Mehrinoz Abbosova. She’rlar.

0
380
ko'rishlar soni

    ***

Xonaki tuyg‘ular tark etdi bu chog‘,

Tog‘lik chechaklarning urildi bo‘yi.

Bahorni chizishga Mone ham no‘noq,

Maysani tinglayman Motsartni qo‘yib.

Ilma-teshik bo‘g‘zim – chalinmagan nay,

Qo‘shiq bo‘lib yangrar olmagan o‘chim.

Men ajib daraxtman – fasl tanlamay

Singgan shohidan ham gullayverguvchi.

Atlas xotiralar, banoras hislar,

Yillar yomg‘irida o‘chmas rangingiz.

Ekkan nihollarim otsa ildizlar,

Ortimdan qoldirib ketsam yashil iz.

Uvv tog‘lar, dengizlar qushga aylanib

Uchdi, uchaverdi ko‘kdan ham baland.

Umrbod dunyoni kezsam oylanib,

Ozod yurak bilan, erkin ruh bilan.

                       ***

Kibor majlislarning va’dasi ulkan,

Gul kabi ko‘ringan xas-alaflar bor.

Elningmas, sultonning olqishin kutgan,

Quruq savlatlar bor, quruq gaplar bor.

Lek har dam ko‘ngilda umidim hoqon,

Chin xalq bor, xalqqa xos yuksak dardlar bor.

Onalar qornida o‘sar Turkiston,

Otalar pushtida Turonmardlar bor.

                        ***

Uchayotgan qafas

                    1

Uchayotgan qafasman, tili chiqqan sukunat,

Osmon torayib borar, dunning qulog‘i og‘ir.

Jussam qaldirg‘och misol, ruhim devdek bahaybat,

Uzzukun ko‘zlarimdan yomg‘ir yog‘ir, do‘l yog‘ir.

Nayning ortidan ketib, nayga aylandim o‘zim,

Uzlatdagi g‘ordaman, nur tushar ahyon-ahyon.

Sovrildim, tugab bitdim, jonda qolmadi to‘zim,

Bunda yolg‘iz taskinim – “Tazkirat-ul avliyo”.

                   2

Baxt bilan siylar taqdir,

Yuragim dardsiragan.

Dunyo murg‘ak bolamdir

Ko‘zimga javdiragan

Unga bag‘ishlab borim,

Rahmonga yaqin bo‘ldim.

Yerga singigan sorim,

Osmonga yaqin bo‘ldim.

Ichimdasan: ne isming

Jobirmi yo Sobirmi?!

Ayol bilan iblisning

Tili ham qoni birmi?!

Ruhim sochilib, to‘zar,

O‘zgartirma yozug‘im.

Shundoq ham umrim go‘zal,

Quduqqa qayt, Yusufim,

Quduqqa qayt, Yusufim!

                3

Qadamlarim sochiq, tovushim tarqoq,

Ming bir qiyofaga solingan rasmim.

Yuzimda qatma-qat milyonta niqob,

Hanuz anglolmadim – qay biri aslim.

 Ozod qulman endi, ketdim lojaram,

Malika emasman – ko‘nglim unuqqan.

Payg‘ambardek izlab, so‘qir bo‘lsam ham,

Tushim bitsin, nafsim tushsin quduqqa.

Yo‘qlik

            1

Oy bo‘rini chaqirar ammo,

Jonivordan topilmas darak.

Ikki ayro oshiqlar aro,

Tun sochlari tortadi siyrak.

Jilovini tutqizmas yillar,

Asov sevgi o‘jardan o‘jar.

Borgan sari oy – tiniq, billur,

Borgan sari bo‘ri ulg‘ayar.

              2

Bu o‘yinni to‘xtatmoq mushkul,

Vaqt sen bo‘lib sochadi jarang.

Yuguraman. Bo‘ysunmaydi yo‘l

Itdek ergashadi xotirang.

Zulayhodek telbahol, beruh,

Yusufsiyoq dardga men qaram.

Uchrashamiz tushimda hech yo‘q,

Ta’qiqlamas hatto Xudo ham.

                    3

Bizim Almiysoqdan ko‘zimiz yoshlig‘,

Payg‘ambar suv ichgan kosa – ko‘nglimiz.

Malak ham, iblis ham O‘zingga oshiq,

Avvalimiz Sensan, Sensan so‘ngimiz.

Umrim – havodagi muallaq bir o‘q,

Arosat domiga nahot loyiqman?!

Boshimni changallay desam, boshim yo‘q,

O‘zimni la’natlay desam, g‘oyibman…

Nay qo‘shiq

Singan nayman, tingan nayman, ko‘ngan nayman,

Qamishzorda yana qayta ungan nayman.

Sendan qochib, Senga bormoq ne bir sharaf,

Qushdek uchib, ko‘zlaringga qo‘ngan nayman.

Kuyganlardan kuy chiqadi sog‘lar bilmas,

Cho‘l sukutin guvillagan bog‘lar bilmas.

Birlashmadik mag‘rib taraf mashriq taraf,

Shohdek shohsan, vale,  bizlar quldek qulmas.

Qo‘llarimni, yo‘llarimni boylayursan,

Dunyosidan ozodalar aylayursan.

Rozi keldim taqdiringga, ay ishqtalab,

Naylayursan, naylayursan, naylayursan?!

2

Kuyim Mashrabona, yo‘lim aylona,

Nayga evrilajak bir kuni qamish.

Har tong uyg‘onguvchi uyim begona,

Har kun o‘tadigan ko‘cham notanish.

Bir yelkamda taqvo, birda shakkoklik,

Qayerdan qayerga qochurman xallos.

Sening isming qadar muhtasham shodlik,

Muazzam iztirob istayman xolos.

3

Yurmas dunyoga yuklanib,

Devonalar Haqqa tashna.

Chorig‘idan she’r to‘kilib,

Ketib borar Bobo Mashrab.

Oshiq zoti ketmas badar,

Yo‘l ko‘rsatsang o‘zing, ay Nur.

Bir kuy bo‘lib sochilsak gar,

Naylar bizni sog‘ingaymu?!

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting