MUMUNING YERDAGI MUXLISLARI

0
401
ko'rishlar soni

esse

Salom, salom! Men o‘sha Mumuman, aniqrog‘i uning ruhiman. Tirikligida qordek oppoq soch-soqoli doim o‘sib yurgan Ivan Turgenev qalamiga mansub adabiy qissa bosh qahramoni — kaminai kamtarin bo‘ladi. Rus yozuvchisi men haqimdagi asarini nobud bo‘lganimdan keyin ikki yil o‘tib, 1854 yili yozgan va o‘sha yili  “Sovremennik” jurnalida e’lon qilgandi. Shu bo‘yi mening nomim ham, qotilim Gerasimning nomi ham nafaqat adabiyot olamida, balki insonlardan tashkil topgan har qanday jamiyatda rosa mashhur bo‘lib ketgan va asarni o‘qigan minglab kishilar sho‘rlik qismatimga achinishgancha goh unsiz, goh uvvos tortib yig‘lashgandi.

Ko‘pchilik ikki oyoqlilar, ya’ni odamlar o‘lganlaridan so‘ng mashhurlikka erishishgani kabi, hayvon bo‘la turib men ham Gerasim tomonidan suvga cho‘ktirilgach, Turgenev ko‘magida mashhurlikka erishdim. Uning men haqimdagi bitiklari jamlanmasi yuzdan ortiq dunyo tillariga tarjima qilinib, o‘sha diyorlardagi dini, millati, irqi, kasbidan qatiy nazar ko‘plab odamlar tomonidan iliq qarshi olingani va qiziqib o‘qilgani bor gap.

O‘limim bilan bog‘liq voqeaning badiiy talqini ortidan jahon adabiyotida qanchadan-qancha taqrizlar, katta-katta monografiyalar, ilmiy maqolalar, doktorlik dissertatsiyalar yozilganini bugun yer yuzida ko‘pchilik biladi. Ko‘plab adabiyotchilar shu arzimas o‘limim ifoda qilingan qissa tahliliga ellik-oltmish yillik umrlarini sarflab, soch oqartirishganini ham birov inkor qilmaydi. Bitta kuchuk erishishi mumkin bo‘lgan shon-shuhrat bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da.

Yaratganning irodasi bilan endilikda bir yuz yetmish yildan beri Arshi a’loda umrguzaronlik qilyapman. Bu yerda jonivorlarga yaxshi munosabatda bo‘lisharkan. Ayniqsa, o‘sha jonivor yerdagi bashar avlodi tomonidan yaratilgan badiiy asarlar prototipi bo‘lgani oshkor bo‘lsa,  shoxona va qadri baland bo‘lib yasharkan. Atrofida erta-yu kech qanotli, jingalaksoch va do‘mboq farishtachalar girdikapalak bo‘lishib, kunini mazmunli o‘tkazishi uchun unga yordamlashishar, turli-tuman jonivorlar suhbatlashish ilinjida bir zum ham uni tindirishmas ekan. Natijada, mana yosh kuchuklar Gerasim bilan bog‘liq bo‘lgan o‘sha voqea tafsilotini qaytib-qaytib hikoya qilib berishimni so‘rab holu jonimga qo‘yishmay, tez-tez meni yo‘qlab kelishni odat qilishdi. Farishtachalar qiyomatli do‘stlarimga aylanishdi.

O‘sha sokin va muzdek ko‘lni, irkit qayiqni, kar va soqov Gerasimni bu yerda ko‘p eslayman. Ko‘l tubiga cho‘kayotib ko‘zlarimni javdiratib atrofga oxirgi marta tikilganim, sekin-asta pastga sho‘ng‘ib borganim sari nafas ololmay qolganim, sho‘rlik xizmatkorning ayanchli qiyofasi,  eshkaklari shitirlab uzoqlashayotgan qayiqning ohista ketib borishi — hammasi esimda. Baxtga qarshi bu fojea xotirasi hanuz men bilan ruhimning bir chekkasida yashaydi.

Bugun inim oldida xayol surib yotib, Gerasim mansub bo‘lgan va Turgenev qalamga olgan o‘sha jamiyatni, umuman olganda Yerni negadir ko‘rgim keldi. Ilk marta uni ziyodroq qo‘msadim. Avvallari u haqida biror marta o‘ylamaganman desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Ko‘p o‘ylagan va sog‘ingan vaqtlarim bo‘lgan, albatta. Uning maftunkor tabiatini sog‘inishdan ko‘ra ham qismatimga achinib va kuyinib, Ivan Sergeevichning qissasini yig‘lab o‘qigan odamlarni ko‘rgim kelgandi. Lekin bugungidek kuchli emas. Shungadir tong otib ulgurmay, do‘mboq farishtachalarning biridan qanotlarini so‘radim. U yo‘q demay, bir kunga ularni menga berib turdi. Bu xosiyatli qanotlar bilan kurrai zaminga bir nafasda uchib borish va odamlarning ko‘ziga ko‘rinmay uni istagancha aylanib, holdan toyguncha kezish mumkin edi.

Qanotlarni o‘zimniki qilib olgach, boshida ularda uchish noqulay bo‘ldi. Xuddi Da Vinchi amakining kashfiyotidagi sun’iy qanotlar kabi bularda ham kamchilik borday tuyuldi. Ammo ayb o‘zimda ekan. Qulochimni keng yozmasdan uchayotganim bois muammoga duch kelibman. Ko‘p o‘tmay, uchish ruhimga rohat bag‘ishladi. Rohatlanib yerga qanday kelib qolganimni sezmay qoldim. Yaxshiyam ko‘zga ko‘rinmayman. Aks holda, osmon uzra parvoz qilayotgan  kuchuk haqidagi gap dam o‘tmay butun yer yuzini qamrab olardi.

Qo‘limdagi narsa ro‘yxat edi. Unda men haqimda o‘qib, qismatimga eng ko‘p achinib yig‘lagan va og‘ir ruhiy holatga tushib qolib, ancha vaqt o‘ziga kela olmagan muxlislarimning ismi-shariflari bilan  xonadonlari raqamlari qayd etilgandi. Men ularni  yaqindan ko‘rib, o‘zlari bilan zimdan tanishmoqchi va har biriga quyuq minnatdorchilik bildirmoqchi edim. Yerga qaytishimdan bosh maqsad ham aslida shu edi.

Yuqorida aytganimdek, Yer ko‘rindi. Ko‘p qavatli osmono‘par binolar va bir tekisda qurilgan hovlilar ko‘zga tashlandi. Qanotlarim sehrli edi. Ular o‘zlari meni boshqarib ketishar, ro‘yxatdagi ism-shariflarning qaysi birini xayolimdan o‘tkazsam, ular o‘shalar huzuri tomon oshiqishardi. Birinchi bo‘lib ko‘p qavatli binolardan biriga duch keldim. Uning to‘rtinchi qavatidagi xonadon derazasi qarshisiga bordim. Nazarimda, bu yerda qandaydir laboratoriya joylashgandi. Chunki uning ichkarisida har xil hayvonlar temir qafaslarda saqlanar, ularning o‘rtasida oq kiyingan, ko‘zoynakli, tepakal erkak ivirsigan stolda bukchayib o‘tirardi.

-Ro‘yxatda  birinchi o‘rinda qayd etilgan kishi shumi?- dedim avval o‘ng, keyin so‘l qanotimga boqib.

Ular xuddi shunday deyishgandek bir-ikki qimirlab qo‘yishdi. Men derazaga tappa yopishib, unga obdon nazar soldim. Demak, shu kishi menga eng ko‘p achingan, qissani o‘qib chin dildan ko‘z yosh to‘kkan ekan-da, dedim ruhim lovullab. U holda uning qalbi xassos va judayam pok, o‘zi bo‘lsa rahmdil inson… Daqiqa sayin unga nisbatan menda minnatdorchilik tuyg‘usi jo‘sh urib, tezroq u bilan tanishish istagida yona boshladim. Deraza orqali ichkariga kiraman deb turganimda, mendan oldin xonaga boshqa — u ham oq kiyingan, ko‘zoynakli, lekin sochlari paxmoq kishi eshikdan kirib keldi.

-Vaksina tayyor bo‘ldimi, professor?- dedi u muxlisimga qarata.

-Hozircha yo‘q,- dedi muxlisim mikroskopdan boshini ko‘tarib.

-Sinab ko‘rganingizga ishonmayman,- dedi paxmoqsoch uning qarshisiga borib.

Shunda eng ta’sirchan muxlisim ensasini qotirib, shoshilmay o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qo‘lqopini kiydi va yuziga niqobini taqib, xonadagi oynavand javondan qandaydir preparatni oldi. Uni stoldagi mikroskop yonida turgan suyuqlikning ichiga qo‘shib, uzoq aralashtirdi va unda hosil bo‘lgan kimyoviy birikmani shpritsga to‘ldirdi. Keyin shpritsni ko‘tarib, qafaslardan birida yotgan kuchuk oldiga bordi. Kuchuk dalmatin zotidan bo‘lib, yotgan yerida behol g‘ingshirdi. Doktor uni tashqariga chiqarib,  shpritsdagi suyuqlikni uning tanasiga yubordi. Kuchuk boshida amallab qarshilik ko‘rsatdi, lekin majoli yetmay oxiri taqdirga tan berdi. Sal o‘tib, u butunlay nafas olmay qo‘ydi. Ko‘zlari bir nuqtaga tikilgancha qotib qoldi.

-Ana ko‘ring,- dedi doktor hamkasbiga xafsalasi pir bo‘lib qararkan.- Vaksinani unga yuborgandim, u  tuzalish o‘rniga jon taslim qildi. Vaksina tayyormas, kamchiligi bor. Biror bir odam tanasiga yuborsangiz, u ham shu kuchukka o‘xshab darrov jon beradi.

-Tajriba uchun jonivorlaringiz kam qolibdi,- dedi paxmoqsoch aybini tan olgach, mavzuni boshqa o‘zanga burish maqsadida qafaslarni ko‘zdan kechirarkan. — Xo‘jalik bo‘limi boshlig‘iga yetkazaman. Ertaga manavi o‘lgan kuchuk o‘rniga boshqasini beradi. Yana mavjud quyon va mushuklardan ham.

Nobud bo‘lgan kuchukka achinib-achinib deraza oldidan uzoqlashdim. Ichkariga kirishga yuragim betlamadi. Kayfiyatim tushib ketganini ko‘rishib, qanotlarim ikkinchi muxlisimning xonadoni tomon tezlikda olib ketishdi. U kattakon hovlida yasharkan. Baraka topgur aylanmasiga uy solganidan atrofda oyoq qo‘ygani joy topilmasdi. Xonalar ham rosa ko‘p edi (ularni ko‘zdan kechirarkan, shuncha xonaning uch yo to‘rtta jonga nima keragi bor deb, odam tugul istalgan hayvon hayratga tushardi).

Bu muxlisim o‘z vaqtida men haqimda o‘qib, achinish hissi oqibatida  ishtahasi buzilgan va uch kun ovqat yemay, o‘ziga ochlik e’lon qilgan ekan. Qanotlarimning unga tavsif berishlariga ko‘ra, shundan so‘ng u tushkunlikka tushib, o‘z joniga qasd qilmoqchi ham bo‘lgan. Naqadar hissiyotli inson-a, shunday emasmi?

Son-sanoqsiz xonalarni axtarib chiqib uni topa olmadim. Bu xonalar labirintga o‘xshar, ularning ichidagi rang-barang jihozlar kirgan odamning yuragiga vahm solardi. Men kuchuk edim. Shunga ularga e’tibor bermadim. Hissiyotli muxlisimni  hovlidan topdim. U qirtishlangan boshiga do‘ppi kiygan, sersoqol, burni kartoshkadek katta, o‘zi oriq bir kishi edi.

-Shunday tarzda ushlab turaymi?- derdi u oyog‘i ostida tipirchilayotgan qo‘yning oyog‘iga bog‘langan arqonni qattiqroq tortib qo‘yib, ro‘parasidagi qassob yigitga yuzlanarkan.

-Xuddi shunday,- javob qaytardi qassob qo‘lidagi pichog‘ini charxlarkan.

-Qancha go‘sht berarkin, chamangizni ayting-chi?

 -Kamida oltmish kilogram.

Qo‘y hamon tipirchilar va boshini bir tomonga uzatib, tutqunlikdan chiqib ketishga urinardi. Bir oz o‘tib, qassob uning bo‘g‘ziga pichoq tortdi. Atrofga tirqirab qon sachradi. Qo‘yning xirillashi eshitildi.

 -Bola-chaqa bilan qo‘y go‘shtiga to‘yib, bir semirarkanmiz-da,- tirjayib qo‘ydi muxlisim qo‘y jon bergach, o‘rnidan turib kerisharkan.- Pushti mag‘zi bilan biqinidagi go‘shtini alohida qilib, kundada maydalab berasiz. Ulardan dam olish kunlari kabob va kotlet tayyorlayman. Sizga aytsam, bu ish menga estetik zavq ulashadi.

Ortiq uning sovuq nafasi oldida turgim kelmay, katta mashina yo‘liga chiqdim. Kun kech bo‘lishga chog‘lanardi. Qayerdandir kelayotgan azon tovushiga quloq tutib turganimda, qanotlarim to‘satdan shu asfalt yo‘lda ketayotgan qora mashina ortidan meni uchirib ketishdi. Mashina rulida qirq yoshlar atrofidagi, semizligidan baqbaqalari osilgan, ko‘zlari qisiq kishi ketar, uning yonidagi o‘rindiqda xaltadan boshini chiqarib olgan katta oq-qora mushuk unga hamrohlik qilardi. Qanotlarimning aytishicha, bu kishi ro‘yxatda uchinchi o‘rinda qayd etilgan bo‘lib, men haqimdagi qissani hanuz qayta-qayta o‘qirkan. Ilk marta o‘qiganida kuchli his-hayajonga berilib, Gerasimni bu ishga majburlagan zamonni rosa la’natlagan va shu bo‘yi Turgenevning barcha kitoblarini portretiga qo‘shib, uyidagi shaxsiy kutubxonasida saqlarkan.

Mashinadan ortda qolmay, uning ortidan uchib ketaverdim. Nihoyat, orqa oyna orqali ichiga kirib oldim. Turgenevparast muxlisim jimgina rulni eshib ketar, hamrohi bo‘lgan qari mushuk onda-sonda miyovlab qo‘yar, shuni hisobga olmasa kabinadagi sukunat buzilmas, bunday jimjitlik beixtiyor shirin uyquni chaqirardi. Hatto meni ham uni buzishga haddim sig‘madi. U bilan tanishish uchun ming urinmay, har safar istihola qildim. Orada ko‘zlarim ilindi. Nogahon telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlaganda, bu sukunat buzilib men bir cho‘chib tushdim.  

-Kech qolib ketdim, to‘g‘ri,- dedi muxlisim qo‘l telefonini qulog‘iga tutgach, o‘zini oqlab gapirarkan.- Jonginam, asabiylashma! O‘ynashimning oldiga ketayoganim yo‘q-ku! Yo‘lda, mashinadaman. Axir, o‘zing uni uzoqroq joyga eltib, adashtirib keling demaganmiding. Mana uzoqroq joyga olib ketyapman. Uyimizni qaytib topib kelmasin deyapman men ham. Mushuklar isni yaxshi olishadi-da.

Uning telefonda aytgan gaplarini eshitgach, mashina ichida o‘tirishdan hech qanday ma’no ko‘rmadim va tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib tashqariladim. Qanotlarim osmon-u falakda erkin quloch yozib, uchib ketishayotganida yerga shom cho‘ka boshlagandi. Ular yana pastlashdi. Shunda ro‘yxatdagi to‘rtinchi odamning xonadoniga ketayotganimizni tushundim. Bu kishi men haqimda bolaligida o‘qigan, maktabida rasmimni chizib devoriy gazetaga qo‘ygan, sinfida sheriklari bilan jonli burchak tashkil qilgan ekan. Sehrli qanotlarim u haqida shunday tavsif keltirishdi.

Xonadoniga borganimda dastlab uni topolmadim. Hovlidagi ko‘pgina daraxtlar orasida adashib qolmaslik uchun ulardan birining ostida qisinib-qimtinib turdim. Vaqt allamahal bo‘lganida u darvozadan kirib keldi. Bir o‘zi emas, qandaydir xo‘rozni quchoqlaganicha. Qorong‘ulikda uning aft-angori yaxshi ko‘rinmadi. Chiroq yorug‘iga kelgach, asabiylashayotgani yaqqol bilindi. Xo‘rozning esa yuzi va bo‘yni qonga belangan, boshidagi toji osilib tushgan, jonivor zo‘rg‘a nafas olardi.

-Xotin, hali ovqatga qozon osmadingmi?- so‘radi u kela solib baqirganicha.

-Yo‘q, ulgurmadim,- dedi xotini oshxona tarafdan yugurib chiqib.- Tomorqada ish ko‘payib ketdi.

-Pichoqni keltir,- dedi u xotiniga ko‘zi tushgach.- Manavini so‘yib, go‘shtidan hozir sho‘rva tayyorlaymiz. Baribir janglarga yaramayapti. Ahvoliga bir qara. Yana yutqazib, el-yurt oldida meni sharmanda qildi. Shu bilan uchinchi marta.

…Qanotlarim bilan arshi a’loga qaytganimda qo‘limdagi ro‘yxatni tashlab yubordim. U sekin-sekin pastlab, fazoda ko‘zdan yo‘qoldi. Fursat o‘tib, u odam bolalariga to‘la bo‘lgan yer bag‘riga borib tushadi va u yerdagi maydalab yog‘ayotgan yomg‘ir ostida loyqalanib, ko‘lmak suvga bo‘kib, ehtimol bir necha soat ichida titilib ketadi.

-Omonatingni ola qol,- dedim ostonada meni kutib o‘tirgan farishtachaga qanotlarini qaytarib berarkanman.

-Er o‘zgaribdimi, Mumu?- so‘radi farishtacha ularni qabul qilib olayotib.

-O‘zgarmabdi,- dedim bir xo‘rsinib qo‘ygach.- Bir yuz yetmish yil oldin qanday  bo‘lsa, hozir ham shunday ekan.

2020 yil, aprel, Marg‘ilon

Sherzod Ortiqov

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting