Sariq chiroq

    0
    279
    ko'rishlar soni

    hikoya

    Asr o‘tib, shom kirdi. Tabiatda bahorning huzurbaxsh salqinligi hukmron. Shahar ko‘chalarida odam tirband. Gullarini to‘kib, kurtak urgan daraxtlar homilasi tepa boshlaganidan quvongan ayolday ajib bir ko‘rinish — manzara kasb etgan. Azim chinorlardagi sarkash qushlar chug‘urini serqatnov transport vositalarining shovqini bosib ketgan. Hamma o‘qishdan, ishdan uyga qaytmoqda.

    Shahar chekkasida yashovchi hamkasbim Nusrat aka ikkimiz odatdagiday birga yo‘lga chiqdik. Bugun uning og‘zi qulog‘ida. Kecha o‘g‘illik bo‘lishgan. Kayfiyati chog‘ligidan gap bermaydi. Goh tug‘ruqxonadagi voqealardan so‘zlab ketadi, goh bugun ishga kech kelgani, kun-bo‘yi qayerlarda bo‘lganidan gapirsa, ba’zan uch qizdan keyin tug‘ilgan o‘g‘lini qanchalar uzoq kutganidan, sinalgan sabridan irod qiladi.

    — Yangangizga nima kerak bo‘lsa, hammasini yest qilib qo‘yganman. Endi borib, ikkalamiz bir o‘tiramiz, — dedi qo‘llarini bir-biriga ishqab.

    — Nihoyat erir ekansizda, — dedim qitmirlik qilib.

    — Ha, endi har kuni erisam ham kam. Axir o‘n bir yil deganda o‘g‘illik bo‘ldik. Bu kunga yetguncha ko‘nglimdan nimalar o‘tmadi. Odamlar menga nimalar demadi.

    — Quvonchingiz umrboqiy bo‘lsin, aka.

    Nusrat aka negadir xayolga cho‘mdi. Shu payt yo‘l chetida qo‘l ko‘tarib turgan ikki bolakayga ko‘zim tushdi. Ular bo‘lajak harbiylarni tayyorlaydigan maktabda o‘qishadi shekilli, kiyimlari shu qadar o‘zlariga yarashib, ularga salobat bag‘ishlab turar ediki, kishining havasi kelar, «O‘g‘lim bo‘lsa, men ham shunday harbiy maktabda o‘qitaman…» deb yuborish hech gap emas edi.

    Ularni mashinaga mindirdim. Yo‘lda davom etdik. Nusrat aka ham ularga havas bilan boqib, avval qayerda o‘qishini, nechanchi sinfda ekanliklarini, so‘ng ismlarini so‘radi. Hatto shunchalar orzuga berilib ketdiki, quvonchini ulardan ham yashirmadi.

    — Kecha men ham o‘g‘illik bo‘ldim! Sizlarga havasim keldi. Nasib bo‘lsa, men ham o‘g‘limni harbiy qilaman!

    Bolalarning biri – «Yettinchi sinfda o‘qiyman» degani «Niyatingizga yeting» qabilida bosh irg‘ab qo‘ydi. Ammo gapirmadi. U ancha salobatli va mulohazali edi. Sakkizinchi sinfda o‘qiydigan sherigi ega bidirloq ekan. Har gapga qo‘shilaverdi, hatto mashinaning nechanchi yilda ishlab chiqarilganini so‘radi.

    — Juda sergap bola ekansanda! – dedi Nusrat aka. – Maktabni bitirsang, qayerga o‘qishga borasan?

    — Bank sohasida o‘qisam kerak… — dedi u beparvolik bilan.

    — Ie? – Nusrat aka hayron bo‘lib qaradi. Men ham salondagi ko‘zgudan unga boqdim. — Nega?

    — Onam shunday degan.

    — Sen hozir harbiy maktabda o‘qiyapsan-ku!.. Qanaqasiga?.. — Nusrat aka bolaga tushunolmay qoldi. —  Harbiy bo‘l-da!

    — Menga farqi yo‘q…

    — Qiziq ekansan-ku! – Go‘yo orzular osmonida uchib borayotgan Nusrat aka qizisha boshladi. – Dadang nima deyapti?

    — Dadam hech narsa degani yo‘q. Onam nima desa shu!

    Bolaning javobi Nusrat akaning boshiga bolg‘a bilan urganday bo‘ldi. Mening ham miyam qizib ketdi. Nusrat aka esa asabiylashganidan «Dadang qayerda ishlaydi?» deb yubordi.

    — Dadammi?.. — bola gapirgisi kelmagandek javob berdi. – Dadam ko‘p yildan beri chetda.

    — Ha-a… — Nusrat aka bolaga yana bir qur razm soldi-da, bosh chayqaganicha yonidagi sherigiga umidvor bir qarab, nos otdi. So‘ng «mashinani to‘xtating» deb ishora qildi.

    Odatda, Nusrat aka nos cheksa ham gaplashib ketaverardi. Hayron bo‘lib, yo‘l chetiga to‘xtadim. Nusrat aka mashinadan tushdi-da, xuda mast odamdek yo‘lakka chiqib ketdi. Xayoli parishon edi.

    — Aka, nimaga tushdingiz?

    Nusrat aka javob o‘rniga «Ay, ketaveringlar…» degandek beparvo qo‘l silkidi.

    — Nusrat aka?!

    Javob bermadi. Unga nimadir bo‘lgani aniq edi. Mashinadan tushib, yoniga bordim.

    — Sizga nima bo‘ldi, aka?

    — Hech narsa… — Javob bergisi kelmagandek gapirdi. – Siz boravering…

    — Nega bunday qilyapsiz, Nusrat aka? – Garchi negaligini endi taxmin qilayotgan bo‘lsam ham so‘radim.

    — Anuv tirmizakning gapidan qaynab ketdim! Padaringga la’nat!!!

    — Yuring-e…

    Nusrat aka nos bilan qo‘shib, yurak-bag‘rini tilib o‘tgan zaqqumni tufladi-da, mashinaga qaytdi. Kelsak, haligi bidirloq bola yo‘q.

    — Sheriging qani? – so‘radim yolg‘iz qolgan boladan.

    — Sizlar kelavermagach ketib qoldi.

    — Qayerga ketdi?

    — Boshqa taksiga o‘tirdi.

    — Sen qalay ketib qolmading?

    — Bizga bunday o‘rgatishmaydi.

    Nusrat aka yalt etib bolaga qaradi.

    — Unga-chi?

    — Ungayam…

    — Nega unda besabrlik qilib, ketib qoldi?

    — Yo‘l uzoq, hammayam oxirigacha borolmaydi. Oxiricha boradiganlar lafziga xiyonat qilmaydi.

    Bolaning javobidan titrab ketdim. A’zoyi badanimdan ter chiqib ketdi. Nusrat aka esa orqasiga o‘girilib, uning peshanasidan o‘pdi.

    Yana yo‘lda davom etdik.

    Nusrat aka endi boladan ko‘zini uzmas, ketma-ket savol berardi.

    — Maktabni bitirsang kim bo‘lasan?

    — Meniyam sinash uchun savol beryapsizmi? – bola ko‘z ostidan yovqarash qildi.

    Bolaning qat’iyatiga lol bo‘lib, chorrahada sariq chiroqdan o‘tib ketibman…

    Xoliyor Safarov

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting