Mansur JUMAYEV. She’rlar.

0
364
ko'rishlar soni

* * *

Qalbimdan nenidir yuldi habibim,

qolgani ohmidi,

nolami,

voymi…

yigirma birinchi asr tabibi,

tuzay olurmisan

qalb degan joyni?!

Ruhim qanotini kesdi qaribim,

yo alam,

yo nafrat,

yo g‘amdir jazo…

yigirma birinchi asr tabibi,

ayt,

qanday tuzalgay

ruh degan a’zo?!

Na qalbsiz jasadda qoldi tarovat,

na ruhsiz badanda topildi ma’ni;

kim deysan,

“jon qushi ram qilib”,

faqat –

tan otiga xashak bergan kimsani?!

Tabibim,

tanamga tilab farog‘at,

nasihat o‘qirsan:

katbiy,

shifohiy;

eng avval qalbimni qilgil tabobat,

eng avval ruhimga shifo qil.

To falak poyimga to‘shalsa,

ensa,

to majruh zaminni ko‘tarsam boshga…

tabibim,

davo qil,

qo‘lingdan kelsa,

kelmasa,

men tabib axtaray boshqa.

To yuluq qalbimga qaytarsin chindan

shabob hislarimni –

sodda,

samimiy,

qanoti but ruhim uchsin ichimda,

yigirma birinchi asr tabibi!

Nega lol qaraysan ko‘zimga,

bor-yo‘q –

shu desam birgina o‘tinch,

o‘y,

tilak;

nahotki mendayin boshqa bemor yo‘q,

nahotki tabib yo‘q

o‘zimdan bo‘lak?!

* * *

Ko‘z yosh yarashmaydi erkakka harchand,

diydam qattiq deya nechuk aldandim:

xasta onasining boshida farzand

yig‘laganin ko‘rib ko‘zim namlandi.

Bir og‘riq kezarkan ikki ochunda,

bo‘g‘zimni tirnadi yovvoyi ingroq;

do‘stim onasiga achingan kunda

men o‘z volidamga qildim qo‘ng‘iroq…

Nogoh otasidan ayrildi do‘stim:

har ayriliq – nogoh,

hamma g‘am – nogoh,

birov qon yig‘ladi,

birov qon qusdi –

ayrilish dardidan bo‘ldim men ogoh.

Bir og‘riq kezarkan ikki ochunda,

diydam yumshadimi – tosh qotgan qadim,

do‘stim otasidan ayrilgan kunda

o‘z otamga umr so‘rab yig‘ladim…

Bu bodi bolangni kechir, onajon,

uloqqan o‘g‘lingdan o‘kinma, ota,

harnechuk yodiga tushirsa al-on

yo g‘am,

yo xastalik,

yo dard,

yo motam.

Ikki ochundagi, ey, ikki habib,

diydam qotgan bo‘lsa, o‘ksimang hayhot,

bog‘bon gul ostini yumshatgan kabi

yumshatib turibdi diydamni hayot.

* * *

Qorsiz qarshilandi qish tongi. Zotan

oppoq ko‘rinardi keksa Qo‘ng‘irtov.

Nechun seni qor deb ololmadik tan,

ey maysa kaftida uxlagan qirov?!

Ko‘yna mo‘rilarda izillagan bo‘z,

esingdami o‘tmish chog‘laring – tug‘li?

Yarasharmi endi shamol degan so‘z,

axir sen sahroyi dovulning o‘g‘li!

Nechun seni bo‘ston demadik, jangal?

Nechun seni bahor atamadik, kuz?

Nechun aytarimiz aytmadik dangal?

Nechun yig‘lar chog‘i namlanmaydi ko‘z?

Nechun borman deya ko‘tarmaysan bosh,

nechun hayqirmaysan,

uchmaysan erkin –

ey, kulgu ortiga bekingan ko‘z yosh,

ey, sukut ortida yashagan sevgim?!

* * *

Bir sen borsan!

Bir sen borsan!

Bir…

bir sen bo‘lgin,

sensiz bo‘lmasin;

bir sen bilan,

sen bilan banddir

yuragimning har to‘rt bo‘lmasi!

Bo‘lmalarga sig‘magan olov

sachrab ketsa ming bir yo‘lakka,

o‘ksimasin –

ich-ichimdan yo

joy tegmasa sendan bo‘lakka.

Sensiz qolar bo‘lsa bu maxzan,

tutar bo‘lsa dunyo barini,

vayron ayla, mayli, shu lahza

yuragimning bo‘lmalarini!

* * *

Esingdami, aka,

yoz oqshomlari,

zangor shu’lalarga cho‘mgan so‘rimiz,

baqalar sayragan tun ilhomlanib,

ko‘klam kengliklardan arazlagan kez,

osmon havzasida porlagan qizlar,

nozbo‘y hidlarini ulashgan palla,

shakarob tuproqdan sochilgan islar,

kimsasiz mahalla?!

Eski «Jenifer»ga termilib qanday

ajab afsonalar ko‘rardik qancha:

Devid Attenboro,

Mel Gibson,

Van Damm,

Jet Li,

Jeki Chan…

Film yarmidayoq uxlab qolardik,

qolgani tushimda bo‘lardi bunyod.

Qiziqtirmas edi bizni behadik

Binyamin rasmiga topingan dunyo.

Bizni qiziqtirgan o‘shanda faqat

urush sahnalari

va jang-talotum

va mardona o‘lim

va buyuk toqat,

«bidish-bidish»,

«bum-bum»…

Ajab dalli edik ikkalamiz ham,

men — bir xayolparast,

sen — bir shumtaka… 71

saharlar chang yutib arpa o‘rgan dam

esingdami, aka?!

Yam-yashil paykallar o‘roq damidan

biroz tin olganda — kar, soqov, so‘qir —

kechagi kinoni qolgan yarmidan

aytib berar eding ichingdan to‘qib.

Sening qiyofangda kelardi balqib,

so‘zlardi,

urardi

va bo‘lardi gum:

Bryus Li,

Shohruxxon,

Makoley Kalkin;

«bidish-bidish»,

«bum-bum»…

Yolg‘on edi sening hikoyang garchi,

garchi ishlanmagan sen aytgan film,

ammo ishonardim senga chippa-chin,

shunday sodda edi,

keng edi fe’lim.

Esingdami, aka,

yoz oqshomlari,

zangor shu’lalarga cho‘mgan so‘rimiz?!

O, hanuz qo‘msayman o‘sha onlarni,

o, hanuz qolsaydim o‘shanday tamiz!

Garchi davom etar to mana-hanuz

urush sahnalari,

kurash,

talotum,

o‘limlar,

o‘limlar…

va yana hanuz

«bidish-bidish»,

«bum-bum».

Endi zerikarli bo‘lib tuyular,

endi qo‘rqitadi bu vahshiy «kino»,

sening qiyofangda avramoq bo‘lar

Binyamin rasmiga topingan dunyo.

Endi toliqadi ruhim

ichimda

kechgan «bidish-bidish, bum-bumu buf»dan,

zoriqqan,

ichikkan mahdudman chindan

quduqda xojasin kutgan Yusufday.

Ajab ikki dalli bo‘lgan edik jam:

men — bir xayolparast,

sen — bir shumtaka…

va hanuz ishonay

yolg‘on bo‘lsa ham

kino to‘qib bergin men uchun, aka!

Yolg‘on gapirmaysan endi, bilaman,

bilaman, ro‘yirost aytasan endi,

akajon,

hozirgi rostgo‘yligingdan

o‘sha yolg‘onlaring azizroq edi.

Bilaman, urush ham ko‘rding — haqiqiy,

taloto‘plar ichra yashading har zum,

chindan changal urdi har bir daqiqa

«bidish-bidish»,

«bum-bum»…

Ammo unutmagin

shu’laga botgan

eski «Jenifer»ga yondosh so‘rini,

yolg‘on hikoyangga ishonib yotgan

ukang ko‘zlaringga tursin ko‘rinib.

Osmon havzasida porlagan qizlar,

ko‘yna zovurlarda hayqirgan baqa,

shakarob tuproqdan sochilgan islar…

esingdami, aka?!

Esingdami, aka,

yoz oqshomlari?!

SAFAR

Shamol umrim bilan o‘ynaydi poyga,

Zamin chinor bo‘lib chang soldi oyga.

Qanday borish mumkin, yuragim, aytgil,

Ko‘ngil degan joyga?!

Onam bahorlarin sochqilab soyga,

Otam qaddi borar aylanib yoyga…

Yetib kelmadimmi, yetib keldimmi

Inson degan joyga?!

Qancha «urho»larim evrildi «voy»ga,

Dunyo tushib oldi dil degan royga,

Qumday gunohlarim xarsangday botdi

Vijdon degan joyga.

Garchi qorganim yo‘q ruhimni loyga,

Turmush tashvishlari ko‘lanka yoygan

Tangu tor so‘qmoqdan borarman yig‘lab

Shoir degan joyga.

Yurak evrildiyu majnunsaroyga,

Sohib bo‘lib chiqdi ozod humoyga,

Qonim lola bo‘lib ko‘rk berar ko‘klam

Vatan degan joyga.

O‘zimni topshirsam butkul xudoyga,

Ruhim uchar minib qo‘shqanot toyga…

Bu zahmat, bu lazzat olib bormasmi

Alloh degan joyga?!

Haq degan joyga?!

* * *

Men ham intizorman, men ham muntazir,

Men ham diydoringga mushtoqman hanuz.

Men ham telba edim, ammo benazir,

Men ham oshiq edim, ushshoqman hanuz.

Mening ham lolarux maydir ichganim,

Menga ham tor keldi osmon uchgani,

Hamma oshiqlardek men ham bir g‘ani,

Hamma oshiqlardek qashshoqman hanuz.

Eski bir jununga doirman hamon,

Sevgi sahrosida soyirman hamon,

Suyuk so‘z to‘kilgan shoirman hamon,

Kuyuk bo‘z to‘kilgan mashshoqman hanuz.

Bir yigit umrini sipqorgan o‘g‘ul,

Bir ayol sochini qorga ko‘mgan g‘ul,

Bir malak tushlarin ziynatlagan gul,

Bir pari poyiga tushoqman hanuz.

Johilligim ayon, oqilligim rost,

Zabonimni yoqar aytilmagan roz,

Ko‘zing ummonida xasman sarafroz,

Alvon dudog‘ingda titroqman hanuz.

Ko‘klam andalibdan navo keltirdi,

Kuzak hazin tusli safo keltirdi,

Falak ruhqushimga havo keltirdi…

Tuproqman… tuproqman… tuproqman hanuz.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting