Anna Axmatova. She’rlar.

1
467
ko'rishlar soni

Dillar dilga zanjirlanmagan,

Gar istasang, ketaqol xushvaqt.

Sayyoh yo‘lda erkin bo‘lsa gar,

Bilki, unga quchoq ochar baxt.

Yig‘lamayman, kuyinmayman, yo‘q,

Endi baxtli bo‘lolmayman ham.

O‘pma, vujudimda so‘ngan cho‘g‘,

O‘lim bo‘sa oladi mendan.

Qahraton qish bag‘rida og‘ir

Xorg‘inlikda yashaldi har kun.

Aytgin, mening tanlaganimdan

Nimang bilan ustunsan, ustun?!

***

Senli kunlar bitmoqda oxir,

yo‘q, yo‘q, hijron tilmas qalbimni.

Qanday, qanday unutay axir

o, eshitdim yurak zarbingni!

Bilamanki, bunda bir sir bor -

so‘nmas olov, alanga go‘yo…

Visol bizni siylar ehtimol

va sen menga boqmassan qiyo.

***

Sarskoye Selo*

1.

Otlar o‘tar–titrar xiyobon,

Silliq yollar tebranar sim-sim.

Sirli shahar–maftunkor makon,

Seni sevib,  qayg‘uga botdim.

Eslash og‘ir. O‘rtanardi dil –

O‘lim oldi olgandek nafas.

Endi esa bir qush misoli

O‘yinchoqman,  oshyonim – qafas.

Siqilmagan ko‘ksim og‘riqdan,

Istasang,  kel – ko‘zlarimga boq.

Faqat yoqmas dengiz shamoli,

Shom vaqti va »ketaqol» demoq.

2.

U yoqda-chi, marmar sherigim,

Qari chinor ostida ayni,

Ko‘l tomonga yuz burgancha jim

Yashil shivirlarni tinglaydi

Va yomg‘irlar yog‘adi shavvos

Uning bitgan yaralariga.

Oq, sovuq kun,  shoshma, iltimos,

Aylanaman men ham marmarga.

3.

Bu ko‘lning kar sohillarida

Sang‘ir edi bir yosh o‘spirin.

O, qadamin shitirlarini

Ardoqlaymiz yuz yildan beri.

To‘nkalarda archa barglari…

Go‘yo  birdan jonlanar yodim:

Bunda uning shlyapasi va

Maydalangan Parni kitobi.

*she’r Pushkin haqida va Pushkin tug‘ilgan  qishloq — Sarskoye Seloda yozilgan. Evarust Parni Pushkinning sevimli shoirlaridan biri bo‘lgan

***

Surnay chalar bolakay sho‘xchan,

Gulchambarin to‘qir qizaloq.

Huuv olisda pirpirar gulxan,

Kesishadi ikkita so‘qmoq –

Muhrlayman yodimga abad,

Barchasiga qolaman sodiq.

Bir narsani anglolmam faqat

Va eslashni istamam ortiq.

Sizdan sabot so‘rmam, to‘kilmam,

O, isinib olsam bo‘lgani!

Qanotli yo qanotsiz – bilmam…

Xudo yo‘qlab kelmagay mani.

***

Muhabbat — bu buyuk firibgar,

No‘noq kuy-la egallar tayin.

Shu chog‘gacha seni bunchalar

Ko‘rmagandim vazmin va g‘amgin.

Bog‘ yo uyda, qayda bo‘lmasin,

Yoring senga kulib boqqan on,

Erkinlikda yurarding erkin,

Har tomonga boqarding shodon.

Ko‘ksingda boy berilgan yurak,

Mast eding u tutgan og‘udan,

Yulduzlar ham edi yaqinroq,

Yoqtirarding maysalar hidin,

Kuzgi,

Qovjiragan maysalar hidin…

***

Chorasizman. Muzladim birdan,

Yengil odim tashladim ammo.

O‘ng qo‘limga kiyib olibman

Qo‘lqopning chap poyin,  ajabo!

Zinali yo‘l ko‘rindi uzun,

Uch qadamda tugadi biroq.

Shivirladi xazonlar mahzun:

«Birga o‘lim topaylik, o‘rtoq!

Ma’yusginam, aldandim men ham

Bu beqaror, makkor taqdirga…»

Javob berdim: «Mayli, jonginam,

Men o‘larman sen bilan birga…»

Bu ayriliq, vido kuyidir,

Ortimda uy. Bag‘rimda titroq –

Yotog‘ingdan taralardi nur,

Loqaydlarcha yonardi chiroq…

Shohinur Usmonova tarjimasi

1 ta izoh

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting