BIR MUHABBAT TARIXI

1
420
ko'rishlar soni

esse

Yigirma birinchi asr bo‘sag‘ada turgan bir paytda Politexnika instituti qoshidagi akademik litseyning yuqori sinfida o‘qirdim. O‘sha kezlari fevralning o‘n to‘rtinchi sanasida litsey binosi  Boburning tavallud ayyomini nishonlash qolib, ildizi nasroniylarga  borib taqaladigan “Sevishganlar kuni”ni ommaviy tarzda bayram qilishdek kufrga berilgan kelajagi porloq yoshlarning shodon aft-basharalariga to‘lib ketardi. Qizig‘i, har yili shunday bo‘lardi.

14-fevral kuni litsey binosining har bitta qavatidagi foye o‘rtasiga parta qo‘yilib, uning ustiga katta-yu kichik va rang-barang yurak tasvirlari tushirilgan yaltiroq qog‘oz bilan o‘ralib, yasatilgan qog‘oz quti qo‘yilar, kim ko‘nglidagi insonga atab dil izhori bitilgan maktub yozgan bo‘lsa ana o‘sha qutiga solar, kunning ertasiga maktublar taqsimlanib, o‘z egalariga yetkazilardi.

O‘sha kuni bizning sinfda asosan, men va bir qiz sinfdoshimga maktublar yozilgan bo‘lardi. «Ma’sul» shaxslar ularni bir dasta qilib qo‘limga tutqazishganda sinfdagi barcha yigitlarning menga havasi kelar, men bo‘lsam konvertlarga ahamiyatsiz bir buyumdek qarab, barini portfelimning ichiga yashirardim. Maktublarni o‘qimasdim, deya olmayman. O‘qirdim, faqat yolg‘iz qolganda. Ko‘pincha uyda. Shunda ham oxirigacha emas. Chunki, ularda nimalar yozilganini, qanday kechinmalar ifodalanganini, boshidan oxirigacha bir xil ruhda yozilgan ssenariy jonivorni yoddan bilardim.

 Har birini qo‘limga olib ko‘rarkanman,  ularga yaqindan tanishish uchun vosita sifatida qayd etilgan elektron pochta manzillarini ko‘rib, o‘zimning haligacha elektron pochtam yo‘qligiga miyig‘imda kulsam, bachkana maktublar oxiriga imzo sifatida qo‘yilgan “Xurmat bilan Nilu”, “Samimiyat bilan Nozi”, “oddiygina qiz Dilya” kabi yozuvlar ensamni qotirardi. Oxirida ulardan yuragim batamom siqilar va uh tortgancha har birini g‘ijimlab tashlardim.

-Tatyananing maktubiga o‘xshamas ekan, -derdim ularni gurillab yonayotgan cho‘yan pechning ichiga tashlarkanman. — Birortasi o‘xshamaydi.  

Pushkinning “Yevgeniy Onegin” she’riy romani o‘sha yillari eng sevimli badiiy asarim edi. Shubhasiz, bu asarga qattiq mehr qo‘ygan, ayniqsa, Tatyana obrazi idealimdagi muqaddas, pok va men jufti halol sifatida hayotimga kirgazmoqchi bo‘lgan ayol siymosining quyib quygan o‘zginasi edi.

Men o‘z idealimdagi ayolni betinim unga mengzab yashardim. Har kuni oppoq tong otib, shirin uyqudan uyg‘onganimda darrov yonimga o‘girilarkanman, uni par yostiqqa aziz boshini qo‘yib, ko‘zlarini yumib yotgan siymosi ko‘zimga ko‘rinar, hayajonlanib va seskanib uning istarali yuzini, ingichka lablarini va totli ifor taratib turgan uzun sochlarini qo‘llarim bilan xayolan silab-siypalardim. Nonushta qilayotgan paytimda uni ro‘paramda ko‘rar, u doim finjonda sut ichgancha meni tamaddi qilishimni jimgina kuzatib o‘tirardi. Ichi to‘kilib ketgan, sog‘ o‘rindig‘i qolmagan avtobus ichida — litsey sari tiqilinch sabab nafasim qaytgan bir alfozda ketayotganimda ham uni yonimda payqab qolardim. Xuddi menikiga o‘xshagan, lekin qizil rangda bo‘lgan portfelini menga namoyishkorona ko‘rsatib, jilmaygancha qo‘lini silkib, yo‘l bo‘yi men bilan yonma-yon ketardi. Zerikarli darslar paytida esa uni o‘zimdan oldingi qatordagi partalardan birida ilg‘ar, u vaqti-vaqti bilan men tomonga boshini burib, nima qilayotganim bilan qiziqib nigoh tashlab qo‘yardi.

Kechqurunlari  o‘qituvchilar tomonidan berilgan uy vazifalarini har gal vaqtli bajarib bo‘lgach, og‘ir yuk elkamdan ag‘darilgandek yengil tin olar, ba’zan xursandchilikdan baqirib xonamni boshimga ko‘tarardim. Chunki, buyog‘iga erkinligim ta’minlanib, tonggacha birorta arzigulik badiiy kitob o‘qishim mumkin bo‘lardi-da. Men bo‘lsam qo‘limga yana “Yevgeniy Onegin”ni olar va har safar Tatyananing maktubini ovozimni chiqarib o‘qir, o‘qishim davomida xonada bolalarcha beg‘ubor kulgu taralar va ko‘p o‘tmay uning bir burchida oppoq, uzun va keng ko‘ylakda turgan sochlari uzun Tatyanaga ko‘zim tushardi.

Men sizga yozaman — yana ne darkor?

Ne deya bilaman sizga men yana?

Lekin bilamanki, sizning ixtiyor

Jazo bersangizda menga nafrat-la.

Shu yerdan men o‘qishni boshlagan maktubni go‘yo u davom ettirardi.

Qora yozmishimga bir tomchi qadar

Marhamat va shafqat qilg‘aysiz, lekin

Tashlab ketmagaysiz yanchib xayolim;

Avvallar men sukut etmoq istadim…

Shunday lahzalarda, biz u bilan bahru bayt o‘ynayotganga o‘xshardik. Navbat bilan men to‘rt qator, u to‘rt qator aytar, ayrim hollarda maktub yakunini ovoz chiqarib o‘qish unga nasib qilardi. Maktub yakunlangach men o‘zimda jilovlanmagan sarxush kayfiyatni tuyarkanman, bir pasda o‘zimni har qanday bezovtaligu tushkunlikdan abadiy forig‘ bo‘lgan kimsadek tutishni boshlardim.

Maktubni aslida  Onegin uchun mo‘ljalangani sira meni xafa qilmasdi. Tatyanani undan qizg‘onmasdim, rashk qilmasdim. Aksinsa, o‘zim Oneginga o‘xshashga intilardim. Birov bilan muloqot qilgan chog‘larim unga o‘xshab dona-dona va sal kinoya bilan gapirar, ko‘chada boshimni mag‘rur, qaddimni alp tutib sal yon tomonga tashlab yurar, har sohada bilimdonligimni davra va gurunglarda haddim sig‘ib namoyish etar, xullas unga taqlidimda hamma unsurlarni mayda detaligacha ko‘zdan kochirmas, o‘zimni birgina jamiyat uchun ortiqcha odamdek tutmasdim, xolos.

O‘shanda bu tomosha o‘spirinning shunchaki taqlididan ko‘ra men uchun ko‘proq  ahamiyat kasb etardi. G‘o‘r tafakkurimda shunday bo‘lgan taqdirimdagina hayotda idealimdagi Tatyanani uchratishim mumkin, unga albatta Oneginga o‘xshaganlar yoqadi, boshqalar aslo yoqmaydi, maktubidan ayon barchasi deb o‘ylar, o‘z navbatida menda ham Tatyanaga o‘xshamagan istalgan qizga nisbatan tuyg‘ularim sust, 14-fevralda menga maktub bitadigan Nilu, Nozi va Dilyalarga sirayam ehtiyojim yo‘q edi.

Bu asarni necha marta o‘qib chiqqanimni aniq eslolmayman. Ko‘p marta qayta o‘qiganimdan bu esimda qolmagan yo sanoqdan adashib ketganman. Oybek tarjimasidagi o‘zbekcha variantini ham, asliyatdagisini ham qaytib-qaytib o‘qiganman. Har doim o‘qiganimda Tatyananing maktubi meni u yerdagi boshqa satrlarga qaraganda ziyodroq maftun etib, yuqorida aytganimdek o‘ziga ipsiz bog‘lab olardi. Maktubda men istagan, nainki istagan, balki har bir ayol zotida men ko‘rishni orzu qilgan barcha narsa — samimiy kechinmalar sharhi, bokira hislar ifodasi, sokin fe’l-atvor tarannumi mujassam edi.

Bir tomonda yillar bir-birini quvib o‘taverardi. Nadomatkim, Tat’yanadan darak bo‘lmas, u faqatgina tasavvurimda yashar, u bilan xayolan yigirma to‘rt soat  birga bo‘lsam-da, jisman unga egalik qila olmasdim. O‘n to‘rtinchi fevral ham har yili takror-takror kelaverardi. Shu kuni odatdagidek o‘sha parta ustiga boshqatdan yasatilgan yaltiroq quti qo‘yilar, uning ichi otashin maktublarga to‘lar, kunning ertasiga maktublar yana o‘z egalariga topshirilardi. Doimgidek menga o‘tgan yilgidan qolishmagan sifat va sondagi maktublar yetkazilar, yildan yilga maktub oladigan sinfdoshlarim ko‘paygani sari maktublardan tashkil topgan xazinamga endi hech kim ko‘zlarini baqraytirib e’tibor bermas, birgina maktub yuborgan qizlarning yangilangan elektron pochtalarini hisobga olmasa, vaziyat aytarli o‘zgarishsiz yakuniga yetardi.

To‘g‘ri, ba’zida shunaqa paytlar bo‘lardi. Birorta qiz ko‘nglimga yoqib, qiziqishim sababchiciga aylanardi. Kiyinishimi, o‘zini tutishimi yo tashqi chiroyimi — ajratolmasdim buni. Fe’l-atvori desa ham bo‘laveradi. Lekin undan Tatyananing sifatlarini izlashim bilan darhol ko‘nglim qolar, shu bo‘yi litsey kutubxonasi yoki  majnuntol ostidagi bir-ikki kunlik qizg‘in suhbatdan so‘ng unga boshqa qoramni ko‘rsatmas, u bilan bir umrga xayrlashardim.

Boshqa tomondan o‘quvchilikdagi hayotim nihoyalab, institut talabasiga aylanarkanman,  jahon adabiyotiga qiziqishim butun borlig‘imni mahv etib, tobora ongu-shuurimni yorug‘lik tezligida egallab borar, oqibatda, kundalik hayotim turli-tuman janrda yozilgan, yangidan yangi ajoyib asarlarni xazm qilishga bag‘ishlanib ketib, kezi kelganda Tatyana haqida o‘ylash tugul o‘zimdagi mutolaa ishtahasini nazorat qilishni, unga vaqtimni ravon tasarruf qilishni eplolmay qolardim.

Institutga endi qadam qo‘yganimda “Yevgeniy Onegin” hanuz sevimli asarim bo‘lib, Tatyana obrazi idealimdagi pok ayol siymosi sifatida qilt etmay turar, men haligacha uni real hayotda uchratish mumkin deb, bunga ishonib yashardim. Shu bilan birga yangi qarashlar, yangi mulohazalar o‘chog‘iga aylanib borayotgan tafakkurim borgan sari turli-tuman ayol xarakterlari va prototiplariga duch kelishni boshlagan, bu meni andak havotirga ham solardi.

Institutni tamomlash arafasida Dostoyevskiy, Tolstoy, Balzak kabi daholarning so‘z va fikr mahorati mahsuli bo‘lgan asarlari dunyoqarashimni yorib kirib, u yerda o‘z hukmronligini allaqachon o‘rnatib bo‘lishgandi. Men buni avvaliga sezmadim, keyinchalik butun og‘riqlari va tashvishlari bilan sezdim. Qachonki Remark, Kafka va Kamyu hayotimga kirib kelishganida bu og‘riq yaqqol o‘zidan dalolat bera boshladi. Tasavvurimdagi Tatyananing siymosi yonida o‘nlab va yuzlab uning orasta qalbiga sira o‘xshamagan qalbdagi, beg‘ubor samimiylikdan minglab kilometr uzoqlikda bo‘lgan, dilga mehrdan ko‘ra hadik solish xususiyatidagi satang, yengiltak, isyonkor ayol qiyofalari ko‘rinish berib, bir pasda muqaddas idealim borasidagi qarashlarimga chang solib, uni ostin-ustun qilib, to‘zitib yuborishdi.

 Shunda tasavvurimda necha yillar muqim yashagan romantizmga janoza o‘qildi. O‘lganning ustiga tepgan qilib Pushkin ko‘zimga oddiydek ko‘rina boshladi. “Yevgeniy Onegin” haqidagi qarashlarim jamlanmasiga hali sezilarli putur yetmagan bo‘lsa-da, kutilmaganda ko‘p o‘tmay Tatyanani boshqa orzulamay qo‘ydim. Albatta, uni hamon xayolimda gavdalantirar, u mudom o‘sha erdan ketmas, biroq men endi uni hayotdan topishga boshqa urinmas, umidim so‘nib, xafsalam pir bo‘lib,  bu qiynalib yashashimga arzimaydi degan bema’ni xulosa bilan kun kechirardim. Qo‘shimchasiga mutolaa qilgan kitoblarim natijasida tasavvurim chalkashib, unga kirib kelgan son-sanoqsiz ayol obrazlari ta’sirida asab hujayralarim kuchli zo‘riqqan va bu ko‘ngilsiz holat Tatyana bilan bog‘liq pokiza xayollarimga salbiy ta’sir qilardi. Endilikda men faqat  Tatyana haqida o‘ylamas, aksincha Pushkin yuragimga mixlagan o‘sha ayol obrazidan tubdan farq qiladigan ko‘plab noshud ayollar haqida ham xayol surardim.

Nazarimda, hayot ham zo‘r berib uni yo‘qotishimni kundan kunga tezlashtirardi. Unda to‘lib-toshib yotgan Nilu, Nozi va Dilyalar talabalik paytimda boshqacha qiyofalarda ro‘paramdan chiqib, yanayam bachkana va xunukroq tuyulishar, ularga qarab hatto besh daqiqa suhbatlashishga ko‘zim yetmas, oqibatda asabiylashib nishimni duch kelgan odamga sanchar, Tatyana kabi ideal ayol obrazini atrofda yo‘q deb baralla jar solar, kinoya va istehzolarim yangi ustozlarimning sa’y-harakatlariga evrilgan holda birgalikda meni soat sayin o‘tkir realist sifatida tarbiyalashardi.

Tatyana tasavvurimda qo‘l yetmas kengliklarga uzoqlasharkan, men ham qalbimdagi romantizm ko‘milgan qobig‘imdan tobora olislab, yangitda o‘zlashtirilgan realistik nuqtai nazarim oqibatida odamovi, chidab bo‘lmas jizzaki va alamzada inson roliga kirar, bu rolim orqali tegramdagi odamlarning idrokida bir hissiz, yuragi bo‘m-bo‘sh, mehr berishga qodir bo‘lmagan insonga aylanib borardim. Pushkin vujudimda tarbiyalagan romantizmning tuprog‘i sovumay turib, yangi ustozlarim tarbiyasidagi realizm Tangri qorgan loyimning zuvalasini toshdek qotirar, buning evaziga ayollarga ham qandaydir shu la’nati realizm asnosida yondoshardim. Chunki tasavvurimda endi Tatyanaga o‘xshagan qishloqning tortinchoq, uyatchan va samimiy qizlari hayotda umuman uchramaydi degan xulosaga kelgan, har qanday jamiyat eriga xiyonat qilib bola orttirgan va isnodga chidolmay o‘zini poyezd ostiga tashlagan Anna Karenina, kuppa kunduz kuni foytun ichida o‘ynashi bilan ko‘ngilxushlik qiladigan Bovari xonim, nuqul ko‘k ro‘mol kiyib yuradigan aqli noqis Sonya Marmeladova, otasi janob Gorioning oxirgi pullari evaziga o‘ynashining qartada yutqazgan qarzini to‘laydigan madam De Resto, karyera uchun hamma narsaga tayyor bo‘lgan baxtiqaro Kerri va Remarkning piyonista-yu kashanda ayollaridan iboratdek, ularning orasida mening Tatyanam yo‘q bo‘lib ketgandek tuyulaverar, u endi oppoq, uzun va keng ko‘ylakda hecham menga ko‘rinmas, ortimdan esa borgan sari “Hissiz inson”, “U sevishga qodirmas”, “O‘ziga bino qo‘ygan olifta” kabi gap-so‘zlar tinmasdi…

…Bugungi kunga kelib “Yevgeniy Onegin”ni o‘qimay qo‘yganman (Pushkinni-ku, umuman). U kitob javonimda — yuzlab kitoblar orasida qo‘l tekkizilmay yotadi. Ularning changini artayotganimdagina ko‘zim tushadi, shunda ham e’tibor bermayman. Har kuni Farg‘onadagi ish joyimga ketayotganimda esa zarurat yuzasidan haftada bir yoki ikki marta o‘zim o‘qigan litsey yonidan o‘taman. Hozirgi kunga kelib uning darvozasi oldiga bekat tushgan, svetofor o‘rnatilgan va piyodalar yo‘lakchasi chizilgan. Shungami tez-tez qizil chiroqqa duch kelib, bekat yaqinida o‘ttiz soniyaga to‘xtayman. Shunda ko‘zim to‘rt qavatli litsey binosiga va bekatga kelib to‘xtagan avtobus ichidan otilib tushayotgan o‘quvchilarga tushadi. Tikilganim sari bo‘g‘zimga nimadir tiqiladi. Vaqtning shu arzimas soniyalari ichida litsey, har yili 14-fevralda zalga qo‘yiladigan parta va yaltiroq quti, qizlarning o‘smirlarcha ishqiy maktublari va oxirida Tatyananing pok siymosi ko‘z oldimdan o‘tadi. Shu fursat oralig‘ida yana o‘sha Tatyanani sevgan, uni o‘z ideali sifatida ko‘rgan, unga topingan xayolparast o‘spiringa aylanaman. Ammo ko‘k chiroq yonishi bilan ortimdagi mashina signal chala boshlaydi va endigina jonlana boshlagan o‘tmishdagi xotiralarimning beliga tepadi. Men  tezda o‘zimga kelib, gazni bosaman. Mashinani ikkinchi tezlikka olganimda, ortimdan signal chalgan mashina katta tezlikda chap tomonimdan quvib o‘tadi. Norozi bir qiyofada unga peshonamni tirishtirib, so‘kinishga shay holda qarayman. Uning rulida eri olib bergan mashinaga yastanib o‘tirib olgan, eng so‘nggi urfda kiyingan, pardozni do‘ndirgan, o‘ttiz yoshdan oshib ulg‘aygan “Xurmat bilan Nilu”, “Samimiyat bilan Nozi” yoki “Oddiygina qiz Dilya”lardan biriga  lip etib ko‘zim tusharkan, kulimsirab hamda istehzoli nigohlarim bilan uni oldinga kuzatib qo‘yaman.

-Bovari xonim-ku!- deyman kinoya qilgancha mashinamni uchinchi tezlikka olarkanman. — O‘lay agar huddi o‘zi!     

2020 yil, aprel. Marg‘ilon

Sherzod Ortiqov   

1 ta izoh

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting