CYeHRLI DIYORDAGI ODAMOVI

0
463
ko'rishlar soni

esse

Tomdan to‘rt oyoqda emas, ikki oyoqda tushgan mushukni kim ko‘rgan? Menimcha, hech kim. Boz ustiga yerga tushgach, u sen tomonga qarab bamaylixotir jilmayib tursa — g‘ayritabiiy tuyularkan. Ko‘pchilik shu yerda tush ko‘rmayapmanmikin deb og‘zi lang ochilib, o‘zini chimchilab ko‘radi. Men ham boshida shunday qildim. Jag‘im osilib, o‘zimni qattiq chimchiladim.

-Birodar, og‘zingni yop!- dedi mushuk tarnovdan osilib yerga tushgach jilmayib.- Aks holda, pashsha kirib ketadi.

U ikki oyoqda muvozanatini saqlab turardi. Boshiga tennischilarning to‘rli kepkasini qo‘ndirgan, egnidagi kulrang kostyum-shim, oyog‘idagi jigarrang sport poyabzali o‘ziga yarashgan, oqargan baroq qoshlarini chimirib, ortida qimirlab turgan dumini goh taranglashtirib, xunuk tarzda saqich chaynardi.

-Uff, darrov mazasi tugadi,- dedi bir payt saqichni yerga tuflab tashlab.

Og‘zini ipak dastro‘moli bilan artib olgach, sekin yurib oldimga keldi.

-Salom,-dedi so‘ng qo‘lini uzatib.- Men etik kiygan mushukman.

Salomlashishimni kutib o‘tirmay, u shu yerda o‘ziga tezgina razm solib oldi.

-To‘g‘ri, hozir moda o‘zgargan. Axir, yigirma birinchi asr-da! Shunga etik, shlyapa va mushketyorlar kiyimidan, yana qadrdonim qilich jonivordan ham voz kechganman. Ularning o‘rniga mana bu yaltiroq narsalarni o‘zimga ep ko‘rdim.

Shunday deb u boshdan oyoq usti-boshini paypaslab chiqdi. Cho‘ntagidan eski revolverni chiqarib, paqillatib havoga bir-ikki o‘q uzdi.

-Bunday yurish bir oz noqulay bo‘lyapti. Yoshim o‘tib qolganiga bo‘lsa kerak.

-Mushuklar bunchalik uzoq yashashmasdi-ku!- dedim nihoyat men ham tilga kirib.

-Etik kiygan mushuk hech qachon o‘lmaydi, birodar,- dedi u qoshlarini tag‘in chimirib.- Qiyomatgacha tirikman, qiyomatgacha. Ertak eshitadigan bolakaylar bor ekan, men barhayotman.

-Tanishganimdan xursandman,- dedim unga angrayib qarab.- Bolaligimda o‘zi sen haqingdagi ertakdan boshqasini eshitmaganman.

U mamnun holda, lekin bir oz jig‘ibiyron bo‘lib, askarlarga o‘xshab shaxdam qadam tashlagancha ortimdan xonamga kirdi. U erda tartibsiz yozuv stolim ustidagi kitobga bir sidra nazar tashladi.

-Amerika shoirlari antologiyasi,- dedi barmog‘i bilan hushtak chalgandek bo‘lib.- Uitmen, Longfello, Dikinson… Ajoyib shoirlar!

-Dikinsonning she’rlarini o‘qiyotgandim,- dedim kitobni yopib, stol ustini tartibga keltirarkanman.- Bir finjon qahvaga nima deysan?

-Sutli bo‘lsa ikki finjonga ham yo‘q demasdim.

Qahva damlab kelganimda mushuk stol qarshisida o‘sha antologiyani varaqlab o‘tirardi. Bir oz o‘tib, kitobdagi Emili Dikinsonning she’rlaridan birini ohang bilan o‘qiy boshladi:

Tangrim! Sendan o‘zga hech yaqinim yo‘q,

Bir Senga ocharman dilim-ishqimni!

Kechir, men o‘shaman-Seni unutgan,

Lek Sen unutmassan axir hech kimni?

Yo‘q, men o‘zim uchun qilmam munojot-

Vujudi qush kabi yengil bir kasman,

Xudoyim, tanim deb tashvish qilmasman,

Bu juda yengil yuk sen uchun, hayhot…

-Nega Emilining she’rlarini o‘qib o‘tirganingni sababini bildim,- dedi u menga o‘girilib, qo‘limdan finjonni olarkan.- Sen uning she’rlariga maftunsan, uni yoqtirib qolgansan (albatta, shoir sifatida).

-Buni qayerdan bilasan?- dedim qahvamdan xo‘plagan ko‘yi.

Mushuk shunda o‘pkalanib o‘rnidan turdi.

-Balki meni sizlasang bo‘lardi. Har holda sendan ancha kattaman. Dikinsonga kelsak, sen bilan u xuddi egizaklar kabisiz. Sizlarda nima deyilardi buni. Ha, topdim: Fotima va Xusan.

Men uning gapiga xoxolab kulib yubordim.

-Isitmang bormi? Nazarimda qirq darajali isitmadasan.

-Senlaganing yetmagandek ustimdan  ham kulyapsanmi?!- dedi u menga qovog‘ini uyib qararkan.- Esingdan chiqmasin. Cho‘ntagimda revolver bor-a. O‘qlangan.

Men boyagi havoga uzilgan o‘qlarni eslab, birdan jiddiy tortdim. Xona chetidagi kresloga borib o‘tirdim. Mushuk bo‘lsa dumini likillatib xonada u yoqdan bu yoqqa yura boshladi.

-Bu yerda anchadan beri karantin ekan. O‘latdan qo‘rqib ketishganidan odamlar rosa xudojo‘y bo‘lib ketishibdi. Tinmay xudoga yolvorishyapti endi. Eh, xudo bexabarlar. O‘zlari barcha ishlarini yig‘ishtirib qo‘yib, ibodatga egilishgan. Bolalariga esa men haqimdagi ertakni aytishyapti. Odamzodga hech tushunmadim tushunmadim-da. Azaldan shunday… Riyokor, munofiq… Xullas, qo‘shningni tomida bir hafta yashab seni ko‘p kuzatdim. Bugundan seni tomingdaman. Bu xulosam shu kuzatishlarim natijasi. Ya’ni, Emili bilan egizak ekaning. Baayni u kabi odamovisan. Darvoqe’, yana bormi sutli qahvangdan?

U boshimni qimirlatishga ulgurmasimdan oshxonaga otilib chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay, u yerdan rohatlanib, lablarini dastro‘moliga artgan holda qiyshanib qaytib keldi. Shoshilib ichganidan qahva kostyumini u yer bu yeriga tomib tushgandi. Uning yuqi tomchi shaklida yaqqol ko‘zga tashlanib turardi.

— Emili haqida gaplashaylik,- dedi kreslodan meni turg‘azib, o‘zi unga yalpayib cho‘kkach, lablari atrofini silab-siypalab.- Uning she’rlari senga yoqadimi rostan yo boyagi taxminim noto‘g‘rimidi?

-Yoqadi,- dedim yozuv stoli qarshisiga borib, Amerika shoirlari antologiyasi tomon tikilarkanman.-She’rlari ancha yaxshi yozilgan. 

-Men u bilan shaxsan ko‘rishganman.

Shu yerda mushuk aniq qirq darajali isitmada ekanligiga yana bir bor o‘zimni ishontirdim. U ham chamasi buni sezdi shekilli, lablarini asabiy burishtirdi.

-Yana meni o‘zida emas deyapsan, sezyapman. Ammo bu rost. Men Emili Dikinson bilan Amerikadagi fuqarolar urushi davrida bir tom ostida ancha  yashaganman. Aniqrog‘i, to‘rt yil. 1861 yildan 1865 yilgacha.

Agarda revolveri bo‘lmaganida uning bu gaplari uchun qulog‘i ostiga shapaloq tortib yuborgan bo‘lardim. Aksiga olib revolver qo‘ndog‘i uning kostyumi cho‘ntagidan chiqib, odamni xavotirga solib turardi. Xavotir aralash bo‘shashib stulga o‘tirdim.

-U paytlar men anchagina yosh edim,- davom etdi mushuk xuddi yoshligini eslaganda entikadigan mo‘ysafidga o‘xshab xomuza tortib.- Qaddim dol emas, alif yurar, belimdan quvvat ketmagan, baroq qoshimga hali oq oralamagandi. Sharl Perro endigina meni katta hayotga qo‘yib yuborgan paytlar edi. Bolalar men haqimdagi ertakni yodlaridan qo‘ymay, har oqshom eshitib uyquga ketadigan dorilomon zamonlar bo‘lib, men emin-erkinlikda davru davron surar, ertangi kun haqida o‘ylamas, qaysi bolakay sharafli ismimni zikr qilsa yoki kamina haqidagi ertak biror bir xonadonda aytilsa, Yaratgan izni bilan men o‘sha yerga yo‘l olar va rizq-u nasibam tugaguncha u yerdagi o‘zim tanlagan xonadon tomida umrguzaronlik qilardim.

Ko‘pincha ota-onalar insoniyat boshiga kulfat tushganida bolalariga men haqimdagi Sharlning ertagini aytib berishardi (hozir ham shunday ekan). Umuman olganda, istalgan ertakni ular tinchlik va xotirjamlik hukm surgan paytlari aytishmasdi. Ibodat ham qilishmasdi ko‘p qismi. Ittifoqo yashayotgan zaminlarida zilzila ro‘y bersa yoki sel kelsa, vabo tarqalsa yoki urush boshlansa ular o‘z jigarbandlarini bu balolardan chalg‘itish maqsadida  ularning qoshida ertak aytib o‘tirishar, o‘zlari esa tonggacha tinchlik paytlari eslaridan chiqargan ko‘kdagi Zotga iltijo qilib, bu baloni aritishini so‘rab duv-duv yig‘lab chiqishardi.

1861 yilda AQSHda fuqarolar urushi boshlandi. O‘sha yili bu sehrli diyorda shunchalik ko‘p bolaga men haqimda ertak aytildiki, u yerga ummon orqali qayiqda suzib borishga majbur bo‘ldim. Bu uch haftalik safar meni holdan toydirdi. Yo‘l bo‘yi mijja qoqmadim. Manzilga yetib borgach, rostakamiga lol qoldim. Deyarli barcha  shaharlardagi bolalar tinmay meni o‘zlariga chorlashar, ayrimlari menga havas bilan yashashar, ayrimlari  taqlid qilib yog‘ochdan yasalgan qilichni yonlariga taqishib, boshlariga eski shlyapani qo‘ndirib yurishardi.

Mamlakatda vaziyat o‘ta qaltis bo‘lib, tili va dini bir bo‘lgan, bir zaminda kindik qoni to‘kilgan odamlar bir-birini o‘ldirish, so‘yish, chavaqlash bilan ovora edilar. Janub bilan Shimol o‘zaro urushar, biri quldorlik tizimini bekor qilishni istasa, ikkinchisi buni istamas, urush buning oqibatida kundan kunga chuqurlashib, butun mamlakat bo‘ylab keng tomir yoyib borardi. Prezident Linkoln boshi qotar, sarson-sargardon bo‘lib, yuragi siqilgancha urushga barham berish maqsadida shtatlarni kezib yurardi.

Men lash-lushlarimni ortmoqlab, Massachusets shtatiga bordim. U yerda kichkinagina Amxerst deb nomlangan shahar bor edi. O‘sha yerdagi bitta oilaning  xonadoni tomidagi cherdakka joylashdim. Bu yerda uchta opa-singilga har kuni men haqimdagi Sharlning ertagi aytilardi. Dastlabki kunlari bundan rosa rohatlandim. Ochig‘i, o‘zing haqingda kunda eshitaversang, qahramonliklaringni gapiraverishsa moydek yoqib, semirib ketarkansan. Menda ham shunday bo‘ldi. Semirib, shishib ketdim. Shu sababli cherdakda zerikib, sekin-asta yerga tushdim. Albatta, ikki oyoqlab emas. Oddiy mushuk kabi to‘rt oyoqlab, buning ustiga kiyimlarim, shlyapam, etigim va qilichimsiz (meni ikki oyoqda va po‘rim holda ko‘rganlarning yuragi tars yorilib ketmasin dedim-da). Xonadon yaqinidagi o‘tloqda bolalar bilan muntazam o‘ynay boshladim.

Ular shirin bolalar edi. Men bilan har kuni  ko‘m-ko‘k maysazorda o‘ynashardi. Bizni negadir qo‘shni uyning ikkinchi qavatidagi derazasidan bir qiz kuzatib turardi. U ko‘p kuzatardi. Gohida o‘ychan, gohida jilmayib. Uning tashqi ko‘rinishi binoyidek, chiroylikkina, soch turmagi o‘ziga yarashgandi. Lekin negadir u doim oq qo‘ylakda bo‘lardi. Uning kimligini tasodifan cherdakdan oshxonaga sichqon ovlagani tushganimda xonadon sohiblarining o‘zaro gurungidan bilib oldim.

-Emili sal g‘alatiroq,- dedi xonadon sohibi (qirq yoshlardagi, semiz va jahldor erkak).

-Sal emas, ancha,- e’tiroz bildirdi sohiba (o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlardagi, to‘lacharoq, sergap ayol).- Doim oq ko‘ylakda yuradi, birovga qo‘shilmaydi, yakshanba kunlari boshqalar bilan cherkovga borib ibodat qilmaydi. Hatto, ko‘ngilochar tadbirlarga bormaydi. Odamoviligi hayron qolarli darajada.

-Yaqinda doktor bilan eshik ortidan gaplashganini eshitib aqldan ozay dedim. Doktorning o‘zi ham angrayib qoldi. Birinchi marta bemorimni eshik oldida turib, davolashga urinib ko‘rdim, deb kinoya qildi.

-U doktor ekan,- dedi sohiba xoxolab kulib.- Boshqa shtatdan yo‘l yurib, horib-charchab kelgan qarindoshini oldiga ko‘rishgani xonasidan chiqmagan-ku, bu qariqiz.

Bir kuni bolalar bilan hovlidagi maysazorda o‘ynayotganimda, nogahon Emili oldimizga keldi. U bu safar ham oq ko‘ylakda bo‘lib, yaqindan e’tibor berilganda o‘ttiz yoshlar atrofidagi parishonxotir va g‘amgin bir qiz edi.

-Buncha shirin mushuk,- dedi entikkancha qarshimga tiz cho‘kib.- Kela qol o‘zimga.

U shunday deb meni bag‘riga oldi. Keyin bolalarga qo‘shilib o‘ynadi. Xonadon egalari va bir to‘da begonalar ko‘chada ko‘ringach, “eshaklar” deb baqirganicha to‘satdan o‘z uyi tomon yugurib ketdi. Kechqurun tomdan tushib, uning chirog‘i yoniq turgan xonasi tomon bordim. Ikkinchi qavatga tarnov orqali ko‘tarildim. Deraza oldida meni payqagach, u yosh boladek quvonib ketdi va ko‘tarib xona ichkarisiga oldi. Oqshomni shu tarzda uning xonasida o‘tkazdim.

Shu-shu buyog‘iga har oqshom uning xonasiga kirardim. U xonasida erkalash niyatida doimgidek menga bag‘rini ochar, tuklarimni silab-siypalar, qimirlayotgan dumimga kaftini tutib, qiqir-qiqir kulardi. Shundan so‘ng, karavotiga meni chalqanchasiga yotqizib qo‘yib, o‘zi yozuv stoliga o‘tirgancha she’r yozardi. She’rni yozib bo‘lgach, siyohi to‘laligicha qurimagan qog‘ozni tokchada turgan temir sandiqcha ichiga yashirar, uni qulflagach, deraza romlarini katta ochib atrofni ko‘zdan kechirardi.

-Meni odamovi deyishadi,- derdi shunday lahzalarda menga o‘girilmay (menga gapiryaptimi yo o‘zigami — buni ajratolmasdim).- To‘g‘ri, odamoviman. Bu har bir tug‘ma ijodkorga xos xislat. Ijodkorning boshqa odamlardan farqli ravishda o‘z badiiy olami bo‘ladi. U ko‘pincha mana bu moddiy olamni o‘sha badiiy olamiga qorishtirib yubora olmaydi. Shungadir balki uni o‘z  olamidan ayro holda tasavvur qila boshlagach, undan zerikadi, yashash davomida unda nafas olishdan yuragi bezillaydi, o‘z olamiga kuchli intilishni boshlaydi, odamoviligi ortadi. Boshqalarni bilmadim-u, lekin menda shunday. Men bu olamga begonaman. Faqat o‘z olamimdagina baxtni his qilaman.  

Aslida bu moddiy olamning nimasi qiziq? Bu yerda ko‘pchilik riyokor va munofiq. Mana masalan, qo‘shnilarim har yakshanba kuni cherkovga borib ibodat qilishadi. U yerda berilib, ko‘zlarini yumib, rido kiygan ruhoniyning ezma va’z-nasihatlarini tinglab o‘tirishadi. Uylariga Xudoga tavba qilgan, gunohlaridan forig‘ bo‘lgan chinakam nasroniy bo‘lib qaytib kelishadi. Ammo o‘z farzandlarini kiprik qoqmay urushga yuborishadi. Ularni yurt himoyachilari hisoblab, qahramondek ko‘rib Janubdagi yankilarni yer bilan yakson qilishlari uchun qo‘llariga qurol berib, egnilariga harbiy forma kiydirishadi. Vaholanki, o‘sha yankilar ham ularning o‘zlari kabi bir osmon ostidagi insonlar. Qolaversa, nasroniy dinida “bir-biringni qoningni to‘kma”, deyilmaganmi? Menimcha, deyilgan. Unda nega ular o‘z farzandlarini urushga yuborishadi? Axir ular dushman sanayotgan tarafdagilar ham shu yurt fuqarolari-ku! Cherkovdagi ruhoniy nega ularga qon to‘kishlari uchun fatvo beradi? Injilda bunday yozilmagan-ku! Uning shu fatvosi sabab  kun ora bu yerdan qurollangan  va to‘p etaklagan, otlarga mingan zobitlar, oq kiyingan hamshiralar ko‘tarinki kayfiyatda va qo‘shiq kuylab Boston tomon yo‘l olishadi. U yerda ular o‘zlari kabi ruhoniy fatvosini olgan generallar tomonidan urushning qoq markaziga safarbar qilinishadi va janubliklar bilan shimolning qonli urushini davom ettirib yo halok bo‘lishadi, yo nogiron bo‘lib uylariga qaytib kelishadi. Men shuni tushunmayman. Bu noshudlarning cherkovda birgalikda Xudoga ibodat qilishlari nimasi-yu, uning tashqarisida qon to‘kishlari nimasi? Cherkovdagi ularning ibodati ham riyo, ruhoniylari esa manfaat yo‘lidagi munofiq. Men shuning uchun cherkovga bormayman. Shuning uchun ibodatni o‘z xonamda bajaraman. Hatto, shu mazmunda she’r ham yozganman:

Ibodatga ketar bu xalq kech chog‘i,

Toat uchun cherkov kerakmas hecham.

Bosh ustimda gumbaz-yam-yashil bog‘im,

Qiroat qiladi menga-musicha.

Kimxob kiyar toat onida kimdir-

Men so‘zdan qanotim bog‘lasam-etar…

Xayolim falakda sayr etib ketar.

Mitti bir qo‘ng‘iz ham-birodarimdir.

Toatga chaqirar meni-chigirtka.

Nasihat qiladi Tangrim ushbu on-

Yolg‘iz u menga eng Oliy ruhoniy-

Uning mujdalarin anglamoq oson.

Meni bu yerdagilar odamovi deyishadi. Qo‘shnilarnikida madaniy tadbirlar bo‘lsa chiqmasligimni gapirishadi. Chiqib nima qilaman? O‘sha tadbirlarning nimasi qiziq? Tadbir davomida bu kaslar o‘ynab-kulishadi, itdek yayrashadi, ichib xumordan chiqishadi,  gubernatorga tonnalab paxta qo‘yishadi, erlik ayollar bilan ayolmand erkaklar valsga tushib, sirli ishshayib, hiring-hiring qilishadi. Ertasiga esa birining kuchugi ikkinchisining bog‘idagi maysa ustiga hojatini chiqargan bo‘lsa, jabrdiydasi dunyoni boshiga ko‘tarib, aybdorini sudga beraman deb dag‘dag‘a qilishgacha boradi.

Meni odamovi deyishadi. Ular tamomila haq. Nimayam derdim? Uzoq yerdan qarindoshlarimdan biri kelsa oldiga tushmasligimni g‘iybat qilib, soatlab gapirishadi. Qanday oqibatsizlik bu, shunday emasmi? Biroq besh-olti yildan beri maktub ham yo‘llamagan, onam va mening bu dunyoda borligimizni butkul unutgan o‘sha qarindoshimni yodiga qo‘qqis tushganimiz menga bir oz g‘alati tuyuladi-da. U yo qarz so‘rab kelgan bo‘ladi, yo qarzdorlardan qochib, oyoqqa turib olguncha uyimizda sig‘indiga o‘xshab yashash uchun. Tashrifidan boshqa maqsadni ko‘rmayman.

Ularning fikrida jon bor. Men odamoviman. Oldimga onam chaqirtirgan doktor kelsa, u bilan eshik ortidan turib gaplashaman. Unga peshvoz chiqmayman, kutib olmayman. Peshvoz chiqqanim bilan nima o‘zgaradi? Gippokrat qasamxo‘rini ichkariga kiritsam, u tomirimni ushlab ko‘rib tanish tashxisni qo‘ygach, bir varaq qog‘ozga bir dunyo dori-darmon yozib beradi. Xizmat haqqi ko‘rsatilgan chekni qo‘limga tutqazgach, tibbiy jomadonini ko‘tarib juftakni rostlaydi. Men esa uni va dorixonachini boyitganim qoladi, xolos. Vaholanki, kasalimni o‘zim undan yaxshi bilaman. Qanday unga davo topishni ham.

Butun shahar odamoviligim uchun yaxshi yozilgan she’rlarimni nashr qildirmasligimni ta’kidlaydi. Nashr qildirmayman, bunday niyatim yo‘q. Shoirning she’r yozishi emas, o‘sha yozgan she’rlarini e’lon qilmasligi aslida katta jasorat hisoblanadi, chunki hamma ham bunga jur’at etolmaydi. Ko‘pchilikni mashhur bo‘lgisi, shon-shuhratga burkanib, avomning havoyi muhabbatiga ko‘milgisi keladi. Shu bois siyohi kurimagan she’rlarini qo‘ltig‘iga qistirib, gazeta yoki jurnal redaksiyasiga qarab yuguradi. Men bunday qilmayman. She’rlarim — qalbim kundaligi. Ularda kundalik hayotimni, kechinmalarimni ro‘y-rost ifodalaganman, ularni dunyoni anglashimning qomusi desam ham bo‘ladi. Bu shaxsiy kechinmalarim faqat o‘zimga tegishli. Ularni to abad shu sandiqda saqlayman. O‘limimdan so‘ng yoqib yuborishlarini vasiyat qilaman. Bu haqida eshitgan va bilganlar ortimdan “odamoviligi she’rlariga qadar  ko‘chgan, she’rlari ham o‘ziga o‘xshab ostona hatlab ko‘chaga chiqmaydi, shu xonadonda yo‘q bo‘lib ketadi” deyishadi.

Bundan tashqari shunday iste’dodim bo‘la turib, jamiyat hayotiga aralashmasligimdan nolishadi. Ularga qolsa men jamiyat hayotida faol bo‘lsam, ijtimoiy mavzularda pafosli she’lar yozib, ularni ketma-ket shtat jurnallarida e’lon qilsam. Anchadan beri urush ketyapti bu zaminda. Shu urush haqida yozmayotganimni ko‘pchilik gapiradi. Men nima qilay? Bu qo‘limdan kelmaydi. Urush mavzusini qalamga olib, bir tomonni olqishlab, ikkinchi tomonni qoralab she’r yozolmayman. She’riyatning ijtimoiy maydalashuviga yuragim dosh bermaydi. Bu aslo odamoviligimdan emas. Shunchaki she’riyatni men so‘zni isrof qiladigan o‘rtamiyonalardan ko‘ra boshqacha tushunaman, uni ich-ichimdan qizg‘onaman, uni xuddi o‘z bolamdek biror bir gard yuqishidan asrab-avaylayman. Axir, u inson qalbida yillab unib-o‘sadi, voyaga etadi, shakllanadi. Jamiyat ijtimoiy hayotidagi istalgan navbatdagi o‘tkinchi narsa uchun vaqtincha tashviqot bo‘lib xizmat qilishga ham, nomusini yo‘qotgan qizdek uning manfaatlari yo‘lida sharmanda bo‘lishga ham u qimmatlik qiladi. Arzon publitsistikani bemalol bu maqsadda ishlataverishsin.

Uning xonasida har oqshom shunday gaplar tinmasdi. Yozda ham, qishda ham. Kuzning xazonrezgisida ham, bahorning seryomg‘ir kunlarida ham. U kuyinib va yonib gapirar, odamoviligidan sira uyalmas, aksincha tegrasidagi moddiy olam tarbiyalagan riyokor va munofiqlardan biri emasligidan qoniqish hosil qilardi. Kunduz kunlari u doimgidek o‘zidagi bu og‘ir dardni avomga sira bilintirmas, oq kiyingancha deraza oldidan atrofga g‘amgin va parishon nazar solib turishda davom etardi. Odatdagidek ko‘chaga chiqmasdi. She’rlarini sandiqcha ichiga yashirardi. Boshqalarga qo‘shilib ibodat qilgani cherkovga bormasdi.

 Keyinchalik AQSH sarhadlarida fuqarolar urushi o‘z nihoyasiga yetdi. Bir yurt farzandlari bir-birining qonini to‘kishni yig‘ishtirishdi. Linkoln o‘z joni evaziga tantana qildi. 1865 yilda urush yakuniga etgach, men Amerikani tark etdim, chunki ota-onalar ortiq cherkovlarda Xudoga iltijo qilmay qo‘yishdi, bolalariga men haqimdagi shonli ertakni aytishdan to‘xtashdi. Emili haqida oradan o‘ttiz yildan ko‘proq muddat o‘tgachgina  eshitdim. O‘shanda men o‘z yurtim Fransiyaning ovloq erlaridagi dehqonlarning xonadonlari tomlarida kun kechirib yurardim. 1890 yilda shu yerdagi bir adabiyot muallimi orqali  Emilining o‘sha sandiqqa berkitib yuradigan she’rlari AQSHda kitob holda nashr qilinganidan boxabar bo‘ldim. Qo‘shimchasiga bu vaqtga kelib uning o‘zi olamdan o‘tganini ham daragini eshitdim. Shunda negadir bo‘g‘zimga qattiq narsa tiqilgandek bo‘ldi. Tomdan pastga tushdim-da, ma’yuslashib yigirma to‘rt soat atrofni yayov kezdim. Yo‘l bo‘yi qulog‘im ostidan o‘sha Amxerst shahridagi ikki qavatli xonadonda har oqshom Emilining kuyinib aytadigan gaplari ketmadi…

…Mushukning tomog‘i qaqrab yana qahva ichgisi kelib qoldi. Aksiga olib, sut allaqachon tugagandi. Bu haqida eshitib, u qattiq afsuslandi. Boshini bir tomonga egib, zorlanib uzoq miyovladi. Xonada ortiq o‘tirgisi kelmay qoldi.  

-Ertaga ham pastga tushaman,- dedi tomga qaytib ko‘tarilayotib.- Kelasi gal ko‘proq sutli qahva damlarsan?

-Omon bo‘lsak ko‘ramiz,-dedim yuqorida unga ishonmaganim uchun o‘zimni koyirkanman.- Sutli qahvani buncha yaxshi ko‘rmasang.

Ertasiga undan negadir darak bo‘lmadi. Indiniga ham. Karantin bilan bog‘liq yangilik sabab men ham uni bir ozga esimdan chiqardim.  Farg‘onaning “yashil hudud”ga aylantirilgani haqidagi xabar ko‘chamizda bayramdek kutib olinib, qo‘shnilar tomonidan tantana bilan iliq qarshi olindi. Xursandchilik tarqagach, bir necha kun o‘tib mushuk yodimga tushdi va narvon orqali bir amallab tomga chiqdim. Afsuski, cherdakda uni ko‘rmadim. Xafsalam pir bo‘lib pastga tushgach, qay holda paydo bo‘lishi mumkinligi haqidagi uning gapi xayolimdan o‘tib, zora uning daragi chiqar deb, bir hafta davomida  Sharl  Perro qalamiga mansub o‘sha “Etik kiygan mushuk” haqidagi mashhur ertakni tinmay o‘qidim. Bundan tashqari sutli issiq qahva damlab,  hidiga mast bo‘lib yo‘q joydan paydo bo‘lar deb finjonni oshxonaning ochiq derazalari yonidagi tokchaga qo‘ydim. U qarshimda nogoh ko‘rinib yana Emili haqidagi xotiralarini gapirib berar deb Amerika shoirlari haqidagi antologiyani qaytib-qaytib varaqladim. Ammo hech birining foydasi bo‘lmadi. U boshqa qorasini ko‘rsatmadi.

She’rlar Qandilat Yusupova tarjimasida berildi.

2020 yil, may.  Farg‘ona

Sherzod Ortiqov

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting