O‘ZBEKONA ShA’NNOMA

0
379
ko'rishlar soni

Taqriz

Iqbol Mirzo. Bonu. “Sharq”, Toshkent-2018

Sha’n o‘zi nima? Nega har vaqt himoyaga muhtoj? Yo raqiblari ko‘pmi? Unday bo‘lsa, har qadamimizni o‘lchab bosishimiz, har so‘zimizni o‘ylab aytishimiz kerakligini goh-goh unutishimiz bandai ojizligimizmi? Hayot shunaqa – beshafqat, ne ko‘ylarga solmaydi, ne sinovlardan o‘tkazmaydi, degan taskin aslida pushaymonligimizni boshimizdan arita oladimi. Aqlimiz donishlikka qanchalar da’vogar bo‘lmasin, ko‘nglimiz sezuvchanlikda o‘zini qanchalar tanho atamasin, baribir pand yeb qo‘yadigan holatlari bilan hiyonatni ham kanda qilmasligiga kim kafolat berishga qodir. Madomiki, bir boralik – betakror umrimiz Vatan sha’ni, millat sha’ni, oila sha’ni, eru xotinlik sha’ni, boringki, yigitlik va qizlik sha’ni ichida kechar ekan, chinakam insonday yashay olishimizning og‘irligi ham, murakkabligi ham doimo yelkamizda. Bu yuk – meniki, seniki, uniki – demakki barchamizniki bo‘lgani bilan behad buyukdir. Uni ko‘tarish chog‘ida kimning kimligi ayonlanadi. Gap harakatlarning qandayligida emas, maqsad-muddaoda, aql va ko‘ngilning muvozanatida. Maqsadning mohiyatida sha’n va qadr-qimmat yotadi hamisha. Kimdir har qanday sharoitda shaffofday saqlaydi, kimdir bulg‘aydi. O‘zigagina emas, yaqinlariga, elu yurtiga isnod keltiradi. Taniqli qalamkash Iqbol Mirzoning “Bonu” romanini o‘qish asnosida shularni yanada chuqurroq tushunib yetamiz. Hayotda muhabbat va nafrat, havas va hasad, omad va kulfat, boylik va faqirlik, ishonch va firib, himmat va ta’ma xuddi kecha va kunduzdek hamisha yonma-yonu bardavomligini ko‘ramiz. Ular oldida o‘zimizni, o‘zligimizni yo‘qotib, orzu-umidlarimizni barbod qilib qo‘ymasligimiz uchun shukur va sabrdan, iroda va matonatdan kuchlanishimiz joizligiga ota-onalarimiz, zamondoshlarimiz taqdiri timsolida yana bir bor iqrorlanamiz.

Asarning shaklan bituvchisi ham, bosh qahramoni ham bir shaxs, ya’ni Buxoro qizi – Bonu. Jafokash qiz boshidan kechirganlarini internetda kundalik tarzida voqeaband usulda yozib hikoyalaydi. Kitobdagi 370 sahifali 164 kunlik yozuvlar aslida ko‘pdek tuyuladiyu, lekin zeriktirmaydi. Uch avlodning – bobo, dada va farzandlarning qismat zanjiri goh shodumon, goh hazin hodisalar halqasidan iborat. Qiziqishimiz boshidan oxirigacha susaymaydi. Aksincha, kuchayib boraveradi. Dam lirik intim kechinmalar, dam kutilmagan sarguzashtona voqealar, dam shirin xotiralar bir-biriga almashib, bir-birini to‘ldirib, hayajonga soladi, o‘ylatadi, mehrimizni qahrga, qahrimizni mehrga evriltirib, Bonuga ruhiy yaqinlashtirib qo‘yayotganini sezmay qolamiz. Kundalikning o‘ziga xosligi Bonuning bugungi kechmishi, kechagi o‘tmishiga uyg‘unlashib, faraxbaxsh xotiralar xayoli ko‘shkida qayta jonlanadi. Bizning tasavvur mushohadamizni ham to‘liqtiradi. U bilan birga o‘zimizni beixtiyor o‘tmishdoshu kechmishdosh sezamiz. Rossiyaga rizq izlab borgan o‘zbekistonlik bir guruh yigit-qizlarning, erkak-ayollarning o‘zgargan turmush tarzi, fe’l-atvori nomunosib muhitning nomunosib ta’siri, “tarbiyasi” oqibati ekanini anglab, ko‘nglimizda ozorli achinish hislari uyg‘onadi. Bobomeros qadriyatlarga, tuyg‘ularga ular begonalashib qolayotganidan nafratimiz isyonlanadi. Ammo, bir muhitda birga yashayotgan Zuhro yulduzidek tanho va yorqin Bonu razolatga metin irodasini qalqon qila olayotganidan qalbimizga qaytadan xushnur inadi, inaveradi.

Hozirgi Bonuni avvalgi Bonuday tutib turgan ko‘zga ko‘rinmas betizgin ichki tuyumlarining ildizlari bobosiga bog‘langanini, dadasiga tortganini payqashimiz qiyinmas. Axir uning besh kunlik dunyodagi diydori g‘animat bobosi “Mir Arab madrasasi tuprog‘ini o‘n yil yalab, ilmi komil bo‘lgan mo‘min edi”. Qizning bolalik baxti shundaki, ana shu donishmand qariyaga dastyorlikni, hamsoyalikni Alloh nasib etgandi. Yaxshiyam boboning suyumli nabirasiga kitob o‘qish odatini yuqtirib ketgani. Qizcha noyob esdalik – bobosining madrasadagi vodillik hujradoshi Huvaydoning qo‘lyozma devonini ko‘zlariga surtib hijjalaydi. So‘fiy oshiqning dil izhorlari kuylangan g‘azallarning botiniy ma’nolarini to‘laligicha chaqishga aqli yetmasa ham, ilohiy sehr og‘ushida xayollarini bezaydi. Ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi — dadasining, kutubxonachi – onasining oila davrasida tarbiya saboqlarini quloqlariga quyib ulg‘ayadi. Kollejning a’lochi o‘quvchisi universitetning faol talabasiga aylanadi. Bu ham kamdek yigitlarning chiroyli husniga mahliyoligidan g‘ururlanib, tibbiyot talabasi Olmos bilan ishqiy juftlik taqdiri peshonasiga bitilganiga shukronalik kayfiyatida falakning yettinchi qavatida uchib yuradi. Bilmasdiki, hali oldinda o‘zini hayotning ne-ne zarbalari, ne-ne sinovlari kutib turganini. Ayni vaqtda u bilan birga biz ham. Qanday ko‘rgulikki, abituriyentlik chog‘ida rangli jurnalning muqovasida bosilgan, ko‘rganning aqlini shoshiradigan go‘zal siymosi bugun… Qanday ko‘rgulikki, kechagina  — omadli talabalik zavqidan sarmast, kurs rahbari qistovi bilan bo‘lsa-da, go‘zallik tanlovi viloyat bosqichi g‘olibligiga loyiq topilgan eng latofatli qiz bugun… Esiz, afsus bechora, deyishardi atrofdagilar bosh chayqashib. Ko‘zguga qarashga yuragi botinolmasdi Bonuning. Dahshat! Nahot shu birgina so‘z tiliga ko‘chiboq tugasa. Dilini dahshatning o‘zi tobora qamrab borardi. Yuzlari, qo‘llari oqargan qizga endi odamlar jirkanib boqayotganini sezmaslikning  iloji qancha. Bu suymaganga suykangan Yusuf tomonidan o‘ziga ilgariroq uyushtirilgan tajovvuzdan ham besh badtar holat edi. Uning uchramagan do‘xtiri, xalos istamagan tabibi, iltijo qilmagan aziz – avliyolarning ruhlari qolmadi hisob. Hammasidan umid bor ediyu, najot ko‘rinmasdi. Lekin Bonu Qizilqumni odamtopmas yeridagi Xoja Ubbon mozoridan quruq qaytmadi. Bobosiga o‘xshash mo‘ysafidga duch keldi. Hammada…

Taajjublanadi. Izohni esa boboning o‘zidan eshitdi: “Ha,bolam, menda teri asorati yo‘q, vale men ham ayolim tufayli el ichra yurolmay, xalq ichra turolmay qolganman. Hamma meni masxara qilar, ko‘rsatkich barmog‘ini to‘pponcha qilib o‘qtalar, turmush neligini bilmagan o‘spirinlar jirkanib yuz burar, do‘stlarim aro tili qisiq bir banda bo‘ldim. Ko‘p kentlarni, qishlog‘u ovullarni kezdim, vodarig‘ qayda bo‘lmay malomat toshi ortimdan yetib kelib burnimni qonataverdi. Go‘yo gunoh qilgan xotin emas, men, uch farzandning sha’nini o‘ylamay o‘ynash qidirgan  u emas, men, Yaratganning nigohidan qo‘rqmay shaytonning qo‘yniga kirgan osiy anavi emas, mendek… Sen esa qizim, taslim bo‘lma, baxtdan umidingni  uzma! Hali yoshsan, hammasi oldinda…”.

Bonu bitiklarida e’tirof etganiday, bobosini qayta topganday, yo‘q, Huvaydo boboning o‘zini ko‘rganday bo‘ladi. Ildizlari but daraxtga yiqilmoqlik yot. Shamolu bo‘ronlarda ham shoxlari egilsa egiladiki, qaddi aslo bukilmaydi. Bonuning tuproq ostidagi ikki ildizi, uchtaga aylandi go‘yo. Iymon-e’tiqodda sobit mo‘ysafid o‘sha ovloqda dafn etilsa-da, qizning qalbida qayta ko‘z ochadi. O‘zbekona insoniylik sha’nining xiyonatkor xotini kasri bilan bulg‘angani uchun, bundan g‘ofil qolgani uchun erkaklik oriyati va hamiyati kuchliligi tufayli qanchalik g‘azablanmasin jazoni Yaratganning o‘ziga qo‘yib, tirik tanishlar nigohidan narida so‘nggi nafasiga qadar yakka yashashni afzal bilgan dunyodagi eng hokisor, eng pokiza zot timsolida tug‘iladi.

Asar mutolaasida davom etib, Bonuga qanchalar mehrimiz tovlanmasin, usti-ustiga nohaqlikka ro‘baro‘ kelaverishi yana shunchalar ichimizni achitadi. Eng yomoni, kursdoshlariga olachipor qiyofada ko‘rinishga iymana-iymana talabalikni to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Boz ustiga dadasining maktabida ishdan haqgo‘yligi, adolattalabligi tufayli quviladi. Endi yosh boshini qayerga uradi, yolg‘iz onasiga foydasi tegishi o‘rniga tashvishiga tashvish qo‘shib o‘tirishi epmi. U onasini o‘ylasa, onasi uni o‘ylashi tabiiy hol edi-yu, biroq yonidan yiroq ketishiga yo‘l qo‘ymasa kerak, degan xayolda yurardi. Onaizori esa uni havo almashtirib kelishini, ishlab harna chalg‘ishini istab qoldi. Moskvaga Botir tog‘asi va Mirxond akasining yoniga yuborishga moyillik bildirdi. Biroq u ertasini hali tuman ichida tasavvur qilardi. “Ketay, “Huvaydo” bobomday bosh olib ketay, manglayda bo‘lsa, bir kunimni ko‘rarman, bo‘lmasa, peshonadan… Hechqursa, uch-to‘rt tanga topib, onajonimning joniga oro kirarman, opalarimga, Shoira opamga qararman. U yog‘iga xudo poshsho…”.

Bonu o‘tirgan poezd to‘rt kecha-kunduz yurib, manzilga etdi. Yaxshi bilamiz, rusning rubli, Amerikaning dollari u yoqlarda sochib qo‘yilgan xazon emaski, beling og‘rimay, peshonang terlamay yig‘ishtirib, uyingga jo‘nataversang. Bonudek munisu muslima qizning boshqa dindagi millatning boshqacha turmushiga yengilgina ko‘nikib ketishi amrimahol edi.

Ruscha gaplashishni tuzukkina uddalashiga qaramay, yashashi va ishlashi hadeganda iziga tushish o‘rniga boshiga turli balolar yog‘ilishidan uning qalbi ezildi. Musofirlikning toshnoni tishini sindirmadi, ko‘nglini sindirdi. O‘zining ta’kidicha: “Musofirlik bu – o‘z ixtiyoring bilan kelib, o‘zgalar ixtiyori bilan yashaysan degani…”. O‘zga yurtda eng qimmatli erkingni yo‘qotasan, nainki nog‘orasiga, imo-ishorasiga yetti bukilib o‘ynaysan, qo‘liga qarab mo‘ltiraysan, quliga aylanasan. Biroq Bonu kabi g‘ururi osmon qizlar iymon-e’tiqodini boylikka, pulga hech qachon alishmasligi bilan hoyu-havaslardan oru-nomusini hamisha ustun qo‘yishi aniq. Bu bilan nafaqat o‘zining, balki o‘zbek millatining har joyda, har qanday sharoitda qadrini baland, qaddini tik tutishini amalda isbotlab ko‘rsatishini sira-sira tasodiy holga yo‘yish mumkin emas. Sharqona ibo, To‘maris momomizga xos jasorat, Barchinoyga monand sevgida sabru sadoqat ruhida gupillab yuraklari urib turadi. Iqbol Mirzoning Bonusi yangi zamon qizi. U yangi zamon muammolari oldida hech esankiramaydi. Tashqi go‘zalligi “g‘oyiblangan” damlarda ham ojizlanmaydi. Inchunun, bobosi va dadasining ham botiniy, ham zohiriy ezgu tuyg‘u va xislatlarining chinakam sohibasi sifatida qizu ayollargagina emas, yigitu erkaklargacha ibrat timsolida ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Bundan boshqacha bo‘lsa, hayotiy haqiqatdan yiroq, oldi-qochdi asarning yasama maftunkor “qahramoni”ga aylanib qolardi. Axir uni Rossiyaga yetaklagan kuch mutlaqo yengil tabiati emas, boylikka o‘chligi-yu, qisqa fursatda mo‘may pul jamg‘arib qaytish ishtiyoqi emas, bil’aks yaqinlariga, yaxshilik ko‘rganlariga nafi tegib yashash imkoniyatini izlashida, onasining ko‘ngliga halovat qaytarish ilinjida, uyoqdagi tog‘asi, akasi va jiyani panohida yurishiga ishonchida edi-yu, o‘ylaganlarini ko‘rganlari tezda puchga chiqarishiga yo‘l bermadi. O‘z yurtidagi beoqibatliklar o‘zga yurtdagi sho‘rishlari oldida holva ekanidan dastlab yuragi orqaga tortdi. Ajabtovuri musofirlarning musofirlarga bemehrligi, ziyon-zahmat yetkazishi bo‘ldi. Hatto tog‘asi asl jirkanch basharasini ko‘rsatganida juda nafratlansa ham ichiga yutdi. “O‘risning iymoni bo‘lmasa ham insofi bor, deyishadi. Rost gap, direktor bosiqlik bilan polislarga men haqimda ijobiy gaplar aytdi, buning qo‘lidan jinoyat kelmaydi, to‘g‘ri, pok ayol deb ta’rifladi”. Bonunning  bu so‘zlari uning qalbi samimiyatga behad to‘laligini tasdiqlaydi.

Yaxshilik va yomonlikning vatani bo‘lmaydi. Insonlar o‘zaro munosabatda qayerdaligidan qat’iy nazar, hayotning oq va qora ko‘rinishi qiyofasida zohirlanaveradi. Bonu buni dadasidan tiriklik chog‘ida eshitgan, yashashning risoladagi falsafasi o‘rgangan. Begonalar vatanida, aksariyat notanishlar orasida yurganida dadasining uqtirgilarini eslab-eslab, ularga amal qilib, yo‘lidan adashmaydi. “Odamlarning munosabatiga qarab muomala qilish kerak. Senga tashlanmagan odamga sen nima uchun tish qayraysan? Hayotda shunday vaziyatlar bo‘ladiki, vahshiylik terisini egningga tortmasang, tilka-pora qilib tashlashadi. Bu – hayot-mamot masalasi. Lekin inson dunyoda insonday yashashi, imkon qadar birovga ozor bermay o‘tishi kerak. Chog‘ing kelgan ishga bel bog‘la, behuda kuchanish belni chiqaradi, agar kuching yetmaydigan toifaga duch kelsang, uni aylanib o‘tishni ham o‘rgan. Oxuri baland pastkashlarni esa xudoga sol! Eng oliy hakam Uning o‘zi!”

Shudaylikka shundayku-ya, ba’zi gumroh bandalarning ko‘ngliga nega insof kirmaydi? Nega ular savob bilan gunohni farqlashni istashmaydi? Nega nafslari girdobida yayrashib, aqllariga quloqlarini berkitishadi? Nega noinsoniy ehirosning jirkanch jilovida javlon urishadi? Bonuning voqeaband bitiklari bizda ham savollar ustiga savollarni taxlayveradi. Mutolaa mushohadaga yetaklaydi. Ha-ha, ular aslida soxtalik suratidagi “qo‘rqmas”, “kuchli”, “uddaburon” kimsalar. Bonuning bundaylarga qarata: “Do‘konning kamerasidan qo‘rqasanu, xudoning “kamerasi”dan nega cho‘chimaysan?” degan mantiqan iztirobli, ammo sokin ichki hayqirig‘i besababmi? Hech-da, odamlar tobora yaratgandan yiroqlashayotganiga o‘kinch ishorali so‘roq emasmi bu.

O‘ylab ko‘ring, agar odamlarga ishonch yo‘qolmaganida qorovullar turib, kameralar ham ixtiro qilinarmidi. Agar jamiyatda to‘laligicha ezguligu halollik hukm sursa, birovning haqiga birov hiyonat qilmasa, fuqaro davlatning, xaridor sotuvchining mulkiga, boyligiga, narsasiga ko‘z olaytirmasa, “o‘g‘ri”, “jinoyatchi” degan tavqi la’natli tamg‘aning sha’niga bosilishidan o‘limdan qo‘rqqandek qo‘rqsa, olam guliston edi-ku!

Jamiyatda halol luqmaning yuqishiga, harom luqmaning yiqishiga odamlarning bepisandligidan kameraga ehtiyoj tug‘ilmadimi?! Har bir hovliga, uyga, ko‘chaga, bozorga, do‘konga, barcha jamoat joylarigacha qo‘yilgan “oynako‘z”larga ham odamlar firib bermasligini kim to‘la kafolatlay oladi? Hech kim! Yagona ko‘rib va bilib turguvchi bolalikdan qalbimizga qo‘noqlashmasa, na iymon but, na vijdon uyg‘oq turadi. Shaytonga osongina ergashib, hamrohlanib ketaveramiz. Bonu shundan kuyunyapti. Inson sha’nining yagona, sobitu sobir qo‘riqchisi Iymon va Vijdon go‘yoki Allohning ko‘zi, Allohning o‘zi. Undan judolik zoti shariflikni unutmoqlikdir. O‘zligini unutgan – Allohni ham unutadi. Bundaylarning bandalikni da’vo qilishiga zarracha haqlari bormikin?!

Aksariyat odamlar boshqalardan ko‘rgan yaxshilikni tezda esdan chiqarishadi-yu, yomonligini esa… Bonunnig odati bunga mutlaqo ters. U yomonlikni osongina unutib yuboradi-yu, yaxshilikni hech qachon. Xuddi shu fe’li uchun harakatdan, intilishdan, kurashishdan to‘xtamaydi. O‘zi ruhiga ruh qo‘shib olaveradi. Balki, boshqalarning har bir yaxshiligida ta’ma bo‘lsa bordiru, uniki — beg‘araz, beminnat. Yaxshilarning yaxshiliklariga yaxshiliklar yarashishidan yayrab-yashnaydi. Buxoroda halol tadbirkor eri hasadchilarning tuhmati bilan ichkarida o‘tirgan ikki farzandli, tug‘ishganlaridan ham a’lo Shoira opasiga, “sevib” sevdirib, oqarib qolgach, o‘zini tortgan, orzularini sarobga aylantirgan va hozirda “saratonga chalinib” kasalxonada og‘ir yotgan Olmos akasiga qo‘liga pul tushishi bilan moddiy madadini sira-sira ayamaydi. O‘zbekistondan borib, ruslar ichida nonini halollab eyayotgan, o‘ziga to‘q samimiy insonlar – Shakarjon opasi va Alisher akasiga munosib yurtdosh, munosib millatdosh, munosib singil bo‘la olganidan beixtiyor faxrlanamiz. Axir u keragida yordam qo‘lini cho‘zganlarning ishonchini oqladi. Axir boshpana bergan, qornini to‘qlagan, ish haqini to‘lagan insonlarning millatiga qaramadi, rusmi, ozarbayjonmi, hatto lo‘limi muomalasi, aql-farosati, uquvi, g‘ayrat-shijoati bilan mehrini qozondi. Artistdek soxta rolga kirib emas, vazifasini sidqidildan ado etib. Faqat vazifasiniyammas, kezi kelganda o‘z jonini hech ayamay insoniy burchini hayratomuz holatda o‘tadi. Siylovi ham hayratomuz tus oladi. Hayotida kutilmagan burilish o‘shandan so‘ng boshlandi. Jajji egizak – Lora va Larani ko‘chada yurgan tishlog‘ich itlarning tasodifiy tajovvuzidan asrab qolishga ulgurdi, lekin o‘zini… Bonu buni hech qanday jasoratga yo‘ymadi aslida: “Men atay qahramonlik qilish uchun it yo‘lini to‘smadim, azbaroyi jujuqlarning himoyasiga bordim, agar xudo ko‘rsatmasin, ko‘ppak birortasini g‘ajib tashlaganida mening bu dunyoda yurishimdan ma’no qolmasdi”. U shifoxonadan qaytgach, bu oilada xaloskorga ko‘p himmatlar ko‘rsatishdi. Biroq Bonu boyib ketmadi. Topgan-tutganini onasiga jo‘natdi. Yaqinlarining boshlaridagi kulfatlarini aritishga ehsonlashdan  to‘xtamadi, ko‘ngli xotirjam tortaverdi.

Shimol yurti qishining uzoqligi, qahri-qattiq sovug‘i to‘rt fasli to‘kis mamlakatdan borgan qizning hayotini qil ustida qoldirgan mahallari ham bo‘ldi. Hech kim tanimas joyda, ko‘cha bekatida yakkayu yolg‘iz tunni o‘tkazish o‘lim bilan olishishga teng. Kim g‘olib chiqadi noayon. “O‘rnimdan tez turmasam, bo‘g‘otdagi sumalakday yaxlashim aniq! Turdimu, ko‘zimni ocholmay qoldim. Vodarig‘, insonning hamma a’zosi muzlashi mumkin, faqat qorachig‘lari hech qachon muzlamaydi deyishardiku…

Yo‘q, ko‘z emas, namxush kipriklarim og‘izdan chiqqan hovurdan battar shuvashib, bir lahzaga qovoq yumganimda muzlab, bir-biriga payvand bo‘lib qopti. Kaftimni kaftimga ishqalab qizitib, ko‘zlarimga bosib, ko‘zyoshi yordamida kipriklarimni ayirib oldim. Ko‘z ochilishi uchun yosh to‘kilishi shart ekan-da, akajon”.

Alam va sog‘inch chegarasiga yetayotganida sabrning ham tagi ko‘rina borarkan. “Oltini”ga egallikka juda ishonganimizdan shoshilmaymiz, xolos. Oxir-oqibat undan-da a’losini qumsash  har qanday musofirning manglay yozig‘i.” “O‘z uyim — o‘lan to‘shagim” hissiyoti Bonuning qon-qoniga, jon-joniga singib ketgan edi: “Nega doim dilimning bir cheti xijil, o‘qpati yulib olingan kaptardayman, imkon tug‘ilishi bilan o‘zimning barxanlarim tomon yildirimdek uchgim kelaveradi?

…men shu ko‘hna tuproqda hurpayib o‘sgan yantoqlar panasida dunyoga kelgan xonguli quralayi kabiman, tillo qumlar o‘ynagan buloqlarda ko‘z ochgan gulimohdayman. Hujayralarim shu diyorning iqlimida semirib, ob-havosidan atirgulday ochilgan, har bir zarram qishlog‘im suvtomchisini taniydi… faqat onamday munis va munir o‘lkamning hur shabadasigina tani-jonimga lazzat baxsh etadi…”.

Nihoyat, Iqbol Mirzoning yangi davr romani qahramoni Bonu ko‘rgan-kechirganlaridan  tartiblangan kundalik  — nomalari yakunida eson-omon O‘zbekistonga qaytayotganidan o‘zi kabi quvonchu hayajonimiz bisyor edi. Neajabki, hayotning zarbalari – ming xil, xabarlari – quloq eshitmagan, hodisalari – ko‘z ko‘rmagan.  Asal kutgani – zahar tutadi. Ishongani chuv tushiradi. Onasi osongina jon taslim qildi. Akasi – baqrayib aldadi. Suygani  firibgar ekan. Muhabbati – sarob chiqdi.

Oh, Bonujon-a, Bonujon! Ko‘p ranjiding, ko‘p qayg‘u chekding, ko‘p o‘ksiding. Yetar bas, endi boshingni baland ko‘tar. Yuzlaring oyday to‘lishsin, oydek balqisin, ko‘zlaring yulduzday yonsin, porlasin. Umidlar ko‘nglingni chulg‘asin. O‘zing aytyapsanku “Hayotdan bezganim yo‘q” deb, o‘zing aytyapsanku “birovlardan zerikdim, xolos” deb. Sen Xudoyimning suygan bandasisan, shundan dard berdi, shundan sinovlarga tashladi. Qayerlardan qidirmading-a shifoni, najotni. Chiroyingni asliga qaytarishning chorasini topolmay unsiz yig‘lab, ich-etingni eding. Yuzlaring dog‘langan yog‘ sachraganday olachiporligicha qolaverdi-ya. O‘shanda ham hech-hech nolimading. Sabrlarga sig‘inding. Mo‘jiza kutishlardan sira-sira charchamading. Balki Yaratganning o‘zi yomon ko‘zlarning suqidan saqlash uchun seni shu ko‘rinishga solgandir. Sirti odamu, siyrati to‘la shaytonlar orasiga tashlab, yovuzliklarga ketma-ket ro‘baro‘lab, bardoshingni imtihondan o‘tkazgandir. Bu faqat o‘zigagina ayon. Xorijga farishtaday ketib, Vataningga, sha’ningga zarra gard yuqtirmay, yana farishtaday kelganingda go‘zal chehrang asliga qaytganidan ham bir hikmat angladim. Iqroringdek: “O‘zi chevar…o‘zi zardo‘z…”. Nelarga qodirligiga hamdu sanolar munosib.

Eh, Bonuginam-a, Bonuginam! Sen insonlik sha’nini, o‘zbeklik sha’nini  yurtu millating sha’nidek yuksakdan-yuksak tuta olgan sharmu hayosi tog‘dek mardona qizsan! Sen elimiz sha’nidek hech qachon bizni tashlab ketishga haqqing yo‘q! Sen biz bilan oriyati oltinday zanglamas o‘zbekona bedog‘ sha’nimizning boqiy timsoli bo‘lib yashashing shart!..

“Bonu”ning maroqli mutolaasidan bosh ko‘tarar chog‘ beixtiyor dilim nidolandi, tilim shivirladi. Uni yonimga chorladim xayolan uzoq ketsa, go‘yo mening ham yuragim taqqa to‘xtaydigan alfozda. Ha-ya, bu badiiy asarku…

Baribir ko‘nglimga ajib munavvarlik naqshlandi. Tuyg‘ularim ulg‘aydi. Hayot yo‘llari qanchalar pastu baland bo‘lmasin, baxt bekatlari hamma uchun intig‘u muntazirligiga ishonchim g‘oyat ortdi. Gap faqat o‘sha sizu bizga atalgan bekatlarga kim ertayu, kim kech yetib bora olishidaginamas, yana pokiza niyat, xayrli harakat, ezgu amallar bilan borishimizda, ochiq qalb va yorug‘ yuz bilan tashrif buyurishimizda ekanini hech birimiz hech qachon unutmasligimiz kerakligini chuqur idrok etdim. O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning birinchi nasriy ijodiy tuhfasidan ko‘nglim mamnunlik hislariga behad to‘lib-toshdi.

Manzura ABDULLAYEVA

NamDU magistranti

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting