O‘lik shahar
Shahar o‘lgan,
Tuyg‘ular jim-jit
Zaminidan uchgan baraka
«Bepusht za- miin.»[1]
Go‘ringizda tinch yoting, shoir
Shahar o‘lgan,
Uyqusi o‘lik.
Qachondir bishg‘olib ketarak
O‘ylardim uchta to‘lqin qoladi menda-
Shahardagi uch odam-
Borliqning borlik to‘lqini edi.
Keyin to‘lqinlarini olib ketishdi
O‘zlari bilan
Men ketmadim. Shahar ketdi mendan.
Yagona to‘lqin o‘zim edim.
Yolg‘izlik to‘lqini.
Yovuzlikdir- yolg‘izlik ham.
Nafrat ekdim bepusht zaminga
Qayg‘u, Kin ekdim.
G‘azabimni qadadim ulkan.
Ur-sur, qotillik ekdim-
Tuyg‘umni ekdim.
Ishoning tuyg‘ular qo‘rqinchli emas,
Qo‘rqinchlisi qo‘rquvingizdir.
Koinot to‘lqinlari chiriyotir.
Zamin hosilsiz.
Odamlar xasta, o‘lar kunba-kun
Tovushlar esa hamon muallaq
«Sufeee, suf»
«Uffffffff!»
Tushunmayman sizni demang
O‘sha chirik to‘lqinni ushlang.
Qayg‘ular ranglidir,
Ranglar qorishiq.
Ochlikdan qusayotir chaqaloq-
O‘qchish!
O‘qchish!
Ochlikdan qusdim.
O‘qchish va chirik to‘lqin o‘lik shaharda.
O‘qchishdan to‘kiladi —
Suv ham — zardobdir!
Va lekin ovqat istamas odam.
Zardobiga qorishiq. Qayg‘ular rangli.
Odam xudo bo‘lmoq istar.
Gohida lahzaga xudo deb sig‘inadi.
Lekin lahzalar ham ochlik.
O‘qchish lahzalar.
Qayt qilib tashlang,
Tuyg‘ungizni,
Sevgingizni,
Umidingizni.
Qayt qiling!!!
Odam istamay turib ham istar
Istaklar — ochlik
Istaklar o‘qchish!
Odam xudo bo‘lmoq istar
Va lekin xudo bo‘lmagani xudolik.
Gohida lahzaga xudo deb sig‘inadi.
Lahzalar — o‘qchish,
Ochlik — lahzalar.
Istaklar — xudodir,
Ochlik — xudolik.
BU HAQDA EMAS
Yo‘q, bu depressiya emas,
Depressiya yashashning shakli.
Men yashayapmanmi?
Siz-chi?
O‘z hayotimning chekkasida turibman va kuzataman
(Chekkada turish yaxshi)
Chekkadaman va kuzataman:
Men bir fohishaman
Tunlar hammasini unitish uchun
O‘zgalar qo‘ynida aylagan xirom
Mastu alastlikka berib o‘zimni
Uni-ta-man.
Tongda esa hech nimani eslolmayman
Ona deb tunlar meni
Hech qo‘msamas
ikki bolamni
Eslamayman, masalan, hech qachon.
Tongda kir kuvaman
Uyg‘ongach kir yuvaman
Kir yuvish kerak
Yoki unitish
Ramazon tuni edi
(Tunda yashash azob)
Serial ko‘ra turib
Bolalarim uchun yig‘laganman.
Boshqa hech qachon…
Men fohishaman
Tunda o‘zgalar qo‘yni
Kunduz esa kir yuvaman
Va o‘z hayotimni kuzataman chekkada turib
Chekkada turish yaxshi.
Hayotimning chekkasidaman.
Men bir mazoxistman
Yelinekning qahramonidek
Shisha bilan tilib ko‘ksimni
Qondiraman sevgi haqdagi tasavvurlarni
Sevganlarim tashlab ketsa goh
(Men ularni hech qachon sevmaganman)
Pichoq urib ko‘raman yuragimdan sal teparoqqa
His o‘lgan. Sezgi yo‘q. Qo‘rqmang og‘rimas.
Jiddiy olmang. Vahimalimas —
Bir maysaning unishi
Bir yomg‘irning yog‘ishi
Yo qamishzorga olovning ketishi shunchaki
Jiddiylashmang, yomon ko‘raman jiddiylashganni
Ishxonamizdagilar juda jiddiy qarashadi
Xayfsanga
Boshliqqa
Tartiblarga
Jiddiy deyishadi hayot tartiblarini
Vaholanki hech qachon
Oliy tartiblarni ko‘ra olishmaydi.
Koinot tartiblarini.
Gul tartiblarini.
Yo‘l tartiblarini.
Yomg‘ir
Suv tartiblarini.
Chekkadan qarang.
Men bir fohishaman
Kutmasdan yashashni o‘rgandim.
Jiddiy olmang, hoy baraka topgur
«Adolat qiling o‘zingizga»
(Shu so‘zlarni kimdir aytgandi menga)
O‘zingizdan biroz uzoqroq turing!
Men bir fohishaman
Goh barbod qilgim kelar o‘zimni
Tilarmen goh, bir yo‘la buzmoq buzilgan ro‘zg‘orimni
Hayotning chekkasida turibman
Va kuzataman
Va hamon
Yaxshi ko‘raman
Suvni
Yomg‘irni
Bolachaning ilk so‘zi va
Chumchuqlarning chug‘urlashlarin
LEDI IN RED *
O, Qismat!
Qanisan?
Yonimdami?
Qarshimdami?
Yo manov daraxtda
Derazamning panjarasida
Kulyapsanmi beg‘am va mudroq
Kel, sen bilan qadah cho‘qishtiramiz
Sen uchun ko‘taraman bu qizil qadahni
Qismat, kel, qo‘limdan ushla
Raqs tushamiz boshing aylanib
«Ledi in red» — sevgilim suygan,
Ha o‘sha qizil ko‘ylakda.
Kel, mayli
Otam bo‘lib ushla qo‘limdan
Qo‘rquvlarning kiftiga qo‘ygum yelkamni
Istasang onamsan —
Kelaver —
O‘z ma’yusligimga o‘zim tiz cho‘kaman.
Istasang bo‘l sevgilim
ushla belimdan —
Xotiralar —
May
Va ko‘z yoshning kuyidir marhum.
Bir bolakay bo‘lgin, kel
Qo‘llarimda irigaydir ko‘zlari
Badani tushsin irib
Men bag‘rimga bosmayman, qismat
Bor yo‘g‘i raqs tushaman
Qarab ko‘ziga.
Istasang, do‘stlarim bo‘l,
kel, taqdir —
Ko‘z oldimdan bir- bir o‘tgan oniy kechinma
Qo‘lingni ber, lahzaga bir zum.
Istasang, men hech qachon sotib olmagan
O‘ynamagan
Ismsiz qo‘g‘irchog‘im bo‘lgin, kel
Kulgularim ismsizdir
Yo‘lim — ismsiz
Ko‘nglim -ismsiz
Baxtim ismsiz, baxtsizligim — ismsizdir.
— kel, allalab qo‘yaman qismat
O‘ynay olaman bir zum oyog‘ingni olmasdan bosib
Mayli, kel, kimsa bo‘lma,
O‘zim bo‘l, taqdir —
Jangga kirgan botirdek yovqur
Faqat nozik ushla belimdan
O‘zimga o‘zimni qo‘yma talatib
Shiddatingdan, hovringdan qolmayin so‘nib
O‘zim bo‘lib aylantirma boshimni
O‘z qiyofam, o‘z sochlarim,
O‘z qo‘llarimda
Shiddatingdan ketmayin sinib
Zabt etma o‘zim bo‘lib, sen meni qismat.
Va lek eshilib buralib kirding ichimga
Singib yo‘qoldik bir- birimizga
O‘zim bo‘lib ko‘kka sovirding meni
Mana men yo‘q
Mana u yo‘q,
Mana yo‘q o‘zim
Yo‘qdir raqslar, lahzalar.
Olqishlar!
Olqishlar!
Baribir bu raqs qarsakka loyiq
Qismat, olqishlarim senga
Axir juda jozibalidir
Qismating
Kuy
Sharob
Ko‘z yosh
Va
Yodlar bilan tushsa xotirga
Raqsga tushib qolsa yodingda
Joduli, qismat.
Qismat, yig‘ishtirib ol
Ko‘chada qolgan qizil ko‘ylakni
O‘zim bilan tushgan o‘z raqsimdan qolgan
O‘z zavolimdan qolgan o‘zimning
o‘sha parcha yod
O‘sha qizil ko‘ylaksan, Qismat!
*»Ledi in Red» — Qizil ko‘ylakli xonim — Kris de Burgning shu nomli qo‘shig‘i
(Yepifaniya)
Yomg‘ir.
Xayoldek sokin kun.
Bir ayol ko‘chadan o‘tib borarkan
Nigohi bilan yer chizar edi
Nazarimda sezmas edi yomg‘irni
Qo‘lidagi paketda dori
Yoki bo‘tqa nabirasiga.
Tikilib qolganim ko‘rib
Qattiq botirdi nigohin menga.
Taajjublangandi.
Azaldan shu
Nigohlar yer chizsa parishonlanaman
Unitiladi ichimda hovur
Odamlar nimani ko‘tarib yuribdi
Qanday o‘y
Qanday parishonlikni?
Nigohlar o‘tib ketadi bir-birining yonidan sirg‘alib
Lekin bir-birining umridan picha yulib ketar
Biroz havo
Biroz xayol yular qalbidan.
Nigohlar so‘zdir
Nigohlar yomg‘ir.
Nigohlar eslatadi yomg‘irni
Masalan, insonga baxtli bo‘lish uchun
Faqat yomg‘ir kerakligi haqda,
Faqat bir parishonlik,
Bir o‘y,
Bir sigara va
Nigohdan sirg‘lib o‘tgan bir ma’yus (jonsarak) nigoh.
Nigohlar umrdir
Bir xayol
Bir yo‘l ulashgan boshqalarga.
Yomg‘ir ulashgan.
Nigohdan sirg‘alib o‘tgan bir nigoh
Yomg‘ir tashlab ketar.
Nigohlar bu zamin.
Nigohlar osmon.
Nigohlar bu sening turgan o‘rning,
Koinotda o‘rning
Nigohdan sirg‘alib o‘tgan bir nigoh
Aytib o‘tar Koinotda o‘rningni.
Barqaror bo‘l o‘rningda, nigohim
Barqaror bo‘l o‘rningda, umrim!
Bir o‘y tashlab ketar ayol nigohi
bir xayol
bir sigar
yomg‘ir.
Sirg‘alib o‘tadi
nigohidan
nigohim
Sirg‘alib o‘tadi nigohidan
Borliqda mening o‘rnim,
umrim.