QIZIL RO‘MOLCHA

0
1252

hikoya

Sherjon askarlikdan telba bo‘lib qaytdi.

– Boshiga nimadir urilgan, — deyishdi qo‘shnilar.

– Yo‘q, parashyuti ochilmay qopti.

– Undaymas, u kimningdir ishqida kuygan ekan.

«Dedi-dedi» bo‘ldi, chin sababini hech kim bilmadi. Sherjonni o‘zi aytmadi, hol so‘ragan odamga tirjayib qarab turaverdi. Hech qachon gapirmadi. Ona kuydi, yondi… ko‘nikdi.

– To‘ng‘ichimning peshonasi shu ekan. Unga asragan sandiq to‘la sarpolarim… ukasiga nasib ekan. Sherjonimga baribir birov qizini bermaydi.

Ha, bermas edi. Oyog‘imi, qo‘limi nogiron bo‘lganda ham uylantirib qo‘yishardi. Tegirmonchining oqsoq qizi bor edi. Olim malimning kenjasining ko‘zi g‘ilay edi. Momo ularga umid bilan og‘iz soldi, mulzam bo‘lib qaytdi. Hatto qishloq go‘rkovining moxov qiziga-da bordi, ko‘nishmadi. Esi oqqan o‘g‘ilga birov xotin bo‘lmadi. Chin-da… bolalar jinni, jinni deb ermak qilishi bejizmas-da. Sherjonning aqli yosh go‘dakchalik ham ishlamadi.

Ilgari qanday yigit edi… Hammaning esida bor. Hatto raisning xotini qizimni beraman deb sha’ma qilardi. O‘ktam, sipo, aql-xushli Sherjon esa birovni yoqtirardi. Aksarlikdan qaytib onamga aytaman deb ko‘ngliga tukkandi. Aytish nasib etmadi. U qizni tugul, o‘zligini unutdi. Bari telba teskari bo‘ldi…

Yolg‘iz Maysaragina akasining tentakligini tan olmadi. U bilan huddi avvalgidek gaplashdi, g‘amxo‘rligini qo‘ymadi. Maktabdan qaytishi bilanoq akasi huzuriga chopdi, unga o‘tgan kunlaridan voqealar so‘zladi. Aka jim o‘tirdi, eshitdi, ammo anglamadi. Qo‘li bilan og‘ziga imo qildi: ovqat so‘radi.

Sherjonning ukasi Bekjon kuyov bo‘ladigan bo‘ldi. Onasi ko‘zlay-ko‘zlay qishloqda dong‘i chiqqan chevarning qiziga sovchi qo‘ydi. Ammo akasining kasri ukaga ham urarkan. Chevar, momoning xurmatini joyiga qo‘ydi, lekin ko‘nmadi. Nazarida, qizining jinni qaynog‘a xizmatida bo‘lishini istamadi. Biroq… sal vaqt o‘tib Maysara gap keltirdi:

– Ona, Mohira opamnikiga yana boring.

– Nega, qizim?

– Mohira opamning o‘zi aytdi. Maktab bog‘ida uchratib sekingina aytdi.

Momoning ko‘zlari porladi. Ertasiga to‘rtta patirni dasturxonga o‘rab boshiga qo‘ydiyu, yangi kovushini elchilikka sudradi. Yirilsin-a, yirtilsin, dedi yuragi quvonib. Chevar bo‘shashibgina rozi bo‘ldi… Patir sindirildi. Momo sezdi. Demak, Bekjon va Mohiraning ko‘zi ko‘ziga avvaldan tushgan. Bejiz, shu xonadonni ko‘ngli tortib kelmagan ekan… Mohira ham suluv qiz-da. Esli, hayoli. Momoni ko‘cha-ko‘yda ko‘rganda qizarib past ovozda salom berishi bejiz bo‘lmagan. Ko‘ndirgan, uydagilarini ko‘ndirgan!

Chevar hali hech kimga tikmagan liboslari bilan farzandini uzatdi. Birovga ko‘rsatmagan matolari bilan yakka qizini kuyovga berdi. Hech kim kiymagan zarchoponlarni Bekjon egniga ildi. Sherjon to‘yni buzmasin deyishdi, kelin tarafning ko‘ngli alag‘da bo‘lmasin deyishdi, uni to‘yxonadan uzoqqa eltishdi. Maysara to‘yning yarmida qochdi. Dashtdagi kulbaga shoshdi. Akasini yolg‘izlatmadi. Qand qurs, palovdan Sherjonning og‘ziga tutdi:

– Aka, biznikida to‘y bo‘lyapti. Haligi Mohira opam bor-ku… Maktabdagi eng chiroyli qiz edi. Endi kelinopam bo‘ladi. Hamma sinfdoshlarim havas bilan qaraydi. Tongda ro‘molcha olaman. Sizgayam olaman. Undan atir hidi keladi…

Sherjon pinakka ketgandi.

Chindan kelin salomda, Maysara birinchilardan bo‘lib kelin qo‘lidan kashtali dastro‘mol oldi. Suyunib yuziga bosdi. Kelin yana bitta tutqazdi.

– Katta akangizga…

Mohira opasi farosatli, so‘ramasidan berdi… Maysara yugurib dashtga ketdi. Guldor kashtali ro‘molchani akasining yuzlariga bosdi.

-Mayin-a mayin?..

Sherjon jilmaydi. Qiziqsinib ro‘molchani ochdi, tikildi-tikildi. Maysara o‘rtoqlariga maqtanish uchun yana qishloqqa chopdi. Sherjon ro‘molcha chetidagi yozuvlarga tikilib qola berdi. O‘qishni bilmadi. Qizil ip bilan tikilgan bitiklarini anglamadi…

Mohira kelin bir kelin bo‘ldi. Momoning qo‘li sovuq suv ko‘rmadi, Maysaraga-da uyda ish qolmadi. Bekjon baxtni tuydi. Sherjon ham qarovsiz qolmadi… Ko‘ylaklari toza, dazmollangan edi, och-nahor qolib ketmadi.

Momo Maysarani uzatsam, o‘zim ham oyog‘imni bemalol uzataman, armonsiz ketaman deb xayol qildi. Sherjonni keliniga ishondi, Bekjon biroz toshbag‘ir, ammo Mohira undaymas. U tirik ekan, o‘g‘li xor bo‘lmaydi.

Maysara maktabni tugatishi bilan sovchi keldi. Momo tanladi, qizi bosh egdi. Uchrashuv belgilandi. Maysara yuzi upa ko‘rmagan. Ko‘zi qalam ko‘rmagan. Qiziqdi… uchrashuvga xushro‘y bo‘lib borishni istadi. Kelinopasidan uyaldi, shu sabab Mohira go‘dagini bog‘dagi belanchakda allalagan chog‘ xonasiga oyoq bosdi. Tokchadagi pardoz buyumlaridan shosha-pisha yuziga surgan bo‘ldi. Keyin… chiqqisi kelmadi. Mohiraning xonasi unga azaldan sirli bo‘lgan. Ayniqsa, kalitli sandiqchasi boshqacha ko‘ringan. U bir marta ko‘rib qolgandi: Mohira kalitni sholcha ostiga qo‘yardi. Maysara beixtiyor sholchani surdi: kalitni ko‘rdi. Derazadan mo‘raladi: kelinopasi o‘g‘lini uxlatib, daraxtdan olma uzib chelak to‘ldirardi. «Faqat ko‘z tashlayman». U shunday deb sandiqchani ochdi. Ichi to‘la… maktub chiqdi.

– Bilardim… Bekjon akam bilan zimdan sevishganini sezardim.

Qizgina ishqiy xatlardan birini qo‘liga oldi. Hali xat ushlamagan qo‘llari titradi. Duch kelgan satriga ko‘z yugurtirdi.

“Askarlikdan qaytishimiz bilan to‘y qilamiz, Mohira. Faqat sen meni kutgin. Yana boshqalarga… rozi bo‘lmagin. Menga atab ro‘molcha tik. Chetida… ismimiz yozilgan bo‘lsin.

Seni o‘ylamagan kunim bo‘lmadi, Mohi. Oyga tikildim: senga o‘xshamadi. Gullarga boqdim: senga o‘xshamadi. Momiq bulutlar ham boshqacha bo‘ldi. Majnuntol sochlari zulfingga teng kelmadi. Mohira, oz qoldi, oz. Uchrashuv onlarini xayolan o‘ylab yuragim gupillaydi. Sen ham meni o‘ylarmikinsan? Nega bir bora maktub bitmaysan?.. Kutaman.

Sening Sherjoning”.

Maysaraning ko‘zlari tindi. Shosha-pisha boshqa maktublarni ochdi. Barining ostida Sherjon ismi bitilgan bo‘ldi. Barchasi otash bo‘ldi, olov bo‘ldi. Sandiqcha nega yonib kul bo‘lmadi bu satrlardan? U vaqtni ham unutib maktublarga termulib qoldi. Yig‘ladi…

– Siz… -Mohira bir sandiqchaga, bir yerga qaradi. Qo‘llari bilan etagini g‘ijimladi. Maysara u kutganidek, g‘azab qilmadi, yo‘q… kelinopasini bag‘riga bosdi.

– Maysarajon… -o‘krab yubordi Mohira. –Mensiz uning holi ne kechardi? Bu erga… kelmasam bo‘lmasdi, bo‘lmasdi.

Maysara xonadan sirg‘alib chiqib ariq bo‘yida oyog‘ini suvga tiqib, yosh bolalar bilan o‘ynab o‘tirgan akasining yelkasiga qo‘l bosdi. Akasi guldor ro‘molchani ariqqa botirib peshonasiga bosardi. Undan oqayotgan tomchilar ko‘z yoshidek yuzidan quyulardi. Akasi bunga kulardi, yig‘layotgan odamdek kulardi. Ro‘molcha chetidagi “Sh.M” yozuvlari ham yig‘lardi… Qizil bo‘yoqqa bo‘yalib yig‘lardi.

Nodirabegim Ibrohimova

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting