Tarjimon: Rafiq O‘zturk
U qaytadi, yig‘lama!
(Yig‘lamagin-e, jinni!)
U qaytadi, yig‘lama.
Turkiyadan mol olib kelar,
asl mollar, eshityapsanmi!
Lab bo‘yog‘i olib kelar u,
parday yumshoq, biram mayin!
Lablaringga surasan asta,
qalbga qiyom surgandayin!
Faqat, sen qo‘shningga bir oz jiddiy bo‘l.
Qo‘shnichilik qilgin, bir oz evida.
Iltifotli bo‘lib ketmagin juda.
Uning yuvoshligi aldamchi;
asli, ichidan pishgan bir kas.
Jimjilog‘i bilan mo‘ylovin
u bekorga sirli qashimas.
Mayli, qisa qolsin ko‘zini-
sen tupurgin unga javoban.
Uning aqli noqis anchayin,
bo‘ydor yigit bo‘lgani bilan.
Mana — matros!
Beg‘ubor o‘ylarida avaylar seni.
Yer o‘z o‘qi atrofida aylanganiday,
yuragi muntazam seni deb urar.
U qaytadi, yig‘lama!
O‘sha payt sen go‘yo kir yuvayotgan bo‘l,
yo‘l-yo‘l ich kiyimin ko‘rfazga pishib.
U qaytadi, yig‘lama!
Ko‘z yoshlaringni bekor to‘kma qumloqqa.
Avval qaytsin,
ana, keyin yig‘layverasan…
Odam va Qush
1. Qarg‘a
Yuk moshina qarg‘ani urib yubordi.
Moshina raqamini hech kim ko‘rmadi.
Filday gavdasigina
ko‘zga tashlandi.
Ho‘sh, qanaqa qarg‘a?!
Ko‘chalarning shonli o‘tmishidan
bir qora dog‘.
Begim kunlarida odamlar,
bu bahaybat saqich yo‘llardan
o‘tib borarkan,
kaptarni payqasa, katta gap.
Bu, bor-yo‘g‘i, qarg‘a-ku!
Qo‘rqitib yubordi, jin urgur!
Yengil hajv, latifadan boshqa hech narsa.
U avval qichqirdi.
Qichqirganda ham,
arra tishlari ostida qolgan daraxtday,
ayanchli, yalinchoq sas bilan emas,
tramvaylar taraqa-turug‘iyu
motorlar unini o‘chirar darajada
dadil qichqirdi!
Keyin esa jimib qoldi.
Va temir qopqa
tepasida,
o‘ychan ko‘zlari bilan,
qarg‘alarga xos zakiylik-la
o‘tkinchi piyodalarga tikilib qoldi.
Piyodalar esa,
korxonalar eshigini yoparoq,
uylariga
juda ham
shoshmoqda edi.
2. Bolakay
U kino va tushlikka deb olgan pullarini,
suzgich sotib olish uchun,
sal kam bir yil to‘pladi.
Uning birovlardan ortiq joyi yo‘q edi.
Ha, balki, pioner,
lekin na beshga o‘qirdi
na tuzukroq futbol o‘ynardi.
Biroq uning sevgisi
juda cheksiz edi
onasiga, dengizga, toshlar
va yulduzlarga.
Ha, yana temirni sevardi.
Temir-tersaklarga liq to‘lgan
olti metrli xonada
u shunday kemalarni yaratgandiki,
o‘lcham va ko‘rinishda tengi yo‘q edi.
Biri
akatsiya dukkagi kabi,
boshqasi,
balki, olabug‘a,
uchinchisi esa
hech narsaga o‘xshamasdi.
Bir bola yashardi limanda.
Ko‘rfazga tushirardi kemalarini-
cho‘kib ketardi.
Keyin boshqalarini-
fazoviylarini,
kosmodrom-tomlardan
ko‘kimtir, seryomg‘ir, «Leningrad» fazosiga
uchirardi u.
Parvoz etardi ular!
Buzilib, bitardi ular.
Portlab ketardi, hatto.
Piyodalar, farroshlar va boshqalar
g‘azabiga duchor bo‘lardi.
U suzgichlar uchun sal kam bir yil pul yig‘di.
Biroq suzishni bilmasdi.
-Nima qipti, — o‘ylardi u,-
suzgichlarim bo‘ladi,
keyin o‘rganib olaman.
Axir, baliqlar ham
suzgichlari o‘sib chiqmagunicha
suza olishmagan-ku!
Bugun, tongda onasi aytdi:
yo‘llanmaga
puli yetmayotgan ekan.
Unda qamaldan esdalik-
limfa tugunlarining yallig‘lanishi.
Qarz olay desa,
uni xam bir kuni qaytarish kerak.
Onasi yig‘lamsirab shunday degan payt
u pullarni oldi va dedi:
-Ma, ol.
-Shuncha pulni qayerdan olding?
-Suzgichga yiqqandim. Olaver.
Axir, men suzishni bilmayman-u.
Shunday ekan,
menga suzgich kerakmas.
3. Qarg‘a va bolakay
-Keling, tanishamiz.
-Keling…
-Ismingiz nima?
-Mening ismim — qarg‘avoy.
-Bag‘oyat mamnunman.
-Siznikichi?
-Meniki?..
Baribir, tushunmaysiz…
Ha, bolakay deya qoling!
-Yaxshi.
-Hm, keling, sensirab gaplashamiz.
-Mayli.
-Qarg‘avoy, eshit,
nega sening isming — qarg‘avoy?
Balki, qoravoydir?
-Yo‘q, qoravoy emasman.
Shunday qilib, bolakay
o‘z savollariga
o‘zi javob berib
qarg‘a bilan suhbatlashardi.
-Sen shaharga nega kelding?
-Bu yerda qiziqroq:
bolalar, mototsikllar.
Axir, o‘rmon shahar emas-da.
Bizning o‘rmonda ikkalasi ham yo‘q.
Aytgancha,
sen o‘rmonni ko‘rganmisan?
-Ko‘rganman, faqat kinoda.
O‘rmon deganing —
daraxtlar ko‘p bo‘lgan bir joy.
Tulkilar bor.
Bo‘rsiq.
Qo‘ziqorinlar…
Qara,
agar senga
ovqat beraversa, beraversa, beraversa,
sen
fazoviy kemaga aylanib qolasanmi?
-Albatta, aylanaman.
-Hmm,
balki,
oyga ham
uchib chiqqanman dersan?
-Bo‘lmasamchi!
Albatta, uchganman!
-He, sen, yuzi qora qoravoy!
-Mana, nima uchun sen qarg‘avoysan.
Asli, qoravoysan!
Mayli, xafa bo‘lma.
Qarg‘avoy, kel, birga yashaymiz.
Men senga har kuni chuchvara beraman.
Bilaman, aldoqchisan,
lekin baribir
fazoviy kema bo‘lishingga
ishonaveraman.
Bola shunday,
o‘zi ham savol
ham javob berib
qarg‘a bilan gaplashar edi.
Marsda nastarinlar ochilgandi.
Uning gullari
uzum boshlariga o‘xshardi;
gul emas,
uzumday ko‘rinardi ko‘zga.
Yana maydon uzra osilgan oy ham
uzum kabi edi.
Shahar ham,
marmar shahar
marmar kechada
marmar uzumlar kabi gurkirar edi!
Boyqushga alla
Alla, alla-yo, alla,
uxlay qolgin, boyqushim.
Oy yarqiroq bir palla…
Senga deb, o‘zim chizdim.
Men sen uchun kuyladim,
ming tusga kirib bu tun.
Keng peshonang terladi,
qarashing biram mahzun.
Azizdir surbet kaslar,
ko‘ppak va kana aziz;
mehnat quli, galvarslar…
Faqat o‘ksik qadrsiz.
Pul to‘lashar butxona,
mix, safsata va jasad,
fohisha va rahbarga.
Donolar tekin faqat.
Alla, o, dardisarim,
dono qushim, yum ko‘zing.
Men seni tebratmayman,
uxlab qol o‘zing.
Avgust
Savat ko‘targan shilliq qurt,
tosh uzra qurbaqalar
misli sfinks,
ansol qo‘ynida shamol!
Sichqon,
panjasi.
Qorayaloqlar galasi meva cho‘qilar.
Yulduzlar peshonangda.
Chirildoq!
Kimdir ketadi shu choq.