Gulhayo Anorova. She’rlar.

0
387
ko'rishlar soni

Aslo sevmaganman jo‘shgan ehtiros
Mavjida adashgan bir xas singari.
Faqat yo‘llaringga ko‘z tutdim xolos,
Olisga qadalgan umid langarim.

Sochlaring to‘zg‘itgan o‘ynoqi shamol
Xalqoblar yuziga solmoqda ajin.
Balki sog‘inchlarim eltdi sen tomon
Qish chog‘i xotirin yo‘qotgan zamin.

Meni qurshayotir rutubatli tun,
Daraxtlar egnidan yog‘ilar soya.
Bog‘larda musaffo yolg‘izlik bugun
Na ishqni, ko‘ngilni qilmas himoya.

Yengildim qadahda chayqalgan ruhga
Va shamning yog‘dusi titraydi yengil.
Shu kecha qalbimiz to‘lsin shukuhga,
Azizim, so‘ng bora kulbamga kelgil.

Aslo sevmagandim jo‘shgan ehtiros
Mavjida adashgan bir xas singari…

***

Bu kech derazangda chiroq ko‘rindi,
Moviy darpardalar nur quchog‘ida.
Ayt, neni qo‘msading go‘dak ko‘zingga
Yillarning tahriri tushgan chog‘ida?

Menmasmi bo‘g‘zingda qotgan yig‘idan
Sokin va shiddat-la yemrilgan ohang?
Shafqatsiz o‘rmalar ko‘kragim aro
Bir juft kaftlarimga aylangan sharpang.

Surating oldida yig‘layman o‘ksib,
Kechirmoq istayman. Imkon yo‘q, imkon.
Tinglagin, sarg‘aygan qurbonlariga
Ne go‘zal vidolar aytmish saraton.

Bu kech derazangda chiroq ko‘rindi…

***

Chirik xazonlarning ostidan boqar
Nish otmish chechakning zangor sharpasi.
Nigohim simirgan gunohday tunning
Bir visol istaydi harir ko‘rpasi.

Otam qo‘llaridek saxiy zaminning
Kaftida qavardi tog‘lar, qoyalar.
Bodom shoxlarida arg‘imchoq uchsam,
Boshimga to‘kildi oppoq soyalar.

Men asray olmadim, ota, kechirgin,
Ko‘zimning bepoyon, pok dashtlarini.
Rayingga qarolmay o‘tgan yillarning
Kim butlay oladi shikastlarini?

Qishlovdan qaytmagan qushday badarman,
Sog‘inch to‘kdim daraxt o‘yiqlariga.
Qachondir qaytaman bu olis yo‘lni
Berkitib tovonim yoriqlariga.

Chirik xazonlarning ostidan boqar
Nish otmish chechakning zangor sharpasi…

***

Kulrang qanotini yoyganda oqshom

Sanqigan shamollar topmish halovat.

Ufq-la qovushib qizargan shamsning

Moviy to‘shagida kezar harorat.

Sharobga chayilgan kaftimni ochib

Ko‘kdan tilanaman marvarid yomg‘ir.

Ming yil-ki karvonin kutgan manzilday

Qaqragan ruhimda ko‘pchimas hovur.

Ko‘nglim inonmoqqa moyil azaldan,

Inonmoq ne axir, aldanmoq rohat.

Bir ishq bor umrimning so‘ngiga qadar

Va go‘dak sog‘inchim muqim to abad.

Qachondir tushlardan cho‘chib uyg‘ongan

Odam ko‘zyoshiga qorilgan loyman.

Hech kimga ko‘rsatmay jonsiz tanini

Tunning quchog‘ida tug‘ilgan oyman.

***

Oqshom — sutga to‘lgan siynadek tarang,

Sukunat ichinda dil siniqlari.

Va terib charchayman hirslardan bunyod

Yoqamga ilashgan xo‘rsiniqlarni.

Mening manzilimni bilmagan ochun

Faqat ko‘zlarimda taqiqdan xoli.

Na go‘zal — ruhimni payvandlagan oy,

Na go‘zal — olisdir yorning jamoli.

Tunning o‘rkachiga qadalgan egar,

Chavandoz yaproqlar ketgay tebranib.

O, qo‘nim axtarib uchgan qaldirg‘och,

Loysuvoq ko‘ksimni olsayding tanib.

Umidga aylanar tuproq bag‘rida

Bulut vidosiday to‘kilgan yomg‘ir.

Visol izlarini berkitgan tunning

Qo‘shig‘in tinglamoq naqadar og‘ir?!

Yaxshiyam ruhimni payvandlagan oy…

***

Titragan dudoqlar — behalovat qush,

Bo‘g‘zimda qaynagan hovurlar — samum.

Sen surat chizasan, to‘kilar honish,

Yanchilgan yaproqlar yig‘laydi yum- yum.

Tunning ohorlari ketib boradir,

Mavjlangan ruhimda qolmishdir quroq.

Ichimda bir isyon zanglagan oxir,

Sening suratingda yashilman, biroq.

Sen surat chizasan, tinglaysan: sim- sim,

Yurakni chayqatar samoviy lazzat.

Ko‘zimni kuydirar ranglari tilsim

Qalamdan to‘kilib turgan safohat.

Sen surat chizasan lablaring bilan…

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting