UCH OPA-SINGIL

1
384
ko'rishlar soni

esse

Bahorning ilk kunlari edi. Fevral nihoyasida yog‘ib, qishdan so‘nggi nishona bo‘lib qolgan qor qoldiqlari oyoq ostida erib borardi. Ertalabdan muzdek shamol esayotgan bo‘lsa-da, ko‘klamning nafasi bot-bot sezilar, zaminning har bir burchida uyg‘onayotgan tabiat o‘zidan darak berishga shoshilardi. Men sovuqda shamollab qolmaslik uchun iloji boricha qalinroq kiyinib olgandim. Paltomni hanuz yechmagan, bo‘ynimdagi sharf joyida, bosh kiyimimni burnimgacha tushirib olib, trotuar bo‘ylab ketib borardim.

-Sizni mumkinmi, birodar?- dedi eski, ko‘rimsiz, shuvoqlari to‘kilib ketgan kinoteatr yonidan o‘tayotganimda kimdir.

Jarangdor ovoz kinoteatr ichkarisidan kelardi. Yo‘lakda turib gapirgani va ichkari qorong‘u bo‘lgani bois ovoz egasining aft-angori tuzukroq ko‘rinmadi.

-Azazel!- dedim unga yaqinlashgach, qarshimda Bulgakovning “Usta va Margarita” romani personajlaridan biriga duch kelib.- Nahotki, bu sen bo‘lsang?

-Azazello desangiz-chi, qadrdon!- dedi u jilmaygancha quchoq ochib menga peshvoz chiqarkan.

Dam o‘tmay u meni quchoqlab, chirpirak qilib aylantirib tashladi. Quchog‘idan bo‘shatgach, birdan yuzi jiddiylashdi. Charm plashchining tugmalarini yechib, shlyapasini qo‘liga oldi.

-Mefistofel ham shu yerda. Aniqrog‘i, zalda.

-Mefistofel?!- hayratimni yashirolmay zal tomonga ko‘z qirimni tashladim.

-Aynan o‘zi,- dedi Azazel so‘yloq tishlarini ko‘rsatib tirjayarkan.- Biz u bilan ikki-uch oy oldin rejissyorlik ishiga qo‘l urgandik. U ham, men ham shu ishga qiziqib qolib, kino oldik-da… Bilasiz-ku bizni, rosa qiziquvchan zotlarmiz. Misha* ham,  Volfi** ham loyimizni  antiqa qilib qorishgan… Xullas, o‘sha filmlar, to‘g‘rirog‘i qisqa metrajli filmlar tayyor bo‘ldi. Ammo… ammo eng qizig‘i ularni tomosha qilib, baho beradigan odam yo‘q. Birorta ham. Hech kim kinoteatr binosiga kirishni istamayapti. G‘irt tekin desak ham. Meni turqi sovuq deb qochib ketishdi, Mefistofelni isqirt chol deb ta’blari tortmadi. Nima balo, ularning barchasi Mishaning romanini o‘qishganmi-a? O‘sha yerda “begonalar bilan gaplashmang” degan o‘git bor edi, shunga amal qilishyaptimi deyman-da baraka topgurlar.

-Mayli, men roziman. Tekin bo‘lsa, bo‘lmasa.

-Tekin, tekin,- dedi Azazel yuzi yorishib ketib.

U qo‘ltig‘imdan tutib, qorong‘u yo‘lakdan zal tomon yetaklab ketdi. Yuz kishilik zal bo‘m-bo‘sh edi. Chiroqlari yoqilgan, ekran ham tap-tayyor, lekin hech zog‘ yo‘q. Oldingi o‘rindiqlardan birida Azazelga o‘xshab qora shlyapa va uzun plashch kiygan keksa Mefistofelga ko‘zim tushdi. U horg‘in va ancha-muncha zerikkan ko‘rinar, og‘zidagi trubkasidan atrofga erinib-erinib tutun purkardi.

-Otaxon qara,  bitta bo‘lsa ham tomoshabin topildi,- dedi Azazel meni ko‘rsatib suyunchilarkan.

-Azazello bo‘tam, sen dahosan!- deb qo‘ydi Mefistofel men tomonga nigohini burib, tutun purkashda davom etarkan.

-Shu kishi filmlarimizga xolis baho beradi, -dedi Azazel  mamnun holda yelkamga qoqib qo‘yib.

Mefistofel asta o‘rnidan turib, men turgan tomon og‘ir qadam tashladi. Shoshilmay kelib, menga qo‘lini uzatdi. Uning haybatidan ko‘ra dag‘al va jun bosgan kaftini ko‘rib seskanib ketdim. Shunday bo‘lsa-da, amallab qo‘l berib ko‘rishdim. U qo‘limni bir-ikki qattiq siqib qo‘ydi.

-Volfi tasvirlaganchalik yomon emasman, -dedi trubkasini og‘zidan olib, bir yo‘talib olgach. — Cho‘chimang mendan, birodar. Ayollarni ham, erkaklarni ham yo‘ldan urmay qo‘yganman. Gretxen va Faust o‘tmishda qolishgan. Keksalik buyog‘i. Shunga o‘zingizni bo‘sh qo‘ying, hayajon va qo‘rquvsiz… Azazello aytgandir, biz rejissyor sifatida o‘zimizni sinab, ixchamgina film suratga oldik. Ikkimiz ham bir mavzuda. Ularni tomoshabin hukmiga havola etmoqchidik. Biroq, kino ixlosmandi anqoning urug‘imi deyman bu yerda yoki bizning aftimiz ularni cho‘chityaptimi — har holda birov ichkariga kirishga shu paytgacha xohish bildirmadi (masalan, Azazelloning uzun burni bilan so‘yloq tishlari yoki mening yelkamga tushib turgan paxmoq sochlarim bilan jun bosgan kaftim ularning yuragiga vahm solgan bo‘lishi mumkinmi? Mumkin. Menimcha, shunga ularning yuragi betlamadi)… Xullas, ertalabdan ovorai sarsonmiz. Uni ham, meni ham tomoshabin jalb qilamiz deb eshik oldida galma gal tomog‘imiz qirildi. Bu ketishda kinoteatrga to‘langan ijara puli havoga uchib ketmasaydi, deb turgandim. Yo‘q, mana Xudoning o‘zi biz iblislarga sizni ro‘para qildi. Bir marta marhamat qildi-da… Ammo siz mard inson ekansiz. Sadqai jon deb keldingiz. Aylanay, sizdan. Ko‘rinishingizdan yaxshi odamga o‘xshayapsiz. San’atni tushunishingiz ham shundoq chehrangizdan bilinib turibdi.  

-Otaxon, ko‘p gapirvording,- dedi Azazel shosha-pisha uning yoniga irg‘ishlab kelib. — Filmlar namoyishini boshlaylik. Sen menga qaraganda katta va obro‘liroqsan,  shu sababga ko‘ra sening filmingdan boshlaymiz.

-Ma’qul, bo‘tam,- kulgancha boshini qimirlatib qo‘ydi Mefistofel va qulog‘imga pichirladi. — Men yaratgan film moziy haqida. Zero, moziyga qarab ish ko‘rmoq xayrlidir, shunday emasmi? O‘sha vatandoshingiz aqlli gapni topib aytgan.

Ular ikkisi — biri o‘ng qo‘ltig‘imdan, ikkinchisi chap qo‘ltig‘imdan tutib, katta ekranning ro‘parasidagi o‘rindiqlar sari olib ketishdi. U yerda uchchalamiz yonma-yon o‘tirdik. Ularning o‘rtasida o‘tirish men uchun boshida noqulay bo‘ldi. Ammo sal o‘tib buni esdan chiqardim. Chunki, ekranda Mefistofel yaratgan film namoyishi boshlandi.

-Bergmanning ruhidan iltimos qilgandim,- dedi Mefistofel trubkasini burqsitishda davom etib.- Menga badiiy rahbarlik qildi. U bilan oson til topishdik.  

-Menga esa s’yomka jarayonida Fellinining ruhi ko‘rsatmalar berib turdi,- quvnoq so‘z qotdi Azazel.

-Hechqisi yo‘q,- dedim ularga birma-bir qarab qo‘yib.- Ular ikkisi ham tiriklik chog‘ida yaxshi rejissyorlar bo‘lishgan. Hozirgacha istalgan rejissyor ularga, shuningdek Andrey Tarkovskiy va Milosh Formanga  murojaat qilib turadi.

Mefistofelning filmi o‘n to‘qqizinchi asr birinchi yarmidagi Angliya qishloqlaridan birining tasviri bilan boshlanardi. Lenta orqali birma-bir ko‘z oldimdan botqoqliklar, toshdevor uylar, huvillagan adir va tepaliklar o‘ta boshladi. Shundan so‘ng, kadrda qishloqning bir chetidagi ko‘rimsiz xonadon tasviri ketdi. Uning pastak xonalaridan birida uchta qiz bir stol atrofida o‘tirishardi. Qizlarni darrov tanidim. Moskva milliy kutubxonasi tomonidan Londondagi “Opa-singil Brontelar” muzeyi haqida tayyorlangan foto albomda shunday fonda chizilgan ularning suratlariga ro‘para kelgandim. Shuning uchun tanish qiyin kechmadi.

Film asta davom etardi. Opa-singillar goh deraza orqali tashqarida gupillab yog‘ayotgan qorga, goh bir-birlarining mashg‘ulotlariga tikilgancha, o‘zaro iliq gurunglashishar, oyoq ostida kuymalanib yurgan kuchuklari ularga navbat bilan anqayib termulib chiqardi. Xona ixchamgina bo‘lib, derazaga tortilgan pushtirang pardalar bir chetga tortib qo‘yilgan, uning yonida joylashgan jigarrang oynavand javonga turli kitoblar tartib bilan terilgan, bir chekkada turgan to‘q qizil pianino devordagi natyurmort bilan xonaning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turar, kaminda qasir-qusur etgancha o‘tin jonivor tobora gurillab yonardi.

-Sharlotta,- so‘z qotdi qizlardan bo‘yi uzuni va nozikrog‘i.- “Jeyn Eyr” romaning rosa shuhrat qozondi-a?

-Seni esa “Momaqaldiroqli dovon” romaning, — dedi Sharlotta o‘qiyotgan kitobidan boshini ko‘tarib.- Emili, uni menikidan ham ko‘proq odam o‘qidi.

-Mening esa she’rlarim,- dedi qizlarning kichigi kasalmand odamlardek xazin tabassum qilib.

-Badiiy asar yozishdan maqsadlaring nima bo‘lgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisizlar?- dedi Emili kamin oldiga kelib, cho‘k tushgancha olovning sho‘x-shodon raqs tushishiga razm solarkan.- Nega yozyapman, yozishdan qanday maqsad yoki manfaatni ko‘zlaganman deb?

Sharlotta o‘qiyotgan kitobidan yana bir marta  boshini ko‘tarib, o‘rtancha singlisi tomonga o‘ychan nazar soldi. Uning dumaloq yuzi oxirgi kunlarda ko‘p o‘qib va ishlaganidan rangparlashib salqigan, ko‘z qorachig‘laridan tortib tanasining har bir a’zosida elas-elas sezilayotgan charchoq kichkinagina jussasini yanayam kichrayib ketgandek ko‘rsatar, stolga tiyab olgan qo‘llaridagi barmoqlari asabiy qaltirardi.

-Jeyn Eyr haqidagi romanni yozishimdan maqsad,- dedi u kamin oldiga kelib qo‘llarini isitarkan.- Jamiyatda ayollar haq-huquqlarini tiklab, qaror toptirish edi. Romanni ko‘pchilik o‘qidi. Men ishonaman — kelajakda ham uni ko‘pchilik o‘qiydi va haqiqat qaror topib, istalgan jamiyatda ayollar xuddi erkaklar kabi teng huquqli bo‘lishadi. Ularga ham barcha jabhalarda erkaklarga berilgan huquqlar beriladi. Ularni parlamentga saylashadi. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida erkaklar bilan bir ishni bajarishsa, teng holda maosh to‘lashadi. Tamaddun taraqqiy etishida  ularning ovozlari ham inobatga olinib, bunga sezilarli hissalari qo‘shiladi. Romanni yozayotib, shunaqa feministik mulohazalar ko‘nglimdan kechgandi. Boshqa hech narsa emas.

-Mendagi maqsad esa,- dedi Emili hanuz olovdan ko‘zini uzmay.- Odamlarni muhabbat borligiga, bo‘lganida ham beg‘ubor, pok va ulug‘ muhabbat borligiga ishontirish edi. “Momaqaldiroqli dovon”ni shuning uchun yozdim. Roman orqali odamlarga qarata “sizlar muhabbatga ishonmay qo‘yganingiz uchun aslida keksayasiz, qalbingiz mog‘orlashadi, hislaringiz chirkinlashadi”, deb ichimdagi aytolmagan gaplarimni baralla aytish edi.

Bilasanmi, Sharlotta, romanni yozish jarayonida doim erta turardim (o‘sha paytda sizlar ham, otam ham shirin uyquda bo‘lardilaring). Oyoq uchida yo‘lakdan o‘tib, apil-tapil yuz-qo‘limni yuvardim. Keyin nonushta qilmay, to‘g‘ri o‘sha dovon sari yugurardim. U yerdagi tanish harsangtoshda ko‘zlarimni yumib uzoq vaqt o‘tirar, tongni qarshi olib, ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan quyoshni iliq kutib olar yoki tomchilayotgan yomg‘ir ostida orzularimni jonlantirardim. Shunday kezlarda roman bosh qahramoni Xitkliffning kaftini yuzimda, sochlarim orasida his qilar, totli bo‘sasining tafti lablarimni yoqimli kuydirar, belimdan quchgan bag‘rining o‘tkir ifori dimog‘imdan ketmay vujudimni mast qilardi. Aslida bu shamol, quyosh yoki yomg‘irdan biri bo‘lardi, lekin men tasavvurimda xuddi tirik Xitkliff bilan xarsangtoshda yonma-yon o‘tirgandek o‘zimni ishontirar, shu bois ko‘zlarimni sirayam ochgim kelmas va baxtdan masrur holda o‘sha yerda soatlab qolib ketardim.

Uyga kelgach esa romanning davomini yozardim. O‘zimni xuddi Ketrin bilib, Xitkliffga qalbimdagi mavjud mehrning oxirgi tomchisigacha berar, kitobxonga u qanchalik qaysar, mag‘rur va alamzada inson bo‘lmasin, aslida insoniy parvarishga muhtoj va sevish-u sevilishga ehtiyojmand, toza qalb egasi ekanligini jon kuydirib tushuntirgim va bayon qilgim kelardi. Roman boshidan oxirigacha muhabbat haqida. Unga ishongan va ishonmagan odamlar haqida. Ishonganlarning iztirob va fojeasi, ishonmaganlarning zerikarli va bir xillikda o‘tayotgan hayoti haqida. Uni o‘qigan odam shubhasiz, muhabbatning fusunkor jozibasi bilan bir necha kun yashaydi. Uni yozishdan maqsadim shu o‘zim anglagan narsalarni o‘quvchiga yetkazish bo‘lgandi. Boshqa hech qanday maqsadni o‘z oldimga qo‘ymaganman.

Patqalamni tinmay siyohga botirib,  oq qog‘ozni she’riy misralarga to‘ldirayotgan qizlarning kichkinasi — janob Brontening erkatoyi Anna opalariga shahlo ko‘zlari bilan birma-bir boqarkan, gapirishga dastlab uyaldi. Kulchadek yuzini kamin tomonga burishga iymanib, oyog‘i ostidagi kuchukka diqqatini qaratdi va uning hurpaygan tuklarini  qo‘llari bilan silay boshlaydi.

-Men nimayam derdim,- dedi shundan so‘ng qo‘lidagi patqalamni siyohdonning chetiga qo‘yib.- She’r yozishdan men ham biror bir maqsad yoki manfaatni ko‘zlamaganman. Shunchaki she’rlarimni oddiy odamlar o‘qishini orzu qilganman, xolos. Ertalabdan kechgacha, kuniga kerak bo‘lsa o‘n sakkiz soatlab, hatto dam olish kunlari ham konlarda, fabrikalarda, sanoat korxonalarida og‘ir mehnat sharoitlarda ishlayotgan odamlarning ko‘ngliga ular ko‘magida sal bo‘lsa-da chiroq yoqishga umid qilganman. O‘sha bir guruh sho‘rliklar hech bo‘lmaganda she’rlarimni o‘qib, beminnat she’riyat olamida oniy lahza baxtiyor va xushnud bo‘lishlarini, tegralaridagi og‘riqli va iztirobli borliqni vaqtincha unutishlarini, adolatsizlikka g‘arq bo‘lgan jamiyat dunyoga keltirgan fojeali sitamni bir muddat tanalarida his qilmasliklarini va shu orqali ertangi saodatli kun uchun o‘zlaridagi ishonchni mudom tirik saqlashlarini istaganman.

Shu yerda kutilmaganda «The End» degan yozuv ekranda paydo bo‘ldi. Buni ko‘rib, xafsalam pir bo‘ldi.  O‘ng tomonimdan o‘tirgan Mefistofel yengil tin oldi. Azazel oyog‘i kuygan tovuqdek pitirlab qoldi. O‘rnidan turib asabiy tarzda u yoqdan- bu yoqqa borib kela boshladi.

-Mefistofelning filmi tugadi,- dedi kelib tag‘in qo‘ltig‘imdan tutgach. – Endi men yaratgan film namoyishi bo‘ladi. Meniki ham xuddi shunday mavzuda. Nomi ham bir xil: “Uch opa-singil”. Faqat badiiy-publitsistik. Otaxonnikiga o‘xshab to‘liq badiiy emas. Fellini bilan maslahatlashib, shunga kelishdik-da.

U xi-xilab kulib qo‘ydi. Mefistofel trubkasining tutunlaridan havoda turli tuman rasmlar yasashga kirishib ketib, biz tomonga aytarli ahamiyat bermay qo‘ydi. Azazel filmini ekranda ko‘rsatdi. Unda dastlab qandaydir atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan, xushmanzara, ko‘m-ko‘k o‘tloqli va soylari shildirab oqayotgan joy tasviri kadrda ko‘rindi. So‘ng ana shunday soylardan biri oldida suhbat qurib o‘tirgan uchta qiz  namoyon bo‘ldi. Azazel rejissyorlik ishining ilk qaldirg‘ochi bo‘lgan film bosh qahramonlari ham ijodkor opa-singillar bo‘lib, u Mefistofelnikidan ikkita tavofut bilan ajralib turardi. Birinchisi — voqealar hozirgi zamonda kechgan bo‘lsa, ikkinchisi — qizlar tutingan opa-singillar edi.

-Zomin-ku!- dedim xushmanzara joy tanish chiqib qolgach, Azazel tomonga o‘girilib.

-Shunaqa ziyrak tomoshabinlarni ko‘rsam, ilhomim jo‘shib ketadi-da,- dedi u peshonamdan cho‘lp etib o‘pib qo‘yib.- Tomosha qilishda davom eting, qadrdon!

Opa-singillarning uchchovi ham bir xil kesimda bo‘lib, kattasi cho‘rtkesarroq, o‘rtanchasi tegma nozik, kichigi o‘ta romantik ko‘rinishardi. Ular bir xilda kiyinishgani uchun chetdan qaragan odamga hozirgina inkubatordan chiqqandek taassurot qoldirishardi. Har birining qo‘lida kitob bo‘lib, qizig‘i biri “Jeyn Eyr”ni, ikkinchisi “Momaqaldiroqli dovon”ni, uchinchisi Anna Brontening she’riy kitobini ushlab olgan, gurunglari orasida kitoblarni onda-sonda varaqlab qo‘yishardi.

-Ijodkorning yozishdan maqsadi nima yoki uning ostida qanday manfaat yotadi?- dedi ularning kattasi nogahon kitobdan boshini ko‘tarib.- Shu haqida hech o‘ylab ko‘rganmisizlar?

-Ochig‘i, men uyushmaga tezroq a’zo bo‘lishni istayman,- dedi o‘rtanchasi kitobni yopib qo‘yib shaddod bir ohangda.- Hozircha ikkita kitobim nashrdan chiqdi. Bir necha tavsiyanomalarni to‘plab, zarur hujjatlarni yig‘ib, yaqinda ularni uyushmaga topshirdim. A’zolikka qabul qilishguncha endi tinmay she’r yozaman. Bir kuni qabul qilishsa, azaliy orzum ushaladi. Shunda kitob chiqarish ham muammo bo‘lmaydi. “Adib va jamiyat” ruknida navbat bilan uyushma hisobidan kitobim chiqaveradi. Har yili bepul yo‘llanma asosida sihatgohlarga borib, hordiq chiqarib kelaman. Navbatga yozilsam, ehtimol katta shoirlardan ortsa, imtiyozli kredit hisobiga uy olarman. Bu ham uyushma yordamida amalga oshadi va ketidan  “propiska” masalasi  ijobiy hal bo‘ladi-da, ortiq Toshkentda sig‘indiga o‘xshab qimtinib yashamayman. Vaqti kelib xalq shoiri bo‘lishim ham mumkin, chunki uyushmaga a’zo bo‘lganlarda bu unvonni qo‘lga kiritish imkoniyati rosa yuqori bo‘ladi.

-Men hozircha shahar deputatlar kengashiga saylandim,- gapni ilib ketdi savolni o‘rtaga tashlagan ularning kattasi bir payt.- She’rlarim orqali mashhurlikka erishgach, tug‘ilgan shahrimga deputat qilib saylashdi. Xalq bir ovozdan shu shoir qizimizni saylaymiz, dedi. Galdagi maqsadim- Oliy Majlisga deputat bo‘lish. Albatta, yana yaxshi she’rlar yoza boshlasam, bu maqsadimga erishaman hali. Hozircha uchta kitobim nashrdan chiqqan. To‘rtinchisi chiqqach, bu maqsadimga andak yaqin kelaman va xalq oldida obro‘yim  yanada oshib, ular Oliy Majlis deputatligiga ham meni saylashadi.

Qizlarning kenjasi sal g‘alatiroq edi. U qo‘lidagi kitobni ochiq qoldirgan holda ko‘zlarini yumib o‘tirar, tutingan opalarining suhbatiga deyarli aralashmasdi. Bir mahal uning qorachiqlaridan yosh to‘kila boshladi.

-Nima bo‘ldi senga?- dedi qizlarning kattasi.

-Aytarli hech nima,- dedi u hayajonlanib.- Anna Brontening she’rlari zerikarli ekan, ruhiyatimga mos tushmadi. Nika Turbinaning she’rlarini sog‘indim. Ko‘zimni yumib, ayni shu damda Nika bilan xayolan dardlashayotgan edim.

-Mendagi roman ham qiziqish uyg‘otmadi,- dedi qizlarning o‘rtanchasi.- Yigirma betgacha arang o‘qiy oldim. O‘tkir Xoshimov va Paolo Koelo boshqacha yozishadi baribir.

 -Bronteni ko‘p o‘qiy olmayman,- davom etdi kenjatoy qo‘lidagi kitobga ishora qilib.- Nika Turbina  boshqa gap. Kecha u ruhimga mos tushdi, u bilan bir-birimizni yaxshi tushundik. Brontedan farqli ravishda uni ruhiyatimga, ichki olamimga dadil kirgizdim. Avvalgi kunlari, hatto ilgari kuni ham uni chiziqdan o‘tkaza olmay qiynalayotgandim. Endi u bilan ham opa-singil tutindim xuddi Bella Axmadullina yoki sizlarga qiyomatli singil bo‘lganim kabi. O, bu qanday shirin baxt! Dugonalarim soni yana bittaga ko‘paydi. Nika endi menga tunlari hamroh bo‘ladi, xayolimdagi qiyofasi har tun qulog‘imga she’rlar pichirlab chiqadi, xassos ruhi bilan tongda yonma-yon ko‘z ochaman. Bronte esa…  

-Senga ham shu savol: nima uchun badiiy ijod bilan shug‘ullanasan?- so‘radi qizlarning kattasi undan.

Kenjatoy boyagidek ko‘zlarini katta-katta ochib, uning ko‘zlariga entikib va jilovlanmagan hissiyotlar og‘ushida sarson bo‘lib qaradi.

-Nahot, shu savol borasida bahslashayotgan bo‘lsalaring? Axir, buning javobi oddiy-ku! Vatanim ravnaqi uchun, uning taraqqiy etishi uchun yozaman. Men shu yurtning qiziman. Manavi purviqor tog‘lar, ko‘m-ko‘k o‘tloqlar, shildirab oqayotgan soylar mening bir bo‘lagim. Shu zaminda tug‘ilganim uchun bir umr serquyosh yurtim oldida qarzdorman. Bu yil vatanim ijodkor qizlari uchun mo‘ljallagan nufuzli mukofotga meni loyiq ko‘rdi (o‘tgan yili loyiq ko‘rilmaganimda , yig‘lab o‘zimni oqayotgan soyga tashlayman degandim onamga). Hali kechqurun xonamda o‘sha orden bilan diplomni ko‘rsataman sizlarga… Bu mukofotning yuki og‘ir. Ishonaveringlar, og‘ir. Meni taqdirlagani — vatanimning menga yuksak ishonch bildirganini anglatadi. Endi men unda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida yozib, zamon qahramonlarini asarlarimda gavdalantirishim kerak. Minbardan turib xalqqa shuni va’da berganman. Dovonlar, suv omborlari, temir yo‘llar va hokazolar haqida yozishim lozim. Men boshlanishiga uning kelajagi sifatida baholanayotgan atom elektrostansiyasi haqida she’r yoki doston yozaman. O‘tmishi buyuk bo‘lib, shunday kelajak sari intilayotgan yurt farzandlariga bu loyihaning beradigan ulug‘ imkoniyatlari haqida yozish men uchun katta sharaf bo‘ladi.

Azazelning filmi ham xuddi Mefistofelnikiga o‘xshash mavzudagina bo‘lib qolmay, to‘satdan tugab qolishi ham o‘xshardi. Go‘yo ular ikkisi kelishib olishgandek edi. Mavzu, g‘oya, filmning metraji, qo‘qqis yakuni — barchasi bir xil edi. Faqat aktrisalar boshqa edi, xolos.

-Qaysi birimizniki ma’qul bo‘ldi?- dedi Mefistofel Azazelning filmi ham xuddi unikiga o‘xshab qizg‘in pallasida yakunlanib, ekranda yana “The End” yozuvchi ko‘ringach.

-Ayta qoling, qadrdon,- dedi sukut saqlab turganimni ko‘rib,  Azazel betoqat bo‘lgancha o‘rnida bir-ikki sakrarkan.- Yuragim ezilib ketadi, aks holda.

-Ikkovi ham yaxshi,- dedim men ozgina ikkilanib turgach.

-Bittasini tanlash lozim, bittasini,- dedi Azazel yana u yoqdan bu yoqqa borib kelib.

-Biz Azazel bilan bahs boylashganmiz,- dedi Mefistofel qalin qovoqlarini uyib, norozi bo‘lgancha.- Bittasini tanlash lozim.

Men tanlay olmadim, deya olmayman. Mefistofelniki menga ko‘proq yoqdi. Azazelniki palitrasiz bo‘lib, hayotdan odamning ko‘nglini qoldirardi. Shunga qaramay,  ulardan birini xafa qilgim kelmadi. Shu tobda ular iblislardan ko‘ra beg‘ubor bolakaylarga aylanib qolishgandi. Yuzlariga boqib, filmlarni ajratish yoki tomoshabin sifatida tahlil qilish orqali ularga ozor berib qo‘yishim mumkinligini o‘yladim va betaraf yo‘l tutishni afzal bildim.

-Unda sizga ruxsat,- dedi Mefistofel menga kutilmaganda eshik tomonni ko‘rsatib.- Azazel, bu janobni eshikkacha kuzatib, darrov boshqa tomoshabin topib kel.

Azazel boshini egib, xo‘rsinib qo‘ydi va qo‘ltig‘imdan tutgancha zaldan olib chiqib ketdi. Yo‘lakdan yurib tashqarilagach, meni eshik oldida qoldirdi. U yerda mavjudligimni  bir pasda esidan chiqarib, yon-atrofni sergak ko‘zdan kechirishga tushdi.

Men yo‘limdan qolmay ketish o‘rniga bir chetda uni kuzatib turdim. Aksiga olib, u men turgan yerga boshqa e’tibor bermadi. Fikru zikri go‘yoki kinoteatr oldidan o‘tayotgan odamlarda edi. Ko‘p o‘tmay trotuarning yarmigacha chiqib, ularni tekinga film ko‘rish uchun birma-bir kinoteatrga taklif qila boshladi. Bu jarayon anchaga cho‘zildi. Turib-turib zerikib ketdim. Ortiq joyimda qolmay, avtobus bekati tomon ketayotganimda ham uning yalinish ohangidagi ovozi, odamlarning esa zardali tahdidlari hanuz trotuar bo‘ylab eshitilib turardi.

-Janob, tekinga ikkita film namoyishiga tushmaysizmi?

-Yo‘ldan qoch, so‘yloq!

-Siz kira qoling unda. Ko‘rinishingizdan bama’ni xonimga o‘xsharkansiz.

-Buncha turqing sovuq bo‘lmasa?!

Izohlar:

*Mixail Bulgakov nazarda tutilyapti.

**Iogann Volfgang Gyote nazarda tutilyapti.

2020 yil, aprel. Marg‘ilon.

Sherzod Ortiqov

1 ta izoh

  1. Essenavis Sherzod Ortiqovning «Uch opa-singil» nomli essesiga yozilgan review.

    Yaxshi yozishning yagona siri: tekshiring, tuzating, qayta yozing, tinkangiz quriguncha yozavering. Barcha durdona asarlar ortida mashaqqatli mehnat yotadi.

    Gyustav Flober.

    Fusunkor realizm janrini sevib o‘qiyman, garchi ushbu janr kitobxonni biroz chalg‘itsada. Reallik bilan fantaziyani uyg‘unlashtirib yozish, uni o‘quvchiga yetkazish yozuvchidan mohirlikni talab qiladi. O‘z davrida Gabriyel Garsiya Markes, Xulio Kortasar, Vargas Losalar buni mahorat bilan uddalashgan.
    Essenavis Sherzod Ortiqovning aynan shu janrda yozilgan «Uch opa-singil» essesini uzoq kutdim. Sevimli yozuvchilarim Brontelar haqida biror nima o‘qish yoqimli albatta. Mutolaaga butun vujudim bilan kirishdim, hech bir detalni chetda qoldirmaslikka, ijodkorning ruhiyatini va esse g‘oyasini teranroq anglashga harakat qildim.
    Gyotening «Faust», Bulgakovning «Usta va Margarita» asarlaridagi qahramonlarning film namoyishi sahnasi juda qiziq ifodalangan. Mefistofelning filmidan xulosam shuki: Qishloqning bir chetidagi ko‘rimsiz xonadonda yashab, buyuk asarlarni dunyoga keltirgan opa-singil Brontelarning ijod qilishdan, jumladan asar yozishdan maqsadlari hech bir manfaat, mukofot istagida emas, balki, insoniyatning azaliy muammolariga oz bo‘lsada yechim topishda oz bo‘lsada o‘z xissasini qo‘shishda edi. Shu sababli ularning asarlari mislsiz muvaffaqiyat qozonadi, hozirgacha sevib o‘qib kelinmoqda. Azazelning film premyerasidagi ijodkorlarda esa buning aksi, sevib o‘qiydigan asarlari ham o‘rtamiyona, did o‘tmaslashgan. Manfaatlarga asoslangan adabiyotda rivojlanish bo‘lmaydi.
    Esseni o‘qir ekanman, muallif esseni yoritishda nega aynan Azazel va Mefistofel obrazlaridan foydalandi deb ko‘p o‘yladim. Ular suratga olgan filmlardagi personajlarning ruhiyati bilan iblislarning xarakteri ham mos tushar ekan. Ya’ni, Mefistofel — bosiqlik, mulohazakorlik, Azazello esa — yengiltaklik ramzi. (Boshqa izohga hojat yo‘q).
    Yuqorida keltirilgan Floberning fikri aynan muallif faoliyatida namoyon bo‘lgan deb o‘ylayman. Muallifga kelgusi ishlarida omad tilayman.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting