JINNIXONA

    0
    326
    ko'rishlar soni

    hikoya

    Tushimda mening oshig‘im olchi emish. Hamma narsam, hatto bir shkaf kitobim ham bor emish. Yana gazetada ishlarmishman, kimsan shoir, she’r yozsam hamma qoyil qolarmishu o‘zimning ko‘nglim to‘plmasmish. Nega? Chunki bir “bedavo” qizga oshiq emishman. Unga shuncha erishganlarim bir pul emish. Xullas men, cho‘ponning sag‘iri, qulning nevarasi Bek emishman.

    Temir panjarali derazadan esayotgan namchil havo, yam-yashil archalar va ularning boshidagi ko‘m-ko‘k osmon bir zumda tush haqidagi xotiralarimni parchalab yubordi.  Ochig‘ini aytganda bir umr shu yerda qolishni istadim, balki buni har tong istarman, buyog‘i menga qorong‘i. Ko‘nglim shunchalar huzurlandiki, xona bo‘ylab qo‘yilgan karavatlarda yotgan hamxonalarni bir-bir quchoqlab, ushbu yangi kun bilan tabriklagim keldi.

     Ha, men uchun har kuni yangi kun boshlanadi, chunki har kuni xonadoshlarim bilan yangidan tanishaman, ularning ismini so‘rayman, ularga dardi-hol qilaman. Ularga faqat tushlarimdan yozg‘iraman, chunki xotiramda boshqa hech narsa yo‘q. Faqat bugun tunda ko‘rgan tushimni eslayman xolos.

    Xona jonlana boshladi, bemorlar navbat bilan yuz-qo‘llarini yuvib, o‘zlarining xudolariga iltijo qildi. Karavatini saramjonladi. Nimadandir norozi bo‘ldi. Kimnidir ayblay boshladi va mening kasofatim bilan tanishuv marosimi bo‘ldi.

    Shomo‘ylovli amakining hayotdagi eng katta orzusi — nosvoy. U ko‘zini ochgandan xamshiradan nos so‘radi. Eshik oldidagi qiltiriq esa, sovqotyapti. Yuzi qizargan lo‘li, bu yerda yotgani uchun qancha jarima to‘lashini hisoblab, rangi o‘chdi. Boyning bolasi jinnixonadan chiqishi bilan hammasini onasini ko‘rsatadi. U hazillashmaydi, u oqsuyaklardan. Xullas biz besh kishimiz.

    Hamma balo o‘sha oqsuyakdan chiqdi. U birgalashib shikoyat xati yozishni taklif etdi. “Kimga?” degan sovolga ham javobi tayyor ekan: “Bosh shifokorga!” dedi.

    -Yozsak-yozibmizda! — Nos ilinjida yurgan shomo‘ylov xayrixohlik bildirdi!

    Nima deb yozish kerak? Buni kengash hal qildi. Hamma o‘z dardini to‘kib solarmish. Lekin oqsuyakning aytishicha, bir yoqadan bosh chiqarish lozim. Maqsad bitta bo‘lishi kerak. Uning maqsadini so‘rasak: “Albatta jinnixonadan qutilish”, deydi.

    Birinchilardan bo‘lib e’tiroz bildirdim:

    -Azizlarim, menga jinnixonam yoqadi. Uning darazasidan o‘rmon ko‘rinib turadi, yana bizga hech kim xavf solmasligini ko‘zlab panjara o‘rnatishgan. Karavatni aytmaysizmi, na g‘irchillaydi, na cho‘kib ketadi, asl yog‘ochdan, bunaqasini shohlar ham orzu qiladiku, axir.

    Albatta, bunaqa nutqdan keyin, jinnixonada naq onangni ko‘rsatishadi. Shukurki, o‘rtaga olib do‘pposlashmadi.

    -Hurriyat degan tushunchani bilasanmi, o‘zi sen? — Dedi, ko‘zlari soqqasidan chiqqudek o‘qraygan oqsuyak. — Qayerdanam bilarding qulvachcha, senda na tarix bor, na kelajak. Har kuni tongda tanishishni bilasan. Sendaqa manqurtlarni deb, palatada o‘zgarish bo‘lmaydi, senga yoqqani uchun temir panjaraga buyoq surtishmaydi. Senning maddohliging uchun kunda bir xil ovqat. Sening loqaydligingni deb, ovoz berish huquqidan mahrummiz.

    Bitta mening gapim bilan hech narsa o‘zgarmasligini his qilib, ularga yon bosdim.

    -Yozsak yozibmizda, do‘stlar! Nima haqida yozamiz?

    -Ozodlik haqida, bizni tutqunlikda ushlab turgani kamdek, do‘q-po‘psa qilishlari, tomirimizga igna sanchishlari, ijozat so‘ramasdan qon bosimimizni tekshirishlari haqida yozamiz. Xullas yashasin ozodlik! — dedi, oqsuyak faxrlanib.

    Xonada tartibsizlik boshlandi. Ana-mana deguncha lo‘lining yostig‘i tagidan qog‘oz bilan qalam topildi. Unga hamma hayrat ko‘zlarini tikkandi:

    -Palata ravnqe uchun o‘g‘irladem akosi… — dedi, u qo‘llarini yozib.

    Qiltiriqni eshik og‘asi tayinlab, biror sharpa sezsa xabar berishga ko‘ndirdik. Baribir undan tayinli fikr chiqmaydi. Butun badani qaltirab yotibdi, u uchun ozodlik — yuz gramm degani.

    Oqsuyak qalamni oldi-yu o‘ylanib qoldi… So‘ng meni devon saylab, xat yozishni topshirdi. Ularning barcha gapini go‘zal qilib qog‘ozga tushurish sharti bilan.

    ShIKOYAT XATI

    Biz 305 palata bemorlari, ushbu jinnixonaning beminnat xizmatlaridan minnatdor holda o‘z arziholimizni bayon etmoqchimiz:

    Bizni har kuni tong sahar uyg‘otishlari va turli ko‘riklarga majburan jalb etishlari, umumjinnilar huquqiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi;

    Odam jinni bo‘ldimi, to‘laqonli jinnilikni his qilishi lozim, uning jinnilik ehtiyojlari qondirilmas ekan, u hech qachon o‘zini jinni deb hisoblamaydi;

    Masalan: o‘z ixtiyori bilan kimnidir so‘kolmagan, kimnidir tepolmagan yoki (shomo‘ylov kabilar) nos chekolmagan jinni ham jinnimi?

    Bizni tashqi olamdan uzib qo‘yishlari, bu — eng katta tahqirlash. Axir dunyoda faqat biz jinni emasmizku, qanchadan qancha jinnilar ozodlik nashidasini surib yurgan bir paytda, biz ichki intizomlarga ixtisoslashtirilgan ro‘znomalarni o‘qib o‘tirishimiz, o‘ta-ketgan tubanlikdir;

    Bizning oramizda har bir qatlam vakillari borligini hisobga oladigan bo‘lsak, birimizning nafsoniyatimizga tegmagani boshqamizning qalbimizni nimta-nimta qilib yuboradi. Sizning kurakda turmaydigan “farmoyish”laringiz esa bizni qo‘shimcha mashg‘ulotlarga jalb etib, jinni degan nomimizni yer bilan bitta qilmoqda;

    Yuqoridagi aytilgan noqulayliklardan kelib chiqadigan bo‘lsak, jinnixona deganingiz nomiga jinnixona, bu yerda hech qanday jinnilikdan nom-nishon yo‘q. Shunday ekan bizni bu rutubatli palatadan ozod qilib, taqdirimizni o‘z qo‘limizga topshirishingizni so‘raymiz, deb 305 xona ruhiy hastalikka chalingan bemorlari.

    Mana, shikoyat xati tayyor.

    Taxminan chorak soatdan so‘ng xo‘ppasemiz xamshira paydo bo‘ldi. Qon bosimidan tortib, ikir-chikir tekshiruvlar tugugach, eshikda sarviqomat dilbar paydo bo‘ldi. Yoshu qari birday kiyimlarini tuzatib, unga seriltifotlik bilan salom berdi. Ha, ba’zida balchiqdagi qurbaqa malika bo‘lib chiqishi mumkin.

    -Bosh shifokor keldi, tayyor turinglar! — uning mayin ovozida yangragan bu so‘z, xuddi “bolalar uxladi begim…” degandek quloqlarni eritib yubordi.

    Shikoyat xatini birinchi chaqirilgan jinni eltib berishi kerak (shartlashuv shunday bo‘lgan), aksiga olib ismi-sharfim daftarning boshida ekan. Xonadoshlarimning bu qarorga kelishlarini endi tushundim, ular har kuni meni birinchi bo‘lib chaqirishlarini yaxshi bilgan.

    Bosh shifokorning qabuliga kirganimda u qalin ko‘zoynakning ortidan bir qarab, yana qandaydir qog‘ozlarni to‘ldirish bilan mashg‘ul bo‘li.

    -Sog‘lik qalay? — ish stolidan bosh ko‘tarmay so‘radi sohibjamolni ishga olgan hurmatli “mahluq”.

    -Joyida, — qo‘limdagi qog‘ozni g‘ijimlab javob qaytardim.

    -Xotira qalay, xotira?

    -Tushimdan boshqasini eslolmadim.

    -Unda yaxshi, — dedi u kulimsirab.

    -Sizga… bu… qog‘oz… shikoyat… — tilim aylanmay qoldi.

    U mashg‘ulotidan bosh ko‘tarib qo‘limdagi g‘ijim qog‘ozga qaradida:

    -Tushingni yozdingmi? — dedi, qo‘l uzatib.

    -Yo‘q, bu shikoyat xati — deganimda, qandaydir faxr tuyg‘usini his qildim.

    Uning ko‘zlari olazarak bo‘lib, qog‘ozni sinchiklab ko‘zdan kechirdi va o‘qishga kirishib ketdi.

    Oradan biroz vaqt o‘tgach.

    -Demak, bu yerdan ketmoqchisan? — dedi, peshonasiga tirish tushurib.

    -Hammamiz, xonadoshlarim ham, — dedim.

    -Senga ruxsat, ha boraver, navbatdagi kirsin!

    Xonaga qaytishim bilan tappa karavatga tashladim. Hamma birin-ketin bosh shifokor qabuliga kirib chiqdi. Men panjara ortidagi archalarni tomosha qilib yotdim. Qanday chiroyli manzara, tashqaridagi hayotni qandayligini bilmadimu, lekin bu yerdagi toza havo, sokinlik, olisdagi osmon, unda sho‘rva yuzidagi yog‘ dog‘laridek ko‘rinadigan bulutlaru qushlar tushimdagi “men”ning hayotida bu qadar ravshan ko‘rinishiga ishongim kelmadi. Tushimdagi “men” faqat kun ko‘rish payda yashaydi, feruza osomn bo‘lsa uning ulkan maqsadlari soyasida qolib ketgan bo‘lsa ajabmas. Bosh shifokorning kotibasi kabi kuni bilan klaviturani shaqillatib o‘tirsa kerak. Yana bilmadim, balki “men”ning hayotining afzal tomonlari ham bordir, u bola-chaqasini boqishdan mamnuniyat tuyar, yana go‘zal rafiqasi bilan mehmonga borganda, mezbonlarning ko‘zidagi havasni ko‘rib, ichida “bu menmanda” deb qoniqish hissi paydo bo‘lar. Balki ota-onasining u bilan faxrlanib yashashini istar, lekin derazasi tagidagi daraxtning kundan-kunga qovjirab borayotgani uni tashvishlantirmaydi. Shunday xayollar bilan ancha yotgan bo‘lsam kerak, xonaga bosh shifokor kirib kelganini bilmay qolibman. U zudlik bilan narsalarimni yig‘ishni buyurdi.

    -Sen bugundan boshlab ozodsan! — dedi iztehzo bilan kulimsirab.

    Avvaliga hazil deb o‘ylaganim, ulkan temir darvozaning yonidagi qo‘riqchilar xonasi yo‘lagidan ko‘chaga chiqishim bilan rostga aylandi. Biroq, men yolg‘iz edim, xonadoshlarimning birortasi ham o‘zlari nazarda tutgan “hurriyat”ga erishmadi. Balki ularning bunday niyatlari ham bo‘lmagandir.

    To‘satdan berilgan erkinlik avvaliga boshimni g‘ovlatib qo‘ydi, ammo tezda o‘zimni o‘nglab olib ko‘cha muyulishiga yetganimda qornim ochligini sezdim va atrofdagi manzaraning uyqashib borishi-yu, faqat moddiy ehtiyojlar bilan bog‘liq tasvirlargina bo‘rtib chiqayotganini tushundim.

    Tushimda jinnixonada emishman, uyg‘onish juda qayg‘uli bo‘ldi. Mabodo shu tushni yana ko‘rsam oqsuyakni bo‘g‘ib o‘ldiraman!

    Bek ALI

    2020 yil, Toshkent.

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting