RAMAZON HIKOYALARI

0
292
ko'rishlar soni

MEHR

«Kun bo‘yi ro‘zador holida qurilishda, oftob tig‘ida ishladi, juda ochiqqandir», o‘yladi ayol eriga zimdan qarab.  «Yaxshisi, boya yeb olgandim, qornim to‘q deb aytaman».

«Homilador ahvolida tuzuk-quruq yedira olmayapman», o‘yladi erkak ayoliga gunohkorona boqib. «Ikki kishi uchun yeyishi kerak. Yaxshisi… do‘stimnikida iftorlik qilib keldim, deyman».

Do‘ppidekkina palov eru xotin o‘rtasida xokisor turardi…

Nodirabegim Ibrohimova

HALOL

— Issiqqina, yog‘liqqina yangi sog‘ilgan sut, sotaman-u ketaman, keling, yanga.

-Bunizga suv qo‘shilmaganmi?

-Tavba deng, yangajonim, ramazon oyida-ya?!

-Aylanay, shunchaki so‘radim, qo‘ydim-da.

-Hayitgacha qo‘rqmay olavering, qoqindiq.

Bobur Nusratov

15 DAQIQA

«15 … daqiqa… qoldi», pichirladi bola loy yo‘ldan sirg‘alib chopib borarkan. Magazinga shoshib kirib g‘ijimlangan pulni uzatdi. Sotuvchi qiz mensimaygina pulni olarkan bolani jerkib berdi: «Nima balo, axlatdan oldingmi?»

Bola boshini egib, arang gapirdi: «Axlat tozalaganim uchun oldim».

Uyga yugurib kirdi, anchadan beri ayol kishining izi tushmagan hovli ichkaridagi bemor kabi bolani mung‘ayibgina qarshiladi.

«Keldim….», dedi bola hansirab. U piyoladagi suvga issiqqina nonni botirib, buvasining og‘ziga tutdi. Bemor tamshana-tamshana ko‘zlarini yumdi.

Buvasining so‘nggi iftorligi edi bu.

Dilbar Rajabova

SO‘NGGI IFTORLIK

Shomga yaqin nemislar chekina boshladi. Janggohni g‘alaba ovozalari tutib ketdi. U borgan sari to‘xtab borayotgan yurak dukurini tinglar, ko‘zini botay-botay deb turgan quyoshdan uzmasdi. Nihoyat quyosh botdi. Vaqt bo‘ldi, o‘yladi u. So‘nggi kuchini to‘plab bir siqim tuproqni og‘ziga soldi.

Asliddin TULANOV

UYAT

Vokzalga ketaverishga yaqin joyda oshxona joylashgan. Odimlar ekanman, kimdir «halol shashliklar bor» deb hayqirsa, kimdir issiq somsa, issiq choy borligini ovoza qiladi, yana kimdir esa plastik kartaga ham savdo qilaverishini jar soladi. Ular asosan o‘rta yoshli kishilar, yigitlar bo‘lgani uchun ovozlari jarangdor yangraydi…

Burchakda bir 60-65 yoshni qoralagan, ko‘rinishidan qarovsiz ekanligi yaqqol namoyon bo‘layotgan onaxon ro‘mol ochib eski kiyilgan kiyimlar, ishlatilgan ro‘zg‘or buyumlari, o‘qilgan kitoblar yoyib o‘tiribdi. Juda tanish chehra… esladim: ishga shoshayotgan paytim bu onaxondan pirashka olib yeb ketardim. Uning hech kimi yo‘qligi, o‘z qornining g‘amini shu yo‘l bilan yeyishi haqida eshitganlarim ham bor edi. 

Kitob qiziqishida yoniga yaqinlashdim va «ona, endi pirashka sotmaysizmi?»- deb so‘radim. Onaxonning javobidan qattiq ta’sirlandim, atrofdagi sotuvchi-jarchilarga qaradim-u ko‘zimni yerga oldim:

— Hozir Ramazon oyi-ku, uyat bo‘ladi, bolam, uyat….

Odinaxon Abduvoxobova


1937 yil ro‘zasi

Azonga yaqin shitir-shitir sasidan uyg‘anib ketdim.

Suv ichish uchun oshxonaga chiqdim:

-Chiroqni yoqma!

Dadamning kutilmaganda eshitilgan ovozlaridan cho‘chib ketdim.
Xontaxta yonida onam va dadam ro‘za tutish uchun sham yorug‘ida og‘iz yopishardi.

Azizabonu Abduraximova

Dushanba kuni

Ishxonamdan chiqib tushlik qilish uchun uyga ketayotgan edim. Yo‘l bo‘yidagi odami gavjum restoran oldidagi bir bolakayga ko‘zim tushib qoldi. Chamasi o‘n ikki yoshlar atrofidagi bola restoran ichidagi ho‘randalarga qarab turar edi. Qorni ochdir u-bu narsa olib bersammikan degan o‘yda uning yoniga yaqinlashdim.

—Nimaga qarab turibsan? Qorning ochmi? Yur, birga ovqatlanamiz, -dedim.

—Och emasman.

—Unda nimaga bu yerda turibsan?

U menga  g‘alati qarab qo‘ydi-da, savolga tutdi.

—Amaki, hozir biz qaysi oydamiz?

Ochig‘i gapidan hayron bo‘lib javob qildim.

—Aprel oyida. Nimaga so‘rayapsan?

—Bugun qaysi kun? -dedi bola ko‘zlarimga tikilib.

—Juma.

—Yo‘q, amaki  Ramazon oyining ilk kunidamiz-ku. Ichkaridagi odamlar nega ulug‘ kunda ro‘za tutishmaganiga hayron bo‘lib qarab turibman.

Bolakayning gaplaridan ro‘za tutmaganim yodimga tushib uyalib ketdim.

D. To‘ychiyeva

Nasiba

—Yangi kelin-kuyovligimizda qotgan nonni qaynoq suvga botirib saharlik qilardik. Kuni bilan mehnat, charchash… Iftorlikka yovg‘on sho‘rva.

—Ha. Allohga shukr, mana endi anvoyi taomlar, yaxna ichimliklar tayyor.

—Endi tish yo‘q, kampir. Baribir yana nonni qaynoq suvga botirib yeyyapmiz…

Anchagacha cho‘zilgan kulguni bomdod azonigina to‘xtatdi.

Otabek Bakirov

Ikki daqiqa 

— Shu holingizda ro‘za tutish shartmidi, ona? 

— Chidayman, bolam, ikki daqiqa qoldi.

Uni hech kim ko‘rmasligi va eshitmasligini bilsada eshik yonida turgan sharpa kampirning gapini takrorlab qo‘ydi: «Ikki daqiqa qoldi»…

Shohrux Najot

Oldinlari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ramazon haqida tinmay rasmlar-u «Yig‘lab kutdim», «Bir yil kutganim Ramazon», «Ramazonga shuncha qoldi» kabi kun sanab yozilgan postlarni ko‘rsam kibrga yo‘yardim. Lekin o‘tgan yili ro‘za tutolganimdan keyin bu holatga nisbatan hech bir izohga hojat qolmadi…

Malika Mumtoz

Oila

Bugun kechki payt mahalladoshlarimizdan birinikda iftor ekan, boya aytib ketishibdi. Ishdan kelsam bu haqda o‘g‘lim xuddi yetkizayotgan xabari uchun suyunchi oladiganday, meni ko‘rgandan yugurib oldimga kelib xabar berdi:

– Dada, dada, sizni kechga iftorga aytib ketishdi. Borar ekansiz.

– Xo‘p o‘g‘lim, xo‘p.

Ishdan charchab kelganim uchunmi iftorga borish ham malolday tuyula boshladi. Ammo, borish kerak, mahalladosh xafa bo‘lishi mumkin.  Iftor vaqtigacha biroz dam olib, so‘ng og‘iz ochishga yarim soat qolganda uydan chiqa boshladim. Qarasam xotinim allaqachon har kungiday qilib iftorlik dasturxonini tuzab qo‘yibdi. Dasturxonda bir idishda ozroq salat, bir stakan qatiq, ikki bo‘lak qozonda yopib pishirilgan chalpak, bir hovuch xurmo va bir tarelkada mevalar turar edi. Qo‘l kaltalik qursin, hoynahoy nimadir ovqat qilgan bo‘lsa ham go‘shtsiz ovqat qilgan.  Eshikkacha bordim va to‘xtab soniyalarda hammasini o‘ylab ko‘rdim: iftordagi to‘kin dasturxon, ikki-uch xil ovqat, turli salqin ichimliklar va turli xorij mevalari… Yo‘q, tomog‘imdan o‘tmaydi, o‘tsa ham baribir tatimaydi…

Sekin ortga qaytdim va o‘zimning qadrdon dasturxonim yoniga o‘tirib, Qur’onni qo‘limga oldim va bolalarimni yonimga chaqirdim.

G‘ayrat Yo‘ldosh

Nodirabegim to‘pladi.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting