Shaxs

    0
    384
    ko'rishlar soni

    hikoya

    1-qism

    Men o‘zimcha taniydigan va bolalikdan ma’ruzalarini jonli tinglashni orzu qiladigan, Ausburg universitetining Ijtimoiy fanlar doktori Iogan Shvayt bugun taqdir taqazosi bilan bizning Gamburgdagi universitetga mahorat darsini o‘tkazish uchun, keladi degan mish-mish tarqaldi. Buni eshitganim zahoti barcha baho olish uchun qilayotgan ilmiy va amaliy ishlarimni to‘xtatdim-da o‘quv binosiga otlandim. Yo‘l-yo‘lakay quloqchin orqali uning falsafiy gaplari va agitatorlik qobiliyati ila yozib olingan audiosini tinglab kelardim…

    «Biz yashayotgan dunyo begona. Undagi aqidalar, tushunchalar va o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olingan dunyoqarashlarning barchasi soxta. Hatto o‘z bandidan ayrilib erga qulayotgan yaproqda ham, zarracha haqiqat yo‘qday tuyuladi. Balki milliardlab odamlarning orasida hayotning asl moxiyatini chin ma’noda anglab yetgani bordir. Trilliardlab yangragan fikrlarning ichida to‘g‘risi ham topilar. Lekin men bugun sizlarga aytadigan fikr mutlaq yuqoridagilar toifasidan emas. Qo‘limdagi mana bu narsaning nomi barchangizga tanish bo‘lgan va barchangizda mavjud bo‘lgan fotosurat. Bir parchagina anvoyi qog‘ozga tushirilgan, qachonlardir bizning baxtiyor damlarimizni doimo eslab yurish uchun muhrlab qo‘yilgan, bolaligimizdagi shu fotosuratlarga qarab, chuqur mushohada yuritayotganimizning o‘zi eng katta xatoyimiz, o‘zimizni-o‘zimiz imkonsiz narsalarga ishontirish va aldash emasmi? Deylik, barchamiz uchun xaq deb biladigan faqat birgina tushincha bor. U ham  bo‘lsa tasavvur. Ha, aynan o‘sha tasavvur. Axir siz bilan biz shu tushunchaga ega bo‘lmaganimizda, bir parchagina qog‘ozga qarab xuddi o‘sha kungiday baxtli xis eta olarmidik o‘zimizni? «Ana-u ko‘zlari quvonch va shodlikka to‘lib, jo‘shib turgan bolakay men bo‘laman! Ha, o‘shanda dadam meni parkka olib chiqqan edi. Onam bilan birga muzqaymoq yeganman», deb muzqaymoqning ta’mini tilimizning shirida oz bo‘lsa-da qayta xis etmaymizmi? Shu xayollarning ortidan aynan o‘sha tasavvur yana boshqa a’zolarimizni qalqitib yuboradi. Beixtiyor jilmayamiz. Lablarimiz jimirlaydi. Shodlikka to‘la kunlarimizni bolalarcha qayta yuragimizga tuygimiz keladi. Bola bo‘lib qolgimiz keladi! Lekin… Ich-ichimizda nimadir chirt etib uziladi. Va yana o‘sha tasavvurimizda kechmish xotiralar sabab qaysidir a’zolarimiz feramonlar ajratib chiqara boshlaydi. Yig‘laymiz. Ho‘ng-ho‘ng yig‘laymiz. Qani ayting-chi, endi kim bu yig‘ini ko‘rib haqiqat deydi? Ishonmaysizmi? Ko‘z yoshlaringizga sabab bo‘lgan o‘sha qo‘lingizdagi bir enlik suratni o‘zingizdan boshqalarga ham ko‘rsatib ko‘ringchi unda…»

    O‘quv binosiga kirib kelishim bilan o‘zim qatori talabalar oqimiga qo‘shilib ketdim. Quloqchinda yangrayotgan Doktor Shvaytning ma’ruzasi olomonning shovqini aro singib ketdi. Telefonimni o‘chirdim-da ma’ruza bo‘ladigan katta zal tomon intildim. Ichkariga odimlab ne ko‘zlar bilan qaray-ki markazdagi stolda shaxsan Shvaytning o‘zi nimalarnidir yozib o‘tiripti. Qo‘lida siyoh ruchka, yozayotgani qalin jigarrang muqovali daftar. Burnida boyo‘g‘li ko‘zlariday ko‘zoynak taqilgan. Egnida oq ko‘ylak va tim qora shim. Yuz tuzilishi ancha o‘ychan. Qarashlarida esa jahldorlikka xos yashirin g‘azab uchqunlari bor. «O‘zi bir ko‘rishda tasavvurimda shunday gavdalanar edi», degan o‘ylarda yurishimni esladim.

    Yuqoridagi o‘rindiqlardan tortib to, birinchi qatorgacha tinglovchilar to‘lib toshgan. Yarimta ham joy yo‘q. Bu yoqdan esa odam kelishda davom etardi. Qaytib ketishga hech kimning ko‘ngli qiymadi. Birinchi qator ostidan shundoqqina erga chordona qurib, tizilib o‘tirdik. O‘tirganlarning orasida har hil kasb egalari, professorlar va men kabi Shvaytning shaxsiy muxlislari ham topiladi. Barcha telefon bormi, diktafon bormi, Shvayt joylashgan stolga qavatma-qavat terib tashlangan. Bu ham yetmaganday hammaning qo‘lida ruchka va daftar shay. O‘z yozuvlarini tugatgan Shvayt  daftarini yopib ruchkasini stol ustiga qo‘ydi. So‘ng o‘rnidan turib, stol oldidan zalning markaziga qarab ohista yurib keldi. O‘ng tomonidagi derazadan quyosh nurlari Shvayt uzra porlab turardi. U o‘ngga emas, aksincha chap tomonidagi soyasiga ko‘rsatgich barmog‘ini uzalib gap boshladi.

    — O‘rtoqlar, qani aytingchi menga, bu nima?

    Zaldan baravariga «soya»,  degan ovoz qaytdi. So‘ng Shvayt gapida davom etdi.

    — Yo‘q, azizlarim. Aslo unday emas. Balki shundaydir. Lekin men uchun bu siz o‘ylagan narsa emas. Bu hatto narsa ham emas. Bilasizmi, men uchun u yoyinki bir shaxs. Unga, sizga va nihoyat o‘zimga o‘xshagan bir telba odamday go‘yo.

    Unga yaxshilab e’tibor bering. Razm solib qarang. Diqqat bilan kuzating. U butun umr siz bilan birga edi, to‘g‘rimi? Hech qachon tashlab ketmagan. Aldab ketmagan. Ustingizdan kulmagan. Dardini ham aytmagan. Faqat tinglagan. Ha, ha, ha, adashmadingiz. U tinglashni biladi! Qarang-da, uning ham quloqlari bor. Balki ortingizdan ko‘r-ko‘rona ergashayotgani uchun ko‘zlari yo‘qligini allaqachon anglagandirsiz. Ichingizdagi shuncha gaplarni va ba’zida hayotda qoqilib, o‘zingizga-o‘zingiz tentakka o‘xshab aytgan so‘zlarni tinglab, javob qaytarmaganidan til-zaboni yo‘qligini ham payqagandirsiz. Lekin siz e’tibor berib ko‘ring-da, ko‘ryapsizmi quloqlarini? Ha, azizlarim, u eshitadi. Men buni ilk sevgimdan ayrilganimda sezganman. Avvallari ham ortimdan dum kabi ilashib yurar ekan, men ahmoq esa uni ilk bor o‘smirligimda payqadim. Va shundan beri u doim men bilan birga ekanligini bilib yashadim. Men bilan birga ekanligidan kulib yashadim. Baxtiyor edim va hatto yig‘ladim. Hamma ketsa ham u ketmaganidan yig‘ladim. «Menday telbaga sen sherik bo‘ldingmi? Nima qilasan, bor… Mendan umid qilma yo‘qol, ket»,  deya ko‘ksidan itarmoqchi ham bo‘ldim. Biroq u ko‘ksini tutmadi. Shunday kunlar boshimga tushdi, uni bag‘rimga bosib yig‘lamoqchi bo‘ldim, to‘yib-to‘yib faryod solmoqchi edim. Biroq u ko‘ksini tutmadi. Ha, tutmadi, tutmadi. Tutmadi-yu indamay barchasini tingladi. Bag‘rim yorishdi. Ko‘nglim yengil tortdi. G‘uborlarim ko‘z-yoshlarim bilan yuvildi. Qayta oyoqqa turdim. O‘z-o‘zimni yana o‘nglab oldim. Sevgi izsiz g‘oyib bo‘ldi. Xiyonat, mehr va ishonch poymol bo‘ldi. Oilam birma-bir mendan yuz o‘girdi, hatto o‘z farzandlarim boshqa birovni dada deb ketdi. Yuz burmaganlarini yuzlarini o‘lim sovutdi. Ammo sizlar beparvolik bilan atayotgan mana bu soya hech qayerga ketmadi. Va ishonavering do‘stlarim, siz undan ketmaguncha, u sizdan ketmaydi ham. Ha, ketmaydi, ketmaydi…

    2-qism

    Uning har bir gapi odamni seskantirib yuborardi. Ayniqsa — ehtiroslarga berilib bir so‘zni qayta va qayta takrorlasa etingiz shu darajada junjikib ketardi-ki, ko‘p o‘tmay badaningiz bu o‘zgarishni oddiy holdek qabul qilishni boshlar edi.

    U doim o‘z ma’ruzalarining so‘ngida xonada o‘tirgan har bir odamning ko‘zlariga qarab chiqardi. Uning ko‘zlarida mislsiz dard,  dunyoni anglashga ketgan vaqtidagi tasodiflar, yo‘qotishlar va odam qalbida his etilmog‘i darkor bo‘lgan barcha tuyg‘ular aks etib turardi. Go‘yoki u hozir ana-bu to‘mtoq ko‘zoynagini olsa, uning ko‘zyoshlari sizni cho‘ktirib yuborguday tuyulardi. Shvaytni quvnoq odam deb bo‘lmasdi. Hatto goxida manna bu zalda o‘tirganlarning barchasi uning g‘amiga sherik bo‘lish uchun kelganday, qalqib o‘tirganlarini sezish mumkin. Uning ma’ruzalarini uning o‘ziga o‘xshaydigan odamlargina yoqtirishi ham ayni haqiqat edi. Lekin men-chi? Men ularning ichida nima qilyapman? Bu yerga qaysi savolimga javob izlab keldim o‘zi? Yoki men ham shularga o‘xshaymanmi? Yoki men ham o‘z ichimdagilarni Iogan kabi jasorat-la aytishni o‘rganish uchun keldimmi? Menga o‘zi nima kerak, maqsadim nima, bu oqimsifat odamlarga qanday daxlim bor?

    Ongimda aylanayotgan ushbu so‘ngsiz savollarga professorning shaxsan o‘zi javob berganday gap boshladi:

    — Azizlarim, sizlar hech o‘limdan keyingi hayotni tasavvur qilganmisiz? Yo‘q-yo‘q. Savolni boshqacharoq bersam. Sizlar hech, endigina dunyoga kelgan chaqaloq qanday his bilan, qanday tuyg‘u bilan kirib kelishini bilasizmi? Keyin u ilk qadamini bosayotganida, ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yganida, maktabni tugatganda, harbiy xizmat yoki oliygoxga borganida, uylanganida, farzandli bo‘lganida, farzandini to‘yini ko‘rganida va nihoyat u, bu dunyoning barcha sir-sinoatiga tan berib, jon taslim qilayotganida qalbidan nimalarni o‘tkazadi bilasizmi?

    Beixtiyor o‘rnimdan qo‘zg‘aldim, zaldagi barchaning nigohi men tomon qadaldi. Go‘yo butun umr shu savolni kutib yashayotgandek qalqib o‘rnimdan turib:

    — Ha, men bilaman odam tug‘ilganidan to o‘lgunga qadar avval qo‘rquvni his etib, so‘ng jasorat bilan uni yengib o‘tadi. Chunki biz dunyoga kelganimiz on yig‘laymiz. Vaqt o‘tib esa yupanamiz. Ilk qadam qo‘yar chog‘imiz onamiz, otamiz yoki biror-bir yaqinimizning qo‘llaridan mahkam tutib olamiz. Kun kelib esa yurishni o‘rganamiz. Maktabga qo‘ygan ilk qadamingizni eslang. Unda qo‘rquv bor edi, to‘g‘rimi? Men qayerga kelib qoldim, nega dadam meni bu yerga tashlab ketdi, Anavi ayol kim? Maktabni tugallab uni tashlab ketgimiz kelmaydi, to‘g‘rimi? U yog‘i-chi, u yog‘i ham sizlarga tanish. Armiyaga borish yoki o‘qishga imtihon topshirish. Oila qurish yoki farzandli bo‘lish va yoki shafqatsiz qarilik bilan ko‘zgu qarshisida har kuni to‘qnash kelish…

    Shvayt allaqachon odamlarning orasida so‘zlarimni g‘oyibona tinglab o‘tirardi. Men esa bir muddatga jimib, uni odamlar orasidan izlashga urinib ko‘rdim ammo, qalbimdan vulqon kabi otilib chiqayotgan hasratlarimni ortiq to‘xtata olmas edim.

    — Qarilikning har bir kuni azob. Har bir lahzasi qo‘rquv. Iztirobi ko‘p bo‘ladi qari odamning. Armoni ko‘p bo‘ladi. Ular Xudoning bergan har bir kunida, yashab qo‘ygan umriga, huddi ortga qaraganday nazar solib o‘tadilar. Ba’zan yuzlarida elas-elas tabassum bo‘ladi. Ba’zan ko‘zlarida botmondek ko‘zyoshi. Shu narsalarni chekkadan turib kuzatib ko‘rganmisiz hech?

    Shu savolni berdim-u tinglovchilarga yuzlandim. Yana ularning orasidan Ioganni qidirganday… So‘ng, qalbim bo‘shab qolganini va aytadigan gapim deyarli qolmaganini his eta boshladim. Nazdimda, zalda o‘tirganlar mendan chiroyli yakun kutishayotganday tuyulardi. Aynan shu lahza dimog‘imda tiqilib qolgan so‘nggi gaplar til uchiga chiqa boshladi…

    — Hayotda har bir insonning o‘zi bilan sodir bo‘layotgan har qanday hodisa, uning o‘zigagina ayon haqiqatdir. Shuning uchun do‘stlar, o‘zingizni qadrlashni o‘rganing. Bu dunyoga yolg‘iz keldikmi, yolg‘iz ketamiz.

    Asta-sekinlik bilan o‘rindiqlar bo‘shay boshladi. Zalning o‘rtasidan, quloqchin taqib olgan, navqiron yigit menga qarab miyig‘ida kulib qo‘ydi-yu, hammadan keyin eshik tomon yurib ketdi. Men esa uni ko‘zlarimni yumgan holda kuzatib qo‘ydim.

    Farhod Eshonov

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting