Iosif Brodskiy. She’rlar

0
258
ko'rishlar soni

GLADIATORLAR

Vido vaqti.

Qabrda ko‘rishguncha.

Paymonamiz to‘ldi.

Na chora?

Biz g‘olib bo‘lmadik.

O‘lim sahnasida barbodmiz.

Bir tomoni,

maishat va ayollardan

ozodmiz.

…Darvoqe,

Kolizey osmoni moviy.

Ona yurt nafasi tuyilar unda;

afsus, kechgandik biz

haqiqat haqqi

va rimliklar dabdabasi

chorlagan kunda.

Biroq nomus qilmaymiz.

Nahotki, shu… nomusmi, ormi?

Shunchaki, bu ma’lum:

taqdir bizni maydek ichib yubordi.

Paymonamiz to‘ldi.

Ular-chi yog‘dirar olqishu qarsak. 

O‘lim sahnasida barbod biz.

Odamlarga esa tomosha kerak.       

***

Ha, biz qarimadik, qulog‘imiz but.

Avvalgidek aytar gapdan qolmaymiz.

Yana ilgarigi to‘q rang kostyumda

Lobar ayollarga biz hech yoqmaymiz.

Va mudom vaqt bilan o‘ynashamiz biz

Yolg‘izlikning amfiteatrlarida.

Va o‘sha chiroqlar o‘tkir nur sochib

Botgan tunimizni eslatar bizga.

O‘tmishni yashaymiz, go‘yo bugunni,    

Kelasi kunlarga qiyos etmay biz.

Uyqu eltganlarni eslamaymiz hech,

Yana avvalgidek qilar ishimiz.

Dilkash sohibingni asra, o kulgu,

Zulmat va nurlarning qa’rida butun;

Buyuklarni shuhrat va isnod haqqi,

Yaxshilarni zamon zo‘rligi uchun.         

PUSHKIN HAYKALI

«…Va Pushkin yiqildi

ko‘kimtir, sovuq qor ustiga.»

E. Bagritskiy

…Mash’um jimlik

va bir og‘iz so‘zsiz.

Horg‘inlik yana.

So‘nggi satr

qon ila bitilgach

ular yerga qaytdi jimgina.

Ko‘z tashlashdi behol, muloyim:

vaxshiy, begona, sovuq manzar.

Qarshisida tiz cho‘kkan edi

mulzam  hakimlar va hakamlar.

Boshi uzra

yulduzlar to‘kildi seskanib

va shamollar o‘sha onda

qoldilar tinib…

Kimsasiz saylgoh

va shoir haykali.

Ulimoqda izg‘irin…

Uning boshi egik, g‘amgin.

Bunday kechalarda

issiq to‘shagingga burkanish-

bu yerda qaqqayib turgandan

anchagina yoqimliroq ish.

Yengil raqs

Uyg‘onsam, bir qo‘lim yo‘q ediyu,

o‘rnida yotardi beshta barmog‘im.

Dunyo ko‘zlarimga qorong‘u

bo‘ldi va men uyquga ketdim.

Uyg‘ondim, yo‘q edi ikkinchisi ham:

ko‘p uxlashning jazosi, mana.

Xudo shivirladi: «Ko‘zlaringni yum»,-

meni uyqu eltdi yana.

Men uyg‘ondim- oyoqlarim bu safar…

Ko‘zimdan yosh quyildi yum-yum.

Men uyg‘ondim- qo‘llarida gulchambar;

undan ko‘ra, ko‘zimni yumdim.

Ko‘zim ochganimda butkul yo‘q edim.

Garchi, qolmagan esada toqat,

ko‘k yuzidan yotoqxonamga boqdim;

unda esa qornim yotardi faqat.

Ko‘zlarimni ochdim endi jannatda

va qalb menda qolgani edi.

Zaminga ko‘z tashladim, albatta.

U yoqda-chi urush bo‘lmoqda endi.

***

Yaxshi bor,

unut va aybga buyurma.

Xatlarimni yoqib yubor,

ko‘prik kabi bir.

Sening yo‘ling mardlar

yo‘li bo‘lguvsi.

Sening yo‘ling

bosib o‘tmoqqa arzir.

Yulduzlar charaqlar ko‘kda

sening yo‘ling oq bo‘lsin deya;

yuragingda mangu so‘nmas umid-

qo‘llaringda mash’ala.

Duch kelar bo‘ronlar,

qorlar, jalalar, otash-olovlar.

Shonli manzilingga chorlamish jadal

yo‘lingda g‘ovlar.

Bir shonli-shiddatli kurashlar

kechajak qalqon ko‘ksingda.

Uning-chun mamnunman,

kim yelkadosh bo‘lsa

sening yo‘lingda.

***

Skripkachi romansi
(«Namoyish» dostonidan)

Muhabbating topganda zavol
va sovuqdan bukchayganda bel
chamadondan to‘pponchani ol,
shartta olgin-da garovga ber.

Bu pulga sotib ol patefon,
dunyoning bir chetida raqs tush,
qoq miyangga chiqqanda fig‘on
patefonni o‘pgil-ey sarxush.

Skripkachi aytganlari chin:
kim o‘ziga o‘q uzsa, o‘sha
o‘q boshgamas, yelkaga tegsin!
Yig‘lab yasha, dod solib yasha!

Likopchada yurak eltaman,
qoldiraman qay bir eshikda.
Taning, do‘stlarim-ay, yuzimdan:
ko‘rinmaydi yurak teshikda.

Mana, bo‘shdir pushti ko‘kragim,
yo‘l olganman patefon tomon.
Bisotimda tolim-tolim sim
va bo‘g‘zimda xirqiragan qon.

Rafiq O‘zturk tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting