POYEZDDAGI SUHBAT

0
376
ko'rishlar soni

esse

Qishda poyezd orqali Marg‘ilondan Toshkentga  borishning o‘zi bo‘lmaydi. Avvaliga bekatning katta va sovuq zalida, muzdek o‘rindiqlardan biriga omonatgina o‘tirib uni kutish kerak. Orada bekat tamaddixonasida shirin kulchaning chetidan tishlab gazeta o‘qiladi. Ko‘pincha gazeta yarmiga yetganida, navbatchi ayolning yoqimli ovozi bekat bo‘ylab taraladi.

“Andijon- Toshkent yo‘nalishidagi poyezd bekatga yetib keldi!”

Poyezd jonivor taraq-turuq qilib Andijon tomondan keladi. Tamaddini yakunlab, gazetani qo‘ltiqqa qistirib, jomadon bilan vagonga chiqqach, boshiga andijoncha do‘ppi kiygan erkaklar va shevalariga urg‘u berib gapirishni xush ko‘radigan ayollarga ko‘zim tushadi. Chiptada ko‘rsatilgan joyimni qiyinchiliksiz axtarib topaman. U odatda ikki kishilik bo‘ladi. Yo qora ko‘zoynak taqqan sohibjamolning, yo ayollar sharfini bo‘yniga o‘tkazib olgan  tadbirkor opaning yoniga o‘tiraman. Nega shunday, bilmayman? Ijodda ham, poyezdda ham ayollar doim men bilan yonma-yon. Birovga aytsang o‘la qolsa ishonmaydi.

Poyezd o‘rnidan siljigach, haqiqiy yo‘l azobi boshlanadi. Toshkentgacha kamida besh soatlik yo‘l, esli bola bo‘lib jim ketasan, qo‘shimchasiga dimiqqan havoda nafas qisadi. Atrofda turli did va dunyoqarashdagi odamlarning gurungi tinmaydi. Har to‘rt qadamda shiftga o‘rnatilgan televizorlar ularga jo‘r bo‘lib, quloqni qomatga keltiradi. Vagonning bir burchida joylashgan poyezd oshxonasidagi bemaza taomlar ustingdan kulgandek yoqimsiz hid taratadi. Har o‘n besh daqiqada xizmatchi patnisda olib o‘tadigan qahva, birinchidan shakari tejalgan, ikkinchidan bekat yoki uying oldidagi tamaddixonada damlanadiganidan ikki baravar qimmat bo‘ladi.  

-Poyezd qachon Toshkentga yetib kelarkin-a? – deyman bunday manzaradan yuragim siqilib.

2019 yilning dekabrida ham Toshkentga poyezdda ketayotib o‘z joyimga o‘tirarkanman, musiqa tinglash uchun quloqchinimni bo‘ynimdan o‘tkazayotib shunday dedim.

-Aksincha,- dedi menga javoban kimdir.- Toshkent qachon poyezdga yetib kelarkin, desangiz to‘g‘riroq bo‘ladi.

Men shosha-pisha atrofimga o‘girildim. Ro‘paramdagi o‘rindiq bo‘m-bo‘sh, uning yonidagisida bolasini emizib ketayotgan ayol, yonimda Toshkentda o‘qiydigan  talaba qiz o‘tiribdi. Qolgan yo‘lovchilar bir-biri bilan ovora. Yo‘lakda poyezd xizmatchisi patnis ko‘tarib, ularning hojatini chiqarib yuribdi.

-Toshkent poyezdga qachon yetib kelarkin?- dedi yana o‘sha ovoz sal o‘tib va ro‘paramdagi bo‘sh o‘rindiqda uning sohibi — sochlari pahmoq, mo‘ylabi tarashlanmagan, yuzi ajinlar sabab burishib ketgan, kulrang paltosiga o‘rangan, eski urfdagi shlyapa kiygan keksa amaki paydo bo‘ldi. Osmondan tushdimi yo yer ostidanmi — bilmayman. Men tomonga qarab jilmayib qo‘ydi.

-Albert Eynshteyn,- dedi o‘zini tanishtirib menga qo‘lini cho‘zarkan.

-Sherzod Ortiqov,- dedim u bilan ikkilangan ko‘yi qo‘l berib ko‘rishgach.

-Bir finjon qahvaga nima deysiz?

-Mayli…

U yo‘lak boshida turgan xizmatchiga ikkita qahva buyurtma berdi.

-Toshkent poyezdga tezroq yetib kelsa zo‘r ish bo‘lardi,- deb qo‘ydi shundan so‘ng qo‘llarini bir-biriga ishqalab.

-“Nisbiylik nazariyasi”mi bu?- so‘radim nihoyat uning gaplarini mag‘zini chaqqandek bo‘lib.

-Ziyrak ekansiz,- dedi u yana jilmayarkan.- Benihoya ziyrak!

Men ko‘zlarimni yumgancha puflab-puflab xizmatchi olib kelgan qahvadan icha boshladim. U  o‘zinikiga lablarini sal tekkizib qo‘yib, finjonni stol ustiga qo‘ydi-da:

-Adabiyot o‘ladimi?- dedi menga o‘smoqchilab.

-Nima?- dedim tomdan tarasha tushgandek berilgan bu savoldan esim og‘ay deb.

-Bu savolni ko‘pchilikka berarkansiz,- dedi u menga sinashta nigoh tashlab.-Do‘stlaringizga, yozuvchilarga, shoirlarga… Uni o‘rtaga tashlab, duch kelgan kishining qonini icharkansiz. Sizga bir olim sifatida emas, oddiy inson sifatida shuni aytishim mumkinki, adabiyot hech qachon o‘lmaydi. Do‘stim, shunday. U o‘lmaydi! Yer yuzida odamzod yasharkan, adabiyot ham u bilan uzviylikda nafas olishdan  to‘xtamaydi.

Qahvamni oxirigacha ichib bo‘lgach, finjonni stol ustiga qo‘yishga shoshilmadim. Uni kaftimda anchagacha tutib, xayol surib qoldim. Eynshteynning adabiyot haqida bildirgan fikri o‘ylantirdi. Shuningdek, og‘ir fe’l-atvorimdan uning ham xabardor ekani menga sal g‘alati tuyuldi. Oldida xijolat bo‘ldim. 

-Adabiyot menga ko‘p narsa bergan,- so‘z boshladi u bir oz o‘tib, yuziga jiddiy tus berarkan.- Aniq esimda. Yigirmanchi asr boshlarida “nisbiylik nazariyasi”ni yaratish jarayonida Gaussning nazariy yoki Maksvellning amaliy ishlarini o‘rganishdan ko‘ra unga ko‘proq murojaat qilganman. Matematika va fizikaga oid asarlarga qaraganda Servantes qalamiga mansub “Don Kixot” asari nazariyamni yaratishimda muhim rol o‘ynagan. Fizika o‘rganadigan jismlar  xuddi adabiyot o‘rganadigan odamlarga o‘xshash, ular o‘rtasida hatto nisbiylikda bog‘liqlik bor. Buni ko‘pchilik tushunmaydi, olimlar o‘zlaricha inkor qilishadi. Aslida sen jismlar dinamikasini tahlil qilarkansan, bevosita shu borliqdagi odamlar va ularning dinamikasiga ham e’tibor qaratishga majbur bo‘lasan.

 Sizga aytsam, Don Kixot- nisbiy nazariyotchi. Chin ma’noda shunday. Romanda shunaqa sahna bor: unda qo‘ylar podasi Don Kixotning ko‘ziga bir gala ritsarlar bo‘lib ko‘rinadi. To‘g‘rimi? Adashmayapmanmi? Yoki zodagonni vino to‘ldirilgan bochkaga o‘xshatib, chol u bilan jang qiladi. O‘sha asarda yana shunga o‘xshash bir qancha antiqa sahnalar uchraydi. Oddiy o‘quvchi bularga e’tibor bermay, syujet ketidan quvadi. Sinchkovi esa ularda nisbiylik unsurlarini ilg‘aydi. Servantes qo‘ylar podasi orqali o‘sha davrdagi fikrlashdan mahrum bo‘lgan, o‘z fikriga ega bo‘lmagan, xo‘jayinlari buyruqlariga ko‘r-ko‘rona itoat etgan ritsarlarga nisbat bergan yoki vino bochkasi misolida shu yumaloq bochka kabi vujudida vinodan bo‘lak  hech nima bo‘lmagan maishatparast zodagonlarga. Mana, mening nazariyam aslida qayerdan olingan. Gaussning zerikarli tenglama-yu formulalari yoki Maksvellning ilmiy-nazariy maqolalaridan emas, adabiyotdan. Qisman bo‘lsa-da, shunday.

U qahvasini qo‘liga olib, bu gal uni huddi menga o‘xshab oxirgi tomchisiga qadar ichib tugatdi. Bu ishni nihoyalagach, dastro‘moli bilan lablarini artib qo‘ydi. Men bo‘sh turgan finjonni to‘ntarib qo‘yib, undan kuldon sifatida foydalanib sigaret cheka boshladim. Poyezd dovonga yetib kelgandi.

-Umrimning so‘nggi yillarini AQSHda o‘tkazdim,- davom etdi u. — Prinston universitetida fizikadan dars berdim. Shu yillar davomida adabiyotga murojaatim yanayam oshdi. Yoshlik va kamolotga to‘lgan yillarimda u nazariyamni yaratishimga munosib hissa qo‘shgan bo‘lsa, umrim namozshom paytiga yaqinlashgan chog‘da taskin beruvchi vosita sifatida unga ehtiyojim ortdi.

Biz katoliklarda cherkovimizdagi yonma-yon joylashgan yopiq hujralarda ruhoniyga tavba-tazarru qilish odati bor. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, umrim yakunida adabiyot men uchun shu cherkovdagi ruhoniydek bo‘lib qoldi. U har safar menga ma’naviy ozuqa berishdan ko‘ra ham chokidan sirtilib ketgan yuragimga taskin berar va uni zalvorli yuki bilan og‘ritayotgan vijdon azobiga malham bo‘lardi.

 So‘rashingiz mumkin, fizik olimda vijdon azobi nima qilsin deb. Eng ko‘p vijdon azobi-menda. Agar adabiyot bo‘lmaganida, Tangri jonimni olishini kutib o‘tirmay, allaqachon peshonamga to‘pponcha tirab, o‘zimni otib tashlagan bo‘lardim. Vijdon azobi bir umr meni ta’qib etib keldi, yillar davomida to‘planib-to‘planib, oxiri tog‘dek uyumga aylandi.

Uni ilk marta qachon his qilganimni yaxshi eslayman. Bu “nisbiylik nazariyasi”ni yaratganimdan so‘ng ro‘y bergandi. O‘shanda fransuz olimi Puankare ham hech menikidan qolishmaydigan o‘z izlanishlari bilan bu nazariyaga juda yaqin kelgan, shu mavzuda bir qancha maqolalar yozib, ularni ilmiy jurnallarda chop ettirgandi. Lekin taqdir taqozosi bilan fan olamida uning yaratuvchisi men bo‘ldim. Fan ko‘plab shov-shuvli bahs-munozaralarga ahamiyat bermay, faqat mening izlanishlarimni birlamchi sifatida tan oldi.

Aslida, uning yaratuvchilari sifatida Puankare ikkimizning nomimiz tilga olinishi zarur edi. 1922 yili shved akademiklari menga Nobel mukofotini berishganida, shuning uchun atayin Stokgolmga bormadim, boisi Puankare ko‘z oldimdan ketmadi. Shvedlar ham bu bahsdan xabardor edilar. Shuning uchun qo‘mita o‘z akademigi Kristofer Aurivillius boshchiligida olovga moy sepishni istamay, Nobel mukofotini nisbiylik nazariyasi uchun emas, fotoeffektlar yo‘nalishidagi kashfiyotim uchun berilganini matbuotda ommaga e’lon qildi. Ammo odamlarni, ayniqsa fan odamlarini bu yo‘sinda aldab bo‘lmasdi. “Nisbiylik nazariyasi” yaratilmaganida, bu mukofotni menga hech qachon berishmasdi. Buni yosh bola ham bilardi. Shunga bo‘lsa kerak keksaygunimcha o‘sha mukofotni yuragim qabul qilmadi. Shu-shu shaxsiy buyumlarim orasida Nobelning tilla medali yoki diplomiga tasodifan ko‘zim tushib qolsa, qo‘l tekkizmas, ularga qaraganim sari Puankareni o‘ylab yuragim siqilar, vijdon azobidan o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay qolardim. 

1929 yilda Lenin haqida matbuotda chiqish qildim. Uning insonparvar dohiy bo‘lganligiga, u qurgan sotsializm insonlar orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaruvchi kuch, gumanistik dastakligiga butun Ovro‘poni ishontirdim. O‘sha maqolam juda ham uzun, hech bir kommunistning publitsistik asaridan qolishmaydigan sifat va saviyada bo‘lib, qolaversa obro‘yim uning qiymatini bir necha baravarga oshirardi. Ammo 1937-1938 yillarda dohiyning merosxo‘ri Stalin tomonidan sho‘rolar yurtida olib borilgan qonli qatag‘onlar haqida eshitgach, yuragimni changalladim. Ming-minglab ziyolilar u erda yo‘q qilingani meni karaxt ahvolga solib qo‘ydi. Beixtiyor lablarimni tishladim, qo‘llarim qaltirab, o‘sha yozgan maqolam nashr qilingan gazetani maydalab yirtib tashladim. Bir necha oy ruhiy o‘radan chiqolmay yashadim. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, qonxo‘rlik va odamlarni aldash yo‘lida Lenin ham Stalindan farq qilmagan, shunchaki bolsheviklar undan ideal ko‘rinishdagi payg‘ambar qiyofasini yasashgan ekan.

Poyezd dovon bo‘ylab ketayotganida tog‘larni qoplagan qorlarga erinib qarab qo‘ydim. Eynshteyn mendan farqli ravishda ularga qiziqib boqardi. Oraga bir muddat cho‘kkan sukunat shu qorli tog‘larga poyezd yanayam yaqinlashguncha cho‘zildi.

-Vijdon azobi kundan kunga ortib borardi. 1933 yilda natsistlar tepasiga Gitler kelgach, Germaniyani tark etdim. U erda barcha kutubxonalardagi kitoblarimni bitta ham qoldirmay yoqib yuborishdi. Shveysariyada bir yilcha turib, ummon orqali AQSHga keldim. “Oq uy” da Amerika prezidenti Franklin Ruzvelt bilan uchrashdim. U meni yaxshi kutib oldi, uchrashuvimiz davomida menga iliq munosabatda bo‘ldi. Ikki kun mehmon qildi. Shu tariqa “Oq uy” ning doimiy va faxriy mehmoniga aylandim. Prezident bilan o‘rtamizda do‘stlik rishtalari o‘rnatildi. Buning samarasi o‘laroq, ikkinchi jahon urushi boshida unga maktub yo‘lladim. 1939 yilda yo‘llagan maktubimda fyurer boshchiligidagi Germaniya yadro bombasi yaratish uchun jiddiy kurashga kirishganini, Ruzvelt hukumati bunga dolzarb masala sifatida qarashi lozimligini, kechiktirmasdan tez muddatda o‘z yadro bombasini yaratish uchun muayyan dastur ishlab chiqishi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlab, loyihada maslahatlarim bilan ishtirok etishga tayyorligimni etkazdim. Oradan hech qancha o‘tmay, AQSH Ruzvelt boshchiligida o‘z yadro bombasini yaratdi. Garchi men bu loyihada bevosita ishtirok etmagan bo‘lsam-da, uning amalga oshishi uchun doimiy ravishda nazariy bilimim va maslahatimni ayamadim.

1945 yili Ruzvelt sirli ravishda vafot etgach, hukumat tepasiga Trumen keldi. O‘sha yili avgustda Yaponiyadagi ikkita shaharga u yadro bombasini tashlashga buyruq berganida, bu loyihaning butun dahshatini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim va shu tarzda og‘ir aybdorlik hissi ortiq menga tinchlik bermay qo‘ydi. Bu hayotimning eng katta fojeasi bo‘ldi (ikkinchi jahon urushi o‘zi shundoq ham meni vijdon azobiga to‘la-to‘kis tashlab bo‘lgandi. U boshlanganida o‘z patsifistik qarashlarimni deb Germaniyada qolgan do‘stim va safdoshim, fan arbobi Maks Plankni natsistlarning malayiga aylanganlikda ayblab, undan yuz o‘girgandim. Singillarim Lina va Berta peshonalariga yahudiy tamg‘asi yopishtirilib, konslagerlarda hayot bilan vidolashayotgan bir paytda, men bundan bexabar Amerikadagi universitetda ma’ruza o‘qish bilan band bo‘lgandim).

O‘sha kezlari vijdon azobidan qayerga qochishni, qanday qutulishni bilmasdim. Ishonasizmi, o‘z jonimga qasd qilishga bir necha marta urindim. Bo‘lmadi. Negadir o‘lgim kelmadi. To‘g‘rirog‘i, bu savollarga-vijdonim ro‘paramga ko‘ndalang qo‘ygan savollarga javob topolmay o‘lib ketishni istamadim. Shu yerda qarshimdan yana adabiyot chiqdi. Tolstoy va Dostoyevskiy… Ularning asarlari umrim nihoyasida kamina eng ko‘p murojaat qilgan kitoblar edi. Umrim bino bo‘lganidan beri matematika yoki fizikaga oid biror bir ilmiy asarni ikki marta o‘qiganimni eslolmayman. Ammo “Tirilish” , “Jinoyat va Jazo”, “Aka-uka Karamazovlar”ni  besh-olti martadan qayta o‘qib chiqdim.

Ularni o‘qiy boshlagach, o‘zimda beixtiyor yengillikni sezardim. Insoniyat oldidagi katta-yu kichik gunohlarim yuvilayotgan bo‘lmasa-da, har holda o‘z mudhish xatolarim uchun chin dildan afsuslanib, yuragim kuchli mag‘firat ilinjida ura boshlardi. Raskolnikov fojeasi, Nexlyudov iztiroblari yoki Karamazovlar olami qaysidir ma’noda mening fojeam, iztiroblarim va olamimga o‘xshashib ketardi. Buni yanayam chuqurroq anglash va o‘zim uchun bir ifodaga solish maqsadida asarlarni yana o‘qir, natijada har gal mutolaa jarayoni yakuniga yetgach, o‘zimni gunohlardan forig‘ holda qayta tug‘ilgandek his qilardim. Ularni o‘qirkanman, vijdon azobi ham sekin-asta meni azoblashdan to‘xtab, yillar davomida zalvorli yukdan charchagan zaif yuragim halovat topib borardi. Shunday lahzalarda Dostoyevskiyning kitobini bag‘rimga bosib, Puankaredan xayolan kechirim so‘rasam, Tolstoyning kitobini ko‘zimga surtib, yadro bombasi loyihasini faqatgina tinchlik yo‘lida ishlatilishi uchun qo‘llab-quvvatlaganimni vijdonimga ko‘zlarimda yosh bilan tushuntirardim.

O‘ylab ko‘ring-a, adabiyot o‘lsa nima bo‘ladi? Odamlar tushkunlikka tushgan onlari yoki vijdonlari azobda qolgan damda nimadan taskin-tasalli olishadi?  Bir-biri bilan necha asrlardan beri chiqishmaydigan, hatto har biri turli ichki mazhablarga bo‘linib, o‘zaro nizolardan boshi chiqmaydigan  dinlar va ularning ongi past, munofiq ruhoniylardanmi? Yo bo‘lmasa aniq va tabiiy fanlar erishgan kashfiyotlardanmi?  Nyuton qonuni, Volta kashfiyoti, Edison lampochkalari, akademik Pavlov reflekslari, Aleksandr Bell telefoni, Aka-uka Raytlar aeroplani, Genri Ford mashinalari tushkunlikka botgan va vijdon azobida qovrilayotgan inson zotiga qanday taskin-tasalli berish xususiyatiga ega? Yo‘q, adabiyot kerak baribir! Siz yashayotgan yigirma birinchi asrda ham, yigirma ikkinchi asrda ham albatta, unga ehtiyoj topiladi!

U gapirar, men eshitardim. Sigaretni  yarmigacha chekib, xizmatchining “iltimos, chekmang” degan gapi tufayli qo‘lbola kuldonga tashlab qo‘ygandim. Bir payt Eynshteyn ro‘paramdan yo‘qolib, ko‘zga ko‘rinmay qoldi. O‘rindiq bo‘sh xuvillab turardi. Uni axtarib vagonning har bir burchagiga qarab chiqdim. Ammo u ko‘rinmadi. Shunda uning arvohi bilan suhbatlashganimga o‘zimni ishontirdim. Poyezd dovonni ortda qoldirgan paytda uyqum keldi va mizg‘ish uchun o‘rindiqqa yaxshiroq joylashib oldim. Qancha fursatga ko‘zim ilinganini bilmayman. Uyg‘onganimda qarshimdagi bolalik ayol bolasini uchinchi marta emizish bilan ovora, mendan sirayam uyalmas, parvoyi falak o‘tirar, uning oyog‘i ostida qandaydir oq-qora rangdagi fotosurat yotardi. Suratni qo‘limga oldim. Bu Eynshteynning surati edi. Uning changini qoqdim-da, ayolga yuzlandim.

-Surat siznikimi?

-Nega meniki bo‘larkan?- dedi u yuza qismi ochilgan ko‘kragini yashirishni ham o‘ylamay norozi bir qiyofada.- Menimcha, yonimda o‘tirib kelgan o‘qituvchining portfelidan tushib qolgan. U siz chiqqan bekatda tushgandi.

Suratni jimgina qo‘limda ushlab ketdim. Qaytib-qaytib tomosha qildim. Jilmaydim, xo‘rsindim, yutindim… Toshkentga yetib kelgach, uning old qismini tashqariga qaratib, deraza oynasiga mahkam qistirib qo‘ydim. Vagondan tushib perron bo‘ylab ketarkanman, u tomonga bir-ikki ko‘z qirimni tashladim. Ko‘chaga chiqishdan oldin esa u bilan xayolan xayrlashdim. U ham xayrlashdi.

-Xayr, Albert Eynshteyn!

-Xayr, Sherzod Ortiqov!  

2020 yil, aprel.  Marg‘ilon

Sherzod Ortiqov

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting