YIG‘LAYOTGAN DENGIZ

0
592
ko'rishlar soni

Lotinamerikalik shoira va adiba

Alfonsina Storni haqda esse

Oppoq tong otib, uyqudan ko‘z ochganimda, kulrang parda tortilgan deraza oldida kelinlik libosida bir ayol turardi. U ko‘cha tomonga diqqat bilan tikilgancha qimir etmas, tashqarida bahorga xos bo‘lgan jalaning betinim quyishi uni bir necha daqiqaga sehrlab qo‘ygandek, shu turishida haykaldan sira farq qilmasdi. Shu vajdan uyg‘onganimni ham boshida sezmadi. O‘rnimdan turayotganimda karavotim g‘ichirlab ketgachgina u qo‘qqis men tomonga o‘girildi.

-Tamara*,- dedim uning rangpar yuzi va zo‘riqib ketgan ko‘zlaridan tanib.-Bu yerda nima qilyapsan?

-Sendan bo‘sa olgani keldim,- dedi u tomdan tarasha tushgandek.

-Sen faqat Iblisdan bo‘sa olarding, shekilli,- dedim picha o‘ylanib turib.- Har holda Lermontov seni shunday tavsiflagandi. Yo o‘sha dostonning davomi yozildimi?

U yonimga kelib, ko‘ylagining etagini yig‘ishtirdi-da, karavotning chetiga sekin o‘tirdi.

-Seni iblisdan qayering kam?- xoxolab kuldi  kinoyamga javoban.- Barcha chayon burjida tug‘ilgan erkaklarda iblisning qoni bo‘ladi. Ehtiros bobida ular hatto iblisni ham ortda qoldirishadi. Qurib ketgurlar!

Men bir uning betayin mulohazasiga, bir kuydirgan kalladek tirjayib kulganiga g‘ashim kelib o‘rnimdan turdim. Ko‘ylagimni kiyib, tugmalarini erinmay qadadim. U harakatlarimni birma-bir kuzatib turdi. Bu gal kulmadi ham, gapirmadi ham.

-Manavi oq-qora rasmni qayerdan olding?- dedi  nogoh karavot yonidagi yozuv stoli ustida turgan suratni qo‘liga olib.

Suratda qaddini g‘oz tutib, uzoqlarga boqqancha xayol surib ketib borayotgan ayolning toshga o‘yilgan qiyofasi tasvirlangandi. Men uning kimligini bilmas, suratni do‘stim sovg‘a qilgan Lorkaning she’riy kitobi orasidan topib olgandim.

-Kitobning orasidan,- unga ochig‘ini aytib qo‘ya qoldim.

-Bu Alfonsina Storni,- dedi Tamara suratga uzoq razm solib turgach.- Aniqrog‘i, unga atab toshdan ishlangan yodgorlik foto surati.

Men qaytib kelib, hech nimaga tushunmay uning yoniga o‘tirdim. U savolomuz qiyofamga shu tobda yeb qo‘ygudek bo‘lib qarab qo‘ydi.

-U ispanzabon shoira ayol bo‘lgan,- davom etdi ehtiros bilan kaftimni kaftiga bosib ezg‘ilarkan.- Yigirmanchi asr boshida Argentinada yashagan. Ajoyib she’rlar yozgan.

-Uning ismi Alfonsinami?- so‘radim suratdan ko‘zimni olib, tashqarida ostin-ustun qilish ishlarini boshlagan jalaning shashtiga boqarkanman.- Erkakcha ism emasmi?

-Istaysanmi o‘sha makonga borishni?- dedi u cavolimga javob berish o‘rniga yelkamdan ushlab o‘ziga qaratib.- Men olib boraman. Evaziga  menga bo‘sa berasan. Totli va uzoq.

Uning taklifi menga g‘alati tuyuldi. Nega buncha menga yopishib oldi, deb o‘yladim. Bu tizginsiz o‘y ong ostimda uzoq aylandi. Tuzukroq o‘ylanib qolganimni ko‘rgach, Tamaraning yuragi siqila boshladi va xonani jonsarak holatda ko‘zdan kechirishga tushdi. O‘rnidan turib, kitob javonimni titkiladi. Javon yonidagi ilgichga ilib qo‘yilgan gitarani qo‘liga olib, torlarini asabiy chertdi. Devorga osilgan Samuraylar qilichini qinidan chiqarib, havoda muallaq ushlab turdi-da, bir-ikki o‘ynatdi.

-Lermontovning dostonidagi Tamaraga sira o‘xshamaysan,- dedim oxiri qiziqish ustun kelib roziligimni bildirgach, boshimni chayqab-chayqab.- O‘lay agar, o‘xshamaysan. U Iblisga sodiq edi.

Tamara gapimga ahamiyat bermay, turgan joyida to‘zg‘ib ketgan uzun sochlarini tartibga keltirdi va ketma-ket chuqur-chuqur nafas oldi.

-O, osmon maloiklari, yetti qavat osmon ortidagi oppoq maloiklar,  arosatdagi sho‘rlik ruhlar! Meni bir lahza eshitinglar. Bir paytlar iblisga bergan bo‘sam uchun gunohkor sanalib, sharmandalik tamg‘asi gardanimga yopishtirilgandi. Shu-shu kaforat yo‘lida mana necha yilki, sarson-sargardonman, yo‘limning oxiri yo‘q — darbadar kezaman, bemaqsad koinotda sanqiyman. Kaforatga erishdim deganimda, bu yo‘lda sobit bo‘ldim deganimda, ko‘p martalab adashdim. Bu jar yoqasidagi do‘zaxiy umrguzaronligim uchun osiy qalbimni endi bir mukofotlanglar, o‘sha dengiz va yodgorlik oldiga bizni eltinglar!

U shunday deb ko‘zlarini yumdi-da, pichirlay-pichirlay menga noma’lum tilda qandaydir duoni o‘qidi. So‘ng yugurib kelib, bo‘ynimdan qattiq quchdi va qo‘llari bilan yuzimni to‘sib oldi. Qo‘llarini yuzimdan olganida, biz yotoqxonamda emas, bir tomoni sarhadsiz dengiz, bir tomoni qiya yalanglik bo‘lgan noma’lum sohil bo‘yida turardik. Oyoq ostidagi qum zarralari tepamizdagi quyosh nurlari ta’sirida qizib, ko‘p o‘tmay oyog‘imizni kuydira boshladi. Tamara ko‘ylagi etagini ko‘targanicha chopishga tushdi. Men uning ortidan ergashdim.

-Jin ursin, seni,- dedim uning ortidan yalangoyoq chopib.- Meni qaysi go‘rga olib kelding?

-Avval menga yetib ol,- dedi u hech to‘xtashni xayoliga ham keltirmay sho‘x-shodon yugurganicha.- Keyin aytaman.

Unga yetay deganimda u yalanglik sari chap berdi. O‘sha tomonga burilib qochdi. Men halloslab ortidan quvdim. Chetdan qaraganda xuddi kelinni quvayotgan kuyovdan farqim qolmadi.

-Bo‘ldi, to‘xta,- dedi u birin-ketin toshdan ishlangan qandaydir yodgorlik oldiga borganimizda qo‘li bilan tushuntirib va bukchayib nafasini rostlashga tushdi.- Biz Argentinadamiz. Bu yer- Mar-del Plata shahri. Mana shu — o‘sha  yodgorlik. Bir qaragin. Suratdagi yodgorlikning naq o‘zi.

Men shimimning cho‘ntagidan o‘sha oq-qora suratni olib, uni yodgorlik bilan solishtirib ko‘rdim. O‘xshashlikni topgach, birdan yuzim yorishib ketdi.

-Anavi esa dengiz,- dedi Tamara dengiz tomonga boshini silkib.- Suratdagi Alfonsina Storni o‘sha dengizga o‘zini tashlab, joniga qasd qilgan. Odamlar uning jasadini ertasiga qirg‘oqdan topishgan.

Yodgorlikni bir pasga esdan chiqarib, nigohimni to‘lqinlari betinim qirg‘oqqa urilayotgan, shovullashi quloqni qomatga keltirayotgan bepoyon dengiz tomon tashladim. Uning ko‘m-ko‘k suvi oftobda erkalanib chayqalar, to‘lqinlari qirg‘oqqa shiddat bilan urilgach, negadir ulardan oppoq ko‘pik ajralib chiqardi.

-Bu yerga kelgan istalgan odam uning yig‘isini eshitadi,- dedi Tamara nafasini rostlab olgach, dengiz tomonga ishora qilarkan.- Men ham ilk marta Iblis bilan kelganimda shunaqa bo‘lgan. U odam bilan xuddi odamdek gaplashadi. Faqat u, ya’ni Argentina dengizi xolos. Qolgan dengizlarda bunday xususiyat yo‘q.

Men uning gapiga istehzoli iljayib qo‘ydim-da, sohil bo‘ylab yurgancha dengiz sari ketdim. U kelinlik libosini chang-chungdan tozalaganicha yodgorlik oldida qoldi. Qirg‘oqqa kelganimda dengizning shovullashi yanayam kuchaydi. To‘lqinlari qirg‘oqqa kelib urildi-da, qum ustida yalangoyoq yurish natijasida kuyib, qovjirashni boshlagan oyoqlarimni beminnat yuvishga tushdi. Bu rosa yoqimli bo‘lib, o‘sha yerga astoydil cho‘k tushdim.

-Salom, yot kishi,- dedi shu payt qandaydir ovoz.

Men shosha-pisha atrofimga alangladim. Atrofimda hech zog‘ yo‘q. Tamara mendan ellik-oltmish qadam uzoqlikda qolgandi.

-Alfonsina Stornini ko‘rgani keldingmi?

Tag‘in o‘sha ovoz jarangladi. Bu ovoz dengiz tomondan kelayotganini anglagach, yangitda Tamara aytgan gaplar yodimga tushib, bu shunchaki afsona emasligini tushundim-da, ko‘zlarim ola-kula bo‘lib, beixtiyor o‘rnimdan sapchib turib ketdim.

-Cho‘chitib yuborgan bo‘lsam, uzr,- dedi dengiz oyog‘imni bu safar ham to‘lqinlari bilan yuvib.- Anchadan beri bu yerga hech kim kelmagandi. Kuz va bahor mavsumi o‘zi shunaqa bo‘ladi. Hech kim kelmaydi.

Men o‘zimga kelgach, bo‘shashgancha qaytib qumga cho‘zildim. Shimimning tizzamgacha bo‘lgan qismi allaqachon ho‘l bo‘lib ulgurgandi.

-Alfonsina Storni bu yerga ko‘p kelardi,- dedi dengiz bir oz o‘tib bo‘g‘ziga nimadir tiqilgan odam kabi yutinib.- Agar shuni bilmoqchi bo‘lsang deyapman-da. Bu yer uning sevimli maskani edi. Buenos-Ayresdek katta shaharning shovqin-suronidan yuragi siqilgan kezlari, yonimga kelib xuddi sen kabi qo‘llarini qumga tirab men tomonga termulib o‘tirardi. Men uning oyoqlarini yuvar, shovullagan ko‘yi unga qo‘shiq xirgoyi qilar, boshi ustida chag‘alaylarimni uchirardim. U shunda o‘rnidan turib, hayqirganicha ular bilan o‘ynar, oktyabr bo‘lishiga qaramay bag‘rimda yap-yalang‘och bo‘lib cho‘milardi. Men uning oppoq va bo‘liq siynalariga qarab to‘ymas, nozik kaftlari bilan suvimni qo‘liga olib yuzini chayganida shuurim jimirlab ketar, tizzasidan yuqori qismidagi nozik yerini suvim bilan ko‘mganimda aqldan ozardim. Shunday lahzalarda u she’r aytib cho‘milar, g‘avvoslardek bag‘rim uzra erkin suzar, suv osti saltanatimdan chig‘anoqlar terib chiqib, yosh boladek xursand bo‘lardi. U menga atab she’r ham yozgandi. Bir eshitib ko‘rgin-a, yot kishi.

U g‘amgin ovozi bilan xuddi odam bolasi kabi quloqqa tanish ohangda she’r o‘qishga kirishdi.

Bir olis sohilda sayr etsam.
Osmon tiniq, qum esa zarrin,
Yugurik to‘lqinlar olmas tin
Diltortar oktyabr kunida.

Bo‘lsam Rim ayoli singari
Qaddi raso, dono va to‘kis,
Oyog‘imga urilsa dengiz
To‘lqini, moviy, umrboqiy.

O‘lik qoya toshlar tomon borsam men.
Qarashlarim sokin, lablarim besas.
Yuvib siniq toshlarni moviy to‘lqin
Yugurar. Kuzatsam va ko‘rinmasam
Miltirab uzoqdan. Mayda baliqni
Yirtqich qushlar qanday tilkalashini
Ko‘rsam. Uyg‘onmasam va xayol sursam
Mo‘rt qayiqlar bilan beshafqat o‘yin
O‘ynagan po‘rtanalar haqida va
Xo‘rsinmasam.
Xo‘sh, keyin?
Dilrabo insonni tanib, qichqirsam…
Va sevmaslikka hech ichmasam qasam.
Ko‘zlarim chaplansa, uni yo‘qotsam
Samo va sohil birlashgan nuqtada.
Dengizning bir o‘chgan yodiga do‘nsam.
Sarobga aylansam, ojiz nuqtaga.**

Lekin bir kuni yonimga kelganida u boshqacha ko‘rindi. Ancha o‘zini oldirgandek, haddan ziyod ma’yusdek, kuchli iztirob chekayotgandek… (o‘shanda ham adashmasam oktyabr edi. 1938 yilning oktyabri yakunlanib borardi). U doimgidek qumga kelib o‘tirdi. Ilk marta men bilan salomlashmadi, anchagacha bir so‘z demadi. Faqat boshini quyi solib, kulrang ko‘ylagining tugmalarini o‘ynab, oyoqlarini chalishtirib o‘tirdi.

-Men hammasidan charchadim, dengiz! -dedi bir payt ovozini boricha baqirib.

Uning noodatiy bir alfozdagi ahvolini tushunib, avvaliga sukut saqladim. Unga javob qaytarish o‘rniga sekingina oyog‘ini yuvib qo‘ydim. U bunga ahamiyat bermadi-da, ko‘kragiga siqqanicha to‘yib nafas oldi.

-Yaqinda qachonlardir chin dildan sevgan insonim Orasio Kiroga***dan ayrilgandim. Endi menga ko‘krak bezi saratoni tashxisini qo‘yishdi. Bir tomonda adabiyot ortiq menga zavq bermay qo‘ydi. O‘g‘limning borligi ham… Men judayam yolg‘izman bu olamda. Judayam.

U oyoqqa qalqib, menga ancha yaqinlashdi. Suvim to‘pig‘igacha yetdi, to‘lqinlarim kelib urilib, ko‘ylagining kindigidan pastki qismini bir zumda namlab tashladi.

-Bu gaplarni hech kimga aytmaganman. Ammo kimgadir aytishim kerak…

U ko‘zlarini kafti bilan to‘sib, engashgan ko‘yi bir necha daqiqa ko‘z yosh to‘kdi. Boshini ko‘targach, sal-pal tinchlandi.

-Bir paytlar taniqli shoir bo‘lish orzum edi,- dedi  shundan so‘ng to‘pig‘ini yuvayotgan to‘lqinlarimning o‘ynoqi harakatlarini jim kuzatarkan. – Rosario kabi huvillagan, ovloq yerdagi shaharchada  kun kechirgan yillarim shu orzu bilan yashardim. Har kuni kun chiqib, quyosh ko‘kka bo‘y cho‘zgach, ko‘zimni ocharkanman, kuni kelib mashhur shoir sifatida uyg‘onish ham menga nasib etarmikin deb o‘ylardim. Tun cho‘kkach, boshimni yostiqqa qo‘yib, pinakka ketayoganimda ham shu ezgu orzu bilan birga ko‘z yumardim. Bu orzu maktabda pedagoglik faoliyatimni boshlab, bolalarga dars bergan chog‘im ham meni tark etmadi.   

Rosario kichkina shaharcha edi. Shunga qaramay o‘z adabiy jurnaliga ega bo‘lib, unda dastlabki mashqlarim nashr qilinganida bu yorug‘ olamda mendan baxtli odam yo‘q edi. She’r yozish bilan birgalikda maktabda o‘qituvchilik ham qilar, adabiyot ko‘nglimni yolg‘izlanib qolmasligi uchun zarur bo‘lsa, pedagoglik faoliyatim qornimni to‘yg‘izardi. Bu ikkiga ajralib yashash bir tomondan og‘ir edi, lekin men chidardim. Gohida kunduzi maktabda o‘tayotgan umrim daqiqalarini xuddi she’riyatdan o‘g‘irlayotgandek tuyular, bundan xafa bo‘lib ketar, shunga qaramay issiq ovqat tomog‘imdan o‘tganida qoniqish hissi bilan tinchlanardim.

Ko‘p o‘tmay Buenos-Ayresga keldim. Bu shahar men uchun o‘sha orzumni ro‘yobga chiqaradigan dastak va vosita edi. O, bu katta shahar… gavjum shahar… shovqin-suronli shahar va.. albatta, bir tiyinga qimmat shahar! Bu yerga kelgach, erishgan yutug‘im shu bo‘ldiki, shoir sifatida yanada o‘sdim, she’riyatga yaqin bordim. Yangicha ruhda she’rlar yozdim. 1911 yilda shaharga kelgan bo‘lsam,  tez orada ko‘zga ko‘ringan jurnallarda she’rlarim chiqib, adabiy muhitga qo‘shildim. 1916 yilda “Atirgul novdasining bezovtaligi” va “Kuz she’rlari” , 1918 yilda “ Shirin hijron” she’riy to‘plamim nashrdan chiqqach, shon-shuhratga burkandim, adabiy muhitda mustahkam o‘z o‘rnimni topdim, she’riyatga baxshida etilgan umrimdan boshqa daqiqalar o‘g‘irlamay qo‘ydim. Faqat yozdim, yozdim. Buning samarasi o‘laroq, 1920 yilda Milliy adabiyot mukofotini qo‘lga kiritdim.

Shunga qaramay negadir o‘zimdan ko‘nglim to‘lmasdi. Orzum ushalgan bo‘lsa-da, o‘zimni yolg‘izlik ichida ko‘raverardim. Bo‘lmasa faqat sevimli mashg‘ulotim bo‘lgan she’riyat bilan shug‘ullanar, umrimni to‘laligicha unga baxshida etardim. Rosarioda boshlangan ruhan yolg‘izlik hissi bu yerda ham baxtga qarshi to‘lmagani, adabiyot olamidagi mashhurligim yoki yigirma to‘rt soat she’riyatga oshno bo‘lishim ham uni to‘ldira olmayotgani ba’zida o‘zimga ham g‘alati tuyulib, sabab topolmay noma’lum narsadan o‘pkalanib qo‘yardim. 

Menimcha, bunga Buenos-Ayresdagi adabiy muhit sababchidek edi. Chunki, shaharga kelgan ilk kunlarimdan undan har kuni ko‘nglim aynir, u yerdagi maddoh va bir qolipga tushib qolgan kaslardan nafratlanardim. Ular tez orada men uchun ulug‘ dargoh bo‘lgan adabiyotdan ko‘nglimni qoldirishdi. Men o‘zimdagi yolg‘izlikni ular mansub bo‘lgan va harom qo‘llari bilan olqishlagan adabiyot bilan to‘ldiraman deb, qattiq yanglishganimni tushundim. Atrofimdagi shoir va yozuvchilar yo buzuq, yo maddoh edi. Bu yerda kitobini nashrdan chiqishiga ko‘maklashishni bahona qilib oltmish yoshli shoir qizi tengi shoira qizni o‘ziga o‘ynash qilib olishi yoki sirtdan odobli ko‘ringan shoira qiz bir paytning o‘zida ikki-uchta erkakni paypoqdek almashtirib, omma ko‘ziga bokira bo‘lib ko‘rinib yurishi hech uyatli ish hisoblanmasdi. Maddohlikning esa chek-chegarasi yo‘q edi. Ispanzabon she’riyatdan boshqasi bu yerda tan olinmas, kimki bu she’riyatga boshqacha ohang yoki nafas olib kirsa, uni darrov chetga chiqarib qo‘yishar (masalan, Lorkani shunday qilishgandi), oradan besh yuz yil o‘tgan bo‘lsa-da, Servantesga sig‘inishni qo‘yishmasdi. Servantes ular uchun shunchalik ulug‘ xudo ediki, bu maddohlar tasavvurlarida undan keyingi va hozirgi barcha ispanzabon shoirlar o‘z asarlaridagi har qanday g‘oyani undan ko‘chirgan deb hisoblashar, uni tug‘ilgan kunini har yili ommaviy bayramdek nishonlashar, uning “Don Kixot” asarini yod bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, qayta-qayta o‘qishdan o‘zlarini tiya olishmasdi.

Men shunday bo‘lsa-da, qorong‘u xonamga yashirinib olib, sham yorug‘ida she’r yozishda davom etar, tishimni tishimga qo‘yib yashashni kanda qilmasdim. Hech chiroqni yoqqim kelmasdi. Agar yoqsam, ro‘paramdagi ko‘zguda o‘zimni ko‘rar va yolg‘izligim bo‘y-basti bilan qarshimda gavdalanib, meni sindirib qo‘yardi. Biroq, she’riyat ortiq  menga zavq bermas, ichimdagi to‘lmagan bo‘shliq hanuz yolg‘izligimga qorishib yuragimni azoblashni qo‘ymas, men bunga chora izlab tinmasam-da, topa olmas, shunchaki taqdirga ko‘nish esa alam qilardi.

Alfonsina men tomonga yana bir-ikki qadam tashladi. Suvim endi uning tizzasidan o‘tib, oyog‘ining son qismigacha yetib bordi. Men bundan bir oz cho‘chidim. U nima qilmoqchi o‘zi degan dardisar xayol meni qiynay boshlaydi. Holbuki, u cho‘milmoqchi bo‘lsa doim yalang‘och holda va jilmayib, suvni shaloplatib, atrofiga to‘kib-sochib cho‘milardi. Bu safar o‘sha odatidan asar ham yo‘q edi.

-Keyin Orasioni uchratdim. Uni qattiq sevdim. Jonimdan ortiq darajada. U ham meni sevdi. Bu nazarimda kutilmagan va inson faqat orzu qilishi mumkin bo‘lgan ushalmas baxtga o‘xshardi. U ham shoir edi, men ham. O‘ylab ko‘rilsa, ikkita didi, dunyoqarashi va fikrlash tarzi bir-biriga mos inson. Bundan ham ortiq baxt bo‘ladimi dunyoda?! Boshida shunday edi. U bilan ahil yashadim. Muhabbatning shirin iforini tuyib, undan haftalab mast bo‘lib, yuragimni unga butkul topshirib… Men o‘z yozgan she’rlarimni unga, Orasio esa menga ko‘rsatar, kunimiz adabiyot ummonida mazmunli, hayot ummonida xushnud o‘tar, bundan ortig‘ini orzu qilish gunohi azimga o‘xshardi. Ammo tez orada uni mendan, meni undan ko‘nglim qoldi. Ko‘nglimdagi yolg‘izlik qoldirgan bo‘shliq to‘lishi uchun ozgina qolganida yana bo‘m-bo‘sh bo‘lib, suvsiragan sahroga o‘xshab qoldim. Adabiyotdan so‘ng, muhabbat ham ruhimdagi yolg‘izlik hissiga davo bo‘la olmadi.

Ko‘m-ko‘k suvim endi Alfonsinaning uchi yo‘g‘on va dirkillagan ko‘kragiga qadar yetib bordi. U ortga chekinishni aslo o‘ylamas, qarshiligimni iroda kuchi bilan mardona yengib, tobora bag‘rimga talpinib kirib borardi.

-Oxirgi ikki yilda ispanzabon she’riyatida deyarli urfga aylangan  modernizmdan xuddi Lorkaga o‘xshab chekinib, boshqa uslubda she’rlar yozdim. Inson yolg‘izligi, xafsalaning pir bo‘lishi va ko‘ngil qolishi haqida. Gohida qazo qilgan Orasioni va men deyarli aralashmay qo‘ygan Buenos-Ayres adabiy muhitini ko‘nglimdan o‘tkazar, shunda xotiralar tarzda ham qog‘oz qoralardim. Qo‘lim siyohli ruchkada, xayolim she’rda bo‘lar, yuragim bo‘lsa o‘z yolg‘izligini qo‘ymas, men go‘yo hayotni unutgandim. Tashqarida qishmi yo bahormi, deyarli farqlay olmasdim. Ko‘chaga kam chiqar, chiqqanimda o‘zimning yolg‘izligimdan u yerdagi odamlar oldida uyalardim.  

Shunday she’rlar yozib o‘tirgan paytimda xonamga bir kuni o‘g‘lim Alexandro kirib keldi. U kap-katta yigit bo‘lib qolgandi. Men ilk marta buni his qildim. Rosarioda bitta nomarddan nikohsiz homilador bo‘lgach, 1912 yilda Buenos-Ayresda uni dunyoga keltirgandim. Qarshimda uning qaddi bastini ko‘rib yig‘lab yubordim va uni bag‘rimga bosib, yuz-ko‘zidan o‘pdim. Shuncha yil adabiyot va muhabbatning ketidan yurib, unga e’tibor qilmagan, uni borligini ham unutgandim. Mana, endi uning mavjudligini butun vujudim bilan sezib, u orqali yolg‘izligimni yumshatish uchun menga rahmi kelgan tangriga minnatdorchilik bildirardim.

Tasavvurimda endi men yolg‘izlik balosidan qutulgandim. Hayotimda o‘g‘lim Alexandro bor edi. Men uni har kuni sut va pishloqdan iborat bo‘lgan nonushtasini tayyorlar, ishiga yo‘lning yarmigacha kuzatib borar, ishidan kelishini eshik oldida ilhaqlik bilan qog‘oz qoralab kutar, kelgach uning ovqatlanishini stolda jimgina kuzatib o‘tirar, uxlagan paytlari xonasiga kirib xuddi meniki kabi dumaloq bo‘lgan ko‘zlaridan tinimsiz o‘par, uzun sochlarini o‘ynardim.

Ammo uning ham o‘z hayoti borligini idrokimga sig‘dirmasdim. Idrokimga sig‘dirgan kunim tag‘in yolg‘izlanib qoldim. U ham yosh bola emas, kap-katta inson bo‘lib, vaqtini do‘stlari bilan chog‘ o‘tkazishga, sevgan qizi bilan kunlab yo‘q bo‘lib ketishga haqqi bor edi. Afsuski, buni anglash men uchun og‘irlik qildi. Buni anglash yillar davomida yolg‘izlik sabab ilma-teshik bo‘lib, chok-chokidan sirtilib ketgan yuragimni berahmlarcha yana unga tutish bilan barobar bo‘lsa-da, menda bundan boshqa chora umuman yo‘qligini baribir yaxshi anglardim.

 Alfonsinaning jag‘iga qadar suvim etib kelgach, men rostakamiga havotir oldim. Bir ko‘ngilsizlikni sezib, betoqat bo‘ldim.

-Alfonsina, iltimos orqangga qayt,- dedim unga o‘tinib.

-Sen ham meni haydama, dengiz,- dedi u xo‘rsinib qo‘yib.- Bag‘ringda o‘zimni yolg‘iz sezmayapman negadir. Shu yerda qolmoqchiman. Ortga qaytganim bilan nima o‘zgaradi? Buenos-Ayresda nima bor menga? Yolg‘izlikdan boshqa hech narsa. Yolg‘izlik qolib endi dahshatli hastalik bilan ham kurashaymi?!

-Aqldan ozdingmi?- dedim ko‘nglimdagi g‘ashlik kuchayib va uni to‘lqinlarim yordamida qirg‘oqqa chiqarib yubordim.

Biroq, u yana men tomonga oshiqdi. To‘pig‘i, tizzasi, soni, beli va nihoyat  jag‘igacha uni ko‘mdim.

-Yolg‘izlikdan qutqar meni, iltimos qutqar,- dedi  u ichkarim sari qadam tashlashdan to‘xtamas ekan.

Men uni yana istab-istamay to‘lqinlarim yordamida qirg‘oqqa surib tashladim. U qaysarlik qilib yana men tomonga talpindi. O‘rtamizdagi bu kurash anchagacha cho‘zildi. Oxiri uni itarib, surib chiqarishga majolim qolmadi.

-Men yashashdan zerikdim,- dedi suvim uning butun tanasini ko‘ma boshlagach va bir nafasda bag‘rimda yo‘q bo‘lib ketdi.

Bir necha soatdan so‘ng, ko‘karib ketib, qotib qolgan tanasini, abadiy yumulgan ko‘zlarini bag‘rimda ko‘rdim. Ammo uni o‘zimda olib qola bilmadim. Ertasiga asta qirg‘oqqa chiqardim. Uni odamlarga qaytardim. U meniki emas, zaminniki edi, faqat unga tegishli bo‘lib, uning omonatiga xiyonat qila olmasdim.

Zamin odamlari uni tantanali ravishda ko‘mishdi. Vaqt o‘tib, bu yerga o‘sha toshdan yasalgan mash’um yodgorlikni o‘rnatishdi. Boshida uni tirik Alfonsina deb o‘ylab, uning o‘lmaganiga chippa-chin ishondim. Nazarimda hozir ham ba’zan shunga ishonaman. Uni o‘zimga chorlayman, u bilan gaplashishga urinaman. Shunda uning bor yo‘g‘i toshligi yodimga tushib ketadi va birdan ko‘zlarim yoshlanadi.  

-Tirikmisan Alfonsina?- deyman to‘lqinlarim bilan qirg‘oqqa kelib behol urilarkanman, undan sado chiqarmikin deb.

-Tirikman, dengiz,- deydi u go‘yo tilga kirgandek.

Shunda men go‘dakdek chinqirab yig‘lab yuboraman.

-Unda nega kelib cho‘milmayapsan?

Dengiz tinchlangach, kimdir yelkamdan ohista tutdi. Shoshilmay o‘girildim. Tamara changdan to‘liq forig‘ bo‘lmagan nikoh ko‘ylagida qarshimda turardi.

-Qaytadigan payt bo‘ldi,- dedi yonimga o‘tirib.- Va’dangni bajararsan.

Men uning o‘zigagina xos bo‘lgan fe’l-atvoriga bir muddat kinoyali qaradim. So‘ng, uning o‘pishini kutib o‘tirmay, belidan dadil quchoqlab, ko‘zimni yumgancha lablaridan uzoq va totli bo‘sa oldim. Ko‘zimni ochganimda boyagidek o‘z yotoqxonamda-karavotimda yotar, qiya ochiq derazadan kirgan shamol xonani ostin-ustun qilar, jala beo‘xshov tovushi bilan kelib derazani bir maromda chertardi. Stol ustidagi oq-qora surat gazeta va jurnallarga qo‘shilib xonaning bir burchida sochilib yotar, kitob javoni eshigi xonaga otilib kirgan shamol ta’sirida ingichka ovoz chiqarib bot-bot silkinib qo‘yardi. Xonada Tamara ko‘rinmasdi.

Eshik oldiga borib suratni yerdan oldim. Alfonsina Stornining toshga o‘yilgan qiyofasini u yerda bir necha daqiqa xomush kuzatib turdim. Suratning orqa tomonini o‘girganimda negadir qon bilan chizilgan yurak tasviriga ko‘zim tushdi. Qon go‘yo hali qotmagan, achqimtir hidi gupillab dimoqqa urilardi. Uning yoniga esa ispan tilida quyidagi so‘zlar yozilgandi: Larga vida a la soledad!****

Izohlar:

*Tamara — Lermontovning “Demon” dostoni qahramoni.

** She’rlar Rafiq O‘zturk tarjimasida berildi.

*** Orasio Kiroga — mashhur urugvaylik shoir, Lotin Amerikasi modernizmi yirik vakili.

****Yashasin yolg‘izlik!

2020 yil, may. Marg‘ilon

Sherzod Ortiqov

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting