QAFASNI KO‘TARIB UCHAYOTGANLAR

0
369
ko'rishlar soni

Ja’far Panohiy haqidagi ma’lumotlarni o‘qiyotib Shavkat Rahmonning she’rini esladimmi yoki Shavkat Rahmon she’rini o‘qiy turib Ja’far Panohiynimi – esimda yo‘q. She’r mana bunday edi:

…Ojizlar duch kelsa, tilagin sabot,

Bir shoir so‘zlarin dadil so‘zlagin:

“Kuchli qanotlar”ing bo‘lsa umrbod,

Qafasni ko‘tarib uchsang bo‘ladi.

Ja’far Panohiy esa mana bunday: kinorejissyor va ssenariynavis, zamonaviy Eron kinosining eng yetuk mualliflaridan biri, o‘z matonati bilan haqiqiy rejissyor har qanday holatda ham ijod qilishdan to‘xtamasligini isbotlab kelayotgan Ja’far Panohiy 1960 yil 11 iyul kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon provinsiyasida tug‘ilgan. Bolaligidan kinoga qiziqqan yigitcha mustaqil ravishda qisqametrajli filmlar yaratadi, harbiy xizmat payti Eron va Iroq o‘rtasidagi urush (1980-1988)da qatnashib, kurdistonlik jangarilar qo‘lida 76 kun asir bo‘ladi. Urushdan so‘ng universitetga o‘qishga kiradi, havaskor sifatida bir qator hujjatli filmlar tasvirga oladi. Ja’far xatto eron klassigi Abbos Kiarostamiyning “Zaytunlar aro” filmida assistent bo‘lib ishlaydi. 

 Bolalikda quruvchi bo‘lmoqchi bo‘lgan bola tuproqdan uy qurib ko‘radi. Kulol ham orzusidagi buyumlarni dastlab pishitilmagan loydan yasagan bo‘lishi tabiiy. Masalan, arxitektor bo‘laman deydigan kichkina jiyanim nozik yog‘ochlardan uy qurmoqchi bo‘lib harakat qilayotganini ko‘rdim. “Uy nozik yog‘ochlardan qurilmaydi!” degim keldiyu, orzularini sindirmay deb indamadim. Vaqti kelsa o‘zi tushunib yetadi. Hozir bola-da, muhimi uy quryapti-ku, dedim. Biroq san’atga qiziqqan bolakay (Panohiy)ni ko‘p sindirishdi. Nafaqat jismonan, balki ruhiy bosimlar ko‘p bo‘ldi hayotida. Biroq u parvoz qildi. Sinmadi. Ko‘plab yutuqlarga erishdi.

Ilk filmi “Oq pufak” (1995 yil) kartinasi uchun Kann xalqaro kinofestivalida eng yaxshi debyutant sifatida «Oltin kamera» bilan taqdirlandi. 1997 yilda “Ko‘zgu” filmi uchun Lokarno kinofestivalida «Oltin leopard» sovrinini, 2000 yilda esa “Doira” filmi uchun Venetsiya kinofestivalining beshta mukofotini (shu jumladan, bosh sovrin «Oltin arslon»ni), 2006 yilda esa “Ofsayd” filmi uchun Berlinaleda Gran-pri «Kumush ayiq»ni qo‘lga kiritdi. Tan olish kerak sanoqli rejissyorlargina bunday boy mukofotlar to‘plamiga ega.

Ko‘z tegdimikan, 2009 yilda rejissyor uchun og‘ir kunlar boshlandi. O‘sha yili Mahmud Ahmadinijod Eron prezidenti etib qayta saylanganidan so‘ng mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Panohiy ham bu namoyishlarda faol ishtirok etib, xalq noroziligi to‘g‘risida hujjatli film ola boshlaydi. 2010 yilning mart oyida hukumat uni “milliy xavfsizlikka tahdid solish hamda mavjud tartibga qarshi odamlarni qayrash”da ayblab, 6 yil qamoq jazosi tayinlaydi.

Xayriyat, keyinchalik bu hukm uy qamog‘iga almashtirildi. Rejissyorga 20 yil davomida film tasvirga olish va intervyu berish, shuningdek, mamlakatni tark etish taqiqlandi. Hatto uning pasporti tortib olinadi. Biroq ijodkor ayovsiz taqiqlar orasida uchmoqqa qanoti bo‘lmasa-da, uchdi!

 Shunday vaziyatda ham yana 4 ta film yaratishga muvaffaq bo‘ldi. 2011 yili yangi yangi ssenariysini o‘z uyida, oddiy qo‘l kamerasi qarshisida o‘qib “Bu film emas” nomli kinoasar yaratdi. Mazkur hujjatli film shirinliklar ichiga solingan fleshkada yashirin yo‘l bilan Erondan olib chiqilib, Kann kinofestivalida namoyish etilgan.

Taqiqlarga qaramay 2013 yili Berlin kinofestivalida Panohiyning navbatdagi premyerasi bo‘lib o‘tdi. “Yopiq parda” filmi rejissyorning shahar tashqarisidagi hovlisida, uy sharoitida tasvirga olingan bo‘lsa-da, eng yaxshi ssenariy uchun «Kumush ayiq» bilan taqdirlandi. “Taksi” (2015) filmi esa shu festivalning oliy mukofoti – «Oltin ayiq» hamda Kinomatbuot xalqaro federatsiyasi (FIPRESSI)ning maxsus mukofoti bilan taqdirlangan. Filmda bosh rolni rejissyorning o‘zi ijro etgan. Panohiy kirakashlik qilib, Tehron ko‘chalari bo‘ylab odamlarni olib yuradi. Ular bilan suhbat qurib, mamlakatdagi vaziyatga o‘z bahosini beradi. Butun boshli film birgina avtomobilning ichida, uch dona blackmagic kamerasida tasvirga olingan. Hamma aktyorlar noprofessional. Filmning hatto titrlari yo‘q. 

2018 yil may oyida 71-Kann xalqaro kinofestivalida rejissyorning yangi “Uch siymo” kartinasi eng yaxshi ssenariy uchun nominatsiyasi bilan taqdirlandi. Afsuski, hali-hamon uy qamog‘ida bo‘lgan Panohiy bu festivallarning hech birida qatnasholmagan. 

So‘zim boshidagi she’rda namoyon bo‘lgan qush esa erkinlik ramzi edi. Panohiydagi ozod ruhning parvozi edi. Rejissyorning asarlari osmonga parvoz qilib, keng yoyildi, yuraklarni zabt etdi. Tom ma’noda, ijodkor qalbi va ruhoniy olami qafasni ko‘tarib uchdi… 

Azizlar, biz esa taqiq va qafaslar ichra qolganimiz yo‘q. Biz shunchaki karantindamiz, xolos.

 Bugun olam ahli “uzlat”ga chekindi deb bilaylik. Bunday pallalarda insoniyatning dilkash do‘sti yana kino, kitob, bir so‘z bilan aytganda, yana san’at, yana adabiyot bo‘lib qoldi. San’at inshootining me’morlari esa shoirlar, adiblar, rejissyorlar, rassomlardir. Shunday ekan, koronavirusni bahona qilmaylik. Uyda o‘tirib ham kino olsa bo‘larkan-ku. Ijod qilishdan to‘xtamaylik! 

Shohsanam NISHONOVA

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting