Bir yuz o‘ttiz birinchi

    0
    374
    ko'rishlar soni

    mistik hikoya

    Otamning aytishiga qaraganda, urush davrida razvedkachilar otryadida bo‘lgan bobomiz, g‘alabadan so‘ng, bir buyum bilan uyga qaytib, ko‘p o‘tmay qazo qilgan ekanlar.

    Hozir ham shu buyum, eski dahlizdagi sandiqda turadi.

    Bolalik paytlarim, shu sandiqni ichida nimalar borligiga qiziqar edim. Hatto bir gal otamdan beruxsat, sandiqni ochib ko‘rganim ham esimda!

    Sandiqning ichida — Bobomdan qolgan barcha narsalar uyilib yotardi. Bir xalta medallar, bobomizning katta portreti, eski gazetalar, dafna barglariga o‘rog‘liq harbiy kiyim va soyuzning atir sovunlari…

    Undan tashqari esa yana nimadir bor edi. Bu o‘sha bobomiz Berlindan olib kelgan buyum. U sandiqning eng ostida turardi. Lekin uni nimaligini bila olmasdim. Sababi, otam bu sandiqqa zinhor va aslo hech kimni yo‘latmas edilar. Shuning uchun bo‘lsa kerak onam doim otamizning xayoli joyida emas deb o‘ylardi.

    Oradan ancha yillar ham o‘tib edi-ki, payt poylab yashadim. Qiziqishim lahza bo‘lsa-da so‘nmadi. Chunki men otamning hayoli joyida emas degan hazilni yoqtirmas edim. Qiziqishim ustunlik qilgan kuni esa nihoyat, imkon ham bo‘y berdi. Otam xizmatdosh o‘rtoqlarining oldiga, qo‘shni qishloqqa ketdilar.

    Har yili bir yoki ikki marta u yerga boradilar. Kechga yaqin esa beozorgina bo‘lib, eshik oldidan qo‘shiq aytgancha kirib keladilar. Ha, otam yilda bir qon ko‘paysinni vaj qilib mussallasxo‘rlik qilib turmasa bo‘lmaydi.  Men esa  shu vaziyatdan foydalanib, sandiq ichidagi narsaning nimaligini bilishga chog‘landim…

    Bobom Berlindan olib kelgan o‘sha sirli matox, oddiygina yozuv apparati bo‘lib chiqdi!

    Uni sandiqdan olgach, o‘z xonamga olib keldim va stol ustiga qo‘ydim. Xayolimda kechmish uzoq o‘ylardan so‘ng, apparatning zulfiga qog‘oz o‘rnatdim. Keyin stulga yaxshilab joylashib o‘tirdim. Yozuvchi mashinka tugmalariga, havas bilan barmoq uzaldim. Zulfni dastagidan tortib, qog‘ozni qistirgan paytdagi, mashinkadan chiqqan ovoz, ko‘rgan filmlarimni biroz yodimga tushirib yubordi.

    Go‘yo o‘zimni buyuk yozuvchilardek his qila boshladim.

    Xuddi nima qilishni, qanday yozishni biladigan odamlarday, tugmalar ustidan barmoqlarimni o‘ynata boshadim. Dastak astalik bilan chapdan, o‘ngga siljishni boshladi. Hayron bo‘lib qog‘ozga qaradim. Unda hech qanday yozuv bo‘lmadi.

    Yana qayta yozib ko‘rdim.

    Yana yozuv yo‘q.

    Keyin yana mashinka zulfiga tikildim. Qog‘oz ustidagi qora hilqog‘ozlar joyida. Harflar ham bir tekis, qog‘ozgacha borib urilyapti. Lekin qandaydir nosozlik bor-ki yozuv chiqmayapti…

    Apparatni uzoq tekshirdim. Ahiyri tugmalarning chap tomonidan yuqori burchagida, aslida bo‘lishi kerak bo‘lmagan bir qo‘shimcha tugmaga ko‘zim tushdi.

    Uzoq o‘yladim-o‘yladim. O‘yimga yetolmagach, qiziquvchanligim ustun keldi shekilli, tugmani bosib ko‘rishga qaror qildim. «Balki shunda ishlab ketar», degan o‘y bilan tugmani, ko‘rsatgich barmog‘im bilan bosdim ham. Tugma qolganlaridan ko‘ra chuqurroq ezildi-yu, uning ichidan igna chiqdi. So‘ng igna barmog‘imga sanchilib, qon torta boshladi. Men esa azobdan, tishimni-tishimga bosib, ko‘zlarimni qattiq yumib oldim. Barmog‘imni harchand tortib olishga urinmay, bu ishni uddasidan chiqolmas edim. Bir fursat o‘tgach igna barmog‘imdan chiqib, tugma joyiga ko‘tarildi. Shunda jon holatda barmog‘imni sug‘irganday bo‘lib, uni puflab-puflab og‘zimga soldim. Zulfning dastasi o‘zidan-o‘zi tortilib, qog‘ozni yana qisdi. «Sh’’-ting» degan ovoz bilan.

    Tugmalar o‘zidan-o‘zi ezila boshladi. Chiq-chiq-chiq-chiq… Stulga borgan sari yopishib, baqirishni-da, baqirmaslikni-da bilmay o‘tirardim. Qo‘rquvdan shunday titrar edim-ki, hatto o‘rnimdan turib xonadan chiqib ham keta olmas edim.

    Toshdek qotgandim.

    Mashinka yozishni tugatdi shekilli… (Sh’’-ting)

    Ko‘zlarimni cheti bilan, qog‘ozdagi yozuvlarga qarayman…

    — Salom Bakirov Ahmad Tursun o‘g‘li nabirasi, Ahmedov Diyor Doniyor o‘g‘li. Mendan qo‘rqma. Men, bobongni do‘sti Bir yuz o‘ttiz birinchi nomli yozuv apparatiman.

    Yozuvlarni o‘qiymanu, badanlarimni chimchilab ko‘raman…

    — Og‘riq bor!

    Ko‘rganlarim tush emas. Lekin o‘ngim ham.

    Tilim kalimaga kelmay qolgandi. Qog‘ozdagi yozuvlarga termulgancha uzoq o‘tirib qoldim. Nihoyat barmoqlarimni, mashinka ustiga olib bordim. Birozdan so‘ng qaldiroq bosib, yana stulga yopishib qoldim. Peshonamdan sovuq ter sirpanib bo‘ynimgacha borganda,  qo‘lim bilan bo‘ynimni tutdim-u, hayolimda aylanayotgan savollardan birini, beixtiyor o‘ngimda aytib yubordim.

    — Bu nima, jin chalgan apparatmi?

    Chiq-chiq-chiq… (Sh’’-ting)

    — Yo‘q, bu Bir yuz o‘ttiz birinchi!

    Qog‘ozda shunday javob turardi.

    Elas-elas nigohlar bilan har tarafga qarayman. Bir shiftga, bir derazaga va yana bir stol ustidagi mashinkaga. Ichimdagi o‘ylar va tashimdagi alahsirashlarning, farqiga bormay qoldim. Lekin es-hushim joyidaligi hali bo‘lsa, meni biroz xavotirga solardi. Bora-bora o‘zini «Bir yuz o‘ttiz birinchi», deb atayotgan bu buyumni savolga tutish ishtiyoqi paydo bo‘layotganday, tutardim o‘zimni. Va birin-ketin savollar til uchida chiqa boshladi. Allaqanday hayiqish va o‘rinsiz qiziqish bilan.

    — Bir yuz o‘ttiz birinchi.

    Murojaat qildim, anchagina tomoq qirib tayyorgarlik ko‘rganimdan so‘ng.

    Chiq-chiq… (Sh’’-ting)

    — Ha!

    — Axir qanaqasiga?

    — Savolni aniqroq bering!

    — Axir sen, oddiy buyum bo‘lsang. Qanaqasiga odam bilan suhbat qila olishing mumkin?

    — Bir yuz o‘ttiz birinchi — odam DNKsi asosida ishlaydi. Yozuvchi apparatni, o‘z davrining buyuk olimlari, buyuk sehrgarlari va yadrofizika fanining doktorlari ixtiro qilishgan.

    — Sexrgarlari? Ularni fanga qanday aloqasi bor?

    — O‘tgan asr — sehr-jodu va ilm-fan o‘rtasida o‘zaro uyg‘unlik davri bo‘lgan. Bunga butun dunyoning har yeridan kelib, bir joyga to‘plangan shu soha vakillari xayrxohlik qilishgan. Manba’larda aytilishicha, sehr-jodu ham, o‘z davridan ilgarilab borayotgan, ilm-fan turi deb topilgan. Ilm-fan bilan sehr-joduni o‘zaro birlashtirgan vosita esa yadroviy fizika bo‘lgan. Shu sabab olimlar sovuq urushga barham berish yoki uni yutib chiqish maqsadida, keng miqyosda ko‘p ishlar olib borishgan. Ular jami bir yuz o‘ttizta yangi texnologiyalar kashf etganlar.

    — Bir yuz o‘ttiz birinchi, unda seni nima maqsadda ixtiro qilishgan?

    — Bilmayman, meni ixtiro qilishmagan. Men ilk bora maxfiy laboratoriyaga, qo‘poruvchilar tomonidan hujum uyushtirilgan davrda ishga tushganman. O‘sha kuni laboratoriyaga o‘rnatilgan dinamid yadroviy reaktorni portlatib yuborgan. O‘sha dinamidni o‘rnatgan ayg‘oqchi seni ajdoding. U meni vayronalar orasidan topib olgach o‘zi bilan olib ketgan.

    — Demak, sen o‘zing haqingda hech qanday ma’lumotga ega emassan. Ammo, qolgan ma’lumotlarni qayoqdan bilasan? Ana-bu maxfiy ishlarni, olimlarni, sehr-jodu va boshqalarni.

    — Chunki bu ma’lumotlarning barchasi, mening yordamimda qayd etib kelingan.

    Ishga tushgan paytim barcha ma’lumotlarni ana shunday o‘zlashtirib olganman.

    O‘tgan asrning sovuq xotiralarini faqat kitoblardagina o‘qiganman. Bobom haqida esa faqat otamdan eshitganman. Biroq qarshimdagi yozuv apparati, menga o‘sha davr to‘g‘risida juda ko‘p ma’lumot berardi. Endi u bilan shunaqangi suhbatlashgim kelardi-ki, avvalgi qo‘rquvimdan asar ham qolmagan, aksincha poyoni yo‘q qiziqishga aylanib ulgurgan edi…

    Uzoq o‘ylanib-o‘ylanib, o‘z davrining murakkab savollarini berishga ahd qildim.

    — Bir yuz o‘ttiz birinchi, «Pi» teoremasi aslida ham mavjudmi? Mavjud bo‘lsa, u nechiga teng? Yoki u rostdan ham cheksizmi?

    — «Pi» matematik, cheksizlikni izohlovchi teorema. Mantiqan olib qaraganda Pi, uch butun yuzdan, o‘nto‘rtga teng deb yuritiladi. Lekin aslida u, rostdan ham cheksizlikni izohlovchi raqam sifatida isbotlangan.

    — Bir yuz o‘ttiz birinchi, Gitlerni kim o‘ldirgan?

    — Mendagi kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Gitler o‘z joniga qasd qilgan.

    Suhbatimiz bir maromda borardi…

    Bu yozuv apparatidan, keragidan ortiq narsalarni bilib olar edim.

    Lekin baribir odamligimga borib, oxirida bir qaltis savol berib qo‘ydim shekilli, u birdan ishlamay qoldi.

    — Bir yuz o‘ttiz birinchi, nega tugmalaringdagi harflar va belgilar orasida nuqta yo‘q?

    (Sh’’-ting).

    Qosh qoraygach otam mexmondorchilikdan qaytib keldi. Eshik oldida devorga suyalgancha oyoqlariga bazo‘r kuch berib, qo‘shiq aytar va bir paytni o‘zida ham kulib, ham yig‘lar edi. Avvallari ham bu qo‘shiqni ko‘p eshitganman. Lekin uning so‘zlariga hech tushinmagan ekanman. Qiziq… Nega endi bu raqamlarni armiyadagi xizmatlariga bog‘liq deb o‘ylab yurganman? O‘zim ham javobini bilmayman.

    Sarxush otamning ahvoli achinarli bo‘lsada oldiga bormadim. Chunki u to yiqilib qolmagunicha qo‘ltig‘idan tutgan odamni suymaydi. Negadir bu gal otamni kuzatish istagi paydo bo‘lib, o‘ziga bildirmay ortidan ergashdim. Otam har galgidek eski dahlizga kirib keldi. Sandiqning ichidan amallab yozuv apparatini olib, xontaxtaga obdon joylashib o‘tirdi. So‘ng ko‘rsatgich barmog‘i bilan yuqoridagi tugmani bosdi…

    Biz bo‘lsa uning xayoli joyida emas, deb yurardik.

    Farhod Eshonov

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting