Nodirabegim Ibrohimova. Drabllar.

0
608
ko'rishlar soni

QO‘RQUV

– Endi uxla, toychog‘im, – ona shunday deb chiroqni o‘chirdi.

– Oyi! O‘chirmang, iltimos. Qorong‘ulikdan juda qo‘rqaman! – dedi ko‘zlari ojiz bolakay.

IJODKOR

– Men katta yozuvchi bo‘lmoqchiman! – dedi u xotiniga, farzandlariga. – Ijod qilayotganimda halal bermanglar!

U tunu kun ijod qildi. Unga ko‘zlarini mo‘ltiratib tikkan qizini ham, yurak yutib bo‘yniga osilolmagan o‘g‘lini ham ko‘rmadi. Juftiga bag‘ishlay olmagan izhorlarini kitobiga bitdi. Farzandlariga aytolmagan shirin so‘zlarini kitobiga yozdi. Oilasiga ko‘rsatolmagan g‘amxo‘rlikni kitobda isbotladi!

U tanildi. Shoh asarlari minglab nusxalarda chop etildi. U shonu shuhratga burkandi.

– Endi yetar, – dedi bir kun qo‘lidagi qalamni qo‘yib, – keksayibman…

Shunday deya atrofiga qaradi: hech kim yo‘q edi.

U bir uyum kitoblari ichra yolg‘iz qolgan edi.

OMILIK

U kitobni turfa ko‘yga soldi.

Tandirni yoqish uchun tutantiriq qildi. Pista sotayotganda varaqlarini yirtdi. Asabiga tegayotgan pashshalarga qarata qurol qildi. O‘g‘illariga «samolyot» yasab berdi. Eshik ochiq tursin uchun tirkagich qildi. Deraza oynalarini artdi. Hojatxonada ham xohlagancha foydalandi…

Ammo biror marta o‘qib ko‘rmadi.

Yillar o‘tib, nursiz qalbiga nedir yetishmay qoldi… Kitobni qo‘liga oldi. O‘qiy deganda esa ko‘zlari allaqachon nurdan qolgan, qo‘llari esa tinimsiz qaltirardi…

MAYMOQ MUHABBAT

Yigit nogiron edi. Raso qizni sevib qoldi. Unga erishish imkonsiz… Ammo mo‘jiza sodir bo‘ldi. Qarshisida paydo bo‘lgan Xizrni ko‘rib yigit shoshib qoldi.

– Muhabbatingga yetasan, bo‘tam. Tila tilagingni!

Xizr yigitdan «oyoqlarim yurib ketsin», degan istakni kutgandi. Biroq uning tilidan:

– Suyganim ham yurolmay qolsin, – degan so‘zlar uchdi.

«ORTIQCHA»

– Keliningizga «bolani oldir» deb aytdim. To‘rttasi yetadi o‘zi. Shundog‘am ro‘zg‘orga etkazolmay yuribman, – hasrat qildi o‘g‘il onasiga.

– Shunday degin… Otang ham bir vaqtlar seni, beshinchi farzandimni «oldir» demagan ekan-da? Shunda boyib ketarmidik? Sensiz…

O‘g‘ilni tok urgandek bo‘ldi.

«QIMMATLI» MASLAHAT

– Sevib qoldim, do‘stim… Sendan maslahat olish uchun keldim. Afsuski, u oilali ayol. Boshim qotdi!

– Ayol ham seni desa birga bo‘linglar. Umr bir marta beriladi, axir! – dedim dangal.

– Eng yomoni shundaki, uning eri…

– E, eri vaqti kelib tushunadi. Sevmagan odaming bilan yashashdan nima naf? – qo‘l siltadim men. – Maslahatim, uni baxtli qil!

Do‘stim bilan bo‘lgan bu suhbatdan ko‘p o‘tmay xotinim meni tashlab ketdi…

KEChIKISH

– Hech gul bermaysiz… – ma’yus kuldi ayoli.

– To‘yimizda berganman-ku! – hazilga oldi erkak.

– Shungayam o‘n yil bo‘libdi-ya…

– Hali senga ko‘p gul beraman. Hayotimiz oldinda…

Ammo har kuni gulbozordan o‘tarkan, erkak o‘ylardi: «biror kun albatta, gul olaman!»

…Va’dasini bajarib nihoyat guldasta oldi. Uni ayolining qabriga qo‘ydi.

ONA

– «Onajonim» nomli she’ringiz shunday yuksak mukofotga loyiq qo‘rilibdi! Tabriklaymiz, – dedi muxbir shoirga.

– Tashakkur! – mag‘rurlandi ijodkor.

Buni televizordan tomosha qilayotgan onaning shodlikdan ko‘zlariga yosh keldi. O‘g‘li mashhur shoir bo‘libdi! So‘ng qariyalar uyidagi chiroqlar o‘chirildi. Ona o‘rniga cho‘zildi.

BAXTLI DAVR

– Hayotingizdagi eng baxtiyor onlar?

– Tug‘ilgunimcha to‘qqiz oy juda baxtli edim. Chunki onamning yuragi ostida xotirjam yashardim…

«OBRO‘»

– Obro‘yimga putur etkazadigan biror ish qilmalaring! – erkak o‘g‘illariga do‘q urgancha, kecha mastlikda ariqqa yiqilib loy tekkan shimini qoqa-qoqa nari ketdi.

8-MART

Gullar egasiga berildi. Ayol xursand bo‘lishi kerakligini his qildi. Ha, axir shunday bo‘lishi kerak edi.

Erkak ham  latif so‘zlar izlay boshladi va nihoyat topdi ham. Yodlab berish qiyin bo‘lmadi. Uni erkalab qo‘yishi kerakligini mas’uliyat bilan anglab turardi…

Ertasiga Haqiqat kuni kirib keldi. Ikkisi ham ancha yengil tortishdi.

Xonada so‘liy boshlagan gullar va to‘qqizinchi mart sanasini ko‘rsatib turgan xotirjam taqvimdan bo‘lak his qolmagandi.

SO‘NGGI ChORA

She’rlarimni sotaman…

Onam og‘ir kasal.

MEHR

«Kun bo‘yi ro‘zador holida qurilishda, oftob tig‘ida ishladi, juda ochiqqandir», o‘yladi ayol eriga zimdan qarab.  «Yaxshisi, boya yeb olgandim, qornim to‘q deb aytaman».

«Homilador ahvolida tuzuk-quruq yedira olmayapman», o‘yladi erkak ayoliga gunohkorona boqib. «Ikki kishi uchun yeyishi kerak. Yaxshisi… do‘stimnikida iftorlik qilib keldim, deyman».

Do‘ppidekkina palov eru xotin o‘rtasida xokisor turardi…

Usmon Azimni o‘qib…

−Shuncha yildan beri kimni kutyapsan o‘zi? Oq otdagi shahzodangnimi?

−Yo‘q. Yomg‘irda soyabon tutmaydigan odamni.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting