hikoya
“Ona, tushimda sen o‘lib qolibsan. Yo‘q sen to‘rtta ekansan. Sening bittang o‘lib qolibdi. Mening vijdonim azobida ekanman. Chunki o‘lishingni men xohlabman. Men xohlaganim uchungina sen o‘libsan. Vijdon og‘rig‘iga chidolmay, nima qilishni bilmay daraxtlarning oldiga boribman. Ular esa sening to‘rttaligingni, faqat bitta shaklingmi, qiyofangmi, bilmadim nima deb atash mumkin – o‘lib qolganini, qolgan uchtasini topsam, o‘sha bitta tanang ham tirilishini aytdi. Men sening qolgan uchta tanangni ertakdagi “borsa kelar”, “borsa xatar”, “borsa kelmas” yo‘llardan izlagandek izlashga tushib ketdim. Uyg‘onganimdan keyin anchagacha g‘alati bo‘lib yurdim. Kichkinaligimda seni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqardim. Bu safar esa yo‘q bo‘lishingni o‘zim xohlabman. Nega? Otam aytdiki, sen unga azob berasan, sen uning o‘lishini xohlaysan, go‘yo, u sen tufayli odamdek yasholmayapti . Men nima deya olardim. Men na sen tomon, na u tomon bo‘la olaman. Avval uning bu gaplarini ko‘tarolmay yig‘lardim. Keyin-keyin ko‘nikdim. O‘zimni xuddi otam tomondadek ko‘rsata boshladim. Shunday qilsam, uning sal dili yorishishini sezdim. Otamning gaplari ta’siridami, yo senga bo‘lgan isyonim evaziga sen yo‘q bo‘lsangchi, shunda hammaga yaxshi bo‘ladimi deb o‘ylaganman…
Tushim ehtimol shunga…
Duxtirimizning aytishicha, men sen haqingdagi tasavvurlarimni ongimni to‘rt burchagi, to‘rt g‘aladonga taxlab tashlabman. Va o‘sha g‘aladondagi bitta “sen” men uchun o‘libsan. Ya’ni sen haqingdagi bir muhim tasavvurim o‘libdi. Qolgan uchta tanangni izlab ketishim esa qolgan uchtasini ham yangilash istagi, men yaxlit Onani, Onamni izlayotgankanman. U aytdiki, “Ota-onanga isyon qilganing sari, ulardan keladigan quvvat oqimlarini to‘sib qo‘yasan.” Ya’ni battarroq telbaga aylanaman. Men esa buni istamayman. Kichkinaligimda seni yo‘qotib qo‘yishdan, o‘lib qolishingdan qattiq qo‘rqardim. Seni tez-tez kasal bo‘lishing, tabibu parixonlarning u yoshingda o‘lasan, bu yoshingda o‘lasan degan gaplari, follari meni qattiq qo‘rqitar, men hatto chindan ham shunday bo‘ladi deb o‘ylab, hech kimni ko‘rishni istamas, maktabga ham bormay, ko‘rpa-to‘shak qilib, o‘zimni kasalga solib yotib olardim. Mening o‘sha paytlardayoq yashashga holim bo‘lmas, seni mendan tortib olishi mumkin bo‘lgan dunyodan nafratlanar, uni umuman ko‘rgim kelmas edi. Sen bunday yotib olishimni maktabdagi baholarimga bog‘larding. To‘g‘risi, shunday o‘ylashing menga ham qulay edi. O‘sha qo‘rquv qon-qonimga singib ketib, hozirgacha ta’qib etadi. Kichkinaligimda hozirgidan-da qattiqroq qo‘rqar edim. Birda bu qo‘rquvdan butkul ozod bo‘lishni xohlayman. Qo‘rquvimdan, isyonimdan xoli yaxlit onani izlayapman. Ha, Ulug‘ Onani.”
Bemorlarni navbatchi shifokorlar aylantirib kelish uchun maxbusga o‘xshab qo‘llari bog‘liq holda hovliga olib chiqar ekan, telbaxonaning nursiz, zax xonalarini tozalayotib, bu xatni uning yostig‘i ostidan topgan edim. Xat ostidagi daftarga esa yana bir qancha yozilmalar ilova qilingan edi.
KO‘RPA
Men yig‘lab uyg‘ondim. Tushimda yig‘ladim deb o‘ylasam, yostiqlarim ham ho‘l bo‘lib ketgandi. Qo‘rqib ketdim. Birinchi marta shunday bo‘lishi. Hali tong otmagan, atrof qop-qorong‘u. Qish tuni bo‘lgani uchun hammamiz bir uyda uxlar, uy peshidagi pechda ertalabgacha lag‘illab saksovul yonardi.
–Onam qani, qani onam?
Ovozimga birinchi bo‘lib momom uyg‘ondi va bevaqt uni uyg‘otganim uchun g‘ingshidi. (Ehtimol momom uxlayotgan bo‘lmagandir o‘sha payt)
– Yot, – dedi meni alahsirayapti deb xayol qilgancha.
– Onam qani, – men endi chindan onamning yo‘qligini bilib qoldim. Ichimga vahm tushdi. Ukam, momom, dadam uxlab yotar, lekin onam yo‘q edi. Onamning yo‘qligini ko‘rgan tushim ta’sirida meni battar vahimaga solardi.
Xarxashamdan uyg‘ongan dadam (ehtimol u ham uxlamayotgandir):
– Onang yo‘q, Tosh momong o‘libdi. O‘shanga ketdi, –dedi. Yengil nafas olib, xayriyat, degancha yana qaytib boshimni yostiqqa tashladim. Uxladimmi yo‘qmi, esimda qolmagan.
Havo qattiq sovuq edi. Miyamga esa tushimda yig‘lay turib, uyg‘ongach o‘ngingda ham yig‘layotganingni ko‘rsang, kimdir o‘lgan bo‘lar ekan, degan fikr o‘rnashib qoldi.
Onam menga onasinikidan ko‘rpa olib keldi. Bo‘yim o‘sib oyoqlarim ko‘rpadan chiqib qolayotganmish. Qolaversa, ko‘rpamning chovuti titilib, hilpirab qolgani uchun sovqotayotgan ekanman. Onamning kelinlik sepiga qilgan, ustiga qora so‘zana yopilib, haligacha taxti buzilmagan ko‘rpa-ko‘rpachalari bor. Lekin onam menga ulardan birini olib berish o‘rniga, o‘likning ko‘rpasini keltirib berdi. Ko‘rpa shoyi bo‘lgani uchun eskiga o‘xshamas, unchalik qalin ham emas, biroq siydik isi urib qolgandi. Kampirlar yoshi o‘tgani sari siydik tutolmay qolishini o‘z momom – otamning onasi ishtonlarini yuvganimda sezib qolganman. Momom meni ijirg‘anmasin debmi, buni tan olar, kir yuvarkanman yonimda qarilikning qiyinchiliklaridan shikoyat qilardi. Ko‘rpa tufayli uyqusizlikdagi tunlarim boshlandi. Siydik hidi kelishidan tashqari u mayyitning ko‘rpasi edi. O‘likning ko‘rpasini yopib yotganim dahshatga solardi. Shunday bo‘lsada, kampir biror marta mening tushimga kirmagan. Jin-ajinalar ham ustimdan bosib kelmagandi tunlari. Kampirning jasadini quduqdan topishgan. Topilganida to‘ng‘ib qolgan ekan. Uni esi og‘ib qolgani uchun quduqqa tushib ketgan deyishdi ta’ziya kuni. Kampirning esi og‘ganmi yo‘qmi yo ko‘zi xiramidi – eslolmayman. Doim uyning burchida bir burdagina bo‘lib o‘tirar, undan siydik isi kelar, rangi tuproqnikidek qora, ikki bukilgandek bukchayib yurar, hamma ovqatlanayotganda dasturxonga yaqinlashmasdi. Yangam endi kelin bo‘lib tushgan paytlari kichkina tog‘am kampirning ustiga siyishini, buni ermak deb bilganini, kampir esa ikki yuzini qo‘li bilan bekitib olishini aytib bergan ekan qo‘shnilarga. Eri, onamni suyukli bobosi kampirni ko‘p urgani uchun ikki bukilib qolgan deyishardi. Onam bobosining jazman ayollari unga hadya qilgan tilla uzuklarni maqtanishni xush ko‘rardi. Jazmanlar kampirning uyiga o‘z uylaridek kelib ketishgan, sevimli nabira bo‘lgani uchun jazmanlar onamning ko‘nglini rosa ovlagan. Onam faqat bir bora ukam va men o‘ynaymiz deb, ukamning boshini boltada yorib qo‘yganimizda, kampir dod solib, yig‘lab hammani chaqirib kelganida rahmat aytgandi. Boshqa gaplashganini ko‘rmaganman. Momom o‘sha paytdayam kampirni qarg‘agan. Momong qarg‘ish bilan kifoyalanmas, kampirni ururdi ham. O‘g‘li – bobom o‘lib, boshqalarningb ayniqsa ona bo‘lmish kampirning yashayotgani momomni alamzada qilib qo‘ygandi. O‘roq bilan urar, kampirning qo‘llari tilinib ketar, yirtiq kalishi bilan duch kelgan joyiga tepar, ayovsiz tepkilardi.
Kampir hamma bilan bir dasturxonda o‘tirmas, ovqat yeganini ham ko‘rmaganman. Kampirning ikkinchi o‘g‘li – Amaki ham ichagidan qon ketib, erta o‘lib ketgandi. Uzuq-yuluq gaplarga qaraganda (bunaqa gaplarni tafsiloti bilan aytishga qo‘rqishadi) uch kun tinimsiz qon ketgan undan . Xotini esa beparvolarcha duxtirga borishga ruxsat bermagan. Duxtirga ketadigan pulni qizg‘angan yoki dori uchun pul sarflashni istamagan. “O‘lmaysan, seni deb bolalarim och qolsinmi?” degan emish. Bolalari o‘sha paytlarda yot ellarda rizq izlab yurishardi. Ko‘rganlar – xotinining ukasi aytishicha, u pochchasi tezda o‘lishini aniq bilgan. Chunki Amakining butun badani qonsizlikdan – qulog‘ining uchigacha oqarib ketgan ekan. Uch kun, muttasil qon ketib, uchunchi kun kechqurun hojatga borib xojatxona eshigi oldida jon bergan. Otamning so‘kinib aytishicha, xotini Amakining janozasida ham kelgan-ketganga qaramasdan, bolalari otasi uchun ko‘p ko‘z yosh to‘kmasligi, qiynalmasligini qayg‘urib, joni halak bo‘lgan. Otam menga bu gaplarni ijirg‘anib, “sening onang o‘shalarni qondoshi, men o‘lsam ham onang xuddi shunday qiladi” deb so‘zlab berdi. Otam shunday onaning farzandi ekanligim uchun o‘zimdan nafratlanishimni, otamning oldida o‘zimni aybdor his qilishimni istayotgani yuz ko‘zidan, gapirish ohangidan ayon edi. Amakining xotini – momomning singilisi bo‘lishlariga qaramay butun umr bir-birini yomon ko‘rgan. Ovsini – singil hayhotday va dang‘illama hovli momomga qolgani, garchi oilaning kenjasi uning eri bo‘lishiga qaramay, ularni chetdagi g‘arib hujralarga ko‘chirib yuborganlarini butun umr kechirolmay o‘tgan. Bunday bo‘lishiga bobom sababchi bo‘lgan. Bobomning qo‘li istagan joyga yetgan. Shubhasiz, qo‘li har narsaga etgan odamning so‘zi ham ustun bo‘lgan. Aniq aytishmaganku, lekin bobomning “chet”ga qandaydir ta’qiqlangan mahsulot sotganini bilardim. Bobomning o‘limi ham shubhali edi. Otasi bilan avtohalokatga uchrab, otasi o‘sha vaqtning o‘zida o‘lgan, bobom esa o‘shanda yuragi yotilgani uchun, o‘n yil o‘tib o‘lgan degan gapni eshitgan edim. Yillar o‘tib, poyezdda manzilimga ketayotganda tasodifan uchragan boboy, nasl-nasabimni surishtirar ekan, bobomning ashaddiy piyanista bo‘lgani va shuning orqasidan yosh zavol bo‘lganini aytgandi. Boboy miyig‘ida kulib, “Buni senlarga aytishmaydi, yashirishadi, lekin bobong ichkilikning orqasidan ketdi” degandi. Shu xabarni menga yetkazish bilan kimdandir qasd olayotganday edi boboy.
Kampir bolalarining nomini biror marta tilga olmasdi. Na eslaganini, na o‘lgan bobom uchun ko‘z yosh to‘kkanini ko‘rganman. Nazarimda kampir bobomning ismi eslanishi bilan boshqalarning nafratiga duchor bo‘lishdan qo‘rqardi. Oilada hech kim o‘g‘li erta juvonmarg bo‘lib, onaning haligacha yashayotganini hazm qilolmasdi. Shu sabab momom kampirni qancha tepkilamasin, qarg‘amasin, non-suv bermasin, birov indamas, kampirning yonini olishga oshiqmasdi. Kampir ikki bukilib qolganidan, yurganida umbaloq oshib borayotgan kaptokni eslatar, tog‘amku ustiga siyayotganida yuzini qo‘li bilan to‘sgan, ammo momom urayotganida indamas, o‘zini olib qochmas, shularning bariga loyiqday qilt etmay turaverardi.
Kampir sho‘rtumshuq, doim o‘ziga-o‘zi g‘udranib yurardi. Biz evaralarini ham xushlamas, qo‘ni-qo‘shninikiga ham chiqmas, kampir siydik tutolmay ustidan mudom siydik hidi kelganidan uni uyning eng kunjagidagi omborxonaga ko‘chirib qo‘yishdi. Kun uzoq o‘sha qorong‘u, zax xonadan chiqmas edi. Uning ko‘rpasidan ham siydik bilan birga omborxonaning zax, chirkin isi anqirdi. Ammo mening ko‘rpa tufayli uxlolmasligimga sabab faqat o‘sha badbin hid tufayli emas edi. Kampirning quduqqa tushib, tarashaday qotib qolgan kaptokday tanasi tez-tez xayolimdan o‘tardi.
Tog‘amning o‘g‘li nogiron tug‘ilganda kampir sag‘anasi ham unitilib ketgan, xotira kuni qabristonga chiqqanimizda ham onamning otasi haqqiga tilovat qilar, qabr oldida don sochar, shudgor qilgan misol qabr tuprog‘ini qo‘limizda yumshatar, qushlar uchun qabr ustidagi piyolalarga suv solib ketardik, ammo kampirning sag‘anasi tarafga o‘tmasdik negadir. Onam “juda orada bo‘lgani uchun topolmaymiz qabrini” derdi.
Aqli zaifligi, tizzalab sakrab yurgani uchun tog‘amning bolasini qurbaqa derdik. Qurbaqa tug‘ilganda og‘zidan, orqasidan, qulog‘ining teshikchalaridan ham qon kelgan. Qurbaqaga qon berish uchun ketgan onam yarim kechada qaytgandi xastaxonadan. Dadam onamning kechaning ichida tepib-tepib uyga kirgizmaslik–haydash payida edi. Men esa otamning oyog‘ini mahkam ushlab olgan, zanjirda bog‘lagan misol otamning bir oyog‘ini shu yo‘l bilan bog‘lab qo‘ymoqchi, onamni himoya qilmoqchi edim.
Tog‘am bolasi tuzalavermagach, nogiron bo‘lishi ayon bo‘lib qolgach, alamzada bo‘lib qolganidan ko‘ziga baloday ko‘rinadigan onasini – momomni chopib, o‘ldirib qo‘ydi. Birinchi gal chopmoqchi bo‘lib bolta ko‘targanida, momom qochib ketgan. Ertasi kuni ukalari momomni qaysidir qishloqning bedazoridan topib kelgan. Momom uyiga borishni istamay, yalinganiga qaramasdan, ukalari momomni nurab qolgan eski qasrga tashlab ketishgan.
Aytishlaricha, umrining oxirgi paytlarida qaltiroq bo‘lib qolgan, o‘z-o‘ziga gapirib, yig‘lagan.
Nihoyat, ko‘rpani yopib yotadigan tunlarim bosinqirab chiqadigan bo‘ldim. Yoz kunlari ko‘rpasiz yotish mumkin, qishda ilojsiz uni ustimga olishga majbur edim. Ko‘rpani qancha muddat yopib yotganimnining anig‘ini eslolmayman. Onam o‘sha ko‘rpani yoqib yuborgan bo‘lsa kerak. Har holda men shunday tasavvur qilaveraman. Men otamni o‘ldirmoqchi bo‘lib, qish tunlarining birida hamma uxlagach, uni bo‘g‘ib qo‘yganimda hali yosh bola edim. Otamning tazyiqi ostida meni jinnixonaga topshirishganda, meni ko‘rish uchun bu yerga hech kim kelmasligini juda yaxshi bilar edim. Bola qalbim bilan jinnixonada sayr qilib yurar ekanman, birov kelishini kutmasdim ham. Faqat onam o‘sha ko‘rpani yoqib yuborganiga ishonardim. Bu mening yagona tasallim edi.
A, 20.. yil.
Tillaniso Nur