Orifjon Komil. She’rlar

0
276
ko'rishlar soni

Adabiyot – Onajon!

Ahvoling nechuk?!

Boshing og‘ridimi, behol yotibsan.

Yuraging tirnagan qay darding uchun,

Xasta vujudingga hasrat yutibsan.

Qara, tomiringni urishlarini,

Bosiming oshibdi, ko‘zlaring so‘lg‘in.

Ko‘ryapman zaboning qurishlarini,

Onajon, bu qadar yotibsan horg‘in.

Oppoq sochlaringga ming avliyoning,

Ming bitta tasbehi dumalayotir.

Nuroniy yuzingda ingan ziyoning,

Bag‘rida ajinlar o‘rmalayotir.

Entikib olyotgan nafaslaringda,

Jazira taftiday harorat unar.

Onajon, mung‘ayib qolgan taningda,

Ko‘ksingda armonning zulmati tunar.

Onajon, ne qilay, buyurgin tezroq,

Sinodan malhamin so‘rab kelaymi?

Yo Hirot yurtiga jo‘nab hoziroq,

Hazratning qoshiga qushday elaymi?

Yo xatm qilaymi Kalomullohni,

Ustozlar holidan olaymi xabar.

Yo xasta joningga tilab islohni,

Duolar qilaymi mahsharga qadar.

Qabriga boraymi Asqar Mahkamning,

Kofarnihon suvin keltirayinmi.

Ne qilsam, yarangga bo‘lar malhaming,

Bag‘ringni So‘z bilan to‘ldirayinmi…

Mungli nolalaring tinglab har qachon,

Ko‘zimda pinhoniy jolalarim bor.

Menku bo‘lganimcha bo‘ldim Onajon,

Turgil, tarbiyangda bolalarim bor…

SO‘RALMAGAN UZR

Salom.

Tanidingmi?

Ha, men o‘shaman…

O‘sha ko‘zlaringni yoshga to‘ldirib,

Bir quchoq sog‘inchni keltirgan daydi.

Balki, dunyolardan shunday o‘taman,

Ammo yo‘qotganim kelmaydi qaytib.

Qaytmaydi ko‘ksingda qaynoq harorat.

Qaytmaydi otashin sevging laxchasi.

O‘tmish hislaringni qildimi g‘orat,

Kulga aylandimi, ishqing parchasi.

Men qaytdim,

topganim ne bo‘ldi, bilmam,

Neni yo‘qotganim bilaman faqat.

Bir paytlar to‘rt tomon bo‘lgandi qiblam,

Endi to‘rt tomonim chulg‘ar sukunat.

To‘rt yonga boshimni urdim besamar,

Behuda yugurgan oyog‘im toldi.

Hech nimam qolmadi,

qolgan bo‘lsa gar,

Sendan so‘ralmagan uzrim qoldi…

ESKI SURAT

Nogoh qo‘llarimga tushdi surating,

Tushdi o‘tmishimning kunlari yodga.

Ortida bir qator bitgan dasxating:

» – Bu Sizga abadiy sevgimdan sovg‘a…»

Bir lahza, yuzingda aks etar sog‘inch,

Bir lahza ko‘zlaring boqadi g‘amgin,

Bir lahza qadardan qilguday o‘kinch,

Bir lahza nigohing tikilar horg‘in…

Bir lahza suratning varaqlaridan,

Holim so‘raganday bo‘ladi aksing.

Bir lahza moziyning qavatlaridan,

Xavotir olganday, eskirgan rasming…

Xomush tikilaman, borliqdan kechib,

Kechib ketgularim kelar dunyodan,

Rasming eskiryapti, ranglari uchib,

Men esa – ranglari eskirgan odam…

OCHIQ KITOB

Ochiq qoldi o‘qilmay kitob,

Sahifalar tartibin saqlar.

Bolashamol yugurib shu tob,

Rasm izlab, kitob varaqlar…

Qovoq uydi qoraygan osmon,

Gumburladi bulut to‘plari.

Ochiq qolgan kitob shul zamon,

Yomg‘ir suvin obdon ho‘pladi…

Xiralashdi satrlar xiyol,

Unutildi anvoyi xoblar.

O‘rindiqda o‘tirar behol,

O‘qilmagan ochiq kitoblar…

ONAMGA MAKTUB

Onaginam,

zaminday xokisor,

osmonday baland,

kaftlari gul kabi xushbo‘y rayhonim.

Yo‘qlab kelmadimi, bemehr bolang,

bolam deganingda og‘rinar joning.

Oltmish yil oltindan aziz umringda,

birrov o‘yladingmi o‘zingni bir bor.

Bolang uxlatmagan bedor tuningda,

zahmating yukini etmading nisor.

Shodliging ulashding, olti tomondan,

olti jon jismingni quvvatin so‘rdi.

Tinim ne bilmading tonggi azondan,

xuftonlar qo‘lingni mehnatda ko‘rdi.

Qishni — qish demading, yozni — saraton,

kuz ham saxiylikni o‘rgandi sendan.

Umringda bahorlar bo‘lganmi!? Qachon?!

Qachon xotiringda halovat to‘lgan.

Yemayin yedirding, ichmay ichirding,

kiymay kiydirganing rost edi Ona.

Mingta gunohimni ming bor kechirding,

yaramni bog‘larding qo‘llaring qonab.

Safarga otlansam qanotlar qoqib,

dilpora kuzatding, intizor kutding.

Uchta qiz uzatding, yuraging yoqib,

uch o‘g‘ling ortidan o‘zni unutding…

Hayot baxsh etganding, to‘qqiz oy dujon,

ikki qat qomating qaddini bukib.

Endi men nimaman, kimman Xudojon?!

Volidam ko‘zidan sog‘inchin to‘kib.

Arzirmi onamning bitta ohiga,

yurakdan to‘kilgan milyonta she’rim.

Jimgina qarayman, umrim rohiga,

ko‘rinar olisdan ulg‘aygan erim.

Ko‘rinar onamning munis chehrasi,

ko‘rinar yo‘limga intizor ko‘zlar.

Ko‘rinar tonglarning sokin nafasi,

ko‘rinar duoga yo‘g‘rilgan so‘zlar.

Asli ulug‘ shoir — o‘zingsan Ona,

har lahza sabringdan bir ash’or do‘nar.

Bolangni sog‘inib giryonsan yana,

va yana vujuding sog‘inchga ko‘nar.

Gunohga qorishgan umr yo‘limda,

tavbalarim g‘amin yegan farishtam.

Imkonlar uzatib yuz bor qo‘limga,

imkonsiz qolganing aytmading hecham.

Dunyodan dunyolar izlayman bugun,

izlayman, yo‘qotib, topganim nedir?

Poyingdan yiroqlab ketganim uchun,

Onajon bemehr bolangni kechir…

TAHLIKA

Tasbeh donasiday to‘kildi kunlar,

to‘kildi lahzaning yugurik oni.

Dunyoning bag‘ridan bir dunyo qular,

Dajjol kezdimikan, chorlang Isoni.

Zikrlar yulduzday yog‘ildi shabiy,

miskin qabrlarda esdi shamollar.

Dajjol fitnasiga duch kelgan kabi,

g‘aflat quchog‘ida mudroq xayollar.

Samoning qatlari tobora olis,

tobora zaminning diydasi qotar.

Mahv etar tobora ongimni bir his,

tobora g‘amginroq tonglarim otar.

Yashin tezligiday uchar o‘ylarim,

uchmoqda jismimning g‘amguzor xoki.

Tahlikaga to‘la umr yo‘llarim,

tasbeh donasiday to‘kilar sokin…

Yillarga aylandi g‘arib oylarim,

haftalar oylarga do‘ndilar tamom.

Sharqirab oqdimi umr soylarim,

daryolar mavjlanib oqdi qay tomon.

Qay manzil soriga uchdi hamohang,

ranglarga ko‘milgan rangin damlarim.

O‘tli nigohlardan tuydimi ohang,

yuragimni ezgan ezgin g‘amlarim.

Bir fursat kutmadim, o‘zni to‘xtatib,

falakning gardishi aylanar onni.

O‘zimni mulloga yurdim o‘xshatib,

behuda qiynadim, omonat jonni.

Qiynadim, har lahza poyimda g‘arib

dunyolar bag‘ridan bir dunyo qular.

Ming yil-ki yuribman o‘zni axtarib,

tasbeh donasiday to‘kilar kunlar…

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting