QIRG‘OQDA QOLGAN BALIQ

    0
    405
    ko'rishlar soni

    Hikoya

    Domla kaftdekkina hovlining bir burchida, gilos daraxti soyasiga to‘g‘irlab qo‘yilgan so‘rida o‘y surib o‘tirardi. Egnida qora chopon, dog‘ bosgan, qarimsiq qo‘llari hiyol titrabgina qo‘yar, qoshlariga-da oq oralagan, yuzi esa g‘ijimlangan qog‘ozni eslatardi.

    Ayni damda kechagi kuniga nazar solarkan, xatolari yoqasidan bo‘g‘ayotgandek damba-dam xo‘rsinib qo‘yar, nadomat qalbini o‘rtardi. U mansab pillapoyalaridan juda tez ko‘tarildi. Avvaliga o‘qituvchilikdan bir yumalab, kafedra mudiri, keyin dekan, so‘ng prorektor bo‘lib oldi. Qaynotasi professor Yefremov har ishda qo‘llar, ortida turar ekan, qadamini dadil bosardi. O‘zi ham anoyi emasdi, albatta. Tadbirlarda soatlab ma’ruza o‘qish hadisini olgan va aniqki, har davraning to‘rida savlat to‘kib o‘tirardi. Bandaning boshi – olloning toshi ekan. Ne ajabki, bir kechada bor obro‘sidan ayrildi. Bitta sinchalak er bilan bitta qildi…

    Endi o‘ylasa, birdan jahli chiqib ketaveradi. “Axir, bu qonun qayerdan chiqdi? Bu yoshlar qayerdan paydo bo‘lib qoldi? O‘zi bilmaydi, bilganni ham qo‘ymaydi.

    Xo‘sh? Biz ketib, nima o‘zgarib qoldi? Hali ham har qadamda ajnabiy tilda yozilgan peshtaxtalarga ko‘zingiz tushadi. Tadbirlar hali hamon o‘ris tilida o‘tmoqda. Qonunlar o‘ris tilida yozilmoqda… Eski toz, eski hammom. Hech nima o‘zgarmagan. O‘zgarmaydi ham. Butun bir avlodni qo‘ldan boy berib bo‘lgansiz. Endi kech.”

    O‘sha kungi tadbir kechagidek esida. Har galgidek ma’ruzasini uzoqdan boshladi. Old qatorda o‘tirganlar orasida qosh-ko‘zlari malla, sariq sochlilar ko‘proqdek tuyulgandi. Aslida, shularga tushunarli bo‘lsin deb, shularning hurmatini qilib, o‘ris tilida so‘zlayotgandi… Birdan qalbi g‘urur-iftixorga to‘lib, vatanparvarlik tuyg‘ulari jo‘sh urib ketdi. Mushtlarini tugdiyu, “millatning o‘zligini ko‘rsatuvchi asli uning tili, o‘z tili bo‘lmagan millatning yo‘qlikka yuz burgani shu”, dedi va har tarafdan qarsaklar yog‘ildi. Shu payt qayerdandir o‘sha sinchalak paydo bo‘ldi. Qo‘lida mikrofon, bidir-bidir qilardi.

    – Siz o‘zi o‘zbekmisiz? Unda nega o‘zbek tilida gapirmaysiz? Millatning o‘zligini ko‘rsatuvchi, millatning g‘ururi uning tili, deysizu, o‘zingiz millat g‘ururini toptaysiz. O‘zi sizda g‘urur bormi?

    O‘sha damda domlaning yuragi bir necha daqiqa urishdan to‘xtagandek tanasi muzladi. Tili qurg‘ur aylanmay qoldi.

    – O‘zbek tilida gapirishdan or qilasizmi yoki o‘zbek tilida gapirishni o‘zingizga ep ko‘rmaysizmi? Millat oyog‘iga bolta urayotgan, aslida, siz “ziyolilar” emasmi? Sizda agar zarracha g‘urur bo‘lganida edi, minbarga chiqib olib, ruscha so‘zlamasdingiz. Hech yo‘q, shu yerda o‘tirgan millatdoshlaringiz hurmatini qilgan bo‘lardingiz…

    U yana nimalar dedi ekan? Yana qancha gapirdi ekan? Domlaning qulog‘i tom bitgandek, endi eshitmas, tili tanglayiga yopishib qolgandek, bir so‘z ham demas, zal esa suv quygandek jim edi. So‘ng shivir-shivir boshlanib ketdi. Shuncha odam oldida mulzam bo‘lgani yetmagandek, bu yoqda radioning qulog‘i ding, narigi yoqda televideniye ko‘z tikib turardi. Kimsan Rayimjan Kulmanovich Gulyamovning obro‘yi bir tiyin bo‘ldi.

    Minbardan qay tariqa tushganiniyu qanday tashqariga chiqib qolganini bilmaydi. Xizmat mashinasiga qachon o‘tirib, qachon uyida bo‘lib qoldi ekan? Esida yo‘q.  

    – Dada, ko‘rinishing nega buncha yomon, nimadir bo‘ldimi? – dedi qizi o‘rischalab, qo‘shni xonadan chiqib kelarkan. Domla shunda o‘zini mehmonxonada, yoniq televizor qarshisida ko‘rdi. Qizi yoniga kelib o‘tirdi, so‘ng yelkasiga boshini qo‘ydi va ertaga bitiruv oqshomi ekanini aytib pul so‘radi.

    – Menga ham kerak edi, – dedi sal narida o‘tirgan o‘g‘li telefondan bosh ko‘tarmay.

    Institutni bitirib, bekorchilik qilib yurganida, oraga tanish-bilish aralashtirib, ishga joylab qo‘ygani yodiga tushdi. “Erta-indin uylanadigan kap-katta yigit, uyalmay-netmay otasidan pul so‘rab o‘tirsa-ya” g‘ashi keldi. Tergagan edi, o‘g‘lining qovog‘i osildi. So‘ng o‘rnidan turib, eshikni zarda bilan qarsillatgancha, chiqib ketdi.   

    – Azizim, nega ziqnalik qilmasang? Xotini chimirildi.

    Domlaning fig‘oni falakka chiqdi. Bolaxonador qilib so‘kdi va shundagina ancha yillardan beri, atrofiga nazar tashlamay qo‘yganini tushunib qoldi. Bolalarining gap-so‘zlariyu, kiyinishigacha begonalashib ketgan, oralaridan nimadir ko‘tarilgandi.

    Esida, qaysi bir kun xotini, bolalarini rusiyzabon bog‘chaga berib kelganini aytib qoldi.

    – Yaxshi qilibsan, – dedi alqaganday. – O‘ris tilini bilgan yaxshi-da. O‘shanda, balki, o‘zining shaharga kelganida, o‘ris tilini bilmagani uchun mulzam bo‘lganlari yodiga tushgandir. Kursdoshlarining ustidan kulib, o‘rischa bilmasang, aybsitib, mensimay muomala qilishlarini eslagandir.

    Keyin bolalar rusiyzabon maktabga qatnay boshladi. O‘ris tilida o‘zidan yaxshiroq, biyron so‘zlayotganlarini ko‘rib, sevindi. Xotinining o‘zbekchani tuzuk-quruq bilmagani xursand qilgan paytlari ham bo‘ldi.

    O‘zi-ku, mayli, tatalanib o‘rgandi. Keyinroq qaynotasining sharofati bilan Moskovda o‘qib keldi. O‘rischada chala-chulpa gapiradigan o‘sha kursdoshlaridan yaxshiroq bilib ham oldi. Bolalarim men kabi qiynalmasin, deb o‘ylaganidi. Biroq til bilgan bilan…

    O‘shanda chuqurroq mulohaza qilib ko‘rmagan ekan.

    Domla gilos daraxtining g‘o‘dirish tanasiga be’etibor ko‘z tashlab o‘tirarkan, yosh paytlarini esladi. Adashmayotgan bo‘lsa, onasi shaharga, oxirgi marta to‘yida kelgan, bir chekkada mehmon bo‘lib ketgandi. Keyin har qancha majburlamasin, qarichilik, yo‘lga chidamay qoldim, o‘g‘lim, deb kelmadi. Balki, iymanganmikan…? “O‘rischani bilmasam, kelinim  bilan nimani ham gaplashardim”, deb o‘ylaganmikan…?

    Onasi g‘ayratli ayol edi, og‘ilda “mo‘o‘”lab yotguvchi ikkita sog‘in sigir uchun kecha-kunduz o‘t tashigani tashigan, daladan beri kelmasdi. Sigir degani koni foydayu, biroq yeb to‘ymasligi yomon. Onasi ro‘molini chakkasiga tang‘ib olgancha, og‘il tozalar, o‘choq boshida kuymalanar, sut hidi kelib turadigan mayda gulli chit ko‘ylagini uzoq vaqt yechmasdi.

    Otasi tandirchi o‘tdi. Bir umr shu kasb orqasidan oila tebratdi. Otasining bittayu bitta eshak aravasi bo‘lardi. O‘sha aravaga tandirlarini ustma-ust joylab, bir ketgancha haftalab yo‘q bo‘lib ketar, qishloqma-qishloq yurib tandirlarni pullab qaytardi.

    Avvallari qishloqqa tez-tez borib turadigan odam uylangach, bola-chaqa bilan o‘ralashib, qishloqqa kamqatnov bo‘lib qoldi. Keyin-keyin bayram bahona bormasa agar, qishloqni-da unutib qo‘ydi. Qaysi bir kun suyangani – qaynotasi professor Yefremovning mazasi qochib, yotib qoldiyu… Xotini yolg‘iz farzand emasmi, darrov otasinikiga ko‘chib o‘tdi. Endi eru xotin qaynota atrofida girdikapalak bo‘lishar, biroq Yefremovning ahvoli hadeganda o‘nglanmasdi. Kasalxonaga yotqizishgan kun qishloqdan ham telegramma keldi. “Onangni mazasi yo‘q.”

    Qarib, ko‘zi o‘tmaslashib qolgan onaizor deraza oldida darvozaga umid bilan termulgancha mahtal yotardi.

      – Azizim, dadam… dadam o‘lib qolsa, men nima qilaman…, – xotini boshini yelkasiga qo‘ygancha hiqillardi.

    -Xudo xohlasa, tuzalib ketadi, tuzalib ketadilar, – tasalli berar, biroq o‘z onasi haqida o‘ylamasdi ham…

    Xristiancha urf-odatlar bilan qaynotasini qabrga qo‘yib kelishgach, qishloqqa yo‘l olarkan, yo‘l bo‘yi qaynotasi haqida o‘ylab borardi. “Yaxshi odam edi, qancha yaxshiliklar qildi. Agar u bo‘lmaganida…” Onasining qabri boshida o‘tirarkan, qaynotasi o‘ylab, ko‘zlari yoshlandi. “Qari, kasalvand ham emasdi…”

    Rayimjon domla ota-onasining yolg‘iz umidi edi. Undan nimalarni kutishgandiya?

    – Qachon qarama qo‘lida kitob, kutubxonadan beri kelmaydi. Otasi quvonib gapirar, onasi ham uy ishlariga zo‘rlamay qo‘ygandi.

    Keyin, bularni qanday unutdi? Shahar ko‘rgan bo‘lib, otasiga aql o‘rgata boshladi. Xavotir olsa, “yosh bola” emasman, deb onasini urushib berdi. Yillar vafo qilmadi. Vaqt yelday uchib o‘tib ketdi. Mansab ortidan halloslab yugurib,  umrini o‘tkazib yubordi.

    Mana endi, mana endi o‘zi ham darvoza poylab o‘tiribdi. O‘g‘li ajnabiy bir ayolga uylanib, shu ketgancha, onasining o‘lganini eshitib, kuni kechagina keldi. Onamning yigirmasi o‘tdi, deb, erta-indin qaytib ketish taraddudida. Qizi bo‘lsa kuyovi bilan qay yerlarda yuribdi ekan? Xat-xabar yo‘q. Endi bir o‘zi shumshaygancha, yolg‘izlikka mahkum.

    -Grandpa, look at this! (Bobo, buni qarang!), – dedi olti yashar nabirasi ko‘chadan shovqin ko‘tarib kirib kelarkan. Domla ko‘zlarini qisib, nabirasining qo‘liga uzoq tikildi, so‘ng nabirasining yuziga tushunmagandek peshonasini tirishtirib qaradi.  – Gift from mu new friend. (Yangi do‘stimdan sovg‘a.) Nabirasi hamon o‘sha ajnabiy tilda gapirarkan, domla bir pas nabirasining og‘ziga tikilib turdi. So‘ng alam qilib ketdi:

    -Koshki edi, seni tushunsam, bolam. O‘z ona tilingda so‘zlasang-chi. Har kishining ota-bobosidan meros qolgan tili bo‘ladi. Ularni o‘sha til bog‘lab turadi,  – dediyu so‘ng negadir jimib qoldi, keyin yelkalari silkindi.

    Qirg‘oqqa chiqib qolgan, suvga tashna baliqdek og‘zini kappa-kappa ochgancha, entikib-entikib nafas olar, tirish bosgan titroq qo‘llari bilan mijjalarini siypalab qo‘yardi.

    Raxshona Ahmedova

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting