BAHOR YAKShANBASI

    0
    463
    ko'rishlar soni

    Hikoya

    Hikoya real voqealarga asoslangan.

    Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi

    — bobomning xotirasiga bag‘ishlayman.

    Uch yashar o‘g‘lim issiq non yeyman deb xarxasha qila boshladi. Uni hadeganda tinchlantira olmas, u daqiqa sayin battar injiqlik qilar, qo‘liga qaysi non bo‘lagini bermay, uni “issiq emaskan” deb dasturxonga uloqtirardi.

    -Ko‘zimdan yo‘qot bu tirmizagingni!- dedi buni ko‘rib boyadan beri qovog‘ini solib o‘tirgan keksa otam tilga kirib.

    Bexos bunday so‘z qotganidan angrayib turganimga parvo ham qilmay, u dasturxonda sochilib yotgan non bo‘laklarini yig‘ishtirib, qo‘liga hovuchlab oldi va ularni birma-bir  ko‘zlariga surtdi.

    -Chiqib ket xonadan bolang bilan,- dedi keyingi gal non ushoqlarini dasturxondan terib, kaftiga to‘plarkan yer chizgancha.- Hoziroq!

    Otamning ilk marta jiddiy turib gapirgani va vajohati o‘g‘limni cho‘chitib yubordi (oldin bizga nisbatan u hech bunday qilmagandi-da). O‘g‘lim hiqillab yig‘lashga tushdi. Men uni ko‘tarib, o‘rnimdan qo‘zg‘aldim.

    -Bola-ku bu, ota!- dedim unga zorlanib.- Bu nimaniyam bilardi. Injiqlik qilsa, qilibdi-da. O‘zi uyingizga oyda bir zo‘rg‘a kelaman. Shunda ham sig‘dirmang endi.

    Otam menga javoban indamadi.  Buning o‘rniga non ushoqlarini og‘ziga soldi-da, og‘ir yutindi va piyolasidagi choydan bir-ikki xo‘pladi. Men unga achchiq qilib, darg‘azab holda boshqa xonaga chiqib ketdim. U yerda yostiqqa yuzimni berkitib, xo‘ngrab yig‘ladim. Shu bo‘yi tushlikka ham chiqmadim. Onam, ukam, uning xotini navbat bilan kirib yolvorishdi-natija bo‘lmadi. O‘g‘limni quchog‘imga olganimcha arazlashni o‘rniga qo‘yib, talqon yutgandek jim o‘tiraverdim. Uning ko‘zi ilingach, bir qo‘lida non, ikkinchi qo‘lida kosada ovqat ko‘tarib kutilmaganda otam xonaga kirib keldi.

    -Qizim, vaqtida ovqatlanib olmasang oshqozoning og‘rib qoladi,- dedi to‘shak yoniga qo‘ltig‘iga qistirilgan durrasini yozib, uning ustiga kosadagi ovqat va nonni avaylab qo‘yarkan.- Keyin oshqozon yarasi paydo bo‘ladi. Senga aytsam, bu balodan ham ortiqroq balo yo‘q odam bolasi uchun. Biram sanchib og‘riydiki…

    Uning tomirlari bo‘rtib chiqqan qo‘llari titrar, nuroniy chehrasidagi ajinlar yanayam ko‘paygandek, ularning orasidan tikilib turgan ko‘zlari xira va qisinib boqardi. Men kosadagi ovqatga qo‘limni uchini ham tekkizmaganimni ko‘rib, u bo‘shashgancha xona chetidagi kresloga borib o‘tirdi.

    — Bugun yakshanba,- dedi u yerdan deraza oldidagi oppoq gullagan o‘riklarga xomush tikilarkan.- Bahor yakshanbasi. Kunlar isib, mana o‘rik daraxtiyam gulladi. Erta-indin aprel keladi. Tabiat yanayam ko‘m-ko‘klashib, chiroy ochadi. Bahor tarovati o‘z ifori bilan odamni mast qilishga kirishadi.

    U tokchaga tirsagini tirab, ikkinchi qo‘li bilan derazani qiya holatda sal ochib qo‘ydi. Men hanuz qovog‘imdan qor yog‘ilib o‘tirar, u tomonga qaramaslik uchun o‘zimni uxlayotgan o‘g‘limning sochlarini silash bilan chalg‘itardim.

    -Urush paytida ham bahor shunday kelardi,- davom etdi otam menga bir qarab qo‘yib, kaftlarini bir-biriga ishqalab. -Uning fusunkor jozibasini his qilarkanman, atrofni bir zum unutardim. Bolaligim yodimga tushar, ota-onam bag‘ridagi qisqa o‘tgan baxtiyor kunlarim, o‘z davri ziyolisi bo‘lgan otam, sochlarini doim o‘rib yurgan onam, bu yorug‘ olamda to‘rt yilgina yashagan norasida singlim xayolimdan o‘tardi. O‘zimga kelgach esa bosh kiyimimni to‘g‘rilab, okopdan boshimni chiqarar, atrofda davom etayotgan o‘qlar yomg‘iriga, tanklarning og‘ir qadam olishiga, aeroplanlarning ustimizdan vizillab uchib o‘tishiga, atrofimizdagi yerlarni o‘pirib tushayotgan snaryadlar tovushiga xavfsirab nazar solar va turib-turib qarshi tomondagi nemislarga qarata “nega biz urishyapmiz o‘zi?” deb baqirgim kelardi.

    Kuchli alamli nido bo‘g‘zimda doim shay turardi. O‘sha kezlari  men nima uchun qo‘limga qurol olganimni tushunmasdim. Ko‘pchilik “vatanni himoya qilyapsan”, derdi. Men bu oddiy javobga ko‘nmasdim. U meni mutlaqo qanoatlantirmasdi. Shu bilan birga bu balandparvoz shiorni aytganlarga ichimdagi gaplarni, tafakkurimni qiynayotgan savollarni birdek bera olmasdim. Buning uchun meni xoin sifatida o‘sha zahoti harbiy tribunalda sud qilishib, otib tashlashlari aniq edi.

    Ruhimni eng ko‘p bezovta qilgan va borlig‘imni boshi berk ko‘chaga  mixlab tashlagan narsa — nima uchun men o‘zim tanimagan va bilmagan, menga ziyon-zahmat etkazmagan odamlar bilan urishayotganim edi. Shunday kezlarda Karl, Sebastyan, Paul kabi qishloqi nemis yigitlari menga nima yomonlik qilishgandi va o‘z navbatida men ularga nima yomonlik qilgan edimki, qo‘limizga qurol olib bir-birimizni o‘ldiryapmiz, derdim asablarim qaqshab. Axir, men urushgacha Marg‘ilonda, ular ehtimol  Myunxen yoki Drezdenda yashashgan bo‘lsa, oramizda kelishmovchilik va ixtilof bo‘lmagan, o‘rtamizga nifoq tushmagan, hech nimani talashib-tortishmagan bo‘lsak, hatto bir-birimizning ismimizni bilmay turib bunchalar urishayotganimiz meni oxiri mavjud bo‘lmagan o‘ylar qa’riga giriftor qilardi.

    Dam o‘tmay  yuqoridagilardan ham battar o‘ydan karaxt ahvolga tushardim. Gitler va Stalin bir-biri bilan chiqisha olmay qolgan ekan, bu shaxsiy nizolarini nega o‘zaro hal qilib qo‘ya qolishmagan, to‘rt raundli boks jangi uyushtirib, bir-birini kaltaklab, xumordan chiqsa bo‘lardi-ku, shunda ularning kasriga qolgan millionlab odamlar o‘lmasdi, degan savolni o‘zimga berib okopda tong ottirar, kunni kech qilar, qon kechar, dasht-u dalalarni yayov kezardim.

    Otamdan bu gaplarni birinchi marta eshitib turishim edi. Oldinlari u bilan ko‘p mavzularda suhbatlashardim. Bu suhbatlarning ko‘pi bolalik va o‘smirligimda bo‘lgandi. Kech farzand ko‘rgani uchun (men tug‘ilganimda otam ellik yoshdan oshgandi) ukam ikkimizni u yeru-ko‘kka ishonmas, doim ishdan kelgach, iliq kunlari bizni velosipediga mingashtirib, kechki salqinda ko‘cha aylantirardi. Shokoladli muzqaymoqni yalab, shahar markazidagi favvora qarshisida uning latifalarini va hayotida bo‘lib o‘tgan qiziqarli voqealarni ukam bilan tinglar, ammo urush mavzusida u hech og‘iz ochmas, negadir urush haqida menmi yo ukammi mabodo gap boshlasak, gapni darrov kayfiyatni ko‘taradigan boshqa mavzularga burar yoki o‘zi sevgan bog‘dorchilik haqida gapirishni boshlardi.

    -Ukrainaning Lvov shahri yaqinida asirlikka tushib, poyezdda Polshaning Krakov shahri chetidagi konslagerga  olib ketilayotganimda ham bu savollar dilimni tark etmagandi,- u so‘zlashdan to‘xtamasdi. — Osvensim konslageri eng rasvo joy edi. Uni nemislar Aushvits, mahalliy aholi “o‘lim lageri” deyishardi. U uchta turli kolonial bo‘linmaga bo‘lingandi. Meni boshqa asirlarga qo‘shib eng og‘iri bo‘lgan — ikkinchi bo‘linmaga olib borishdi. U yerga kelgan yangi asirlarni nemislar darhol to‘rtta guruhga ajratishardi. Birinchi guruhga — ishga yaroqsiz qariyalar, nogironlar, kasalmandlar, vujudi zaif kishilarni kiritishar va ularni to‘g‘ri gaz kamerasiga qamab, gaz isi yordamida  asfalasofilinga jo‘natishar, so‘ng jasadlarini krematoriyda yoqib yuborishardi. Ikkinchi guruhdagilar baquvvat, sog‘lom kishilar bo‘lib, ular konslager atrofida qad rostlagan har xil og‘ir sanoat korxonalarida quldek ishlatish uchun asirlar orasidan chertib saralab olinardi. Uchinchi guruhga egizaklar, pakanalar va biror bir notabiiy xususiyati borlarni kirgazishar, ular keyinchalik ustilaridan tibbiy tajriba o‘tkazish uchun “Uchinchi reyx”ning doktorlari huzuriga jo‘natilardi. To‘rtinchi guruhga asosan chiroyli xotin-qizlar tanlab olinardi. Ular nemis zobitlarining uyida yoki harbiy qismlar kirxonalari va oshxonalarida oqsochlik qilish uchun ommaviy safarbar qilinardi.

    Men ikkinchi guruh safiga qo‘shilib, og‘ir sanoat korxonasida ishlash uchun jo‘natildim. Biz ishlaydigan korxona konslager yaqinida joylashgan bo‘lib, masofasi yarim soatlik yo‘l edi. Korxonada tanklar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilar, ish og‘ir va zararligidan, shuningdek havoning doimiy diqqinafasligidan ko‘pchilik baquvvat asirlar ham kun yarmiga borib ishga yaramay qolishardi. Ish davomida nemislarning asirlarga nisbatan achchiq haqorati va bo‘ralab so‘kishlari tinmas, har soatda boshimiz yoki gardanimizga tushadigan kaltak va mushtlardan boshimiz chiqmay quldek ishlardik. Tushlikda yuvindidan farq qilmaydigan (ko‘pincha qaynatilgan kartoshka po‘chog‘i) yarim kosa ovqat bilan qora qotgan non nasiba sifatida ulashilar, bu ochqagan qornimizni to‘ydirish tugul unga yuq ham bo‘lmasdi. Kun botganda esa korxonadan pishiq g‘ishtli yotoqxonaga qaytarkanmiz, ayrimlar yo‘lda charchoq vajidan yurolmay safdan ortda qolishar, shunda ularni nemislar achchiqlanib o‘sha joyning o‘zida otib tashlashar, ayrimlar bir amallab yotoqxonagacha etib, lekin zinalardan ikkinchi qavatga ko‘tarilib chiqishga majoli yetmay o‘sha yerda hushlaridan ketishar, tabiiyki nemislar ularni ham  kechiktirmay gumdon qilishardi.

     Yakshanba kunlari ham ishlardik. Konslagerda hayot va o‘lim o‘rtasidagi mudhish oraliq to‘xtovsiz harakatda bo‘lardi. Ba’zan  korxona dastgohlari yo ishdan chiqqan bo‘lar, yo ularni umumiy ta’mirdan chiqarilar, shunday paytlarda asirlarga majburan yakshanba kunlari dam berilardi. Bunday yakshanbalar ko‘pincha bahor va kuz oylarida ro‘y berar, o‘sha kuni asirlar yotoqxona oldidagi atrofi simto‘r bilan o‘ralgan katta yer maydonga olib chiqilar, o‘sha yerda yomg‘ir chelaklab quyib turgan bo‘lsa ham, oftob yerni qizdirayotgan bo‘lsa ham zo‘rlab ushlab turilardi.

    Osvensimning bu bo‘linmasida to‘rtta gaz kamerasi va shuncha krematoriy mavjud edi. Ular bloklarga ajratilgan yotoqxonalarga yaqin yerda joylashgan bo‘lib, shunaqa yakshanba kunlari bir saf qilinib, ular tomonga olib ketilayotgan yangi asirlarni ko‘zimiz ilg‘ar, ular yaqinlashganlarida ko‘plari  katta-yu kichik yahudiylar ekani diqqatimizni o‘ziga jalb qilardi. Ularni sal o‘tib nemislar tiriklayin yoqib yuborishlarini barcha yaxshi tushunardi. Bunga ko‘pchilikning shuuri ko‘nikib ulgurmay, bir ozdan so‘ng krematoriy binosi tomlaridagi mo‘rilardan chiqqan noodatiy tutun hididan ko‘nglimiz aynirdi. Qo‘shimchasiga krematoriy binosi chetida borgan sari tog‘ kabi yuksalayotgan kultepa yuragimizni siqardi. Krematoriyda xizmat qilishga yollangan asirlar u yerga aravachalardagi kullarni ketma-ket to‘kishar, buni kuzata turib shu kullar uyumi inson jasadidan qolgan nishona ekanligiga, ularga aylanishdan oldin shu nishona sohiblari  hozirgina ko‘z oldingdan safga tizilib, o‘z oyoqlari bilan yurib o‘tishganiga ishonging kelmasdi.  

    Bir kuni (adashmasam, qirq to‘rtinchi yilning apreli edi) shunaqa yakshanbada har bir blokdagi yotoqhonadan barchani maydonga haydab chiqishdi. Barcha och-nahor, yuvindidan farq qilmaydigan ovqatlar va qotgan qora non ta’sirida cho‘pdek ozib-to‘zib, ko‘zlari kirtayib, qovurg‘asi sanalib ketgan holda zo‘rg‘a oyoq bosib, yuzida havotir zohir bo‘lib tashqariladi. Havotirga o‘rin bor edi, chunki bu yakshanba nasroniylarning pasxa bayrami edi.

    Bayramlarda nemislar albatta, ko‘ngilxushlik qilishardi. Masalan, ko‘p ichgan damlari ular asirlardan to‘rt kishini tanlab olib, ularga maydon atrofi bo‘ylab uch aylana yugurishni buyurishar, kim birinchi bo‘lib kelsa, uni tirik qoldirib, qolgan uch kishini voqea joyidayoq otib tashlashardi (Rojdestvo kuni shunday qilishgandi). Basharti qo‘shiq tinglagilari kelsa, bir necha kishini simto‘r atrofida saf torttirib, ulardan birini yakkaxon, qolganlarni xor qildirgan holda natsistlarni ulug‘lovchi qo‘shiqlarni ayttirishardi. Eng yomoni — asirlarga simto‘rning oldigacha “Za Stalinu” deb yugurib kelishni, so‘ng u yerda o‘ng qo‘llarini baland ko‘targancha “Xayl Gitler” deb ovoz ko‘tarib, fyurerni olqishlashni buyurishlari edi. Buni ular alohida ishtiyoq bilan amalga oshirishardi. Krematoriy tarafga yahudiylar olib o‘tilayotganda bu udum keng va tantanali tarzda qo‘llanilar, go‘yoki asirlar ommaviy ravishda “Xayl Gitler” so‘zini baqirib-chaqirib, ularni krematoriyga ko‘tarinki ruhda kuzatib qo‘yishlari shart edi. Asirlar o‘ng qo‘llarini baland ko‘tarishib, bu so‘zni yuz-yuz ellik martalab qaytarishar, kimdir baland ovozda yoki astoydil baqirmayotganini, qo‘lini sal pastroq ko‘targanini nemislar sezib qolgudek bo‘lishsa, uni ayab o‘tirishmas va kiprik qoqmay yahudiylarning ketidan o‘tda yoqib yuborilish uchun ravona qilishardi.

    Bu safar negadir ular jiddiy ko‘rinishardi. Bayramona kayfiyatdan asar yo‘q, yuzlarida sergaklik. Bizni shaxsan kommendantning o‘zi kelib tekshirib ketgani ham g‘alati tuyuldi. Avtomatlarini mahkam tutgan SS*  askarlari simto‘r oldida bir-biri bilan hazillashmay, ziyraklikni yo‘qotmay turishardi. Bir payt uzoqdan qora mashina ko‘rindi. Konslager  kommendantining ko‘nalg‘asi  yotoqxonamiz ro‘parasida bo‘lib, mashina ovozi kelgach, u yordamchilarini ergashtirib  o‘sha binodan chopib chiqdi. Mashina yurib kelib uning emas, bizning oldimizda to‘xtadi. Kechasi yog‘ib o‘tgan yomg‘ir natijasida yo‘llar loyqalangani uchun mashina kirlashib, g‘ildiragi loyga chaplanib ketgandi. Ertalabdan yerni qizitayotgan quyosh nurlarida bu yanayam yaqqolroq ko‘zga tashlanardi.

    -Xayl, Gitler!- deyishdi kommendant va unga qo‘shilib boshqa zobit-u askarlar mashinadan tushgan mehmonga xurmat ko‘rsatib.

    Mehmon yuqori unvonli kattakon edi. Hatto, kommendantdan unvoni ancha yuqori shekilli, konslager xo‘jayini uning oldida xuddi o‘qituvchisi qarshisida turgan maktab bolasiga o‘xshab mulzam tortib qoldi. Kattakon ular bilan qo‘l berib ko‘rishgach, ko‘zoynagini dastro‘moli bilan bir artib olib, plashchining tugmalarini echib qo‘yda-da, atrofni ko‘zdan kechirib chiqdi. Krematoriy tomonga, yotoqxonaning pishiq g‘ishtlariga, kultepaning haybatiga horg‘in tikildi. Simto‘r oldiga yaqinlashib, bizni diqqat bilan kuzatdi.

    U qirq besh-ellik yoshlardagi, o‘rta bo‘y, sochlari bir tekisda taralgan, uzunchoq yuzli, yelkalari keng kishi edi. Tasodifan menga ko‘zi tushgach, oldiga imlab chaqirdi. Uni men bilan gaplashmoqchi ekanini payqab, zobitlar va askarlar bilan birga sukut saqlab turgan lagerdagi tilmoch yigit simto‘r oldiga yaqinlashdi.

    — Yahudiymisan?- so‘radi kattakon boshdan oyoq meni ko‘zdan kechirib.

    Tilmoch uning har bitta gapini ruschaga o‘girib turdi.

    -Yo‘q… O‘zbekman,- dedim unga qaramaslikka urinib.

    -Manavi mashinani ko‘ryapsanmi?-dedi u ortidagi mashinani ko‘rsatib.

    -Xuddi shunday.

    -Shuni yarim soatning ichida yuvib, tozalab qo‘y. Vaqt ketdi…

    Ochlikdan sillam qurigani uchun dastlab uning oxirgi gapini tushunmadim, tilmoch ikkinchi marta tushuntirgach, boshimni tushundim degandek qimirlatib  qo‘ydim. Uning semiz haydovchisi bitta SS askari bilan omborxonadan ikkita chelakda suv, momiq doka topib chiqdi va kelib dokani qo‘limga tutqazdi.

    Men asta mashinani yuvishga kirishdim. Umrimda ilk marta uni ro‘paramda ko‘rib, temir kuzovini ushlab turishim edi (bungacha uning fotosuratini ko‘rgandim, xolos). Bolaligimda otamning karvonsaroyi bo‘lardi. Sobir Mirzaning karvonsaroyi degan uning mashhur nomi bor edi. O‘sha yerda onda-sonda qo‘qon aravalari va rus askarlari yuradigan foytunlarga ko‘zim tushardi. Uni kollektivlashtirish davrida otamdan tortib olishgach, ularni ham boshqa uchratmay qo‘ygandim. Men yuvayotgan mashina o‘sha aravalarga o‘xshab ketardi. Faqat g‘ildiragi to‘rtta, kuzovi temirdan, atrofi oyna bilan o‘ralgan, ichidagi o‘rindiqlari yumshoq, ruli va boshqa moslamalari bor edi. Kuzovning orqasiga “Mersedes” degan yozuv bo‘rtma harflar bilan o‘yib yozilgandi.  

    Uni yuvarkanman, ochlik sillamni quritib ko‘z oldim tinib ketayotganiga e’tibor bermaslik uchun bolaligimda onam o‘rgatgan milliy qo‘shiqni xirgoyi qilib o‘zimni chalg‘itardim. Haydovchi sigaret chekib bir chetda turar, chelakda suv tugagach, har safar uni boshqatdan to‘ldirib kelar, SS askarlari va tilmoch yigit asirlar bilan birgalikda ishimni qiziqish aralash kuzatishardi. Ko‘p o‘tmay mashina top-toza holatga keldi. Dokani chayqab va suvini siqib tashlab, uning kuzovini yana bir marta artib chiqqanimdan so‘ng, u quyosh nurlarida yaraqlay boshladi.

    Ishni nihoyalagach, asirlar orasiga qaytib keldim. Yerga cho‘kkanimcha sim devorga suyanib o‘sha qo‘shiqni xirgoyi qilaverdim. Kattakon kommendant hamrohligida bino ichidan qaytib chiqqach, bir muddat mashina oldida qo‘llarini beliga tiraganicha to‘xtab qoldi. Kuzovidan tortib g‘ildiraklarigacha uni obdon tekshirdi. Ko‘rsatkich barmog‘i chetini kuzovga tekkizib ko‘rgach, mamnun holda yonida turgan komendantga so‘z qotdi. Komendant SS askarlaridan o‘ziga eng yaqin turganini chaqirib, unga tegishli ko‘rsatma bergach, kattakon mashinaga chiqishga shoshilmay, uning kuzoviga suyangancha cho‘ntagidan sigaret qutisini oldi.

    Boyagi askar oshxona tarafdan  o‘rtacha hajmdagi likopchada non ko‘tarib chiqqanida u sigaretni labiga qistirib, tutunini ichiga torta boshlagandi. Askarning qo‘lidagi non to‘la likopchaga ko‘zi tushib, simto‘r oldiga keldi-da, qo‘li bilan yana meni imlab chaqirdi. Gandiraklab ketmaslik uchun o‘zimni qo‘lga olib, sekin-asta yurib oldiga bordim. Yelkamga u bir-ikki qoqib qo‘ygach,  askarning qo‘lidagi likopchani ko‘rsatdi va doimgidek tilmoch yordamida undagi narsa endi meniki ekanligini tushuntirdi.

    Likopchaga oppoq buxanka non bir tekisda kesilib, yigirmaga yaqin bo‘lakka ajratilib, ustma-ust tartibda terilgandi. Oppoq nonni qo‘rmaganimga qancha bo‘lgandi-aniq esimda yo‘q. Non to‘la likopchani qo‘limga olganimda yuragim hapqirib, tez-tez urdi, bir necha daqiqa o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. O‘zimga kelgach, yuzimga qon yugurdi va likopchani  mahkam quchoqlab ortimga o‘girildim. Shunda ellikdan ortiq qora ko‘zlar menga ham javdirab, ham havas bilan tikilib turganining shohidi bo‘ldim. Ularning qarshisida o‘zimni noqulay his qildim. Parvo qilmaslikka intilib, tezroq non bo‘laklarini og‘zimga solishni, rohat bilan chaynashni, ko‘zlarimni yumib ularni yutishni, qornimni to‘yg‘azishni  o‘yladim. Ammo shunda ichimda nimadir uzilgandek qirs etdi. Chetga o‘tib qornim to‘yguncha non iste’mol qilish o‘rniga ularning oldiga bordim.

    -Ol, Umar!- dedim birinchi bo‘lib Toshkentlik hamyurtim Islombekovning oldiga borib.

    U avvaliga ikkilanib menga termulib turdi. Qo‘lini uzatishga istihola qildi. Picha o‘tib, bir bo‘lakni olib, uning yarmini qo‘rqa-pisa sindirib og‘ziga soldi-da, qolgan yarmini likopchaga qaytarib qo‘ydi.

    -Oppoq non,- dedim borgan sari ozib ketayotgan tojik yigiti Choriyevning oldiga borgach.- Navfal, tatib ko‘r!

    U ham yarim bo‘lakni olib, og‘ziga soldi. Qolganlar ham shunday yo‘l tutishdi.  Shu tariqa likopchada non bo‘lagi deyarli qolmadi. Oxirgi yarim bo‘lakni qozoq yigiti Niyazovga berdim. U boshida qaysarlik qilib unamadi, oldimda xijolat bo‘ldi. Yo‘q degandek ichiga botib ketgan qisiq ko‘zlarini yumib oldi. Ammo qornim to‘qligini unga qayta-qayta bildirib, nonni majburlab yedirdim. Likopchani bo‘sh holicha askarga qaytarib berayotganimni ko‘rib, kattakon menga yaqinlashdi.

    -Esing joyidami?- dedi sigaretini torta-torta ko‘zlarimga tik qarab.- Mashinani zo‘r yuvganing uchun nonni senga mukofot tariqasida bergandim. Sen bo‘lsa qorningni to‘yg‘azib olish o‘rniga uni boshqalarga bo‘lib berding. Nega bunday qilding?

    Men unga darhol javob qaytarmadim. Ko‘z oldimdan asirlikka tushishidan oldin farzandli bo‘lgan Islombekovning xotini, Navfal ko‘p gapiradigan  keksa onasi, Niyazovning bir oyog‘i yo‘q otasi va boshqa asirlarning yaqinlari bir-bir o‘tdi.

    -Nega bunday qilding?- dedi kattakon boshimni egib, jim turganimni ko‘rib yana.

    -Chunki ularning vatanida kutadigan odamlari bor,- dedim nihoyat boshimni ko‘tarib, bir unga va bir tilmoch yigitga boqarkanman.- Meni esa yo‘q. Ota-onam o‘lib ketishgan. Otamdan qolgan uyimni ham amakim yaqinda sotib yuboribdi.

    Gapimni eshitib, kattakon og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi. Xorg‘in yuziga zimdan ko‘z tashlarkanman, unda hali insoniylik unsurlari butkul yo‘qolmaganini kichkina ko‘zlarining ma’yus va rangsizligidan taxmin qildim. Xayolga cho‘mgan paytim u sigaretini birdan yerga tashlab, tovoni bilan qattiq ezg‘iladi. Plashchining tugmalarini ketma-ket qadab biz asirlarga, yonidagi zobit va askarlarga, kommendant va uning yordamchisiga, krematoriy va kultepaga qararkan “Got vergib uns, wir sind alle Geshopfe”** deb pichirladi. Shundan so‘ng  kommendantga asabiylashib qat’iy ko‘rsatmalar berdi-da, barcha bilan quruq xayrlashib mashinaga o‘tirdi. Ketayotib men tomonga qarab qo‘yib, tilmoch yigitga alohida gapirdi. Uning mashinasi olislagach, avtomatini bo‘yniga osgan SS askari tilmochning iltimosiga binoan meni orqa tomonga yetaklab ketdi. Ortimdan asirlar hayrihoh nigohlarini achinish aralash menga tikkancha, kattakon bergan nonni o‘zim yemay, ularga bo‘lib berganim uchun chakkamdan otib tashlashga hukm qilinganimni chamalab, o‘zlarini ayblagancha simto‘r yaqinidan keta olmay qolishdi.

    -Islombekov, Choriyev, Niyazov… barchalaring mendan rozi bo‘linglar,- dedim ortimga o‘girilib, ularga yuragim ezilib qararkanman ichimda.- Men ham sizlardan roziman.

    Askar bilan yonma-yon ketayotib, u meni qayerda otarkin, omborxonaning oldidami yoki kultepani aylanib o‘tibmi, deb o‘yladim. Yo‘l bo‘yi bolaligimda o‘rgangan istig‘forni kalimaga qo‘shib tinmay takrorlar, boshqa tomondan baribir orqamdan yig‘lab qoladigan hech kimim yo‘qligi o‘limni bo‘ynimga olishimni bir muncha osonlashtirardi. Lekin u meni negadir  oshxona tomonga yurishimni qo‘li bilan ko‘rsatdi. Hech nimaga tushunmay, uning aytganini qildim. Oshxonaga kirgach, stolga o‘tirishimni so‘radi. Kalovlanib o‘tirdim. Sal o‘tib u yerda kuymalanib yurgan oshpaz ayol oldimga likopchada bir nechta bo‘lak non, kattaroq mis idishda bifshteks va finjonda o‘rik sharbati qo‘ydi. Hech nimaga tushunmay, mum tishlab turganimda ro‘paramga tilmoch yigit kelib o‘tirdi.

    -Brigadenfyurer*** seni ovqatlantirishimizni buyurdi.

    Demak, kattakonning unvoni shunday ekan-da. O‘sha lahzada bunga aytarli e’tibor qaratmadim. Sababi, fikru zikrim ro‘paramdagi tiriklik ne’matlarida edi. Men ko‘zlarimga ishonmasdim. Qo‘llarim qoshiqni ushlash-ushlamaslikni bilmas, tilim tanglayiga yopishib qolgandek uni hech qimirlata olmasdim. Bir amallab ovqatlanishni boshlaganimni ko‘rgach, tilmoch yigit cho‘ntagidan yon daftarchasini olib uning ichidagi bir ayolning suratini tomosha qila boshladi.

    -Non shirin ekanmi?- so‘radi orada yon daftarchasidan boshini ko‘tarib.

    Men boshimni qimirlatib, unga shundayligini ta’kidladim. Nonni avaylab tishlab, sekin chaynar, ovqatni lablarim titrab yutinardim. Boshqa tomondan oshqozonim og‘rishdan tin olib borar, tanamga quvvat kira boshlagani bois ko‘z oldim ortiq qorong‘ulashmasdi.

    -Hijolat bo‘lmay tanovul qilaver,- dedi u iymanib ovqatga qo‘l urayotganimni ko‘rgach.- Tushlikka yaqin qoldi. Sheriklaringga ham yaxshiroq ovqat beriladi endi. Brigadenfyurerning buyrug‘i shunday. Kommendant uning talabini xo‘jalik bo‘limi rahbariga yetkazdi. Bugundan sizlarga kartoshka po‘chog‘ini emas, mahalliy aholidan yig‘ishtirib olingan qora polyak kartoshkasini qaynatib berishadi.

    Men qoshiqni likopchaga qo‘yib, hayratlanib unga tikildim. U bunga e’tibor bermay, meni savolga tutishda davom etdi.

    -Isming nima?

    Birinchi bor uni yaqindan razm solib kuzatdim. U xuddi men kabi yigirma besh yoshlar atrofidagi, qiziquvchan, sermushohadali, xushsurat nemis yigit edi.

    -Ismim Odil,- dedim unga javoban.

    -Meniki Rixard. Rus tilini Berlindagi universitetda o‘rganganman. Ming nadomatkim, o‘qishim chala qolib ketdi. O‘ttiz sakkizinchi yilda armiyaga chaqirilib, shu bo‘yi urush ichida yuribman.

    Ovqatlanishimni bir pas kuzatib o‘tirgach, u shaxdam o‘rnidan turdi va  nogoh eshik tarafga yo‘naldi. U yerdan ortiga o‘girildi.  Menga va devordagi natyurmortga teran ma’yuslik bilan boqdi.

    -Brigadenfyurer Leningrad qamali haqida bayonot berib ketdi,- dedi so‘ng tomog‘ini qirib olgach, siniq ovozda.- Stalingrad jangidan so‘ng Gitler bu strategik jangni ham boy berishga yaqin turibdi… Bir tomonda Stalinning ittifoqchilari Fransiya janubidagi Normandiyada qimirlab qolishdi… Hademay siznikilar qamalni yorib o‘tib, bu yergacha yetib kelishadi. Oz qoldi… Urush tugaydi…  

    Eshikni tutqichidan ushlab ocharkan, u boshini bilinar-bilinmas sarak-sarak qilib qo‘ydi. Shu bo‘yi yo‘lakdan uning ovozi keldi.

    -Nega Stalin va Gitlerning o‘zi urushib qo‘ya qolmaydi-a? Ularning o‘rniga boshqalar  urushishi va it azobini ko‘rib o‘lib ketishidan ma’no bormi, Xudoyim?! Ming la’nat ikkisiga ham.

    To‘qqiz oydan keyin — qirq beshinchi yilning yanvar oyi oxirlariga kelib qizil armiya askarlari konslagerni ozod qilishdi. Islombekov bu kunni ko‘rmadi. O‘n sakkiz yoshida uylanib, o‘n to‘qqiz yoshida urushga kelgan yigitcha, bir yil o‘tib ko‘z oldimda ichterlamadan qazo qildi. Navfal kech kuzda yotoqxonada o‘zini osib qo‘ydi. Ulardan tashqari men nonni bo‘lishib yegan asirlarning yarmidan ko‘pi og‘ir mehnat sharoitini sog‘lig‘i ko‘tarmay, azob-uqubatda  Osvensim bag‘rida mangu qo‘nim topishdi. Men, Niyazov va kam sonlilargina o‘sha dorilomon kunlarga eson-omon yetib keldik…

    Oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, o‘sha kunlar xuddi kecha bo‘lgandek esimda turadi. Ayniqsa, bahor kelib o‘rik gullaganida shu yerda uning gullariga tikilib, o‘sha qirq to‘rtinchi yil bahorining iliq va serquyosh yakshanbasini, mahzun “oppoq non” voqeasini, nemislarning sutrang likopchasidagi nonning isini, uning hatto yarimta bo‘lagini qo‘liga olib shodlangan — asirlikda qorni hech to‘ymagan, ko‘pi konslagerda hayot bilan vidolashgan, cho‘pdek ozg‘in, sodda va samimiy, bir olam orzusi bo‘lgan sho‘rlik jonlarni, ularning yutoqib non chaynashlarini bir lahza xotiramda jonlantiraman, dushmanim bo‘lgan bo‘lsa-da, bir kun dushmanligini unutib odamgarchilik qilgan ko‘zoynakli brigadenfyurerni va ismi Rixard bo‘lgan tilmoch yigitning jon kuydirib aytgan gaplarini bot-bot yodga olaman.

    Zero, o‘sha kuni bir buxanka non “biz nima uchun urishyapmiz o‘zi” degan savolim bilan nemislar ham hech bo‘lmaganda bir kun, bir soatgina yashashi mumkinligiga meni ishontirgandi. Ularning ayrimlari xuddi men kabi shu savolni o‘zlariga har kuni yoki oyda bir bo‘lsin pinhona berishar, nega urishayotganliklarini goho tasavvur qila olmay g‘ussaga cho‘mishar, lahta-lahta to‘kilayotgan qonlar orasida vijdonlari dam-badam uyg‘onib ayovsiz azob ichida qolishar, aks holda bitta mashinani qo‘l uchida yuvganim uchun likopchada to‘la non berib, oshxonada qornimni to‘yg‘izishmas yoki asirlarga berilayotgan ayanchli ovqat ratsionini o‘zgartirishmasdi…

    Otam gapirishdan to‘xtagach, o‘rnimdan turdim. Kosadagi ovqat sovub bo‘lgan, unga qo‘l tekkizmagandim. Bir muddat nima qilishimni bilmay turgach, qiya ochiq turgan derazadan kirayotgan yelvizakni oldini olish uchun borib derazani yopib qo‘ydim. Deraza oldidan ketgim kelmadi. Otamga nimadir degim keldi. U o‘rik daraxti tomonga qaraganicha qotib qolgan, kreslo chetini ushlagan qo‘llari dag‘-dag‘ titrardi.

    -Meni kechiring, -dedim oxiri o‘zimni tutolmay.

    Otam tokchaga tiyab turgan qo‘limni qaltirayotgan qo‘li bilan tutdi. Men uning bag‘riga o‘zimni shitob urdim. Uning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi.

    -Shunchaki… bilasanmi… shunchaki qayerda tishlanganmi, siniqmi, qotganmi non bo‘laklarini ko‘rmay, ularni haliyam konslagerdagi o‘sha sheriklarimga ilinaman. Shunday qizim, ilinaman. Menga ularning qorni haliyam ochdek tuyulaveradi… 

    Izohlar:

    *SS- nemis maxfiy politsiyasi.

    **Got vergib uns, wir sind alle Geshopfe (nemischa)- Yaratgan egam, biz hayvonlarni o‘zing kechir.

    ***Brigadenfyurer- bizning harbiy unvonlardan general-mayor unvoniga yaqin bo‘lgan nemislarning harbiy unvoni.

      2020 yil, aprel. Marg‘ilon

    Sherzod Ortiqov

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting