Hayot xulosasi

0
257
ko'rishlar soni

Perets Leybush,

Klassik yahudiy yozuvchi (1852-1915).

 Shahar bo‘ylab ikki yahudiy ayol ketib borardilar.

— Xane, meni qayoqqa olib ketayapsan? –so‘radi ularning ozg‘inrog‘i.

— Kelaverchi, ko‘rasan, Grune, -biqqi jussalisi uni ergashtirdi.

Bir tepalikka yetib kelishgach, Xane Gruneni o‘tirishga taklif qildi. Shaharning issiq va shovqinidan yiroqlashgach, Xane gap boshladi.

— Ering rahmatli ko‘p yaxshi ishlar qildi. U haqiqatgo‘y yahudiy edi. Hamma uni izzatlardi…

— Ha…

— Uni Yaratgan rahmatiga olsin.

— …

— Nega indamaysan?

— Menga baribir!

— Nima? Gunohga botma, Grune!

— U hamma uchun yaxshilik qildi, faqat oilasidan tashqari.

Ikki ayol jimib qoldi. Ha, u o‘lgach, Grune uchta qiz bilan bo‘zlab qolgandi. Keyin boshqa turmush qilmadi, qizlarini o‘zi halol yedirib-ichirdi. Otasi bermagan narsalarni berishga harakat qildi.

-Bilasanmi, nega u o‘ldi? –asabiylashdi Xane. – chunki sen osiysan!

-Men? Menmi osiy?

-Ha! Shunday yaxshi erning xotini ham yaxshi va tarbiyali bo‘lishi kerak edi. Sen esa gunohga botayapsan.

Grune yanada cho‘kib qoldi.

-Bilasan, dugonangman, -davom etdi Xane, — senga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish mening burchim. Odamlar faqat sen va qizing haqida gaprishayapti. Shuning uchun senga maslahat berishni lozim topdim. Xudo seni kechirsin!

-Meni azoblama…

-Gapning po‘stkallasini eshit! Qisqasi, kecha qizing Mirlni vokzalda o‘tirganiga guvoh bo‘ldim.

-Yolg‘izmi?

-Yo‘q!

-Kim bilan?

-Men bilarmidim? Shlyapa kiygan bir yigit. Ular bir-birlari bilan maroq bilan suhbatlashishar, kulishar, quchoqlashishardi!

-Bilaman…

-Bilasan?! Uni o‘sha yigitga unashtirdingmi?

-Hozircha yo‘q.

-Yo‘q? Unda nega bunga yo‘l qo‘yding?!

-O‘zim.

-Grune! 

Grune endi xotirjam edi. U Xanega qarata dadil so‘z boshladi:

-Endi meni tingla. Erim o‘lganda, katta qizim Genendel 14 yoshga chiqqandi…

-Ha, bu paytda u tengilar kelin bo‘ladi.

-Hatto yeyishga nonimiz yo‘q edi. Genendel bilasan, o‘shanda shaharning eng go‘zal qizi edi. Hozir esa… go‘yo siqilgan limonga aylangan. Sochlariga oq tushgan. Obro‘li erimga loyiq xotin bo‘lay deb qizimga qattiq turdim. Derazadan tashqariga nazar tashlatmadim, ko‘chaga chiqarmay qo‘ydim. Oh, qanaqa ona edim men? Erga bersam, toza ko‘zgudek saqlay deb uni sindirdim! Har kuni u yoqqa qarama, bu yoqqa qarama, hech kim bilan gaplashma, sevsang gunohga botasan, deb nasihat qilardim.

-To‘g‘ri qilgansan-da!

-Juda to‘g‘ri! –Grune kesatdi, — mana, hozir u qanday ahvolga tushdi? To‘g‘ri, qog‘ozga o‘ralgan qanddek asradim, ammo… qariqizga aylantirdim. O‘ttiz olti yoshga chiqdi! Ko‘zlari ma’yus, sevgi ko‘rmagan qalbi g‘amga to‘la, nigohlarida alam, nafrat, hayotga nisbatan qahr! Biror marta kulmaydi, chunki sevmadi, sevilmadi. Bilasanmi, u kimdan nafratlanadi? Kimni qarg‘aydi?

-Kimni?

-Meni! O‘z onasini!

-Nimalar deyapsan?

-O‘zi aytmasayam, sezaman. Uni quyosh nurlari, olam kengliklaridan yashirib keldim. Go‘zalligi yolg‘izlik ichra so‘ndi. O‘rtancha qizim Leyani esa uyda saqlamadim. Uni yaxshi bir boy oilaga xizmatchi qilib ishga joyladim. Shunga qaramay, har kuni uning oldiga borib qattiq nazorat qilar, nasihat o‘qishdan charchamasdim. Ko‘rkam va aslzoda yigitlar uni ko‘z ostiga olganini sezardim, ammo ularni qizimning yoniga yo‘latmasdim. Hech qaysi yigit unga yurak yutib gapira olmasdi. Qizim gapimga quloq tutar, odobli edi.

-Edi… nega o‘tgan zamonda gapirayapsan?

-Chunki u endi yo‘q. Faqat vujudi mavjud, siyrati o‘lgan!

-Xudo saqlasin!

-Unga o‘zim er topib uzatdim. Bechora to‘ydan oldin rosa yig‘ladi, yigitda ko‘ngli yo‘qmish. Tengi chiqsa, tekin ber shioriga amal qilib, uni o‘sha qo‘rs va qo‘pol yigitga berdim. Ular atigi bir yil yashashdi. Keyin kuyovim qizimning bor puli, sog‘lig‘i, baxtini yulib, qochib ketdi. Faqat dard qoldirdi. Qizim sharpaga aylanib qolgan. Xuddi yosh bolaga o‘xshaydi, kechasi bag‘rimga bosh qo‘yib yig‘lagani yig‘lagan.

-Erini sog‘inibmi?

-Yo‘q. Xane, mening aybim uchun yig‘laydi. Uni baxtsiz qildim. Shulardan so‘ng “yaxshi xotin” vazifasini bir chetga surdim. Mening uchinchi qizim baxtli bo‘ladi! Qanday xohlasa, shunday yashaydi. U hozir o‘zi yotirgan fabrikada o‘n olti soat ishlaydi. Kulgisi kelsa, kuladi, kim bilan gaplashgisi kelsa, gaplashadi. Undan siqilgan limon tayyorlashni istamayman. Er ham topib uzatib yubormayman. U mendan nafratlanmasin, menga yig‘lamasin!

-Ammo Grune… odamlar nima deydi?

-Mayli, yetim qizimning ustidan mag‘zava ag‘darishsin, mayli, kulishsin, mazax qilishsin. Ammo u baxtli bo‘ladi. U sevib-seviladi!

 O‘rtada uzoq zimlik cho‘kdi. Ikki ayol nigohlari bir-biriga to‘qnashgan, ularda qarama-qarshi to‘lqin mavjlanardi.  

-Mening gunohim shu bo‘lsa bo‘laqolsin, -Grune suhbatga yakun yasadi, — mening bevalik hayotimdan xulosam shu. Yaratganning ikki jazosi yetar, uchinchisida men adashmadim… 

Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting