraman,

Ko‘ksimda berkingan qush bilan.

Bir kuni uyg‘onib ketasan,

men ko‘rgan tush bilan…

II

Qo‘llarimda

sindi ko‘zgular,

har gal boqsam —

sen bor eding unda shubhasiz.

O, bizlar kim, sog‘inib yashab,

Tinglolmasak oshiq suhbatin?

Tinglolmasak tun qo‘shig‘ini,

To‘rtta devor jimib yashasa.

Shamollar ham anduhlarini,

derazamga sochib tashlasa…

Rozimisan otmasa tonglar,

borolmasam shahringga qayta,

gar uyg‘onsam yillar oralab,

ismingni ham bilmasdan xatto.

…qo‘llarimda

sinsa ko‘zgular,

va mavjlansa hovuchimda ishq,

gullab chiqar tomirlarimdan,

go‘zal yonish…

sen bor eding unda shubhasiz.

***

Men eplay olmadim,

yomg‘irdek to‘kilmoqlikni,

Yelkangga bosh qo‘yib,

so‘ngra dardlar aro yiqilmoqlikni.

Eplaganim faqat tunlar alahsib,

tonglar uchganimmi samosiz qushday?

Sendan ketaverdim kunlar adashib,

Senga eltaverdi poyonsiz tushlar…

Olislab boraman,

yo‘qotib — kelganim yo‘llar tarxini.

Unutib qo‘yaman umrimdagi bir,

muhabbat haqqini,

ishqning haqqini…

Daraxtlar mung‘ayar fevral qoshida,

ko‘klam hanuz uzoq.

Ortimga boqsam

Kimgadir og‘iri tushmasmikan, o

ko‘nglim bog‘larni yoqib yuborsam…

***

Esimda,

bu faslning ko‘p edi tuhfasi,

Qo‘llarimga xatto osmonni tutdi,

Ammo ufqlarning qoshida turib,

nenidir unutdim…

Esimda,

bog‘larning shivirlaridan

o‘zimni

yiqilgan yaproqlar bag‘riga otdim

Shu tobda umrimda hech kim sezmagan,

nenidir yo‘qotdim…

Soyabonsiz edim,

bizni bilmasga

noayonmiz dedim,

ko‘nglim ko‘nmadi.

O, faslim, sen ketgach bog‘larda qayta,

yashillik unmadi.

Moviy tumanlarda qoldim adashib,

Faqat bilganim shu,

tushlarim kemtik.

Va endi har kecha, har tun qoshida,

suratin chizaman qanotsiz erkning…

nenidir unutdim.

***

Borsam,

ko‘zlarimga botgan kechaning,

oxiriga yetmay tongning qoshiga.

Subhlar so‘roqlab o‘tsalar tag‘in,

— Sen kimning oshig‘i?

Osmon huvillaydi,

kiprik qoqsamu,

qulab tushadigan kabi ko‘ksimga.

Ortimdagi qolgan yillar birma bir

savoldek tortilsa ufqning bo‘g‘ziga —

Sen qaysi tomondan berasan xabar?

Men qay yo‘l boshida turibman mulzam?

Qachondir o‘ng kelgan tushlarim sanab,

qoshingda boshimni ko‘tarib tursam —

shunda o‘z vaqtida keladimi tong?

shunda daraxtlar ham ko‘tarib qaddin,

ko‘klamni keltirgan yellar oldida

gullasa,

tan olib bor haqiqatni,

borsam…

(xirgoyi)

Ming yildirki,

men tushda yashadim.

Dengizlar yelkamdan toshib o‘tdilar,

Kunlarim tunimga qochib o‘tdilar…

Va tuyqus uyg‘ondim —

(asli ko‘zlarimga inmagan uyqu)

O, tilsiz uyg‘ondim,

Kimningdir yuzida o‘ynadi kulgu.

…sening izlaringdan ergashganim rost,

Ranglarni atadim sen ko‘rgan xilda.

Ammo yildan yilga, kunlardan kunga,

bu umrim biroz,

og‘irday..

Axir ayt,

kim eding?

Men sendan kecha olmadim,

Va yo ketolmadim, yengdimi qo‘rquv?

O, nega qoshimda turibsan mag‘rur

Xatto bo‘g‘zimgacha to‘lganida suv?

Suuv…

qara, peshonamni yuvdi to‘lqinlar,

Men esa o‘ylardim, tuproq maydalab:

umrimning o‘tovi bu ko‘cha, bu uy,

sen esa tinmaysan

uyg‘ongan tushlarim allalab…

Tag‘in men ojizdek,

tag‘in sen ulkan

yelkangni tutgancha kelsang, jim edim,

Qaytadan yashasam tushlarimda, ayt,

Kim edim,

kim edim,

kim edim?

2020, may

***

Tog‘lar sendan so‘zlagaydir,

boshim qo‘yib,

tinglagayman…

gar bu yo‘llar sen tomonga chorlab o`tsa,

umr bo‘yi

irmoq kabi tinmagayman.

Sen bilmaysan,

binafshaning lablaridan

sizib chiqqan huzn edi.

Men kechirgan umrlarning hammasini,

allaqachon yashab qo‘ygan o‘zim edim.

Gullayotgan qirlarga boq,

qanday g‘amsiz ko‘rinadi ko‘zlaringga?

Axir ishq deb, tirilish deb,

xatlab keldim necha-necha kuzlarimni.

Osonmikan tomirlarni yorib chiqqan,

izhorlarning to‘kilmog‘i?

O, men qancha asraganim gulbarglarning

tun bo‘g‘ziga tiqilmog‘i.

Gar kechmoqqa qadar bo‘lsa,

Manzilimga yetmay illo ming asrlar.

Sen ham ketsang, men ham ketsam

bu dunyodan,

bog‘lar uchun

nima qolar to‘rt fasldan?

***

Ostonangga boshim qo‘ydim,

yo‘llar meni tanimadi,

bahorlari bog‘lariga xazon to‘kdi.

Ko‘zlarimdan ufqlarning manglayiga

dardlar cho‘kdi.

Boshim oqqan tomonlarning oxiri yo‘q,

Qanot bo‘lsam, xayollarim izn bersa.

Ko‘ksimdagi chechaklarning nafasidan

Saratonning hovuchlari qizil bo‘lsin.

Qo‘llarimga dutor olsam,

Sochlarimdan tori bo‘lsa,

kuy yog‘ilsa ko‘zlarimdan.

Ortga boqsang, bu kechaning yulduzlari

ko‘z yosh bo‘lib to‘kiladi izlaringga…

Yo‘llaringga boshim qo‘ydim..

boshin egdi gullayotgan yosumanlar.

Bir ishq bo‘lib,

O, eng go‘zal xonish bo‘lib

yuragingga kirib borsam…

orzumandman…

***

Na ko‘ngil asradi bizni azizim,

Na xush qarshiladi bu yilgi kuzak.

Yig‘layotgan torlar uziladi chirt,

Yaproqlar to‘kilar ko‘ksimga muzlab…

O, yashash mumkinmi sukutlar ichra,

Oldingdan oqyotgan vaqtni simirib.

Istamam, qachondir ortga qaytmoqlik,

Nasibing bo‘lmasin kuzni qidirib.

Axir, qachon edi mening kelganim,

Axir, ketmog‘imni sezdirmay qorlar,

yo‘lingga yog‘ilar,

yo‘ling oq bo‘lsin…

Mening ko‘zyoshlarim sening savobing,

Afsuslaring menga bir gunoh bo‘lsin.

Ammo,

sen yaratgan kuy bor umrimda,

Havolarga singgan navodir hazin.

Torlar chalinadi kuzning bag‘rida,

O‘tsa ham ming asr…

na ko‘ngil asradi bizni azizim…

***

Bu tun og‘ir tun edi, o,

Daraxtlarda mezon og‘ir,

Yuragimda gumon, og‘rir,

bilasanmi?..

Oyna orti

tushlar suzar,

o‘ng faqat men,

qaytarmikan o‘zimniki bo‘lgan tushlar?

O, yomg‘irlar yog‘a boshlar tashqarida,

derazamni mushtlab, mushtlab.

Ocholmayman yuragimni,

tomchilarning kuylariga bog‘lar to‘lsin.

Angladimki,

sen men uchun umrimdagi

yetib bo‘lmas uzuuun yo‘lsan…

Sen qanchalar kuyunmagin,

bu dunyoning ishlariga,

Xavotirim, qanotlari xorib kelgan,

xuddi mezon qushlariday

qishdan emas…

Unutishdan…

Kunlar kelib bu bog‘lardan,

izlaringning o‘chmog‘i bor.

O‘shanda ham ruhim masrur,

O‘shanda ham ko‘nglim xumor,

bir ishq bo‘lib qoladirman…

ko‘nasanmi?..

***

Ko‘zlarimda

ufqlarga atalgan olov,

havolarni boraman  kechib…

O, uyg‘onib ketar odimlarimdan,

Seni uyqu eltgan bu tonglar, kechir…

Qaytaman

ko‘klamning xayollariday,

Tushlaringga sizib kirar borligim.

Bo‘g‘zimdagi so‘zlar kelguningcha to

bo‘ynimga dormikin?..

Tomirlarim

daryolarga tutashadi,

O‘zanlardan ufqlarga oqib borgum.

Va sochilib ketgum tongning kaftlaridan,

Kiprigimda bir yosh qoldi…

Bu dunyoning mendan o‘zga g‘amlari ko‘p,

Xabaring yo‘q kunlarimning yonishidan.

O‘tinchim bor, faqat meni

ayirmagin

Ko‘ksimdagi sog‘inchimdan…

Avvalgi sahifaYoz kunida
Keyingi sahifaMa’yus hikoya
Ulashish

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting