TIRIK PAGANINI, O‘LIK PAGANINI

0
511
ko'rishlar soni

Esse

Qo‘limda ikkita surat turibdi. Har ikkovi ham oq-qora rangda. Tasviri tiniqmas. Bir oz xira. Ularga uzoq tikilaman. Ham qiziqish, ham achinish bilan. Qiziqishimga birinchi surat zamin hozirlasa, ikkinchisi qalbimda og‘ir achinish hissini uyg‘otadi. Ular mohiyati va ma’nosi  jihatidan bir-biridan tubdan farq qiladi. Birida inson ibtidosining ravon, ulug‘vorlik kasb etgan va Xudoga mengzalgan tasviri aks etgan bo‘lsa, ikkinchisida uning intihosi sabab ayanchli, nochor va ortidan og‘riqli mushohadalarni ergashtirib,  javobsiz savollarni ong ostiga qalashtirib tashlaydigan ifoda surat ko‘rinishida o‘zini namoyon qiladi.

Qaysi biridan boshlaganim ma’qul? Sharhlashni deyman-da. Suratlarni sharhlash bobida ustasi farang bo‘lmasam-da, negadir shu ikki suratga astoydil sharh yozib, ularni  izoh va qaydlar yordamida mag‘zini chaqish shu tobda ko‘zimga xayrli va ko‘ngilli ishdek ko‘rindi. Ehtimol, shu sharh qurg‘ur orqali ilk daf’a tikilganimda ikkisi yuragimda baravar miqdorda qoldirgan og‘riqni sal-pal unutarman yoki azaldan borlig‘im chiqisha olmagan foniy dunyo ne’matlariga butunlay ko‘z yumarman.

Sharhlashdan oldin ularni qayerdan olganimni aytib o‘tay. Shaxsiy kutubxonamda italiyalik san’atshunos Mariya Tibaldi-Kyezaning mashhur skripkachi Paganini hayotiga oid risolalari jamlangan kitobi bor edi. Qachonlardir tanish bukinistlarimdan biri uni arzimagan choychaqaga menga sotib ketgan, shu bo‘yi uni kutubxonamda saqlar, ammo anchadan beri boshidan oxirigacha  o‘qib chiqmagandim. Kecha nihoyat uni o‘qib tugatdim. Suratlarni o‘sha kitobga ilova tariqasida berilgan albomdan qirqib oldim. Ochig‘i, qolgan suratlardan ko‘ra shu ikki surat e’tiborimni ko‘proq tortdi.

Demak, endi suratlarga o‘tsam bo‘lar? Ibtidoni o‘zida aks ettirgan suratdan boshlay qolaman. Zero, bu dunyo  Odam Ato zamonidan buyon bor-budi bilan o‘z ibtidosi qovurg‘asida hanuz intiho neligin bilmay nafas olyapti,  soat kabi, yer kabi o‘qi atrofida aylanyapti. Shunday ekan, unga havas qilgan kam bo‘lmaydi. Qolaversa, mazkur surat o‘ng qo‘limda turibdi (irim yomon-da baribir).

O‘ng qo‘limda turgan suratda Ovro‘po me’morchiligining barokko uslubida barpo etilgan katta zal tasvirlangan. Uning baland shiftidagi ulkan qandil atrofiga o‘rnatilgan yuzlab shag‘amlar yordamida zalni yoritib turibdi. Zal o‘rtasidagi yerdan tizza bo‘yi tepalikdagi sahnada Paganini savlat to‘kib, bir tomonga og‘ishib va bo‘ynini cho‘zib, zalni to‘ldirib o‘tirgan odamlarning tabriklarini birma-bir qabul qilyapti. Bir qo‘lida skripka, bir qo‘li uni olqishlab, yuksak san’ati uchun tabrik etayotgan ayollarning qo‘llarini minnatdorchilik yuzasidan siqib qo‘yish  va ularga javob qaytarish bilan ovora. Uni tabrik etmoq istagidagi kimsalar go‘yo navbatda turishgandek, ortdagilar esa hayratdan bir-birlariga nimadir deyishyapti. Ularning es-hushi joyidamas, hayajon barchasini bo‘g‘zidan tutib yengil nafas olishlariga yo‘l qo‘ymayotgandek.

Paganini o‘z faoliyati davomida odamlarga liq to‘la bo‘lgan, keng va yorug‘, muhtasham zallarning ko‘pini ko‘rgan. Son-sanoqsizini deyilsa ham aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. U  yuzdan ortiq mana shunday konsert zallarida, bundan tashqari qirollar saroyi va oqsuyaklar dargohida skripkachilik san’ati borasidagi o‘z mahoratini ommaga namoyish qilgan, afsonaviy shon-shuhratga burkangan, nomi tillarda doston bo‘lgan.

Bu turfa zallar goh Milanda, goh Florensiyada, goh Turin va Rimda  real hayotdan zerikib, san’atdan lahzalik orom va ruhiy ozuqa olish istagida bo‘lgan o‘z san’at shinavandalari bilan unga har doim tantanali ravishda peshvoz chiqqan. Keyinchalik Parij va London kabi ko‘rkam shaharlari bo‘lgan Ovro‘podagi zallarda ham u shunaqa san’atga ko‘ngil berganlar qarshisida skripka chalishiga to‘g‘ri kelgan. Mana shunday zallarda skripkasi vositasida namoyon bo‘lgan  uning qudrati bemislligini, iste’dodining naqadar zakiyligini, kuylarining jozibadorligini odamlar ko‘rishgan va guvohi bo‘lishgan. Mana shunday zallardagi konsertlaridan so‘ng u haqida gazetalarda tinimsiz uzun taqrizlar va katta maqolalar yozilgan. Mana shunday zallarda ehtimol Genrix Geyne uni uchratgan va u haqidagi o‘zining “Florensiya tunlari” deb nomlangan ajoyib essesini yozgan, unga ergashgan boshqa shoirlar ilhom olib va hayratlanib nazokatli skripkachining ijodini tarannum etgan she’rlari-yu elegiyalarini vazn bilan qofiyaga tizishgan, o‘z davrining yetuk rassomlari uning suratini chizish uchun qabuliga yozilishgan.

Zallar… zallar… Sirtdan qaraganda ularning barchasi bir xil. Barchasi barokko uslubida qurilib, mana shunday qandillarga o‘rnatilgan shag‘amlar yorug‘ida ichi munavvarlashgan, barchasi keng, har biri qirrali va naqshinkor ustunli, har birining deraza romlari baland. Xullas, bir xil… Ammo, Paganini emas.

Bir xil zallardagi bir xil odamlardan tashkil topgan muhit unga mutlaqo begona edi. Turfa xilligining ilk nishonasi shunda ediki, u o‘z mahoratini yo usta Amati, yo usta Stradivari yasagan skripkalarda  ko‘rsatardi. Hech qachon bitta skripkada emas. Mana shunday zallarda qo‘lida qaysi skripka bo‘lmasin, Paganini u bilan goh iblisdek vahshiy va buzuqqa aylanar, goh qanotli va beg‘ubor farishtadek vazminlikka mayl bildirib, birdan  muloyimlashardi. Goh butun konsert davomida uning qovog‘idan qor yog‘ilar, goh lablaridan tabassum arimasdi. Goh qaddini g‘oz tutib, yelkasidagi skripkasini baland ko‘tarar, goh noma’lum darddan qaddi bukilib, bir tomonga enkayib qolardi.

Uning skrpikasi ham  bir xil zallar ichidagi bir xil odamlarni o‘z rang-barangligi va tuslanishi bilan qoyil qoldirardi. Paganini uchun uni nechta tori borligini ahamiyati yo‘q edi. Skripka bitta tordan iborat bo‘lsa ham Nikollo unda mo‘jizalar yaratar, uning uzun va egri barmoqlari yordamida sho‘rlik skripkaga jon kirar, u o‘z sohibining yelkasida shunchaki chiyillab ovoz chiqarmasdi. U skripka emas, ikkita qo‘li va oyog‘i, ko‘z-qulog‘i bor odamdek taasurot uyg‘otardi. Amati skripkasi ham, Stradivari skripkasi ham zalga yig‘ilgan yuzlab odamlar bilan xuddi ular kabi zaboni bordek ular tushungan tilda gapirardi. Odamlarga Paganini bastalagan musiqiy kompozitsiyani yetkazib beruvchi vositadan allaqachon chetga chiqib, u bamisoli hazrati inson maqomini olgandi. U odamlar qarshisida xaxolab kular, ho‘ngrab yig‘lar, kuyinib achinar, dod solib baqirar, aqldan ozdiradigan savollarni ko‘ndalang qo‘yar, bo‘ralab so‘kinar, iblisona tavqi-la’natlar yog‘dirar, ayrim hollarda esa ularning dardiga o‘zini malhamdek tutar, yutuqlariga sherik bo‘lib, muvaffaqiyatsizliklariga hamdard bo‘lardi.

Zalda uning ovozini eshitib o‘tirgan notarius bir zumga bo‘lsin ish joyidagi nihoyasiz va bir tiyinga qimmat meros masalalarini unutar, tijoratchi muddati o‘tgan veksellari haqida bosh qotirmas, tikuvchi qarzdor mijozlari go‘riga g‘isht qalamas, zargar o‘g‘irlatgan tillalariga kuyinmas, zobit oldinda turgan urush yoki sulhning oqibatlari haqida fikr qilmas, davlat arkonlari bema’ni va zerikarli siyosiy muzokaralardan qolgan charchoqlarini yozishar, ruhoniy narigi dunyo va qabr azobi haqidagi hatto o‘zi ishonmaydigan va’z-nasihatlarini kallasidan chiqarar, qonun chiqaruvchi huquqshunos  faqat boylar manfaati uchun chiqarilgan qonun loyihalarini xas-po‘shlash uchun to‘plangan soxta dalillarini o‘ylab vijdoni qiynalmas, beqaror oshiq ko‘z oldida o‘z suyuklisining dil izhorini tinglagandek hayajonlanar, vrach tomonidan o‘lim tashxisi qo‘yilgan bemor esa jannatdagi hurlarning ovozini eshitgandek bo‘lardi.

 Shu yerda xassos shoirning Paganini haqida yozgan bitiklarida jon bordek tuyuladi:

Mashshoq chalar edi- tomoshagoh gung,

Ishongan edilar Odam Atoga

Jonni Haq kuy bilan kiritganiga

Mashshoq chalar edi — olomon telba,

Ishongan edilar Paganinining

Iblisga qalbini sotganligiga.

Mashshoq chalar edi baxtni, sururni,

Izdihom tebranib biri-biriga

Jonlarin baxshida aylar edilar.

Mashshoq chalar edi g‘amni, qayg‘uni,

Ruhlari jismini tark etib chiqib

Yettinchi falakka yig‘lar edilar.

Zallar… konsert zallari… Paganini ularni biror marta bo‘sh bo‘lganini eslolmasdi. Hech qachon bunday bo‘lmagan. Zal ham, odamlar ham butun konsert davomida uni diqqat bilan, yurak hovuchlab va aqldan ozar darajada ta’sirlanib eshitishardi. Shunday lahzalarda zalda pashshaning uchganiyam bilinmas, devorlaridagi akustikada faqatgina skripka ovozi jaranglar, skripka torlarida dunyoga kelgan ilohiy kuy homuza tortib atrofda  kezinardi.

Kuy emas edi u – tong yirtig‘idan

Go‘daklar kulgusin o‘g‘irlab chiqqan

Mangu buloqlarning

Qo‘shig‘i edi,

Kuy emas edi bu-mujdakash yelning

Yaralmoq sirini bilmoqlik uchun

Zamindan osmonga

So‘rog‘i edi.

Konsert tugagach, Paganini olqishlar, tabriklar, guldastalarga ko‘mib tashlangani yetmagandek yuksak martabali zotlardan kechki ovqatga yoki balga taklif olardi. Kechki ovqat payti qadahda unga Burgundiyaning eng a’lo nav vinolari uzatilar, qo‘l qo‘ygani joy qolmagan dasturxonga ustritsa, cho‘chqa eti, baliq ikrasi kabi shohona taomlar va mevalarning eng saralari tortilardi. Balda u bilan chiroyda tengsiz, korseti beliga yopishgan, sochlari antiqa turmaklangan, aslzoda ayollar sokin kuyga raqs tushishardi.

Shunday lahzalarda, Paganini o‘z ibtidosining eng go‘zal lavhalariga ro‘para bo‘lar, bundan qalbida beixtiyor masrurlik va shodonlik tuyar, o‘zini tangriga yaqindek yettinchi osmonda sezar, boz ustiga bu lavhalar ertasiga va indiniga bundan-da go‘zalroq sifatda ro‘y berib, yanayam yorqin manzaralarda o‘zlarining davomiyligiga uni to‘liq ishontirishardi. Boshqa tomondan undagi og‘riqli yillar va mashaqqatli mehnat shakllantirgan skripka ijrochilik mahorati kundan kunga mukammalashib, insonga berilishi mumkin bo‘lgan kamyob baxt aks etgan bunday ajib lavha va manzaralarning umri uzoq bo‘lishini taxmin qilishiga turtki berardi…

Chap qo‘limdagi suratga ham navbat yetib keldi. Menimcha, uning sharhiga to‘xtalishning ayni payti (temirni doim qizig‘ida bosish kerak). Bu suratda Italiyaning Parma shahridagi Paganini dafn etilgan dahma tasvirlangan. Dahmaning ustida gumbaz, uni chamasi oltita ustun ko‘tarib turibdi. Uning atrofi temir panjaralar bilan o‘ralgan, peshtoqiga “Nikollo Paganini” degan yozuvlar katta harflar bilan lotin tilida o‘yib joylashtirilgan. Balki ichki qismida, ya’ni kadr ortida marmartoshga skripkachining tug‘ilgan va qazo qilgan sanalari yozib qo‘yilgandir. Har holda, dahma bo‘lgandan keyin shunday bo‘lmay iloji yo‘q.

Shu dahma ichida o‘lik Paganini yotganiga ishonish qiyin. Paganini 1840 yilda olamdan o‘tgan. Demak, bu dahmada bir yuz sakson yildan beri u mangu uyquda. Balki, yerning ostida undan endilikda bir uyum suyaklardan boshqa hech nima qolmagandir. Tobuti ham chirib, qoldiqlari qurt-qumursqalarga yem bo‘lib, hidlanib, po‘panak bosib ketgandir.

Bu dahma qo‘riqlayotgan narsa faqat Paganinining nomi, xolos. To‘g‘rirog‘i, ismi va sharifi. Shu yerga uning ko‘milganini ko‘rsatib turish dahmaning asosiy vazifasi. Paganini esa jisman borliqni tark etgan. Uning bir paytlar odamga o‘tli nigoh tashlagan ko‘zlari manguga yumilgan, yunonlarniki kabi uzun bo‘lgan burni endi hid bilmaydi, lablari butunlay qimtilgan, doim yelkasiga tushib yurgan sochlaridan asar qolmagan, skripkada mo‘jizalar yaratgan barmoqlari tarashadek qotgan, tuyaning o‘rkachiga o‘xshagan yelkasi odam anatomiyasi darsida eksponat sifatida ko‘rsatiladigan ustixonning shu a’zosidan farq qilmaydigan ahvolga kelib ulgurgan.

Shu yerda o‘ylanasan kishi. Uning skripkachilik mahorati, egallagan bilimi-chi? Qayerga yo‘qoldi? Nahot, shunday intiho uchun har bir inson o‘zida ibtidoni shakllantirsa, rivojlantirsa, mukammal holga keltirish uchun o‘zini o‘qqa-cho‘qqa ursa, izlansa, kunni kun va tunni tun demasa? Paganini tirikligida bolaligidan boshlab tinimsiz mashqlar qilgan, musiqa nazariyasini — fuga, kontrapunkt, kompozitsiya, notalar birikmasi kabi balo-battarlarni o‘rgangan, skripkani mahoratli chalish uchun kecha-yu kunduz mehnat qilib uning muqaddas ilmini egallagan. Bir kunda esa bularning barchasi havoga uchib ketgan va endi mana bu dahma ichida yotgan skripkachidan bir uyum suyaklar, ismi-sharifi, tug‘ilgan yili va qazo sanasi aks ettirilgan marmartoshli plitadan bo‘lak hech nima qolmagan (ijodiy merosi o‘z yo‘liga).

Dahma… dahma… U qishin-yozin o‘zgarmaydi. Shunday turaveradi. Salkam ikki yuz yildan beri shunday turibdi, buyog‘iga ham uning abgor qismatiga ziyon-zahmat yetmaydi. To qiyomatgacha shunday bo‘ladi,  vallohi a’lam! Tirik Paganinidan farqli ravishda o‘lik Paganini bu yerda yolg‘iz. O‘z vaqtida konsert zallarida shuhrat va guldastalarga ko‘milgan, qimmatbaho foytunlarda gastrol ketidan dunyoni kezgan, necha-necha ulug‘vor kimsalarning xonadonlarida parto‘shak va yumshoq yostiqlarda tong ottirgan, noz-ne’matlarga to‘la dasturxonlarda oliymaqom mehmonga aylangan, sohibjamol ayollarning suyuklisi bo‘lgan, skripkasi orqasidan ta’riflab bo‘lmas boylik orttirgan Paganini endi manavi ko‘rimsiz, ustunlari uringan, atrofini begona o‘tlar bosgan dahma ostidagi ikki metrgina joyda, taxta tobut ichida bir o‘zi yotibdi. Bir o‘zi… Na oilasiz, na do‘stu birodarisiz, na uni ko‘klarga ko‘targan muxlislarisiz va na uni sevgan ayollarisiz…  

Qishda atrofga qor yog‘ib, havo sovib, izg‘irin boshlanganida odamzod tugul mushuk yoki qarg‘alar ham dahma atrofida qorasini ko‘rsatmaydi. Bahor kelganida tabiat jonlanib, atrof ko‘kalamzorga aylanganida uning qarshisida  qora qutiga solingan skripka yoki violonchelini yelkasiga osgancha bir-ikkita yosh musiqachilar paydo bo‘lib qolishadi va u yerda o‘zlarini “selfi” qilib,  quvnoq fotosessiya uyushtirishadi. Bu ish jonlariga tekkach,  bir-birlarini turli rakurslarda suratga ola boshlashadi. Ba’zan dahma ustuniga suyanib, o‘ychan turgan qiyofada suratga tushishsa, ba’zan uning o‘rtasida qo‘llarini chalishtirib o‘zlarini lentaga muhrlashadi. Shundan so‘ng, ular bu suratlarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirib, unda qalashib yotgan bekorchi obunachilari bilan baham ko‘rishadi. Yoz kelib saraton o‘z tafti bilan borliqni kuydirishga tushganida dahma yana yolg‘iz qoladi. Yozning iskanjasida qovjiraydi. Kuz hukmronligi o‘rnatilganida uni janub yomg‘iri tinimsiz yog‘ib savalaydi, Apennin yarim orolining quyuq tumani qoplaydi, shamol uchirib kelgan xazonlar uning ostonasida jon berib, hayot bilan vidolashishadi.

Paganini unda yolg‘iz yotishda davom etadi.  Keyingi manzili qayerligini bilmay, ko‘zlarini yumib, sukut saqlab… Na odamlar bor atrofida, na boshi ostida yumshoq yostiq, na ustida parto‘shak… Dahma hududida esa uning mahshargacha cho‘zilgan iztiroblari, yakuni yo‘q dod-faryodi va xirillagan ovozi birgalashib xuddi arosatda qolgan daydi ruhlardek sarson-sargardonlikda uchib yurishadi…

Ey, menga olqish-u sanolar aytib

Poyimga bosh urgan ojiz bandalar!

Ey, menga san’atda xudosan, degan

Behisht quvg‘indisi-gunohkor pushtlar!

Aytingiz- qayerdan quyosh va zulmat,

Qayerdan muhabbat, qayerdan nafrat?

Ko‘zingiz yashirmang, ayting-boshlanar

Qayerdan do‘zax-u, qayerdan jannat?

Suratlarni picha vaqt o‘tgach almashtirib ko‘raman. O‘ng qo‘limdagisini chap qo‘limga va aksincha qilib. Lekin, ulardan qolgan achchiq taassurot baribir o‘zgarmaydi.  Shunda o‘ylanib qolaman: intiho ro‘y bergach, Paganini kabi musiqa san’atida beqiyos bo‘lgan skripkachining yelkasida ko‘tarib yurgan  ibtidosidan jisman hech narsa qolmabdiki, boshqalar o‘z ibtidosini boshida ko‘tarib yurishi, unga bir osiy kabi sig‘inib yashashi shartmikin? Baribir  Odam Ato bolalarining barchasini ustidagi jismdan vaqti kelib zarracha ham qism qolmaydi va ikki dunyo oralig‘ida u beqiyos bo‘ladimi yoki sariq chaqagayam arzimasmi, so‘roqsiz albatta yechib olinadi. Bu grammafonning titilib ketgan eski plastinkasidek gap va bir vaqtning o‘zida yangisidek ham.

2020 yil, aprel. Marg‘ilon

Esseda Aziz Saidning “Paganinining so‘nggi konserti” dostonidagi  misralardan foydalanildi.

Sherzod Ortiqov

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting